Ma’ruzada qo‘yiladigan muammolar:
turkiy
xalqlar
adabiyoti
shakllanishida arab va fors adabiyotidan o‘zlashtirishning o‘ziga xos yo‘li; arab va
fors tillarida ijod qilgan O‘rta Osiyo turkiy adiblari ijodining qisqacha tahlili.
VIII asr boshlarida O‘rta Osiyo arab xalifaligi tasarrufiga olinib, bu yerda
istiqomat qiluvchi xalqlar arab hukmronligiga to‘la bo‘ysundirildi. Siyosiy,
iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda arab tiliga asoslangan islom mafkurasi joriy qilindi
va unda o‘zga tillarning ishtiroki mutlaqo rad etildi. Ko‘hna asrlardan qolgan osori
atiqalar, yodgorliklar, madaniy meros va ijtimoiy munosabatlar inkor qilinib,
ularga barham berildi. O‘z ona tillarida she’rlar yozgan shoirlar majusiylik,
zardushtiylik, xurofotchilikda ayblanib qatl etilishi ham bu jarayonni
qat’iylashtirdi. Xususan, samarqandlik al-Xuramiy va toxaristonlik Bashshor ibn
Burdiy kabi shoirlarning taqdiri xuddi shunday kechgan edi. Mahalliy xalqlar bu
115
jarayonlarga noroziliklarini muttasil ravishda olib borilgan qo‘zg‘olonlar bilan
bildirib turishlaridan qat’i nazar, katta harbiy kuch va joriy qilingan mafkuraviy
intizom ularni bostirishga qodir edi. Shahar va qishloqlarda masjidlar, madrasalar,
dorilqazo (qozixonalar) va boshqa muassasalar tashkil qilinib, xalqni idora qilish
yo‘lga qo‘yildi. Bunday tadbirlar va O‘rta Osiyo xalqlari ozodlik uchun olib
borayotgan kurashi ularni birlashtirdi. Natijada xalifalik ichida boshlangan
parokandalikdan ular ham samarali foydalandilar. Asta-sekin ularning
manfaatlarini himoya qiluvchi tohiriylar va safforiylar kabi sulolalari maydonga
chiqa boshladi, keyinroq somoniylar, qoraxoniylar, saljuqiylar va xorazmshohiylar
kabi markazlashgan yirik davlatlari vujudga keldi.
Arab istilosi va islom zuhuridan keyin turkiy adabiyot qayta shakllanish
jarayonini boshdan kechirdi. Afsuski, ko‘rib o‘tilgan badiiy adabiyot
namunalardan boshqa turkiy xalqlarning qadimgi yozma manbalari bu jarayonda
deyarli yo‘qotildi. Qolganlari ham islom mafkurasiga, arab va fors adabiyoti
ta’sirida shakllangan yangi adabiyot mezonlariga hamda madrasa ta’limini ola
boshlagan o‘quvchilar auditoriyasi qarashlariga mos bo‘lmagani bois asta-sekin
unutilib, yo‘qolib bordi. Nisbatan keyinroq musulmonlashgan turkiy xalqlar o‘z
tillarida ijod qilish uchun yangi adabiy-nazariy tamoyil va tasavvurlarga ega emas
edi. Bundan tashqari, qoraxoniylar saroyidagi ba’zi ijobiy o‘zgarishlarni hisobga
olmaganda, davlat idoralarida turkiy tilda rasmiy hujjatlar yuritilmasligi, bu tilning
adabiy meyorlarini belgilab olishni ham kechiktirib yubordi. Adabiy tilning
shakllanmagani unda yozma ijod qilishga ham imkon bermas edi. Shuning uchun
adabiy-badiiy asarlar asosan arab va endigina adabiyot shakllanib kelayotgan fors
tilida edi. Shuning uchun turkiy xalqlar yozma adabiyotining muayyan davri
(ko‘proq IX – XII asrlar) arab yoki fors tilida yaratilgan asarlardan iboratligi bilan
xarakterlanadi.
Binobarin, turkiy xalqlar adabiy harakatdan to‘xtamadilar. Bu xalq, sharoit
taqozosiga ko‘ra, arab va fors tillarini o‘z ona tili darajasida egallab oldi. Turkiy
ziyolilar bu tillarda o‘sha tillar namoyandalaridan ortda qolmay, goho ulardan
116
o‘zib ijod qildilar. Turkiy xalqlar adabiyotidagi bunday holatni, ya’ni o‘zga tillarda
ijod qilib, o‘sha tillardagi adabiyotda erishilgan yutuqlarni chuqur o‘zlashtirish va
o‘z adabiy-badiiy tafakkuri tadrijini bu qadar yuksaltirish jarayonini jahon
adabiyoti tarixida boshqa xalqlar misolida kuzatish mushkul.
Bu davrda arab va fors tillarida turkiy xalqlar tomonidan yaratilgan tarixiy,
ilmiy, adabiy va diniy asarlarning mundarijasi nihoyatda katta salmoqqa ega.
Birgina Abu Mansur as-Saolibiyning “Yatimatu-d-dahr fi mahosini-l-asr” (Asr
fozillari haqida zamona durdonasi) asarida X asrda Buxoroda yashagan 47
ijodkorning tarjimai holi va ularning arab, ba’zilarining fors tilidagi ijodidan
namunalar berilgan. Markaziy Osiyoda turkiylarning tarqalish geografiyasi
inobatga olinsa, mazkur davrdagi adabiy jarayonni tasavvur etish qiyin emas.
Qolaversa, bu davrning eng yirik allomalari turli yurtlardant o‘z ilmiy
salohiyatlarini oshirish uchun Buxoroga kelgani to‘g‘risida ham talaygina
ma’lumotlar bor. I.Abdullayev, H.Hikmatullayev, A.Irisov, I.S.Braginskiy,
I.Y.Krachkovskiy, Adam Mets, Sh.Shoislomov, I.Elmurodov kabi bir necha
olimlarimiz bu jarayonning ayrim jihatlarini o‘rgangan bo‘lsalar-da, afsuski,
hozircha adabiyotshunosligimizda u umumiy ko‘lami bilan fundamental tadqiq
qilinmagan.
Imom al-Buxoriy, Iso at-Termiziy, Muslim ibn Hajjoj kabi ulug‘ muhaddislar,
Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, al-Farg‘oniy, al-Xorazmiy, az-
Zamahshariy kabi bir necha o‘nlab alomalar o‘z asarlarini arab tilida yaratdilar.
O‘rta Osiyo madaniy hayoti bilan shug‘ullangan arab olimlaridan Abu Ruj’a ibn
Sa’id, Muhammad ibn Is’hoq, Islomiy, Abu Mansur as-Saolibiy, Abu Sa’d as-
Sam’oniy, Al-Hakim ibn al-Bayya’, Yoqut al-Hamaviy kabilar o‘z asarlarida
mahalliy xalq vakillaridan bir necha olim va ijodkorlarining adabiy asarlar,
xususan, she’rlar yozib katta shuhrat topganlari haqida zikr etadilar.
IX – XIII asrlarda Buxoroda Abu Tayyib at-Tohiriy, Abu Bakr al-Kotib,
Iskofiy, al-Xuzaymiy, Abu Abdulloh ibn al-Amid, Lohhom, Abul Husayin
Ubaydulloh ibn al-Utbiy, Abu Tolib Abdussalom ibn al-Husayin al-Ma’muniy,
117
Muhammad ibn Ahmad Al-Muzaniy, Abul Hasan, Ibrohim Abu Is’hoq al-Forisiy;
Samarqandda Muhammad ibn Ahmad al- Xayyot, Muhammad ibn Sulaymon al-
Bog‘dodiy, Nosir ibn Ahmad ibn Ismoil Al-Kinoiy, Abu Sa’id Abdurahmon ibn
Muhammad Idrisiy As-Samarqandiy Hofiz. Abul Qosim Ismoil ibn Ahmad ibn
Umar As-Samarqandiy, Abu Muhammad Hasan ibn Ahmad As-Samarqandiy, Al-
Muborak ibn Ali As-Samarqandiy Abul Makorim, Muhammad ibn Ahmad ibn
Mansur Abu Bakr Al-Xayyot, Al-Xalil ibn Ahmad ibn Muhammad Sijziy;
Forobda Abu Nasr Muhammad ibn Uzlug‘ Tarxon al-Forobiy, Is’hoq ibn Ibrohim
al-Forobiy, Ismoil ibn Hammod al-Javhariy al-Forobiy, A’madiddin Abul Hasan
Mahmud ibn Ahmad al-Forobiy, Abu Zakariyo Yahyo ibn Ahmad Al-Forobiy kabi
juda ko‘plab o‘z davrining taniqli adiblari yashagan. To‘g‘ri, bu arabnavis
ijodkorlarning hammasini ham turkiy xalqlarning vakillari deb bo‘lmaydi, lekin
ular orasida ma’lum qismi turkiy bo‘lganiga shubha qilmasa bo‘ladi. Chunki bu
katta jarayondan ularning chetda qolishi mumkin emas edi.
Bu fikrning tasdig‘ini As-Saolibiyning Abu Muhammad al-Hasan ibn Ali ibn
Matron al-Matroniy haqida gapirib, uning toshkentlik ekani to‘g‘rsida zikr
etganida ham ko‘rish mumkin. Bu ma’lumot uning turkiylardan bo‘lganini
anglatadi. Yoki buni Yoqut Hamaviyning quyidagi so‘zlari bilan ham isbotlash
mumkin: “U (Ismoil ibn Hammod al-Javhariy) “Devonu-l-adab” asari muallifi
Abu Is’hoq al-Forobiy hamshirasining o‘g‘li. Adabiyotda devon tuzib, Al-Javhariy
nomi bilan tanildi. U zamonasining ulug‘i, zukko, o‘tkir zehnli va bilimdoni edi.
Naslu nasabi turk mamlakatining Forob degan joyidan”. Ko‘rinib turganidek,
so‘nggi jumlada al-Javhariy, undan oldingi jumlada Abu Is’hoqning turkiy
qavmlardan ekaniga ochiq-oydin ishora bor. Lekin bunday ishoralar, afsuski,
hamma joyda ham zikr etilavermaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |