9.4. O’zbekiston Respublikasida mahsulotlarni sertifikatlashtirish Mahsulotlarni sertifikatlashtirish tartibi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 6 iyuldagi № 318-sonli “Mahsulotlarni sertifikatlashtirish tartibini soddalashtirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi Qaroriga binoan, O’zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish “O’zstandart” agentligi, O’zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Sog’liqni saqlash vazirligi, Mudofaa vazirligi, O’zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qumitasi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
- chetdan keltirilayotgan mahsulotlardan akkreditatsiya qilingan idoralar va laboratoriyalar tomonidan sinov o’tkazish uchun namuna olishning cheklangan me’yorlarini belgilash;
- akkreditatsiya qilingan idoralar va laboratoriyalar o’rtasida sinovlarning takrorlanishiga yo’l qo’ymaslik maqsadida sinovlar turlarini belgilash;
- o’zlariga qarashli akkreditatsiya qilingan laboratoriyalarda mahsulotlarni sinovdan o’tkazish xizmatlariga tariflarni O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligida (uning hududiy bo’linmalarida) oldindan deklaratsiya qilish.
Muvofiqlik sertifikatlari mavjudligini tekshirish faqat majburiy tartibda sertifikatlanadigan mahsulotlarga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Mahsulotlarni sertifikatlashtirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi :
1. Ariza beruvchi zarur hollarda gigienik xulosa olish uchun, hududiy sanitariya nazorati organiga zarur hujjatlarni ilova qilgan holda ariza beradi.
Hududiy davlat sanitariya nazorati organi belgilangan tartibda joyga borgan holda laboratoriya sinovlari o’tkazish uchun mahsulotlardan namuna oladi va ob’ektni tekshiradi.
1a. CHorva mahsulotlari uchun hududiy sanitariya nazorati organi ariza beruvchidan hujjatlar olingan kundan keyingi kundan kechikmasdan tuman (shahar) veterinariya xizmati organiga buyurtmanoma jo’natadi.
1b. Veterinariya xizmati organi uch kun muddatda hududiy sanitariya nazorati organiga veterinariya xulosasini yoki xulosa berishni rad etishga sabab bo’lgan aniq qonun hujjatlari me’yorlarini ko’rsatgan holda yozma javob yuboradi.
Veterinariya xizmati organi 20 kungacha izolyatsiyalash-cheklash (karantin) choralarini belgilash huquqiga ega. Bunda veterinariya xulosasini berish tartibi karantin muddati tugagunga qadar to’xtatib turiladi.
1v. O’simlik mahsulotlari uchun hududiy sanitariya organi ariza beruvchidan hujjatlar olingan kundan keyingi kundan kechikmasdan tuman (shahar) o’simliklar karantini davlat xizmati organiga buyurtma jo’natadi.
1g. O’simliklar karantini davlat xizmati organi ikki kun muddatda fitosanitariya xulosasi yoki salbiy xulosa beradi.
2. Laboratoriya sinovlari, shuningdek veterinariya hamda fitosanitariya xulosalaridan ijobiy natija olinganda, hududiy sanitariya nazorati organi ariza beruvchiga gigienik xulosa beradi.
3,4. Ariza beruvchi o’z xohishiga ko’ra, tashkilot va ishlab chiqaradigan mahsuloti shtrixli kodda foydalaniladigan tovar kodini olish uchun “EAN O’zbekistan”ga murojaat qilishi mumkin.
5. Ariza beruvchi muvofiqlik sertifikati olish uchun sertifikatlash bo’yicha akkreditatsiya qilingan organga zarur hujjatlarni ilova qilgan holda ariza taqdim etadi. (Ariza gigienik xulosa olish uchun beriladigan ariza bilan bir vaqtda berilishi mumkin).
6. Sertifikatlash bo’yicha akkreditatsiya qilingan organ 15 ish kunidan ortiq bo’lmagan muddatda muvofiqlik sertifikati yoki aniq qonun hujjatlari me’yorlarini ko’rsatgan holda yozma rad javobini beradi.