Umumiy tushunchalar
Qora suvarak misolida hasharotlarning ichki organ va sistemalarini o’rganishni birinchi navbatda uning qon aylanish sistemasidan boshlash maqsadgi muvofiq, chunki hasharotni orqa tomoni bo’ylab tana qoplag’ichini kesganda, kesib olingan qoplag’ichning ichki yuzasida silindr shaklidagi orqa qon tomiri ko’rinadi. Ushbu qon tomirining qorin bo’limidagi va ko’krak bo’limining keyingi ikki segmenti ustidagi qismlarida 13 ta kengayishlar hosil bo’lgan. Ularning ikki yon tomonlarida qapqoqli ostiyalar ko’rinadi. Orqa qon tomirining ana shu ostiyali qismi yurak deb ataladi. Ostiyalar qopqog’i qonni faqat bir tomonlama harakatlanishini ta’minlaydi. Yurakni yurak oldi xaltasi (perikardiy bo’shlig’i) o’rab turadi. Yurakning keyingi uchi berk bo’lsa, oldingi qismi aorta qon tomiri hisoblanadi. Aorta qon tomiri ancha kalta bo’lib, u gavda bo’shlig’i (miksosel)ga ochiladi.
Suvarakning qoni rangsiz, chunki tana bo’shlig’iga quyilgan qon limfa suyuqligi bilan aralashib gemolimfani hosil qiladi. Gemolimfa organlar orasidan oqib o’tib yurak oldi xaltasiga tushadi va undan ostiyalar orqali yurakka o’tadi. Yurak kameralari keyingi uchidan boshlab oldingi uchiga qarab, birin-ketin qisqarib boradi va gemolimfani oldinga haydaydi. Yurakning kengayishi (diastola) va qiqarishi (sistola) ga yurak devori muskullari va yurakka bir uchi bilan kelib yopishib turgan qanotsimon muskullar yordam beradi. Hasharotlarda, xususan suvarakda qon aylanish sistemasi ochiq va u sodda tuzilgan. Qon tomirlar yaxshi rivojlanmagan. Gemolimfa nafas olishda, ya’ni gazlarni tashish va uni ichki organlarga yetkazib berishda ishtirok etmaydi, balki oziqa mahsulotlarini organ va to’qimalarga yetkazish va dissimilyatsiya mahsulotlarini chiqarishda qatnashadi.
Hasharotlarda, jumladan suvaraklarda ham nafas olish organlari traxeyalar sistemasidan iborat. Ushbu sistemaning asosiy naylari uch juft bo’lib, uning bir jufti yon tomonlarda, bir jufti orqa tomonda va yana bir jufti qorin tomondan o’tadi. Yon tomonlardagi traxeya naychalar orqali o’zaro birlashgan. Yirik traxeya naylari shoxlanib mayda traxeya naylariga va ular ham o’z navbatida traxeolalarga bo’linadi. Traxeolalarning naychali o’simtalari barcha to’qimalarga va hujayralarga kirib boradi.
Asosiy traxeya naylari nafas olish teshikchalari-stigmalar orqali tashqi muhit bilan bog’lanadi. Bunday stigmalar suvarakda 10 juft bo’lib, ikki jufti ko’krakning ikkinchi va uchinchi segmentlarida, sakkiz jufti esa qorin segmentlarining ostki tomoni (qorin tomonga yaqin) da joylashgan. Tananing har bir yon tomonida joylashgan traxeya va uning shoxchalari (traxeolalari) tanani faqat bo’ylama yarmini kislorod bilan ta’minlaydi. Tanani ikkinchi yon tomonidagi traxeyalar sistemasi faqat o’z tomonidagi bo’ylama yarim tanani kislorod bilan ta’minlaydi. Suvarakning qorin qismini harakati tufayli, u qisqargan paytda stigmalar orqali tanadan havo chiqariladi, kengayganida esa stigmalar orqali traxeyalarga havo kiradi. Shunga binoan hasharotlarning traxeyalar sistemasi gazlarni tashish va tanadagi hujayra hamda organlarda gazlar almashinuvi jarayonini amalga oshiradi.
Rasm 86. Qora suvarakning og’iz organlari.
1 – yuqori lab, 2 – yuqori jag’, 3-7 – pastki jag’lar (3 – pastki jag’ paypaslagichi, 4 – tashqi va, 5 – ichki chaynov kuraklari, 6 – poyacha, 7 – asosiy bo’g’in), 8-12 – pastki lab (8 – engak osti bo’g’imi, 9 – engak, 10 – tilcha (ichki kurak), 11 – qo’shimcha tilcha (tashqi kurak), 12 – pastki lab paypaslagichlari.
Suvarakning ovqat hazm qilish sistemasi uch bo’limdan, ya’ni oldingi, o’rta va keyingi ichaklardan iborat. Oldingi va keyingi ichakning ichki yuzasi xitinli kutikula bilan qoplangan bo’ladi. Oldingi ichak og’izdan boshlanadi. Suvaraklarda og’iz organlari qattiq oziqani kemirishga moslashgan. Bunday og’iz organlari o’ziga xos ravishda tuzilgan. U pastki va ustki lab, yuqori va pastki jag’lardan iborat. Pastki lab toq, uning asosi toq engak osti (submentum) qismini hosil qiladi. Engakning oldingi qismi juft kurakchalarni va juft paypaslagichlarni hosil qiladi. Paypaslagichlar uch bo’g’imli bo’lib, u kimyoviy sezish vazifasini bajaradi. Paypaslagichlarning o’rtasida ikki juft tashqi va ichki kurakchalar joylashgan. Ichki jufti tilchani, tashqi jufti qo’shimcha tilchani hosil qiladi. Pastki labning ichki tomonida halqum ostida-gipofarinks joylashadi. U ovqatni halqum tomonga siljitishda ishtirok etadi. Pastki lab og’iz teshigini pastki tomondan qoplab turadi va suyuq ovqatni yalab olishga moslashgan. Pastki jag’lar ikkita bazal bo’g’imdan, ya’ni asosiy bo’g’im va poyachadan iborat. Poyachada xitinli va tukli kurakchalar ovqatni maydalashda va oziqa zarralarini saralashda ishtirok etadi. Bundan tashqari pastki jag’larda bittadan to’rt bo’g’imli paypaslagichlar ham bo’ladi.
Bir juft yuqori jag’lar ham xitinlashgan, lekin bo’g’imlarga bo’linmagan. Ichki yuzasida bir nechta o’tkir uchli xitin tishchalari qattiq oziqani tishlab o’zib oladi va og’iz bo’shlig’iga maydalangan oziq tushadi. Ustki lab plastinkasimon bo’lib, og’iz organlarini yuqoridan qoplab turadi. Umuman suvaraklarning og’iz organlari takomillashib, tipik ravishdagi kemiruvchi og’iz organlarini hosil qilgan. Suvarakning og’iz bo’shlig’iga bir juft so’lak bezlarining yo’li ochiladi. Ushbu bezlarning keyingi qismi kengayib, so’lakni to’playdigan bir juft rezervuar ni hosil qilgan. So’lak qattiq oziqani ho’llash vazifasini bajaradi. Og’iz bo’shlig’i kaltagina halqumga tutashgan. U o’z navbatida kalta naysimon qizilo’ngachga birlashgan. Qizilo’ngachning keyingi qismi kengayib xaltasimon jig’ildonni hosil qiladi. Undan keyin muskulli oshqozon joylashadi. Uning ichki devoridagi xitin tishchalar oziqani to’la maydalaydi.
Rasm 87. Qora suvarakning ichki tuzilishi.
A – orqa va B - yon tomondan ko’rinishi.
1 – so’lak bezi rezervuari, 2 –so’lak bezi, 3 – jig’ildon, 4 – muskulli oshqozon, 5 – o’rta ichak, 6 – malpigiy naychalari, 7 – orqa ichak, 8-9 – traxeya, 10 – qorin nerv zanjiri, 11 – urug’don, 12 – jinsiy bezlar, 13 – yurak, 14 – bosh miya, 15 – simpatik nerv sistemasi, 16 – orqa ichakning pilorik (ko’r) o’simtalari.
Yuqorida aytilgan og’iz bo’shlig’i, halqum, qizilo’ngach va muskulli oshqozon oldingi ichak qismlaridir. Muskulli oshqozonning keyingi qismi kardial klapan (qapqoq) ga aylanadi. Ushbu qapqoq ozuqani o’rta ichakka o’tkazadi. Kardial qapqoqcha ozuqani teskari tomonga (muskulli oshqozonga) o’tishiga to’sqinlik qiladi. O’rta ichak ingichka silindrsimon naycha shaklida. Uning oldingi qismida 8 ta ko’r o’simtalari bo’ladi. Ular ham tayyor oziqani so’rib olishda ishtirok etadi. Orqa ichak ikki bo’limdan iborat.
Uning oldingi bo’limi ingichka va kalta, keyingi bo’limi ancha uzun va yo’g’onlashgan (kengaygan) bo’lib, anal teshigi orqali tashqariga ochiladi. Orqa ichakda hazm qilingan oziqa tarkibidagi suv qayta so’riladi, hazm bo’lmay qolgan oziqa esa orqa ichakning kengaygan bo’limi (rektal)ga to’planadi va undan tashqariga chiqariladi.
Suvarakning ajratish organlari o’rta va orqa ichaklarning qo’shilgan joyiga ochiluvchi malpigiy naylaridan iborat bo’lib, ularning soni 100 dan ortiqroq. Naychalarning erkin uchi berk bo’ladi, ikkinchi uchi esa ichakka ochiladi. Malpigiy naylarining devori bir qavat hujayralardan va muskullardan iborat. Moddalar almashinuvida hosil bo’lgan suyuq ekskretlar tarkibida siydik kislotasi, shuningdek natriy, kalsiy va boshqa tuzlar erigan holda bo’ladi. Ushbu maxsulotlar gavda bo’shlig’idan naylar devoridagi hujayralarga, undan nayga o’tadi, oxiri ichakka tushadi. Ajratish organlari tarkibiga yog’ tanachalari ham kiradi, chunki ular ham qoldiq maxsulotlarni o’ziga biriktirib zahira holda to’playdi.
Qora suvarakning markaziy nerv sistemasi halqum usti, halqum osti nerv tugunlaridan va qorin nerv zanjiridan iborat. Halqum usti nerv tuguni uch bo’limdan tashkil topgan bosh miyani hosil qiladi.
Suvaraklar ayrim jinsli va jinsiy dimorfizm aniq ifodalangan.
Urg’ochilarida jinsiy sistema juft tuxumdonlardan va tuxum yo’llaridan, 8 ta tuxum naychalaridan, urug’ qabul qilgich (qopchiq) va qo’shimcha bezdan iborat. Qo’shimcha bez suyuqligi tuxumlarni o’rovchi pilla hosil qilishga sarf qilinadi.
Erkaklarining jinsiy sistemasi bir juft urug’donlar, bir juft urug’ yo’llari, urug’ pufagi va bitta urug’ chiqaruvchi naychadan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |