7.3. Ekspert auditorlar
Sertifikatlashtirish bilan bog’liq bo’lgan faoliyatga faol qatnashuvchi shaxs bu ekspert-auditordir. U odatda sifat tizimlarini, ishlab chiqarishni va mahsulotni sertifikatlashtirishda sinov laboratoriyalarini akkreditlashda va boshqa ishlarda qatnashishi mumkin.
Ekspert-auditor deb, sertifikatlashtirish sohasidagi muassasa va korxonalar faoliyatini baxolash va nazorat qilish xuquqiga ega bo’lgan attestatlangan shaxsga aytiladi.
Ekspert-auditor sifatida “O’zstandart” agentligi tomonidan belgilangan tartibda attestatlangan fan, sanoat, maishiy xizmat, institutlar va boshqa tashkilotlarning vakillari hamda belgilangan xujjatlar bilan ishlashda yetarli chuqur bilimga ega bo’lgan xususiy shaxs ham bo’lishi mumkin.
Ekspert-auditor quyidagi vazifalarni bajaradi:
- mahsulot, jarayon, xizmatlarni, sifat tizimlarini va ishlab chiqarishni sertifikatlashtirish;
- sertifikatlashtirilgan mahsulot, jarayon va xizmatlarning tavsiflarini hamda sertifikatlashtirilgan sifat tizimlarini va ishlab chiqarishning turg’unligini nazorat qilish;
- sertifikatlashtirish bo’yicha akkreditatsiyalashtirish idoralari, sinov laborotoriyalarini (markazlarini) va ularning faoliyatini nazorat qilish;
- sertifikatlashtirishda tavsiyalar berish.
Ekspert-auditor o’z faoliyatini sertifikatlashtirish milliy idorasi, bir turdagi mahsulotni sertifikatlashtirish idoralari, sifat tizimlarini va ishlab chiqarishni sertifikatlashtirish doirasida amalga oshiradi.
Ekspert-auditor quyidagi muayyan talablarga javob berishi lozim:
- oliy ma’lumotli va sertifikatlashtirish sohasida yetarli bilimga ega bo’lib, faoliyati sertifikatlashtirishning ma’lum turi buyicha attestatlangan bo’lishi kerak;
- oliy uquv yurtini tamomlagandan so’ng kamida 5 yillik amaliy ish stajiga ega bo’lishi, shundan kamida 3 yili standartlashtirish, metrologiya, sinovlar, sifatni boshqarish va taminlash sohalarida ishlagan bo’lishi kerak.
Ekspert-auditor chuqur bilimli, tadbirkor bo’lmog’i lozim. U sohalar bo’yicha quyidagilarni:
- Respublika sertifikatlashtirish milliy tizimining qoida va tartiblarini;
- sertifikatlashtirish ishlarini o’tkazish bo’yicha tegishli bilim va ko’nikmaga ega bo’lishi va me’yoriy xujjatlarni tushunishi;
- sertifikatlashtirish va akkreditatsiyalash bo’yicha asosiy ishlar mazmunini;
- sertifikatlashtirish va akkreditatsiyalash bo’yicha iqtisodiy va xuquqiy asoslarni;
- mamlakat ichidagi va chet ellardagi sertifikatlashtirish va akkreditatsiyalash tajribasi;
- sertifikatlashtirish, metrologiya va sifat tizimlarining asoslarini;
- tekshiruv o’tkazish va sifatni boshqarishning statistik usullari bo’yicha bilimlarni mukammal egallagan bo’lishi shart.
Ekspert-auditor taxlil qilish, mantiqiy asoslash, o’zining fikrini qattiq va asoslangan xolda ximoya qilishlik, ijodiy qobiliyatga va murakkab vaziyatda to’g’ri qaror qabul qilish xususiyatlariga, xaqqoniy, mas’uliyatli, printsipial ravishda xayrixox, odobli va o’zini tuta bilishlik kabi shaxsiy sifatlarga ega bo’lishi kerak. Ekspert-auditor tekshiriladigan ob’ektning xodimlari bilan aloqada bo’lishi va kerakli xujjatlar bilan tanishish, ma’lumot uchun har qanday qo’shimcha ma’lumotlar talab qilish(sertifikatlashtirish maqsadlari uchun), tizimda amaldagi me’yoriy-uslubiy xujjatlarni takomillashtirish bo’yicha o’z taklifini berish, sertifikatlashtiriluvchi mahsulot, jarayon, xizmatlar, sifat tizimi va ishlab chiqarish bo’yicha rejalarni tuzatish yuzasidan o’z fikr va muloxazalarini bildirish xuquqiga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |