Namangan viloyati hokimi, Xayrullo Bozorovning O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 24 yilligiga bag’ishlangan tantanali yig’ilishdagi
SO’ZI
Namangan shahri- 2016 yil
Assalomu alaykum, tantanali marosim ishtirokchilari!
Mana shunday tinch - osuda, betakror va maftunkor yurtimizda mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganligining qutlug’ 24 yilligi keng nishonlamoqda.
Fursatdan foydalanib, Siz, azizlarni, Sizlar orqali viloyatimiz ahlini “Baxtimiz qomusi” bo’lgan O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilingan kuni bilan samimiy tabriklaymiz.
Qadrli yurtdoshlar! Bugun har birimizning baxtu - saodatimiz asosi mujassam bo’lgan Konstitutsiyamizning shonli sanasini nishonlar ekanmiz, eng avvalo, istiqlol me’mori va Milliy Davlatchiligimiz asoschisi, adolatlilik, umuminsoniylik, demokratik tamoyillar asosiga qurilgan Bosh Qomusimiz yaratilishining tashabbuskori bo’lgan mustaqil mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov ekanligini har birimiz yaxshi bilamiz va chin yurakdan his etamiz.
Zamonaviy O’zbekistonning tarixi – bu mamlakatimizning haqiqiy mustaqillikka erishish yo’lida Islom Abdug’anievich Karimov rahnamoligida olib borilgan o’ta murakkab va og’ir kurashlar tarixidir.
Darhaqiqat, Islom Abdug’anievichga xos bo’lgan bukilmas iroda, fidoyilik, mardlik va vatanparvarlik, insoniylik va adolatparvarlik, samimiylik va mehribonlik kabi olijanob fazilatlar barchamiz uchun yorqin ibrat namunasi bo’lib qoladi.
Buyuk Yo’lboshchimiz haqli ravishda demokratik talablar va xalqaro mezonlarga to’liq javob beradigan O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ham asosiy muallifi edilar.
Konstitutsiya va uning negizida yaratilgan puxta qonunlar, shuningdek, Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasi hokimiyat institutlarini shakllantirishni va ularning to’laqonli faoliyat ko’rsatishini, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, mulkchilikning barcha turlarini, fuqarolarning davlat boshqaruvidagi faol ishtirokini ta’minladi.
Mustaqillik yillarida amalga oshirilgan ulug’ yuksak islohotlarning, demokratik o’zgarishlarning, umumbashariy qadriyatlarning, insonparvar tamoyillar-ning hayotimizda aks etishida Vatanimizning Birinchi Prezidenti hamisha Bosh Qomusimizga tayanib ish ko’rdilar. SHu asosda davlatimiz barqaror taraqqiy etdi.
Aziz do’stlar! Ma’lumki, kuni kecha mamlakatimizda bo’lib o’tgan muhim siyosiy voqea Prezidentlik saylovi milliy va xalqaro huquq me’yorlari, demokratik tamoyillar asosida ochiqlik va tenglik, shaffoflik va xolislik asosida o’tganini guvohi bo’ldik.
Ushbu jarayonlarda butun xalqimiz qatori viloyatimiz saylovchilari ham mazkur siyosiy jarayonda har qachongidanda faol va uyushqoqlik bilan qatnashdilar.
Eng asosiysi, o’z kelajaklarini chuqur o’ylab, ishonch hosil qilib, Birinchi Prezidentimizning munosib izdoshi, ko’p yillar davomida mana shu aziz Vatanimiz uchun borlig’ini baxshida etib kelayotgan, hamisha xalq dardu quvonchi bilan yashayotgan, Muhtaram SHavkat Miromonovich Mirziyoevni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti etib sayladilar.
Fursatdan foydalanib, Muhtaram SHavkat Miromonovichni saylovlarda erishgan ishonchli va yorqin g’alabalari bilan butun Namangan viloyati ahli nomidan chin qalbdan qizg’in va samimiy muborakbod etamiz!
Aziz do’stlar! Mamlakat, millatning ertangi kunini, kelajagini hal qiluvchi, uning orzu - umidlarini aks ettiruvchi ushbu Prezident saylovining yuqori saviyada o’tkazilishi har jihatdan o’zida hayotbaxsh g’oyalarni, printsiplarni mujassam etgan Bosh qomusimizga bog’liq ekanligini hayotning o’zi ko’rsatib turibdi.
Bir so’z bilan aytganda, Konstitutsiya har birimiz orzu qilgan hayotiy marralarni zabt etishimiz, mukammal baxt qo’rg’onini qurishimiz va imon - e’tiqodimizni yanada mustahkam asrashda muhim adolat tarozisi bo’lib xizmat qilmoqda.
SHu bois, har yili barchamiz uchun muqaddas sanalgan Konstitutsiyamiz qabul qilingan kunni, shu yurtda yashayotgan har birimiz o’zgacha faxr - iftixor va yuksak g’urur bilan kutib olamiz.
Hurmatli tantanali marosim ishtirokchilari! Ma’lumki, O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimiz-ning xohish - irodasi, inson huquq va manfaatlari, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yorlarini mujassamlashtirgan. Yurtimizda Qonun ustuvorligi Birinchi Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan “o’zbek modeli”- ning asosiy tamoyillaridan biri sifatida belgilangan. Bunday oqilona siyosat tufayli O’zbekiston izchil rivojlanib bormoqda. Zero, qonun ustuvorligi taraqqiyot asosidir.
SHuningdek, Bosh qomusimiz xalqimiz buguni va kelajagining huquqiy kafolatlarini belgilab berdi. Ayni paytda xalqimizning ko’p asrlik ma’naviy qadriyatlari, boy tarixiy merosi, umuminsoniy qadriyatlar va xalqaro andozalarni o’zida mujassam etgani bilan ham muhim ahamiyatga ega.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun - mohiyatini o’rganish va aholi o’rtasida keng targ’ib qilish, uning mamlakatimiz taraqqiyotidagi o’rni va ahamiyati beqiyosdir.
Uning ana shu o’ziga xos jihatlarini xalqimiz ayniqsa, yosh avlod ongiga chuqur singdirish orqali yoshlarimizda Vatanimizga muhabbat, milliy qadriyatlarimizga hurmat tuyg’ularini yuksaltirish, ularning fuqarolik burchi va mas’uliyatini, daxldorlik hissi hamda huquqiy madaniyatini oshirish muhim.
Mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, tinchlik - osoyishtalik, millatlararo totuvlik va mehr - oqibat muhitini mustahkamlash, iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish va aholi farovonligini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirishda Bosh qomusimiz muhim huquqiy asos bo’lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidlash joiz.
Zero, mustaqillik yillarida hayotimiz, ongu - shuur va tafakkurimizda ro’y bergan ulkan o’zgarishlar, milliy qadriyatlarimizni yuksaklarga ko’tarish, bozor iqtisodiyotini rivojlantirish, mamlakatimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, kelajagimiz egalari bo’lgan yoshlarni barkamol etib tarbiyalash borasidagi sa’y – harakatlar izchil amalga oshirilmoqda.
SHuningdek, barcha hududlarda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari Asosiy qonunimiz va unda aks etgan tamoyillar bilan bog’liq ekanini bugun har birimiz chuqur his etmoqdamiz.
Qadrli tantanali marosim qatnashchilari!
“Sog’lom ona va bola yili” Davlat Dasturi ijrosi doirasida birgina, viloyatimizning o’zida 520,0 mlrd so’m mablag’ yo’naltirilib, keng ko’lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Viloyatimizning iqtisodiyotini rivojlantirish, shuningdek, sanoat salohiyatini oshirish orqali xalqimiz turmush farovonligini yanada yaxshilash maqsadida manzilli dasturlar ishlab chiqilib, hayotga izchil tadbiq etilmoqda.
Jumladan, O’zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2015 yil 24 noyabrdagi “2016-2019 yillarda Namangan viloyati sanoati saloxiyatini rivojlantirish Dasturi to’g’risida”gi qarori ijrosi doirasida jami 342 ta loyiha uchun 5,1 mlrd.dollarlik mablag’ sarflash hisobiga 18 mingga yaqin ish o’rni, shu jumladan, joriy yilda 122 ta korxona tashkil etish uchun 67,1 mln.dollar mablag’ yo’naltirish evaziga 2,4 mingdan ziyod ishchi o’rni yaratilmoqda.
SHu bilan birga “Namangan viloyatini 2016-2018 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Dasturi”ga ko’ra 1255 ta loyihalarni amalga oshirish uchun 375 milliardga yaqin mablag’ o’zlashtirildi. Natijada 10 mingga yaqin ish o’rinlari yaratildi.
Joriy yilda viloyatimizda yalpi hududiy mahsulot hajmi 109,3 foizni tashkil etmoqda.
SHu jumladan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilishi 112,7 foiz, xalq ist’emol mollari 114,1 foiz, qishloq xo’jaligi 105,9 foiz, investitsiyalar o’zlashtirilishi 124,9 foiz, qurilish ishlari 110,2 foiz va xizmatlar hajmi 114,7 foizga bajarilmoqda.
Kichik biznes sub’ektlari soni 14,8 mingga yetdi va aholining bandligidagi ulushi 83,5 foizni tashkil etdi.
Viloyatimizdagi eksportyor korxonalar soni 88 taga yetdi. 2 trln. so’mdan ziyod xorijiy va mahalliy investitsiyalar o’zlashtirildi.
SHuningdek, namunaviy loyihalar asosida 911 ta turar joylar qurilib, aholi ixtiyoriga topshirildi.
Aziz tadbir ishtirokchilari! SHu o’rinda alohida ta’kidlashni istardikki, mamlakatimizda hamisha inson qadri, uning mehnati ulug’lanib kelingan.
Xalqimizning azmu shijoati, mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, islohotlarning izchil amalga oshirish yo’lida fidokorona xizmat qilayotgan yurtdoshlarimiz hamisha Hukumatimiz e’tiborida bo’lmoqda.
Buni O’zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 25 yilligi bayrami arafasida bir guruh yurtdoshlarimizning davlat mukofotlari, yuksak orden, medallarga sazovor bo’lganliklarida ham ko’rishimiz mumkin.
Ana shunday yuksak mukofotlarga sazovor bo’lganlar orasida viloyatimizdan 23 nafar turli sohalarning eng ilg’or vakillarining ham borligi barchamizni behad mamnun etmoqda. Ijozatlaringiz bilan, ularni ushbu mukofotlar bilan samimiy tabriklaymiz.
Aziz tantanali marosim qatnashchilari! Fursatdan foydalanib, yana bir bor Sizlarni va barcha viloyatimiz ahlini O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining qutlug’ 24 yilligi bilan chin qalbimizdan yana bir bor samimiy muborakbod etamiz.
Barchamiz xalqimizning yuksak ishonchini oqlash, Vatanimiz mustaqilligini yanada mustahkamlash, mamlakatimizning barqaror taraqqiyotini ta’minlash yo’lidagi amaliy ishlar bilan aziz va buyuk Yo’lboshchimiz Islom Abdug’anievichning ruhi poklarini shod etish uchun sidqidildan mehnat qilamiz.
Ularning porloq xotiralari qalblarimizda mangu yashaydi!
O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti g’oyalari va Muhtaram SHavkat Miromonovich atroflarida yanada jipslashib, ularning Namangan viloyati saylovchilari bilan bo’lib o’tgan uchrashuvda belgilab bergan ustuvor vazifalari va dasturlarni ijrosini hamjihatlik bilan bor kuch va g’ayratimizni safarbar etib, bajarilishini ta’minlaymiz.
Mazkur tadbirda ishtirok etayotgan keng jamoatchilik vakilari, ziyolilar, faollar, xalq vakillari, hamyurtlarimizni, qolaversa, butun Namangan ahlini bir yoqadan bosh chiqarib, hamjixatlikda ana shu ezgu ishlarni amalga oshirishga chaqiramiz.
Zeroki, rahbarlarning avvalgidek, rasmiy idoralarda o’tirib rahbarlik qilish davri o’tdi. Endi rahbardir, faoldir xalqqa yaqinlashadi, dardu xasratini, tashvishini joyida eshitadi, muammolarini yechish choralarini ko’radi. Ya’ni, endi xalq, rahbarning oldiga emas, rahbar xalqning oldiga borib, uning xizmatini qiladi.
Jonajon, O’zbekistonimiz mustaqilligini yanada mustahkamlash, mamlakatimizning barqaror rivojlanishi, xalqimiz farovonligini ta’minlashga qaratilgan ishlarimizda buyuk Yo’lboshchimiz ta’kidlaganlaridek, “Ona Vatanimiz va xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish – oliy saodatimiz” - bo’lsin!
Barchalaringizga shu aziz, go’zal va betakror, muqaddas Vatanimiz ravnaqi yo’lidagi sa’y - harakatlaringizda g’ayrat va shijoat hamda omadlar tilaymiz.
E’tiboringiz uchun rahmat!
Do'stlaringiz bilan baham: |