2000-yil 11-noyabr
Burhoniddin Marg„inoniy tavalludining 910 yilligiga bag„ishlangan tantanali
marosimda so„zlangan nutq
Bismillohir rahmonir rohim.
Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!
Uzoq-yaqindan kelgan muhtaram mehmonlar!
Avvalambor, siz, azizlar bilan qadimiy va go„zal Marg„ilon zaminida, muborak
ramazon arafasida ko„rishib turganimdan g„oyat baxtiyor ekanimni izhor
etmoqchiman.
Qadrli do„stlar!
492
O„tgan ota-bobolarimizni eslash, ularning ruhi poklarini shod etish xalqimizga xos
ezgu fazilat, xayrli va savob ishdir.
Bugun biz ko„p-ko„p mumtoz zotlarning ona shahri bo„lgan, ne-ne avliyo, alloma-
yu fozillar qadami tekkan ko„hna Marg„ilonda bashariyat ma‟naviy taraqqiyotiga
beqiyos hissa qo„shgan buyuk faqih Burhoniddin Marg„inoniy hazratlarining tabarruk
xotirasini yod etib, ul zoti sharifga bo„lgan farzandlik hurmat-ehtiromini bajo keltirish
uchun to„plandik.
Islom huquqshunosligining ulkan namoyandasi, shayxulislom Burhoniddin
Marg„inoniyning nomi Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Mahmud
Zamaxshariy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahrori valiy singari
ulug„ siymolar qatorida turadi.
Nafaqat musulmon olami, balki butun dunyo e‟tirof etgan, Alloh taolo bergan aql-
zakovati bilan islom huquqshunosligi ilmida o„ziga xos maktab yaratgan, bebaho
merosi bilan mana shu Farg„ona diyorini jahonga tarannum etgan ul zotning
tariximizdagi o„rni va obro„si beqiyosdir.
O„z hayotini din-u diyonat pokligi, iymon-e‟tiqod ustuvorligi, ilm va adolat
tantanasi yo„lida safarbar etgan bu mo„tabar allomaning Sharq olamida «Burhonuddin
va milla», ya‟ni «Din va millatning hujjati» degan yuksak e‟tirofga sazovor bo„lgani
ham buni yaqqol isbotlaydi.
Qadrli birodarlar!
Hammamizga ma‟lumki, yer yuzida musulmonchilik paydo bo„lganidan buyon
asrlar davomida dunyoning turli mamlakatlarida yuzlab olim-u ulamolar islom
huquqshunosligi bilan mashg„ul bo„lib kelganlar.
Lekin bu sohada o„zi yaratgan buyuk asarlari va maktabi bilan islomiy huquq
asoslarini belgilab bergani va shu ilmning har tomonlama rivoj topishiga qo„shgan
hissasi bilan shu zamindan yetishib chiqqan bizning buyuk vatandoshimiz
Marg„inoniy hazratlariga teng keladigan boshqa alloma kamdan-kam topiladi desak,
aslo mubolag„a bo„lmaydi.
Burhoniddin Marg„inoniy yashagan zamon – Sharq Uyg„onish davrining birinchi
bosqichi bo„lmish X–XII asrlarda Movarounnahr zaminida ilm-u fan gurkirab
rivojlangan, jamiyat taraqqiyoti uchun islom huquqini to„g„ri anglash va amal qilish
muhim ijtimoiy zaruratga aylangan edi.
Ul zot o„z asarlarida o„sha zamonlarda mo„min-musulmonlar duch keladigan
dolzarb hayotiy masalalar, jumladan, oilaviy va ijtimoiy munosabatlar, mulkchilik,
savdo-sotiq, jinoyat va jazo, insonning burch va mas‟uliyatlariga taalluqli ko„p-ko„p
murakkab muammolarni islomiy huquq nuqtayi nazaridan hal etib bergan.
Shu sababli alloma nafaqat ulamolar, balki oddiy xalq orasida ham «Hidoyat
yo„lining sarboni» deya katta hurmat-e‟tibor topgan.
Marg„iloniyning o„lmas merosi, xususan, «Hidoya» – «To„g„ri yo„l» deb atalgan
kitobi, mana, sakkiz asrdirki, musulmon mamlakatlarida eng nufuzli va mukammal
huquqiy manba sifatida e‟tirof etib kelinayotganining boisi ham ana shunda.
493
Ayniqsa, bu mumtoz asarning yevropa tillariga ham tarjima qilingani, butun
dunyoda katta qiziqish bilan o„rganilayotgani, unga turli tillarda ko„plab sharh va
izohlar bitilgani Marg„inoniy merosining umumbashariy ahamiyatidan dalolat beradi.
Agar biz allomaning zamondoshlaridan biri aytgan «Ey aql egasi, «Hidoya»ni
o„qib, mag„zini chaqqin, chunki u seni hidoyat yo„liga boshlab, eng oliy maqsadlarga
yetkazgay», degan so„zlarini eslasak, o„ylaymanki, u zoti sharifning avlodlar oldidagi
tarixiy xizmatlarini yana bir bor yaqqol tasavvur qilgan bo„lamiz.
Muhtaram vatandoshlar!
Aziz mehmonlar!
Burhoniddin Marg„inoniyning bizga qoldirgan ulkan merosi erishgan shon-
shuhrati zamirida avvalo uning ibratli hayoti, pok e‟tiqodi, olijanob insoniy fazilatlari
mujassam.
Bu zahmatkash alloma hayotining mazmuni bo„lmish ellik yetti kitobdan iborat
«Hidoya»dek ulkan asarni bunyod etgani, o„z asarlarida biror marta ham «men»
degan so„zni ishlatmagani, balki «Bu zaif banda aytadi», deya kamtarona izoh berishi
har qanday odamni bugun ham hayratga soladi.
Va uning ulug„ e‟tiqodi, ilm-u urfon yo„lidagi fidoyiligi, kamtarlik va xokisorlik
fazilatlari bu zotga nisbatan barchamizda buyuk hurmat va ehtirom uyg„otadi.
Hurmatli yurtdoshlarim!
Ko„p asrlik tariximiz shundan dalolat beradiki, eng murakkab davrlarda ham
xalqimizning mushkul sinovlardan o„tishi, hayotning turli to„fon va bo„ronlariga
mardona bardosh berib, qaddi-qomatini tik tutib yashashiga katta madad baxsh
etadigan kuch – yuksak ma‟naviyat va adolatga intilish tuyg„usi bo„lgan.
Bamisoli qushning parvozi uchun qo„sh qanot qanchalik zarur bo„lsa,
insoniyatning hayoti va taraqqiyoti uchun mana shu ikki buyuk tamoyil hamisha
tayanch va suyanch bo„lib keladi.
Buyuk ajdodlarimizning hayot yo„lini, ilmiy merosini o„rganar ekanmiz, ana shu
haqiqat ular faoliyatining bosh mezoni bo„lib kelganiga ishonch hosil qilamiz.
Shubha yo„qki, «Kuch – adolatdadir» degan g„oyani o„z hayotining mazmuni, deb
bilgan Amir Temur bobomizdek ulug„ ajdodlarimizning kamol topishida ham
«Hidoya» singari qomusiy asarlarning ta‟siri va ahamiyati beqiyos bo„lgan.
Shu ma‟noda, bizning adolatli jamiyat barpo etish yo„lida amalga oshirayotgan
ishlarimiz chuqur tarixiy ildizlarga ega, desak, yanglishmagan bo„lamiz.
Burhoniddin Marg„inoniy asarlarining mohiyati bo„lmish adolat tuyg„usi, o„z
davrining huquqiy mezonlari asosida yashash, o„zganing mol-mulkiga ko„z
olaytirmaslik, haromdan hazar qilish, insof va diyonat, mehr-oqibat kabi xalqimizga
xos bo„lgan ezgu tushunchalar bugungi kunda ham ma‟naviy hayotimiz asoslarini
tashkil etadi, desak, hech qanday xato bo„lmaydi.
Alloma bobomizning boy ilmiy merosiga ana shu nuqtayi nazardan qaraydigan
bo„lsak, uni har tomonlama chuqur o„rganish va tegishli xulosalar chiqarib,
zamonaviy bilimlar, bugungi hayot talablaridan kelib chiqadigan tajribalar bilan
494
boyitish zarur. Va bu ulug„ merosni avvalo o„zimiz uchun, kelajak avlodlar tarbiyasi
uchun beqiyos ma‟naviy oziq, deb bilmog„imiz darkor.
Eng muhimi, qanday o„lmas meros egalari ekanimizni hech qachon unutmaslik,
ana shu boylikni ko„z qorachig„iday asrab-avaylash, bir so„z bilan aytganda, ulug„
ajdodlarimizga munosib vorislar bo„lish – shu saxovatli va go„zal zaminda
yashayotgan har qaysi inson uchun ham qarz, ham farzdir.
Muhtaram jamoat, aziz vatandoshlarim!
Insoniyat tarixida yorqin iz qoldirgan buyuk shaxslar avvalo Alloh taolo aziz
tutgan muborak zaminda dunyoga keladi. Bu ko„hna haqiqat hayotda ko„p bor o„z
isbotini topgan.
Buyuk bobomiz Burhoniddin Marg„inoniyning kindik qoni tomgan ko„hna Rishton
tuprog„i, ul zoti sharif kamolga yetgan qadimiy Marg„ilon ham ana shunday tabarruk
maskanlar qatoriga kiradi.
Marg„ilon deganda, betakror tabiati, bog„-rog„lari, kamalakdek serjilo atlaslari,
o„zligimiz ramziga aylanib ketgan rang-barang do„ppilari bilan yetti iqlimga mashhur
bo„lgan go„zal bir makon ko„z o„ngimizda namoyon bo„ladi.
Bu zamin azal-azaldan odob-andishali va bag„rikeng, mehnatkash va tadbirkor,
mehmondo„st xalqi, mohir hunarmandlari, usta bog„bonlari, xushovoz hofizlari bilan
shuhrat qozonib keladi.
Farg„ona vodiysining marvaridi bo„lmish Marg„ilonning bunday yuksak obro„-
e‟tibor topishida, avvalambor, mana shunday fazilatlarga ega bo„lgan xalqning
mehnati va shu muqaddas zaminda unib-o„sib, voyaga yetgan, o„z yurti dovrug„ini
butun dunyoga taratgan mo„tabar zotlarning hissasi beqiyos.
Bu borada umr bo„yi Marg„ilon nomini ulug„lab yashagan Burhoniddin
Marg„inoniy bobomizning xizmatlari cheksizdir.
Men bugun siz, marg„ilonlik muhtaram yurtdoshlarimga qarata shu yuksak
minbardan turib aytmoqchiman: shunday ulug„ bobomizning aziz nomini
ko„ksingizga tumor qilib olsangaz arziydi, albatta.
Ishonamanki, bu tabarruk tumor, Yaratganimizning marhamati bilan, nafaqat
Marg„ilon ahlini, balki har bir vatandoshimizni, butun el-u yurtimizni yomon
ko„zlardan, turli balo-qazolardan asraydi.
Biz bugun hazrati Marg„inoniyning xizmatlarini butun dunyo tan olishini,
jahondagi ko„plab nufuzli ilm dargohlarida allomaning merosi har tomonlama
o„rganilishini, hozir ham uning asarlari asosida qanchadan-qancha talaba yoshlarga
saboq berilayotganini g„urur va iftixor bilan tilga olamiz.
Bularning barchasini biz ulug„ bobomizning muborak siymosi bugungi kunda ham
mamlakatimiz, xalqimiz obro„siga obro„ qo„shayotganidan dalolat, deb bilamiz.
Shu fursatdan foydalanib, alloma Marg„inoniyning ilmiy merosini o„rganayotgan,
u boshlagan ishning davomchilari bo„lgan olim va mutaxassislarga, ul zotning
xotirasiga hurmat bajo keltirib, ziyorat etish maqsadida uzoq-yaqindan kelgan barcha
aziz mehmonlarimizga xalqimiz nomidan minnatdorchilik bildirishga va o„z
ehtiromimizni izhor qilishga ijozat bergaysiz.
495
Aziz do„stlarim!
Ilm va iste‟dodini, butun borlig„ini millat uchun, xalq uchun bashariyat baxt-
saodati uchun baxshida etgan hazrat Marg„inoniy kabi buyuk insonlarning tarix
oldidagi, kelajak oldidagi xizmatlari aslo unutilmaydi. Marg„inoniy yoqqan ilmu
ma‟rifat mash‟alasi hech qachon so„nmaydi, avlodlarning ong-u tafakkurini doimo
munavvar etib turadi. Bu haqiqat bugungi qutlug„ ma‟rakalar misolida ham o„z
tasdig„ini topmoqda. Ulug„ bobomizning muborak tavallud to„yi sharofati bilan
qadimiy va betakror Marg„ilon shahri o„zgacha chiroy va tarovat kasb etgani, qo„li
gul quruvchilarimiz, mohir ustalarimiz, me‟mor-u muhandislarimiz, bunyodkor
xalqimiz mehnati bilan mana shu muazzam yodgorlik majmui qad ko„targani
hammamizning hazrat Marg„inoniyga bo„lgan cheksiz ehtiromimiz ifodasidir.
Bu muhtasham yodgorlik majmuini bunyod etishda qatnashgan barcha
yurtdoshlarimizga chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman, umringizdan baraka
toping, qo„llaringiz aslo dard ko„rmasin, deyman. Kelinglar, aziz do„stlarim,
birodarlarim, buyuk bobomiz tavallud topgan mana shu muqaddas Farg„ona zaminida
turib, u mo„tabar zotning ruhi poklari shod bo„lsin, muborak qabrlari ilohiy nurga
to„lsin, deya tilak qilaylik.
Bugungi hayajonli, unutilmas lahzalarda Burhoniddin Marg„inoniy bobomiz
xotirasini yana bir karra yod etib, mana shunday aziz-avliyolarimizga beshik bo„lgan
yurtimizga Allohdan tinchlik-omonlik, xalqimizga baxt-u saodat, farovonlik ato
etishini so„raylik. Ilohim, barcha xayrli ishlarimizda Yaratganimizning o„zi madadkor
bo„lsin! Shu qutlug„ kunda qilgan jamiki ezgu tilaklarimiz ijobat bo„lsin!
Do'stlaringiz bilan baham: |