Mashgʻulotning maqsadi: Nafas olish, nafas chiqarish, nafas olish tiplari haqida tushunchaga ega boʻlish, nafas olish va nafas chiqarish mexanizmini Donders modulida oʻrganish.
Kerakli jihozlar va reaktivlar: baqa oʻpkasi, tagi aylana qilib kesilgan shisha idish, rezina parda, poʻkak, ikkita shisha nay, kanyula, qisgich, qaychi, paxta.
Ishning bajarilishi: Baqani pastki jagʻini kesib, orqa miyasini zond yordamida buzib, harakatsizlantiriladi. Ehtiyotkorlik bilan baqa koʻkrak qafasi ochiladi. Tili tortilib, traxeya ostidan jarrohlik ignasi yordamida ip oʻtkaziladi, keyin traxeyaga shisha knayulya kirgizib, ip bilan mahkam bogʻlanadi. Kanyulya traxeya va oʻpka bilan birgalikda koʻkrak qafasidan ajratib ostiga rezinka parda tortilgan shisha butilka ichiga tushiriladi (shisha idishning ogʻzi kanyulya oʻtkazilgan probka yani poʻkak bilan berkitilgan boʻlishi zarur). Bu vaqtda shisha butilka ichidagi havo, tashqi havo bilan va tashqi havo butilka ichidagi havo bilan qoʻshilmasligi, yaʻni butilka mahkam berkitilgan boʻlishi zarur. Agar baqa oʻpkasi oʻrnatilgan shisha butilka tagidagi rezinka pardasi pastga tortilsa, butilka ichidagi hajm kamayib u yerda manfiy bosim hosil boʻladi, natijada oʻpka ichiga tashqaridan kanyulya orqali havo kirib boradi va baqa oʻpkasi kengayib, havo bilan toʻladi. Agar rezinka parda boʻshatilsa, shisha butilka ichidagi bosim yana oʻz holiga qaytib koʻtariladi, oʻpkadan havo tashqariga siqib chiqariladi. Organizmda ham oʻpkaga havoning kirishi va undan havoning chiqishi xuddi shunday amalga oshadi. Bunday tajribani faqat baqa oʻpkasida emas, balki quyon va it oʻpkalarida ham oʻtkazish mumkin.
40-rasm. Donders tajribasi (Donders modeli).
Ishni rasmiylashtirishga doir tavsiyalar. Donders modeli orqali nafas olish va nafas chiqarish mexanizmida ishtirok etuvchi har bir tizimining oʻziga hos ishtiroki toʻgʻrisida xulosa yozing va Donders modulini chizing.
2- mashgʻulot. OʻPKANING TIRIKLIK SIGʻIMI
Har bir nafas olganda oʻpkaga qabul qilinadigan va undan chiqariladigan havoga nafas havosi deyiladi. U odamlarda oʻrtacha 0,5 l, qoʻylarda 0,3-0,5 l, otlarda esa 5-6 l ga teng.
Chuqur nafas olganda, nafas havosi bilan odamlar 1,5 l gacha, qoʻylar 0,5-1 l, otlar 10-12 l gacha havoni oʻpkaga olishi mumkin. Bunga nafas olishning qoʻshimcha havosi deyiladi.
Chuqur nafas chiqarilgan paytda chiqariladigan havo bilan birga odamlar 1,5 l gacha, qoʻylar 0,5-1 l, otlar esa 10-12 l gacha havo chiqara oladilar. Bunga nafas chiqarishning rezerv-zahira havosi deyiladi.
Nafas havosi, qoʻshimcha va rezerv havolarning yigʻindisi oʻpkaning tiriklik sigʻimi deyiladi. Oʻpkaning tiriklik sigʻimi odamlarda 3-4 l, qoʻylarda 1,5-3 l, otlarda esa 26-30 l ni tashkil qiladi.
Oʻpkaning tiriklik sigʻimini spirometr degan asbob yordamida aniqlash mumkin.Oʻpkaning tiriklik sigʻimidan tashqari uning umumiy sigʻimi ham farq qilinadi. Gap shundaki, chuqur nafas chiqarilgandan keyin ham, yaʻni oʻpkadan rezerv havo chiqarilgandan keyin ham unda ma’lum miqdorda, jumladan otlarda 10-12 l havo qoladi, bunga qoldiq havo deyiladi. Qoldiq havoning miqdorini aniqlash ancha murakkab va mushkul, buning uchun bevosita usullar qoʻllaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |