Psixologiya va falsafa. Psixologiya falsafadan ajralib chiqqan bo‘lsada, ular o‘rtasidagi aloqa hozir ham saqlanib qolmoqda. Hozirgi zamon ilmiy psixologiyasi asosida ilmiy filosofik tushunchalar, psixika miyaning mahsuli, u real borliqni aks ettiradi deb tushuntiruvchi dialektik-materialistik qarashlar yotadi. Falsafa va uning ajralmas qismi bo‘lgan bilish nazariyasi, ya’ni gnosiologiya psixikaning atrofdagi borliqqa munosabati masalasini hal qiladi va psixika atrofdagi olamning miyadagi aksi, materiya birlamchi, ong ikkilamchi deb tushuntiradi. Psixologiya turli psixik hodisalarni chuqur o‘rganish va tahlil qilish asosida uning inson hayoti va taraqqiyotidagi rolini tushuntiradi, psixik jarayonlarning taraqqiyot qonunlarini ochadi.
Psixologiya va tabiatshunoslik. XIX asrning II yarmida Tabiatshunoslik fanidan mustaqil fan sifatida ajralib chiqishiga eksperiment metodining kirib kelishi (G. Fexner) va ayniqsa, 1863-yilda I.M. Sechenov (1829–1905)ning «Bosh miya reflekslari » asari chop etilishi sabab bo‘ldi. «Odamdagi psixik va fiziologik hodisalarning ikkovi ham bir xildagi bir-biriga yaqin hodisalar, bir moddiy asosdan kelib chiqadigan hodisalardir », – deb yozadi M.I. Sechenov.Kitobda psixik hodisalar,
tabiat hodisalari singari albatta biror sabab tufayli, ya’ni nerv sistemasining reflektor faoliyati natijasida vujudga kelishligi ko‘rsatilgan edi. I.M. Sechenovning reflektor nazariyasi I.P. Pavlovning shartli reflekslar haqidagi ta’limotida hamda uning shogirdlari L.A. Orbeli, L.K. Anoxin, K.M. Bikov, N.I. Krasnogorskiy asarlarida, shu bilan birga, A.A. Uxtomskiy, N.A. Bernshteyn, I.S. Beritashvili va boshqalarning ishlarida yanada rivojlantirildi. Ularning bu ta’limotlari psixologiya fanining tabiiy-ilmiy asosi bo‘lib qoldi. Hozirgi paytda bu ta’limot o‘zbekistonlik va chet ellik psixologlarning miya faoliyatining neyrofiziologik mexanizmlarini chuqur o‘rganishlari asosida yanada rivojlantirilmoqda.
Psixologiya va texnika fanlari. XX asr ishlab chiqarishning, texnikaning yangidan yangi turlari, aloqa vositalarining juda tez o‘sganligi, elektronika, kompyuterlashtirishdan foydalana boshlanganligi, transportning yangi turlarini o‘zlashtirilganligi bilan xarakterlanadi. Bularning hammasi inson psixikasiga juda katta talablar qo‘yadi. Hozirgi zamon sanoati, transportida va harbiy ishlarda psixologik faktorlarni, ya’ni kishining imkoniyatlari, bilish jarayonlari – idroki, xotirasi, tafakkurini, shaxsning o‘ziga xos xususiyatlari – xarakteri, temperamenti, reaksiyalarining tezligi va boshqalarni hisobga olishga to‘g‘ri keladi. Tovushdan tez hozirgi zamon samolyotlarida, ulkan elektrosistemalarning operativ- dispetcherlik uchastkalarida ishlovchi kishilar juda kichik vaqt ichida tez qarorga kelishiga to‘g‘ri keladi, aks holda halokatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Ana shunday murakkab sharoitda ishlay olish uchun kishilarda imkoniyat bor-yo‘qligini, ularning shu ishga yaroqli yoki yaroqsiz ekanligini aniqlashda psixologiya fani oldiga muhim talablar qo‘yiladi. Injenerlar psixologiyasi kishi bilan texnika o‘rtasidagi munosabatni o‘rganuvchi fan bo‘lib, u texnikaning ko‘pgina sohalari bionika, kibernetika bilan mahkam bog‘langandir.
Do'stlaringiz bilan baham: |