SO‘Z BOSHI
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida olib borilayotgan tadbirlarning asosiy maqsadi – ta’lim tizimi islohatlarini hayotga tadbiq etish, zamon talablariga javob beradigan yuqori malakali, raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan. Kadrlar tayyorlash sohasidagi davlat siyosati uzluksiz ta’lim tizimi orqali yoshlarni intellektual, ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash va har tomonlama barkamol shaxsni shakllantirishni nazarda tutadi. Mamlakatimizda Kadrlar tayyorlash milliy dasturining birinchi (1997-2001 yillar) va ikkinchi (2001-2005 yillar) bosqichi hamda uchinchi-sifat bosqichi (2005-2009 yillar) yakunlandi. O‘tgan vaqt mobaynida barcha oliy ta’lim muassasalarida yangi davlat ta’lim standartlari ishlab chiqilib, o‘quv jarayoniga tadbiq qilinmoqda.
Mafkuraviy hamda mazmun va mohiyati jihatidan eskirgan o‘quv adabiyotlarining ma’lum qismi yangi ta’lim tizimining talab va ehtiyojlariga javob bera olmay qoldi.
Milliy istiqlol g‘oyasiga sodiq, yetarli intellektual salohiyatga ega, ilm-fanning zamonaviy yutuqlari asosida mustaqil fikr va mushohada yurita oladigan kadrlarni tarbiyalashda hamda raqobatbardosh, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashda darslik va o‘quv adabiyotlarining yangi avlodini yaratish muhim masala bo‘lib qolmoqda.
Darslik va o‘quv adabiyotlarini mazmuni va mohiyati jihatidan talabalarda mustaqil va erkin fikrlash, oldindan bilimlarni bosqichma-bosqich boyitish, mukammallashtirib borish, mustaqil ta’lim olish, dolzarb yangi bilimlarni o‘quv adabiyotlaridan izlab topish ko‘nikmalarini hosil qilishni ta’minlashi lozim.
Mazkur ma’ruzalar matnini tuzish jarayonida har bir bob yoki mavzuning mazmuni tushunarli, ilmiy g‘oya va tushunchalar mohiyatini aniq va ravshan bayon etishga hamda mavzularning bir-biriga mantiqan bog‘liqligi va ketma-ketligining saqlanishiga e’tibor berdik.
Milliy istiqlol g‘oyasiga sodiq, intellektual salohiyatga ega, ilm-fanning zamonaviy yutuqlari asosida mustaqil fikr va mushohada yurita oladigan kadrlarni tayyorlashda «Texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish» fani texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni samaradorligini oshirish, mahsulot sifatini yuqori darajaga ko‘tarish, xarajatlarni kamaytirish, mehnat sharoitlarini yaxshilash, ishlab chiqarishda xavfsizlik texnikasini ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqa dolzarb muammolarni hal qilishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, talabalarga o‘z ixtisosliklarini nazariy hamda amaliy jihatdan chuqur egallashga yordam beradi.
Texnologik jarayonlarni nazorat qilish va avtomatlashtirish – texnika taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, ilmiy tadqiqotlarga tobora kengroq kirib borib, fan va texnikani rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochib beradi. Shuningdek, avtomatlashtirish avvallo inson boshqarishga qodir bo‘la olmagan yangi, yuqori intensiv jarayonlarni amalga oshirishga, tabiatda ma’lum bo‘lmagan yangi, samarali materiallarni yaratishga imkon beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |