«Har bir oila – tadbirkor» dasturi doirasida O ‘zsanoatqurilishbank rahbariyati Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib, qator shahar, tuman va ovullar aholisi bilan sayyor uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Davlatimiz rahbarining 2019-yil 7-martdagi “Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori “Har bir oila – tadbirkor” dasturi ijrosini yangi bosqichga ko‘tardi.
Bu borada joriy yil 2-may kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan “Har bir oila – tadbirkor” dasturi ijrosini ta’minlash, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish borasidagi ishlar tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida mutasaddi tashkilotlar zimmasiga qator vazifalar yuklatildi.
Xususan, O‘zsanoatqurilishbank hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir ishlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasida muvofiqlashtirish bo‘yicha mas’ul etib belgilandi.
Bank Boshqaruv Raisi Aziz Voitov va mas’ul rahbar xodimlardan iborat ishchi guruhi Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurib, dastur ijrosi bo‘yicha mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, aholiga, ayniqsa, kam ta’minlangan oilalarga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tushunchalar berish, ishbilarmonlar duch kelayotgan muammolarni o‘rganish va ular yechimida yaqindan ko‘maklashish maqsadida sayyor uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Uchrashuvlarda tadbirkorlikni rivojlantirishda hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari, an’anaviy hunarmandlik yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Chimboy tumanining eski mahallalaridan birida o‘tkazilgan shunday tadbir davomida bu yerda istiqomat qilayotgan hunarmandlarni qiynayotgan masalalar atroflicha o‘rganib chiqildi.
– Qoraqalpoq qora uyi – o‘tov barpo etish ota-bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan hunar, – deydi Azamat Turekeyev. – Bunday uylarda qoraqalpoq xalqining bir necha asrlik urf-odati, milliy qadriyatlari yashab kelmoqda. Bugun o‘tovlarni chorvadorlardan tashqari sayyohlik va mehmonxona, ovqatlanish biznesi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar, shuningdek shaharlik aholi vakillari ham xarid qilishmoqda. Shu bois uylarga nisbatan bozor talabini qondirish maqsadida qurish ishlarini yanada kuchaytirmoqdamiz.
Har bir hududda Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazlarini tashkil etish “Har bir oila – tadbirkor” dasturini muvaffaqiyatli ijro etilishining muhim omilidir. Ana shunday markazlardan navbatdagisi Chimboy tumanida ish boshladi.
Markaz O‘zsanoatqurilishbank moliyaviy ko‘magida barpo etildi. U yerda aholiga tadbirkorlik ko‘nikmalari berish, kam ta’minlangan oilalarga imtiyozli mikrokredit ajratishda tegishli hujjatlarni markazning o‘zida shakllantirish uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Hududda O‘zsanoatqurilishbank rahbar xodimlari ishtirokidagi sayyor uchrashuvlar davom etmoqda.