Spermiyning boshchasi turli hayvonlarda turlicha shaklga ega: ayg`irlarda ovalsimon, bo`qalarda - noksimon. Boshcha asimmetrik tuzilgan bo`lib, qoshiqchaga o`xshaydi. Boshchaning oldingi qismida plastinkali kompleksning o`zgarishidan hosil bo`lgan akrosoma (acros-yuqorigi, chetki; soma-tana) joylashadi. Akrosoma gialuronidaza fermentiga boy. Boshchaning akrosomadan keyingi qismi zichlashgan o`zak moddasidan iborat.
Bo`yincha boshchadan bazal plastinka bilan ajralib turuvchi, uncha katta bo`lmagan qism. Bo`yinchaning sitoplazmasi ikkita sentriolga ega. O`zakka yaqin joylashgan oldingi (proksimal)
sentriol silindrga o`xshash tipik tuzilishni saqlab qolgan va otalanish yuz berganda zigota tarkibiga o`tib, uning maydalanishida ishtirok qiladi. Ikkinchi (distal) sentriol o`z tuzilishini ancha o`zgar-tirgan bo`lib, spermiy-ning harakat apparati tarkibiga kiradi.
Bog`lovchi qism spermiy dumchasinig asosi bo`lib, dumcha-ning o`q ipchasi va mitoxondriyalarga boy sitoplazmadan iborat. Bu joyda glikogen va boshqa makroergik moddalarning joylanishi bog`lovchi qism spar-miyni energiya bilan ta`minlashini ko`rsatadi.
Dumchaning asosiy bo`limi faqat o`q ipcha va uni o`rovchi sitoplazmadan iborat bo`lib, sitoplazmada ATF-aza fermenti, sitoplazmaning periferik qismida esa tayanch fibrillalar bor.
Dumchaning oxirgi bo`limi - ingichkalashib boruvchi o`q ipchadan iborat bo`lib, tashqaridan faqat plazmolemma bilan o`ralgan.
Xivchinchalar va tebranuvchi tukchalar shaklidagi harakat apparati hayvonot olamida juda keng tarqalgan bo`lib, eng sodda hayvonlarda ham, yuqori tabaqalangan hayvonlarda ham ularning tuzilishi umumiy bir asosga ega va o`z kelib chiqishi jihatidan yuqorida ta`kidlab o`tganimizdek sentrosoma bilan bog`liq.
Har qanday xivchin yoki tebranuvchi tukcha asosida doimo sentrioldan hosil bo`lgan bazal tanacha yotadi. Tukchaning o`q ipi sentriolning davomidir. Shuning uchun ham tukchaning yoki xivchinchaning periferik qismida 9 (yoki 18, 27) ta mikronaycha joylashadi. Sentrioldan farqli o`laroq xivchincha yoki tukcha yana 2 ta markaziy mikronaychaga ega. Ya`ni xivchinchada (dumchada)gi mikronaychalar formulasi 9+2 ga teng. Markazda joylashgan mikronaychalar qisqarish, periferiyadagilari qo`zg`alishni o`tkazish vazifasini bajaradi, deb taxmin qilinadi.
Dumchaning periferik qavati toq sondagi mikronaychalarga egaligi (asimmetriya) va markaziy mikronaychalarning joylashishi dumchaning faqat bir tekislikda qisqarishini ta`minlaydi. Spermiy boshchasining asimmetrik (qoshiqchasimon) tuzilishi va dumchaning bir tekislikda qisqarishi uning aylanma va ilgarilanma (parmasimon) harakat qilishiga sababchi bo`ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |