Nazorat savollari:
1. Bog‘cha yoshidagi bolalarning psixologik xususiyatlari.
2. Bog‘cha davrida bola shaxsining rivojlanishi shart-sharoitlari.
3. Bog‘cha yoshidagi bola faoliyatining psixologik xususiyatlari.
4. Bog‘cha yoshdagi bolada xulq motivlarining rivojlanishi va o‘ziga baho berishi shakllanishi.
5. Bog‘cha yoshidagi bolada bilish jarayonining rivojlanishi.
6. Bog‘cha yoshdagi bolaning o‘quv maskanidagi ta'limga psixologik tayyorgaligi.
7. 3-7 yoshli bolalarning psixik rivojlanishida badiiy-ijodiy faoliyat turi qanday?
8. Bog‘cha yoshidagi bolalar hissiyoti va uning o‘sishi.
XI-mavzu. Pedagog psixologiyasi pedagog faoliyatida psixologiyaning o‘rni, pedagogik muloqot, pedagogik o‘zaro harakatlar psixologiyasi, pedagogik qobiliyatlar, pedagogik faoliyatning individual uslubi, pedagog bilan psixolog faoliyatining modeli, pedagogik jamoa psixologiyasi
Tayanch tushunchalar: Kasbiy xislatlar, pedagog qobiliyatlari; perseptiv qobiliyatlar; akademik qobiliyatlar; avtoritar qobiliyatlar; gnostik malakalar.
1.Pedagogik faoliyatning psixologik xususiyatlari
Pedagogik faoliyat o‘z ichiga pedagogning bola shaxsi va intellektual jihatdan rivojlanishiga yordam beruvchi ta'limiy va tarbiyaviy ta'sirini qamrab oladi. Pedagogik faoliyat ham inson faoliyatining boshqa jabhalari kabi tavsiflanadi. Bu eng avvalo maqsadga yo‘nalganlik, motivlashganlik, predmetlilikdir. N.V. Kuzmina ta'rifiga ko‘ra, pedagogik faoliyatning muhim jihati – bu uning mahsuldorligi. Pedagogik faoliyat mahsuldorligining 5 ta darajasi ajratib ko‘rsatiladi:
I – (minimal) reproduktiv: pedagog o‘zi bilgan narsalarni boshqalarga yetkazib bera oladi;
II – (quyi) moslashgan: pedagog o‘z fikrlarini auditoriyaga o‘ziga xos jihatlari bilan ma'lum qila oladi.
III – (o‘rta) lokal modellashtirilish: pedagog fanning ma'lum bir bo‘limi bo‘yicha bolalarda bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirish strategiyasini egallaydi.
IV – (yuqori) bolalar bilimini sistemali modellashtirish; pedagog bolalarda fan malakalarini shakllantirishning yo‘l-yo‘riqlarini biladi.
V – (eng yuqori) modellashtirilgan tizimli faoliyat va bolalar xulqatvori.
Bunda pedagog o‘z fanini o‘rgatishdagi yo‘l-yo‘riqlarni shunday egallaydiki, natijada u bola ehtiyojlarida o‘z-o‘zini tarbiyalash, o‘z-o‘ziga ta'lim berish, o‘z-o‘zini rivojlantirish vositasi sifatida xizmat qiladi.
Pedagogik faoliyat borasida so‘z yuritilganda yuqori mahsuldorlik tushunchasi asosiy o‘rinni ifodalaydi. Pedagogik faoliyat boshqa faoliyat turlari kabi o‘z motivatsiyasi, maqsadi, predmeti, vositalari, usullari, mahsuli va natijasini aks ettiruvchi psixologik mazmunni ifodalaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |