Volvokslar. Yuqoridagi kolonial fitomonadalarga qaraganda volvokslar koloniyasidagi hujayralar ko’p sonda bo’ladi. Masalan, Volvox aureus ning koloniyasi 700-1000 ta, V. globator ning koloniyasi esa 20000 ta, ba’zan undan ham ko’proq hujayralar (individlar) dan iborat bo’ladi. Volvokslarning kattaligi 0,5-2 mm gacha, sharsimon, plankton usulda hayot kechiradi. Koloniya hujayralari ikki xivchinli, doira atrofida bir qavat bo’lib joylashgan. Hujayralar sitoplazmatik ko’prikcha (ipchalar) orqali o’zaro tutashgan. Sharning ichki bo’shlig’i shilimshiq suyuqlik bilan to’lgan. Hujayralarning xivchinlarini bir me’yorda tartibli harakati tufayli koloniya yumalab suzib harakatlanadi.
A B
Rasm 9. Volvox aureus koloniyasini bir qismi:
A: 1 – koloniyaning vegetativ individi, 2 – sitoplazmatik ko’prikcha,
3 – yirik individ (uning rivojlanishi natijasida yangi koloniyalar
paydo bo’ladi), B – yangi koloniyani hosil bo’lishi
Koloniya hujayralarining har birida qizil dog’ga o’xshash ko’zcha (stigma), xromotofora, qisqaruvchi vakuol va yadro bo’ladi. Koloniyadagi hujayralar ma’lum darajada vazifalarni bo’lib olish xususiyatiga ega, ya’ni ushbu hujayralar orasida 4 tadan 10 tachasi jinssiz bo’linish xususiyatiga ega. Bunday hujayralar koloniyaning pastki tomonida joylashgan ancha yirik vegetativ hujayralar hisoblanadi. Ular koloniyaning ichki bo’shlig’iga o’tib, har biri ketma-ket (Volvox aureus da 9-10 marta, V. globator da 15 martagacha) bo’linib, yangi yosh (qiz) koloniyachalarni hosil qiladi. Yosh koloniyalar o’sib, yiriklashgan sari ona koloniyaning ichiga sig’may qoladi. Shu sabab ona koloniya yorilib halok bo’ladi yosh koloniyalar esa mustaqil hayot kechirishga o’tadi. Ba’zan qulay sharoit davom etgan taqdirda yosh koloniyalar ichida navbatdagi (2 nchi tartibdagi) yosh koloniyalarni hosil qiladi.
Rasm. 10. Volvoks - V. globator ona koloniyasi ichidagi yosh koloniyalar bilan
Volvokslar jinsiy usulda ham ko’payadi. Biz yuqorida qayd qilib o’tgan ikki tur volvokslarining biri (Volvox aureus) ayrim jinsli, ikkinchisi (V. globator) esa ikki jinslidir. Masalan, ikki jinsli volvoksning jinsiy ko’payishini kuzatadigan bo’lsak, koloniya hujayralaridan 25-30 tasining har biri bo’linmasdan yiriklashib makrogameta (tuxum hujayra) ga aylansa, 5-10 tasining har biri palintomiya usulida bo’linib, 256 ta ikki xivchinli harakatchan mikrogametalar (urug’ hujayralar)ni hosil qiladi. Mikrogametalar umumiy po’stdan chiqib, o’zlarining harakati bilan makrogametalarni topib oladi va urug’lantiradi. Urug’langan makrogameta zigotaga aylanib, qalin po’stga o’raladi va qishlaydi. Bahorda zigota ketma-ket palintomik bo’linib yangi koloniyani hosil qiladi.
Ayrim jinsli volvoks (Volvox aureus)da esa makro va mikrogametalar boshqa-boshqa koloniyalarda rivojlanadi. Yetilgan makrogameta harakatlanmaydi va koloniyasida qolaveradi, mikrogametalar esa yetilgach suvga chiqadi va makrogametani topib, uni urug’lantiradi. Hosil bo’lgan zigotaning rivojlanishi va yangi koloniyaga aylanishida ikki jinsli volvoksdagidek jarayon kuzatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |