146
T o„ r t i n c h i b o b.
O„ZBEKISTONDA HUQUQIY DEMOKRATIK DAVLAT QURILISHI.
FUQAROLIK JAMIYATINING SHAKLLANTIRILISHI
1-§. Demokratiyani yanada chuqurlashtirish.
Ko„ppartiyaviylik
Mustaqillik yillarida O„zbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotida yuz bergan keng
qamrovli o„zgarishlarni mushohada qilar ekanmiz, mamlakatda yangi demokratik
qadriyatlar ildiz otganini, inson haq-huquqlari va uning erki asosi bo„lgan huquqiy
davlat va fuqarolik jamiyatiga mos zamonaviy tuzilmalar shakllanganini qayd qilmoq
lozim.
Ana shu nuqtayi nazardan kelib chiqib, eng avvalo demokratiya, uning jamiyat
taraqqiyotida tutgan o„rni, hozirgi zamon jahon ijtimoiy-siyosiy jarayonlarining
borishi va demokratik tamoyillar xususida fikrlashib olmoq lozim.
Demokratiya kishilik tarixida insonning ongli hayoti boshlangan davrdan boshlab
uning erk-u irodasini, xohish-istagini belgilaydigan mezon bo„lib kelmoqda. Albatta,
bu borada kishilik jamiyati shakllanish davridan tortib to sivilizatsiyalashgan turmush
tarzi, har jihatdan chuqur ildiz otgan davlatchilik va shu asosda ma‟lum tartib-qoidaga
kirib qolgan aniq yo„nalishlar o„rtasida katta farq bor.
Chunki, asrlar mobaynida vaqt o„tgani sayin odamlar dunyoqarashi o„zgarib, talab-
ehtiyojlari tabiiy ravishda oshib bordi. Bu insonning erkin va ozod yashash kabi
ehtiyojining mahsulidir.
Demokratiya bevosita jamiyat taraqqiyoti, uning siyosiy, huquqiy, ma‟naviy va
boshqa jihatlari bilan birga ana shu jamiyatni tashkil etgan aholi umumiy
dunyoqarashini o„zida mujassam etadi. Har qanday davlat o„z huquqiy asosiga,
siyosiy rejimiga, boshqaruvidagi aniq tamoyillariga ega bo„lmasa, fuqarolar esa o„z
haq-huquqlarini himoya qilish bilan birga jamiyat va davlat oldidagi, o„z mamlakati
istiqboli yo„lidagi vazifalari va burchlarini to„la anglab olmagan taqdirda demokratiya
tom ma‟nodagi mazmuniga va jahon tajribasida isbot qilingan mohiyatiga ega bo„la
olmaydi.
Jahon davlatchiligi tajribalari tobora boyib, xalqning o„zligini anglash jarayoni
tezlashib borgani sayin demokratiyaning jamiyat taraqqiyotida tutgan o„rni xususidagi
munozaralar keskin avj oldi. Ayniqsa, XX asr kishilik tarixida keskin burilish yasadi.
Yer kurrasida ikki qarama-qarshi ijtimoiy-siyosiy tuzumning paydo bo„lishi dunyo
davlatchiligi tajribasida va jahon xalqlari tafakkurida keskin burilish yasadi. Ikki lager
o„rtasidagi siyosiy, huquqiy, iqtisodiy va mafkuraviy raqobat tufayli bir qator xalqaro
tashkilotlarning paydo bo„lishiga, inson haq-huquqlarini ma‟lum bir tartibga solib
turishga, uni himoya qilishga ehtiyoj sezildi.
147
Totalitar tuzum sharoitida inson huquqlarining cheklanganligi, mafkuraviy
yakkahokimlik jamiyat ma‟naviy taraqqiyotini cheklab qo„ydi. Ikkinchidan, Osiyo,
Afrika va Lotin Amerikasida ozodlik uchun kurash, milliy davlatchilikka zamin
yaratish va shu asosda inson huquqlarini himoya qilish, har tomonlama barkamol
demokratik jamiyatni vujudga keltirishga intilish kuchaydi. Natijada ana shu
qit‟alarda milliy ozodlik harakatlari avj oldi. Bu harakatlar zaminida insoniyatning
azaliy orzu-umidi – ozodlik va hurriyatga erishish, erkin yashash ehtiyoji yotardi.
Qadim Sharqda azaldan huquqiy demokratik davlatchilik va fuqarolik jamiyatining
turli elementlari mavjud edi. Bunga uzoq o„tmishimizda bir qator sulolalar
davlatchiligini misol keltirish mumkin. Bu davrlarda haqiqat va adolat g„oyasi
nihoyatda baland ko„tarilgani va butun mamlakatda aniq tartib-intizom o„rnatilgani
natijasida inson hayoti, aholi turmushi kafolatlanganligi bilan alohida ajralib turadi.
Agar ana shu davrlarda so„z va fikr erkinligi, g„oyalar qarama-qarshiligi mavjud
bo„lmaganda edi, bu qadimiy makonda fan, madaniyat va ma‟naviyat jahon
taraqqiyotida bu darajada kuchli ta‟sir ko„rsatmagan bo„lur edi. Sharq uyg„onish davri
va keskin yuksalish paytlarida dunyoviy ilmlar bilan Islom madaniyati nazariyasi va
falsafasi uyg„un holda taraqqiy topdi, turmush tarzimizga aylanib qoldi. Aks holda
Islom dinining buyuk namoyandalari, ulamolari va fuzalolarining dunyo tan olgan
asosiy ko„pchiligi qadimiy Turon zaminida yetishib chiqmas edi. Bu bizga «din
afyundir» deb o„rgatib kelingan, bizni xudosizlikka – imonsizlikka va e‟tiqodsizlikka
da‟vat etgan yolg„on mafkuraning yolg„on umridan darak berganidek, Islom dini va
Sharq turmushi falsafasining abadiyatini, haqiqati va qadriyatini belgilaydi.
Sohibqiron Amir Temurning birgina «kuch– adolatda» degan so„zida huquqiy
demokratik davlatning ham, fuqarolik jamiyatining ham insonning yashash huquqi va
uning barcha erkinliklari hamda hozirgi zamon demokratik harakatlarning eng ilg„or
tajribalari mujassam bo„lgan.
Albatta, bu ancha-muncha munozarali masala. Mamlakatimizda yangi tarixiy
sharoitlarda yangicha davlatchilik qaror topayotgan bir paytda demokratiya, fuqarolik
jamiyati, aholi va jamiyat, fuqaro va davlat o„rtasidagi munosabatlar turli soha
mutaxassislari o„rtasida turlicha talqin etilmoqda. Biroq, har qanday xulosalardan
qat‟i nazar qadimiy Sharq davlatchiligida inson erki, haq-huquqlari ko„p jihatdan
himoya qilingan hamda o„z davrining talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib inson
ozodligi va xatti-harakatlar erkinligi ta‟min etilgan edi. Bu ayni demokratik
jamiyatning muhim va asosiy belgilaridan hisoblanadi.
Biz bugun yangi tarixiy sharoitlarda yashayapmiz. Jahon demokratik jarayonlari
tobora chuqurlashgan, uning imkoniyatlari ancha kengaygan, odamlarning onglilik
darajasi birmuncha oshgan bir paytda yashayapmiz. Ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning
mamlakatlararo, mintaqalararo va qit‟alararo ta‟siri tobora kuchayib borayotgan bir
sharoitda kun kechirayapmiz. Bularning barchasi inson ongi, tafakkuri va qalbini hech
qachon chetlab o„tmaydi. Endi demokratiyaning shunchaki oddiy erkinlik, hurriyat,
ozodlik degan tushunchalari va ayni paytda xalq hokimiyati degan mazmuni ham
birmuncha o„zgarmoqda. Jumladan, demokratiyaning madaniyati, ma‟rifati odamlar
148
o„rtasidagi munosabatlardan tortib dunyoviy muammolarni hal etishgacha bo„lgan
nizo, murosa va yakdillik, uning iqtisod, siyosat va fikrlar xilma-xilligi sharoitidagi
vazifalari ancha kengaydi.
Bizning yaqin o„tmishimiz jahon demokratik me‟yorlariga mos keladigan inson
erki va yashash huquqini chegaralab qo„ygan edi. Mislsiz zo„ravonlikka tayangan
kommunistik siyosat tabiatan ozodlikni yoqtirmas va tom ma‟nodagi demokratiyani
tan olmas edi. Amerikalik siyosatchi Diana Revich ta‟biri bilan aytganda, «Totalitar
siyosiy tuzumlar sustlik va loqaydlik kayfiyatini rivojlantiradi. Tuzum itoatkor va
labbaygo„y fuqarolarni shakllantirishga intiladi. Bundan farqli o„laroq demokratik
jamiyatning fuqarolik madaniyati alohida shaxslar va guruhlarning erkin ravishda
ixtiyor etgan faoliyati tufayli shakllanadi. Ozod jamiyat fuqarolari o„z manfaatlari
yo„lida harakat qiladilar, o„z huquqlaridan foydalanadilar va o„z hayotlari uchun
mas‟uliyatni o„z zimmalariga oladilar». Ana shu mas‟uliyat odamning jamiyat
oldidagi burchini ham, jamiyat va shaxs o„rtasidagi munosabatlarni ham belgilaydi.
O„tish davrida, ayniqsa, totalitar tuzumdan erkin fuqarolik tuzumiga o„tayotgan bir
sharoitda demokratiyani anglash, uning butun mohiyatini tushunish va mas‟uliyatini
zimmaga olish ancha qiyin ish. Ijtimoiy hayot, mamlakatda yuz berayotgan jiddiy
o„zgarishlar va inson hayotining daxlsizligi bevosita yangidan-yangi muammolarni
keltirib chiqaradi. Odamlar esa ana shu muammolarni birin-ketin hal etish jarayonida
o„z erki va haq-huquqlarini himoya qilib boraveradi. Jamiyat taraqqiyotiga mos
ravishda aholi «tarbiyalanib», shakllanib, barkamollashib boradi. Ayni paytda biz
xuddi ana shunday jarayonlarni boshdan kechiryapmiz.
Demokratiyaning murosachilik va yakdillik madaniyati mamlakat ichki hayotida
ham, tashqi siyosatida ham alohida ahamiyat kasb etadi. Jumladan, odamlar –
mamlakat fuqarolari o„rtasidagi munosabatlar qanchalik iliq bo„lsa, umumxalq va
umumdavlat manfaatlari yo„lida birlashib, muammolarni hal etishda oqilona faoliyat
ko„rsatilsa, barcha uchun umumiy bo„lgan vazifalar oldida mas‟uliyat chuqur his
qilinsa – bu demokratiyaning mamlakat ichki hayotidagi madaniyatini belgilaydi.
Demokratiyaning tashqi siyosatdagi ko„rinishi bu bevosita davlat rahbarining
dunyo muammolarini hal etishdagi faoliyatida aks etadi. Prezident Islom
Karimovning bu boradagi faoliyatida, ayniqsa, ushbu jihatlar e‟tiborni tortadi:
– har qanday mojaroli masalalarni tinch yo„l bilan hal etish, muzokaralar yo„li
bilan fikr almashish va eng to„g„ri, hamma uchun birday manfaatli bo„lgan
xulosalarga kelish;
– har qanday zo„ravonliklarga, tazyiq va kuch ishlatishlarga qarshi ravishda
sharqona munosabatlar ilmini egallash – demakki, sharqona demokratiya tamoyillari
asosida ish yuritish. Darhaqiqat, Sharqda, Sharq davlatchiligida har qanday
zo„ravonliklardan xoli yo„sinda masalalarni aql-idrok bilan, ro„yirost va oshkora
muloqot qilish asosida hal etish tamoyillari mavjud.
O„zbekiston rahbarining xalqaro siyosati hozirgi zamon jahon demokratik
harakatlarining ilg„or tajribalariga mos keladi. Bu yo„l har qanday zo„ravonlik va
149
kuch ishlatishni rad etish bilan birga, jahon siyosati madaniyatini oshirishga da‟vat
etish orqali siyosatga demokratik tamoyillarni olib kirishning o„zbekona yo„lidir.
Demokratiya doimiy harakatdagi hodisadir. Ayni paytda u jamiyat taraqqiyoti va
mavjud siyosiy rejim ta‟sirida o„zini o„zi to„ldirib, boyitib, yangi tarixiy sharoitlarda
yangicha mazmun kasb etib boruvchi voqelikdir. Muxtasar qilib aytganda
demokratiya tajribaga asoslangan va doimiy ravishda mazmunan boyib,
barkamollashib, mohiyati chuqurlashib boradigan faoliyatdir.
Endi haqli ravishda savol tug„iladi. Xo„sh, O„zbekiston demokratiyaning qaysi
yo„nalishlaridan bormoqda? Huquqiy demokratik davlatni barpo etish, fuqarolik
jamiyatini vujudga keltirish oliy maqsad ekan, unga erishishning yagona yo„li
demokratiyani chuqurlashtirishdir. Ayni paytda O„zbekistonda davlatchilikning bu
jihatiga qanday qaralmoqda?
Do'stlaringiz bilan baham: |