UMUMIY XULOSALAR
Vilyam Shekspir nafaqat ingliz xalqi, balki butun jahon xalqlari qalbidan chuqur o`rin egallay olgan o`lmas asarlar yaratgan daho so`z san`atkoridir. Vilyam shekspir asarlari ko`plab dunyo tillariga, jumladan, o`zbek tiliga ko`p bora o`girilgan. “Hamlet” tragediyasining o`zi Cho`lpon, M. Shayxzoda, J. Kamol tomonidan tarjima qilingan. Ayniqsa, Jamol Kamol tarjimasi asliyatdan bevosita tarjima qilingani bilan ajralib turadi. Bevosita tarjima asliyatga yaqinligi, asar jozibadirligini, asar tili ta`sirchanligini kitobxonga to`liq yetkazib bera olishi bilan o`ziga xosdir. “Hamlet” tragediyasi ham mazmunan teranligi, ham tilining o`tkirligi, qahramonlar ruhiyatining teran aks ettirilgani, vijdon, insof, iymon, oq ko`ngillilikning ulug`lanishi va xiyonatkorlik, vijdonsizlik, adolatsizlikning ayovsiz qoralanishi bilan jahon adabiyoti durdonalaridan biriga aylangan va kitobxonlar qalbidan chuqur o`rin egallagan asardir. “Hamlet” tragediyasi Shekspir ijodining cho`qqisi hisoblanadi.
“Hamlet” tragediyasi leksik-semantik jihatdan o`ziga xos bo`lib, asar matnida atoqli otlar, Angliyada 16-17 asrlarda qo`llangan diniy-mifologik tushunchalar bilan bog`liq so`zlar, kasb-hunar, amal-martabani ifodalovchi so`zlar ko`p uchraydi. Bu esa asar tarjimonidan katta mahoratni talab qiladi. Jamol Kamol tarjimasida ana shu leksik qatlamlar asliyatga muvofiq tarjima qilingan. Shekspirning “Hamlet” dramasidagi bir nechtagina kasb-hunar, amal-martabaga oid xos so`zlarning ma`no-mohiyati butun bir davrning tarixiy koloritini aks ettirishda qanchalik muhim ahamiyat kasb etishini ko`rish mumkin. Demak, bunday xosliklarni qayta yaratish tarjimondan katta mahoratni talab qiladi. Asarda qo`llangan murojaat shakllari esa personajlar o`rtasidagi munosabatlarni, qahramonlar ruhiyatini ochib berishda alohida ahamiyatga ega. Chunki murojaat birliklari orqali borliqqa, tinglovchiga ijobiy yoki salbiy munosabatni aks ettiradi.
Asar qahramonlari ruhiy holatini tasvirlashda zid ma`noli so`zlarning o`ziga xos o`rni bor. Chunki hayot o`zi ziddiyatlardan iborat. “Hamlet” tragediyasida
71
voqealarni rivojlantiruvchi kuch ham ikki qarama-qarshi kuch – ezgulik va yovuzlik o`rtasidagi ziddiyat, kurash.
Tragediyada ifodalilikni yanada oshirish maqsadida mazmunan biri ikkinchisiga zid tushunchalar, mantiqan biri ikkinchisini rad etuvchi fikrlarni qarama-qarshi qo`yiladi. Bu esa antiteza hodisasini yuzaga keltiradi. Antiteza hodisasi til sathlarining barchasida kuzatiladi. Lekin bu hodisaning sintaksis doirasidagi, ayniqsa, qo`shma gap sintaksisi doirasidagi vazifasi alohida ahamiyatga ega. Stilistik-sintaktik figuralar doirasida antiteza usuli qo`shma gaplarda qo`llanilish mahsuldorligi jihatidan sintaktik takror bilan bir qatorda turadi.
Badiiy asar tili ta`sirliligini oshirishda metafora, o`xshatish va sifatlashlarning o`rni katta. Har bir buyuk so`z san`atkori o`z asarlarida ma`no ko`chishining eng muhim turi – dunyoni obrazli ko`rish vositasi bo`lgan metaforadan unumli foydalanadi. Metafora ko`chma ma`no hosil qilishning eng keng tarqalgan usullaridan biri bo`lib, mumtoz adabiyotshunosligimizda «istiora» deb yuritilgan. Metaforaning ikki turini farqlash lozim: lingvistik metafora va xususiy-muallif metaforalari. Lingvistik metaforalar til taraqqiyoti bilan bog`liq hodisa hisoblanadi. Bunday metaforalar asosan, atash, nomlash vazifasini bajarganligi uchun ularda uslubiy bo`yoq, ekspressivlik, binobarin, ular ifodalagan nutq predmetiga nisbatan subektiv munosabat aks etmaydi. Faqatgina ma`lum bir so`zning ma`no doirasi kengayadi hamda yangi tushunchalarni atash uchun xizmat qiladi. Xususiy-muallif metaforalari esa yozuvchining estetik maqsadi, ya`ni borliqni subektiv munosabatini qo`shib ifodalagan holda nomlashi asosida yuzaga keladi. Ular uslubiy jihatdan bo`yoqdorlikka va voqelikni obrazli tasvirlash xususiyatiga ega bo`ladi. Shuning uchun ham badiiy matnda qahramonning his-tuyg`ularini ta`sirchan, yorqin bo`yoqlarda, aniq va ixcham ifodalashga xizmat qiladi. Xususiy-muallif metaforalarida hamisha konnotativ ma`no mavjud bo`ladi. Metafora orqali ma`no ko`chishida konnotativ ma`no yorqinroq aks etadi. Masalan, ot, eshak, qo`y, it, bo`ri, tulki, yo`lbars, boyo`g`li, musicha, burgut, lochin, qaldirg`och, bulbul kabi
72
hayvon va qushlarning nomlari bo`lgan leksemalar mavjudki, bu so`zlar o`z ma`nosidan tashqari, ko`chma ma`noda juda keng qo`llanadi. Otning baquvvatligi, eshakning aqlsizligi, qo`yning yuvoshligi, itning vafodorligi, mushukning epchilligi, tulkining ayyorligi, burgutning changallashdagi kuchliligi, lochinning ko`zi o`tkirligi kabi tipik xususiyatlari boshqa predmetlarga nisbatan metaforik usulda ko`chiriladi, natijada konnotativ ma`no yuzaga keladi hamda matnning ta`sirchanligi oshadi.
Xuddi shuningdek, jahon adabiyotining o`lmas durdonalaridan sanaluvchi “Hamlet” tragediyasida ham original metaforalar, o`xshatish va sifatlashlar voqelikni obrazli tasvirlash, qahramonlar ruhiyatini ta`sirli ochib berish vazifasini bajargan.
73
Do'stlaringiz bilan baham: |