Internetda yoshlar axborot xavfsizligini ta’minlash
Bugungi kunda Internet (INTERNET - birlashgan tarmoqlar, «INTERconnected NETworks»ning qisqartirilgan nomi) - inson hayotining ilk bosqichidanoq uning ajralmas qismiga aylanib qolgani bois, bolalarni uning xavfidan himoyalash masalasi bugungi kunning dolzarb muammolaridan biri hisoblanadi va mazkur muammo global miqyosda hal etilishi taqozo etiladi.
Global tarmoqning chegara bilmasligi foydali axborotlar bilan bir qatorda, nosog‘lom mazmundagi axborotlarning ham tarqalishiga sabab bo‘lmoqda. Bu esa o‘sib kelayotgan yosh avlodning ma’naviy tarbiyasiga ziyon yetkazishi mumkin.
Maqsad - bolani Internetdan ajratib qo‘yish emas, balki uning kamol topishi uchun mukammal vositalar yaratish.
Internet bolalar tarbiyasida o‘ta muhim o‘rin egallaydi. Chunki, bola tarbiyaga oid xulq-atvor ko‘nikmasi, hayot tamoyillari, fikrlash va olam manzarasini ko‘proq aynan Internet yordamida o‘rganish imkoniyatiga ega. Ayrim ota-onalar farzandining kompyuter qarshisida bo‘lgan vaqtida hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q, deb o‘ylaydi. Biroq virtual olamda ham ularni muayyan xavf-xatarlar va tahdidlar kutib turgan bo‘lishi mumkin. Axborot xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislar tomonidan tahlikali sharoitlarda qay tarzda o‘zini muhofaza qilish, xavf-xatarlar va tahdidlardan himoyalanish mumkinligini anglash uchun murakkab bo‘lmagan qoida va tavsiyalar ishlab chiqilgan bo‘lib, Internetda ishlash paytida ularni esda tutish va e’tibor qaratish so‘raladi.
XAVF-XATARLAR - ularning tarmoqda uchta asosiy turi mavjud:
Kontent xavfi - yosh avlodning axloqiy va ma’naviy tarbiyasiga salbiy ta’sir etuvchi (matnlar, tasvirlar, audio, videofayllar, havolalar) noqonuniy, axloqsiz va zararli bo‘lgan turli axborotlarning (zo‘ravonlik, yovuzlik, hayosizlik, odob-axloq me’yorlariga zid so‘zlashuv, irqiy, diniy va millatlararo nizolarni keltirib chiqaruvchi, terrorizm va diniy ekstremizm, narkotik va psixotrop moddalar targ‘iboti, joniga qasb qilish, taqiqlangan o‘yinlar) Internet tarmog‘ida doim mavjud.
Kommunikatsion xavf- Internet tarmog‘ida noma’lum (yaxshi tanish bo‘lmagan) shaxslar bilan muloqot jarayonida paydo bo‘ladi. Tarmoqdagi anonimlik va javobgarlikka tortilmaslikni anglash hissi ko‘p foydalanuvchilar tomonidan xaqorat, qo‘rqitish, kiberbulling, xiralik hamda shantaj qilish kabi holatlarga yo‘l ochadi.
Texnik xavf - zararli dasturlardan foydalanib (virus, bot, ayg‘oqchi dasturlar), dasturiy mahsulotlarga zarar yetkazish, maxfiy va shaxsiy axborotlar yoki shaxsga oid ma’lumotlarni o‘g‘irlash, kiberfiribgarlik.
TAHDIDLAR - mutaxassislar tomonidan umumjahon «o‘rgimchak to‘ri»da bolalar duch keladigan va ularning ruhiyatiga so‘zsiz salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan tahdidlarning asosiy turlari tasniflanib berildi.
Mazmunan zo‘ravonlik, yovuzlik, hayosizlik, axloqsizlik, Internetdagi qimor o‘yinlar, narkotik moddalar to‘g‘risida axborot, huquqbuzarlik, irqiy nafratlanishga oid sayt va materiallarga (foto, video, audio va bosma materiallar) oson kira olish imkoniyati.
Notanish kishilar bilan elektron pochta, ijtimoiy tarmoqlar va turli shubhali forumlar vositasida muloqotlar qilish, turli yozishmalarni amalga oshirish.
Bolalar Internetdan foydalanganda duch kelishi mumkin bo‘lgan holatlar, ya’ni nazorat qilinmaydigan jarayon Internet orqali xarid qilish va onlayn o‘yinlarda nazoratsiz vaqt o‘tkazish.
TAHLIKALAR - axborot xavfsizligi ekspertlari tomonidan 5 ta asosiy tahlika tasnifi belgilab berildi. Agarda ularga befarqlik bilan qaralsa, bolalarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Internetdan nazoratsiz foydalanish oqibatida ota-ona obro‘sining zaiflashuvi. Gohida ota-onalar «farzandim ulg‘aydi yoki bolam biror-bir mashg‘ulot bilan band bo‘lib, menga xalaqit bermasin», deya uni global tarmoq bilan yolg‘iz qoldiradilar. Bunday holatlar bolalarning Internetdan nazoratsiz foydalanishining birinchi qadami hisoblanib, oqibatda, bolalar o‘z ota-onalarini tinglamay, ularni aldash va mensimaslikni odat qilib olishadi.
Madaniyat, g‘oya, mafkuralarning aksil tizimi. Hayotning ushbu murakkab davrida o‘spirin o‘zini ko‘rsatish va jamiyatda o‘z o‘rnini egallash yo‘llarini izlaydi. Mustaqil bo‘lish kayfiyatiga ehtiyoj sezadi. Ushbu yo‘lda Internet tarmoqlarida tarqalayotgan va targ‘ibot qilinayotgan aksilmadaniyat tizimi, xususan, «got», «emo» va boshqa submadaniyat oqimlari, diniy-ekstremistik oqimdagi mafkuralar hali shaxs sifatida barqaror shakllanib ulgurmagan yosh avlodga katta xavf tug‘dirmoqda. Bundan tashqari, tarmoqlarda odob-axloq me’yorlariga zid so‘zlashuv, tushkunlik, insoniyatga nafrat, jinoyat olamiga xos mazmundagi qo‘shiqlarni ham uchratish mumkin. Ayrim qo‘shiqlarda jamiyatga qarshi borish, qonunlarga hurmatsizlik, nizolar, jinoyat, suiqasd, narkotik moddalari iste’moli kabilar ham mavjud. Ularning ijobiy jihati mutlaqo bo‘lmagani bois, ularga ortiqcha ta’rifga hojat yo‘q.
Anonim Internet-muloqotlar. Ta’kidlash lozimki, onlayn muloqot o‘zining tabiati bilan jonli muloqotdan tubdan farq qiladi. Bu erda mutlaqo o‘zgacha xulq me’yorlari, etika standartlari, farqli mezonlar amal qiladi. Forumlar, chatlar, hamjamiyatlarda noma’lum shaxslar bilan muloqot qilishga to‘g‘ri keladi. Anonimlik holati foydalanuvchilarga Internetda real hayotda ayta olmaydigan fikrlar va harakatlar sodir qilishga izn beradi. Anonim muloqotlar haqorat, kiberbulling, kamsitish va xiralik qilish singari harakatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Bolalarning xavfsizligi, ma’naviy va jismoniy sog‘ligi nuqtai nazaridan qaralganda, farzandlarining Internet orqali tanishuv masalalarini ota-onalar nazorat qilishlari lozim bo‘lgan jihatlardan biri hisoblanadi.
Shaxsiy ma’lumotlarni yo‘qotish-bu Internet tarmog‘i foydalanuvchilarining (bolalar va o‘smirlar) o‘ta ishonuvchanligi va ochiqligi bois sodir bo‘ladi. Ushbu holatlar ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tish paytida, onlayn xaridlar qilayotganda, chat va forumlarda anketalarni to‘ldirish chog‘ida kuzatiladi. Shaxsiy ma’lumotlar to‘plami yovuz niyatli kishilar uchun juda qulay o‘lja bo‘lib, bundan ular o‘zlarining g‘arazli va noqonuniy maqsadlarida foydalanishlari mumkin. Shuni alohida ta’kidlash joizki, ijtimoiy tarmoqlardagi akkuantlar (sahifalar) shaxsiy ma’lumotlar yo‘qoladigan (o‘g‘irlanadigan) asosiy joy bo‘lib hisoblanadi. Ko‘p sonli yosh foydalanuvchilar o‘z akkauntlarida erkin foydalanish uchun barcha ma’lumotlarni, ya’ni tug‘ilgan kuni va ismini (telefon raqami, maktabi, yashash manzili, qaysi joylarda bo‘lishni yaxshi ko‘rishini, kayfiyati va xarakterini yozishni xush ko‘radi), shu jumladan, katta hajmda fotosuratlarni ham joylashtiradi.
O‘yinlarga qaramlik. Onlayn o‘yinlar haqiqatan ham qiziqarli, ularning yaratuvchilari bolalar o‘yin jarayonida ko‘proq vaqt davomida qolib ketishlari uchun barcha choralarni ko‘rib qo‘yishgan. Zamonaviy onlayn o‘yinlarda ma’lum bosqichlardan o‘tish va o‘yin qahramonlarini takomillashtirib borish uchun ko‘p vaqt talab etiladi va bu jihatlar, o‘z navbatida bolalarning o‘yin jarayonida uzoq vaqt qolib ketishlarini ta’minlaydi. O‘spirinlar o‘zlarini namoyon qilishga ehtiyoj sezganlari bois, bunday imkoniyatni aynan ana shunday onlayn o‘yinlardan axtarishadi. Bu holatlar esa bolani ruhiy qashshoqlashuviga, o‘yinga qaram bo‘lib qolishiga olib keladi. O‘yinlarga qaram bo‘lib qolib, ko‘p bolalar ovqatlanish, dars tayyorlashni unutib, uyqusizlikka ham duchor bo‘ladilar.
Zararli dasturlar (viruslar, spamlar, josuslik dasturlari, fishinglar) orqali dasturiy mahsulotlarni shikastlash. Firibgarlar aksariyat hollarda yosh foydalanuvchilarning ishonuvchanlik va turli xil hujumlar haqida bexabarligidan foydalanib, ularning kompyuteriga o‘zlarining zararli dasturlarini kiritishga erishidilar. Shu bois, notanish havolalarga o‘tish, noma’lum saytlardan dasturlar va multimedia fayllarni yuklab olish, notanish «do‘stlar»dan kelgan xatlarni o‘qish, o‘z navbatida, kompyuterni virus bilan zararlanishi kabi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Kompyuter virusi — zararli dastur turi bo‘lib, o‘zining nusxalarini yarata oladi va boshqa dasturlar kodiga kirib, turli aloqa kanallari orqali o‘zining nusxalarini tarqata oladi. Virusning maqsadi — kompyuterni ishdan chiqarish, fayllarni o‘chirish, foydalanuvchi ishini to‘sish va h.k.
Josuslik dasturlari — kompyuterga uning konfiguratsiyasi, foydalanuvchi, uning faoliyati haqidagi ma’lumotlarni to‘plash uchun yashirin tarzda o‘rnatiladigan bo‘lib, u, shuningdek, sozlash tizimini o‘zgartirish, foydalanuvchiga bildirmagan holda dasturlar o‘rnatish va uning xatti-harakatlari haqida tegishli joyga ma’lumotlarni yuborib turish singari boshqa vazifalarni ham amalga oshiradi.
Spam — zararli materiallarni o‘z ichiga olgan xatlarni ommaviy tarzda jo‘natish.
Fishing — odatda rasmiy xabar niqobi ostidagi xat yoki havola. Jabrlanuvchi shaxs aldovni sezmasligi uchun sayt yoki xabar aslidagidek (rasmiy) ko‘rinishga ega bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |