Elektromagnit (induksion) sarf o‘lchagichlarning ishlash prinsipi tashqi magnit maydoni ta’sirida elektr tokini o‘tkazuvchi suyuqlik oqimida hosil bo‘lgan EYUK ni o‘lchashga asoslangan. Induksion sarf o‘lchagichning sxemasi 4.7-rasmda ko‘rsatilgan.
M agnitning N va S qutblari orasida magnit maydoni kuch chiziqlari yo‘nalishiga perpendikulyar ravishda suyuqlik quvuri 1 o‘tadi. Quvurning magnit maydonidan o‘tadigan qismi nomagnit material (ftoroplast, ebonit va boshqalar) dan tayyorlanadi. Quvur devorlarida bir-biriga diametral qarama-qarshi yo‘nalgan o‘lchash eletkrodlari 2 o‘rnatilgan. Magnit maydoni ta’sirida suyuqlikdagi ionlar harakatga keladi va o‘z zaryadlarini o‘lchash elektrodlariga berib, ularda EYUK hosil qiladi. Oqim tezligiga mutanosib, EYUK ning qiymati, magnit maydoni o‘zgarmas bo‘lganda, elektromagnit induksiyasining asosiy tenglamasi orqali aniqlanadn:
E=B·D·vo‘rt (4.16)
bu yerda, B – magnit qutblari oralig‘ida hosil bo‘lgan elektr magnit induksiyasi, Tl; D – quvurning ichki diametri (elektrodlar orasidagi masofa), m; vo‘rt – oqimning o‘rtacha tezligi, m/s.
Ifloslangan, tez kristallanadigan va agressiv suyuqliklar, shuningdek, tez o‘zgaruvchan va pulslanuvchi oqimlar, ayniqsa, elektr o‘tkazmaydigan suyuqliklar sarfini o‘lchashda induksion sarf o‘lchagichlarni ishlatib bo‘lmagan hollarda ultratovushli qurilmalardan foydalaniladi. Sarf o‘lchashning ultratovushli usuli quvurga nisbatan ultratovush tezligining oqim tezligiga bog‘liqligiga asoslangan. Tovush to‘lqinining harakatdagi muhitda tarqalishida tovushning manbadan qabul qiluvchi qurilmaga yetib borish tezligi faqat tovushning tezligiga emas, balki harakat qiluvchi muhitning tezligiga ham bog‘liq bo‘ladi. Sarf o‘lchashning ultratovushli prinsipi shunga asoslangan.
Agar tovush to‘lqini oqim yo‘nalishida harakat qilsa, ularning tezligi qo‘shiladi, tovush oqimga qarshi yo‘nalsa, tezliklar ayirmasi topiladi. Ultratovushning oqim bo‘yicha va unga qarshi yo‘nalishdagi tezligining farqi oqim tezligiga, binobarin, oqayotgan suyuqlik sarfiga mutanosib. Ultratovushli sarf o‘lchagichlarning ishlash prinsipi quyidagilarga asoslangan:
ultratovushning oqim bo‘ylab va unga qarshi yo‘nalishdagi vaqt tafovutini o‘lchash;
ultratovush tebranishlarining oqim bo‘ylab va unga qarshi yo‘nalishdagi tebranishlari fazalarining siljishini o‘lchash;
avtotebranishlar sxemasi vujudga keltirgan va shu bilan birga oqim bo‘ylab hamda unga qarshi yo‘nalishda hosil qilingan ultratovush tebranishlari chastotasining ayirmasini o‘lchash.
Ultratovushli sarf o‘lchagichlardan birining tuzilish sxemasi 4.9-rasmda ko‘rsatilgan. Bu asbob ikki kanalli fazaviy sxema bo‘yicha ishlaydi. Ultratovushli sarf o‘lchagichlar quyidagi asosiy qismlardan iborat: UTG-ultratovush generatorining ta’minlash manbai; NO‘1, va NO‘2 nurlanuvchi o‘zgartkichlar; QP1 va QP2-qabul qiluvchi pezoo‘zgartkichlar; FQ-faza o‘zgartiruvchi qurilma, fazaviy siljishlarni o‘zgartgichlar kanali asimmetriyasi yo‘li bilan bartaraf etadi; K-elektron kuchaytirgich, O‘A - o‘lchash asbobi. O‘lchash asbobi sarf birligida darajalanadi. Pezoelementlar sifatida, ko‘pincha, bariy titanatdan ishlangan plastinkalar ishlatiladi. Pezoelementlar kvars, titanatsirkoniy, sopol hamda magnitostriksion bo‘lishi mumkin.
K alorimetrik sarf o‘lchagichlar ikki guruhga bo‘linadi. Ulardan birinchisida sarf qizdirgich iste’mol qilgan quvvat miqdoridan aniqlanadi. Bu quvvat o‘zgarmas haroratlar farqi ∆t ni ta’minlaydi. Ikkinchi guruhdagi kalorimetrik sarf o‘lchagichlar sarf qizitgichga berilgan o‘zgarmas quvvatdagi ∆t haroratlar farqidan aniqlanadi. Haroratlar farqi, odatda, termojuftlar yoki qarshilik termometrlari orqali o‘lchanadi. Qarshilik termometrlarini bir me’yorli oqim kesimini qoplaydigan to‘r shaklida tayyorlab, kesim bo‘yicha o‘rtacha haroratni o‘lchash mumkin. O‘lchanayotgan muhit odatda, 1...3 0C ga qizdiriladi, shuning uchun, sarf o‘lchangan paytdagi iste’mol qilingan quvvat katta bo‘lmaydi. Modda sarfini o‘lchashda, ko‘pincha, ikkinchi guruh sarf o‘lchagichlari ishlatiladi.
4.10-rasmda ikkinchi guruh sarf o‘lchagichning prinsipial sxemasi tasvirlangan. Sarf o‘lchagichga ketma-ket ulangan ikkita qarshilik termometrlara 1 va 2 o‘rnatilgan.
Turli xil sochiluvchan materiallarni o‘lchash va me’yorlash, sochiluvchan buyumlarni hisobga olish vositalari texnologik jarayonlarni, ortish-tushirish ishlarini va savdo-hisob operatsiyalarini avtomatlashtirishda keng qo‘llaniladi. Bunday o‘lchash vositalariga dozatorlar, tarozilar va turli xil tenzorezistorli o‘zgartkichlar kiradi.
Tarozi – qattiq, sochiluvchan yoki suyuq moddalarning massasini o‘lchash uchun mo‘ljallangan o‘lchash vositasidir. Tarozilar, odatda, tortish prinsipiga, muvozanatlovchi momentni vujudga keltirish uslubi, qo‘llanish sohasi, avtomatlashtirilganlik darajasi, tortish chegarasiga va hokazolarga ko‘ra tasniflanadi.
Tortish prinsipiga ko‘ra tarozilar diskret (davriy) va uzluksiz ishlaydigan tarozilarga ajraladi. Muvozanatlovchi momentni vujudga keltirish uslubiga ko‘ra tarozilar ikki guruhga bo‘linadi: mexanik (shayinli va prujinali) va elektromexanik tarozilar. Qo‘llanish sohasi va tortish chegararariga ko‘ra tarozilar umumiy vazifani bajaruvchi laboratoriya tarozilariga, texnologik tarozilarga; avtomatlashtirish darajasiga ko‘ra noavtomatik va avtomatik tarozilarga bo‘linadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |