9.5. Gigienik sertifikatni, veterinariya va fitosanitariya xulosalarini rasmiylashtirish va berish tartibi Gigienik, veterinariya, fitosanitariya va ekologiya sertifikatlari (xulosalar) sertifikatlashtirilayotgan mahsulotlarga me’yoriy hujjatlarda tegishli ravishda gigienik, veterinariya, fitosanitariya yoki ekologik me’yorlar va talablar mavjud bo’lgan taqdirda rasmiylashtiriladi.
Gigienik sertifikatni olish uchun talabgor davlat sanitariya nazoratining hududiy organiga ariza bilan murojat qiladi.
Yuqorida keltirilgan qaror talablariga asosan sertifikatlashtirishga ariza berilganda ishlab chiqariladigan, sertifikatlashga taqdim qilinayotgan mahsulotga me’yoriy hujjatning nusxasi ilova qilinishi kerak (Davlatlararo standart - DS, O’zbekiston Respublikasi Davlat standarti – O’zDSt, Texnik shartlar - TSH; ishlab chiqariladigan oziq-ovqat mahsulotlari uchun - O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan texnologik yo’riqnoma va retseptura).
CHetdan olib kelinadigan mahsulotga gigienik sertifikat olish uchun:
O’zbekiston Respublikasining bojxona hududiga kelganlik to’g’risidagi belgi qo’yilgan holda tovarga ilova qilinadigan hujjatlarning nusxalari;
ishlab chiqaruvchining kelib chiqish mamlakati sertifikati (tovarning kelib chiqishi to’g’risida ishonchli axborot mavjud bo’lmagan taqdirda) nusxalari taqdim etiladi.
Ilgari sertifikatlanmagan (sinalmagan) maxsus qo’llaniladigan biologik aktiv moddalar yoki oziq-ovqat xom ashyosi va oziq-ovqat mahsulotlari, ishlab chiqarish texnologiyalarining oziq-ovqat qo’shimchalari qo’llash bilan bog’liq ishlab chiqarishni tashkil etishda yoki mahsulotlarni chetdan keltirishda davlat sanitariya nazoratining hududiy organi tegishli ruxsatnoma olish uchun O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligiga murojaat qiladi.
O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi tomonidan ruxsatnoma berish uch ish kunidan ortiq bo’lmagan muddatda amalga oshiriladi. Laboratoriya sinovlarini o’tkazish harajatlarini qoplash uchun O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan va O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligida deklaratsiyalangan tariflar bo’yicha to’lov undiriladi.
Taqdim etilgan hujjatlar o’rganib chiqilgandan keyin davlat sanitariya nazoratining hududiy organi tomonidan belgilangan tartibda joyning o’ziga borib laboratoriya sinovlari o’tkazish va ishlab chiqarish ob’ektini saqlash shart-sharoitlarini tekshirish uchun mahsulot namunalari tanlab olinadi. Mahsulotlarni gigienik ko’rsatkichlarni aniqlash uchun sinash O’zbekiston Respublikasi Milliy akkreditatsiya tizimida akkreditatsiya qilingan davlat sanitariya nazoratining hududiy organlari laboratoriyalari tomonidan amalga oshiriladi.
Agar mahsulot kelib chiqishiga ko’ra hayvonot yoki o’simlik dunyosiga tegishli bo’lgan taqdirda, davlat sanitariya nazoratining hududiy organi ariza beruvchidan hujjatlar olingan sanadan keyingi kundan kechikmay veterinariya yoki fitosanitariya xulosasi berish bo’yicha vakolatli organlarga murojat qiladi.
Veterinariya yoki fitosanitariya xulosasi davlat veterinariya nazoratining tuman (shahar) organlari yoki o’simliklar karantini bo’yicha davlat xizmati organlari tomonidan beriladi.
Davlat veterinariya nazorati organi 20 kungacha bo’lgan muddat bilan belgilangan tartibda ajratib qo’yish-cheklash tadbirlari (karantin) belgilashi mumkin. Bunda veterinariya xulosasi berish tartibi karantin muddati tamom bo’lgunga qadar to’xtatib turiladi.
Veterinariya yoki fitosanitariya xulosasi tayyorlash va berish muddati uch ish kunidan oshmasligi kerak.
Veterinariya yoki fitosanitariya xulosasi berilganligi uchun O’zbekiston Respublikasi Qishloq xo’jaligi vazirligi tomonidan belgilanadigan va O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligida deklaratsiyalangan tariflar bo’yicha to’lov undiriladi.
Veterinariya va fitosanitariya xulosalari olinishini hisobga olgan holda gigienik sertifikatni rasmiylashtirish va berish muddati tegishli sinov metodlari uchun normativ hujjatlarda nazarda tutilgan muddatlarga qarab belgilanadi.
Gigienik sertifikat berish ishlarini amalga oshirish harajatlarini qoplash uchun davlat sanitariya nazoratining hududiy organlari O’zbekiston Respublikasi Qishloq xo’jaligi vazirligi tomonidan belgilanadigan va O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligida deklaratsiyalangan tariflar bo’yicha to’lov undiriladi.
Ishlab chiqariladigan mahsulotga gigienik sertifikatning amal qilish muddati - 3 yil. CHetdan olib kelinayotgan mahsulotga gigienik sertifikat mahsulotning yaroqlilik davriga, yaroqlilik muddatiga ega bo’lmagan mahsulotga esa - muddati ko’rsatilmasdan beriladi.
Gigienik sertifikat ariza beruvchiga davlat sanitariya nazoratining hududiy organi rahbarining imzosi bilan beriladi, u ushbu organning muhri bilan tasdiqlanadi, unga sinovlar protokoli nusxalari ilova qilinadi.
Agar gigienik sertifikatlashtirish bilan bir vaqtda mahsulotning fitosanitariya yoki veterinariya normalari va qoidalariga muvofiqligi sinovdan o’tkazilgan taqdirda, ariza beruvchiga tegishli xulosalar ham beriladi.
Laboratoriya sinovlarining salbiy natijalari hamda hujjatlar to’liq turkumda taqdim etilmasligi gigienik sertifikat berish rad etilishi uchun asos hisoblanadi, bu haqda davlat sanitariya nazoratining hududiy organi qonunchilikning aniq me’yorlarini ko’rsatgan holda ariza beruvchiga yozma shaklda ma’lum qiladi.