Mashg’ulot maqsadi. Ko’poyoqlilarning turli-tumanliligi, gavda bo’limlari va undagi organlarning tuzilishi hamda funksiyalari bilan tanishish.
Mashg’ulot uslubi. Rangli jadvallar va elektron animatsiyalar demonstratsiyasi va tahlili; savol-javob bilan talabalar bilimini baholash.
Kerakli jihozlar. O’quv-uslubiy qo’llanmalar, jadvallar, fiksatsiyalangan qirqoyoqlar, qo’l lupalari, Petri idishlari, toza suvli idishlar, mikroskoplar, buyum oynalari, vannochkalar, preparoval ignalar, tomizgichlar.
O’rganiladigan obyektlarning sistematik o’rni
Tip Bo’g’imoyoqlilar – Arthropoda
Kenja tip Traxeyalilar – Tracheata
Sinf Ko’poyoqlilar – Myriopoda
Kenja sinf Laboyoqlilar – Chilopoda
Turkum Qattiq qalqonlilar – Lithobiomorpha
Tur Oddiy qalqondor – Lithobius forficatus
Umumiy tushunchalar
Litobius ko’poyog’ining tanasi 2-2,5 sm uzunlikda bo’lib, bosh va gavda bo’limlariga ajraladi. Boshni tashkil etuvchi segmentlar o’zaro birlashib ketgan. Boshning oldingi qismida juda ko’p bo’g’imlardan tashkil topgan bir juft ipsimon mo’ylovlari joylashgan. Mo’ylovlar sezgi organlari hisoblanadi. Mo’ylovlar kelib chiqishi, bajaradigan vazifalari va joylashishiga ko’ra qisqichbaqasimonlarning antennulalariga mos keladi. Boshda mo’ylovlardan tashqari bir juft yuqori jag’lar (mandibula) va ikki juft pastki jag’lar (maksillalar)i bo’ladi. Mandibula ovqatni maydalovchi asosiy organdir, chunki uning oxirgi bo’g’imida xitinli tishchalar hosil bo’lgan. Mandibulaning pastki tomonida og’iz bo’shlig’iga kirib turuvchi harakatchan o’simta-gipofarinks joylashgan. Pastki jag’larining birinchi jufti uchta bo’g’imdan tashkil topgan. Uning usti tukchalar bilan qoplangan, lekin chaynash kurakchalari bo’lmaydi. U ovqatni faqat og’iz oldida ushlab turish funksiyasini bajaradi. Ikkinchi juft pastki jag’larida ham chaynash kurakchalari bo’lmaydi. Ularning keyingi bo’g’imi tukchalar bilan qoplangan. Ushbu bo’g’imning uchida tirnoqcha joylashgan. Bular ovqatni paypaslab izlash va uni tutib og’izga olib kelish vazifasini bajaradi. Litobius qirqoyog’ining boshi takomillashgan va mustahkam po’st bilan qoplangan «bosh quti»sini hosil qiladi. U nerv tugunlaridan iborat bosh miyani himoya qiladi va jag’larni o’zaro birlashtirib turadi.
Rasm 83. Litobius - Lithobius forficatus ning bosh bo’limi.
1 – yuqori lab; 2 – yuqori jag’; 3 – yuqori jag’ning 1-jufti; 4 – yuqori jag’ning 2-jufti; 5 – gavda 1-segmentining tos qismi; 6 – tosning oldingi qirrasidagi tishchalar; 7 – jag’oyoq; 8 – jag’oyoqning tirnog’i; 9 – zahar bezining kanali; 10 – mo’ylov.
Litobius tanasining gavda qismi 19 segmentdan iborat. Ularning birinchi segmentidan tashqari barchasi bir-biriga gomonomdir. Birinchi segmenti tuzilishi va bajaradigan vazifasiga ko’ra boshqalaridan sezilarli farq qiladi. Unda bir juft jag’oyoqlar joylashgan. Ushbu jag’oyoqlar bo’g’imlarining soni va tuzilishiga ko’ra o’rgimchaksimonlarning oyoqlariga o’xshashdir. Ular ham tos, ko’st, son, boldir va bo’g’imli panjalardan iborat. Lekin panjalarning oxirgi bo’g’imi (tirnog’i) egilgan bo’ladi. Bu jag’oyoq litobius o’ljasining tanasiga sanchilganida uning naychasimon kanalidan zahar suyuqligi oqib chiqadi. Qirqoyoqning tanasini tashkil etuvchi qolgan segmentlari doirasimon, orqa-qorin tomoniga qarab sezilarli yassilashgan.
Xitindan iborat tana qoplag’ichining orqa plastinkasi – tergit va qorin plastinkasi – sternit yon tomondan yupqa parda – plevrit lar bilan o’zaro birikkan bo’ladi. Plevralarda nafas olish teshikchalari – stigmalar joylashgan. Tanasining eng oxirgi uchta genital va bitta anal segmentlarida oyoqlar bo’lmaydi.
Rasm 84. Litobius – Lithobius forficatus ning umumiy tuzilishi.
1 – bosh, 2 – ko’zchalar, 3 – terining segmentlararo chizig’i, 4 – XVI- sengmentining oyog’i, 5 –anal teshigi, 6 – stigmalar, 7 – plevraning mayin kutikulasi, 8 – VIII- segmentning oyog’i, 9 – II- segmentining oyog’i, 10 – jag’ oyog’i, 11 – antenna, I-XIX – gavda segmentlarning tergitlari.
Ko’poyoqlilar asosan kechasi faol hayot kechiradi. Kunduzi yorug’likdan qochib, toshlar, daraxtlar po’stlog’i va boshqa narsalarning ostiga yashirinib yashaydi. Barcha ko’poyoqlilar yirtqich hayvonlar bo’lib, turli mayda hasharotlar, chuvalchanglar va boshqa tuproq hayvonlari bilan oziqlanadi. Ayrim turlari zaharli bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |