O’rganiladigan obyektlarning sistematik o’rni
Tip Bo’g’imoyoqlilar – Arthropoda
Kenja tip Xelitseralilar – Chelicerata
Sinf O’rgimchaksimonlar – Arachnoidea
Turkum Chayonlar – Scorpionida
Tur Chipor chayon – Buthus eupeus
Turkum Solpuglar (Falangalar) – Solifugae
Tur Falanga – Galeodes araneoides
Turkum Kanalar – Acari
Tur It kanasi – Ixodes ricinus
Umumiy tushunchalar
Chayon. Chayonlar o’rgimchaksimonlar sinfiga mansub bo’lgan bo’g’imoyoqlilar orasida ancha yirik tanaga ega hayvonlar hisoblanadi. Xususan O’zbekiston hududida keng tarqalgan chipor chayonning kattaligi 10 sm gacha bo’ladi. Ushbu tur Markaziy Osiyo, Qrim va Kavkaz orti davlatlari sharoitida ham uchraydi.
Rasm 78. Buthus eupeus chayonining tashqi tuzilishi.
A – yelqa tomondan ko’rinishi, B – qorin tomondan ko’rinishi
1 – boshko’krak, 2 – xelitsera, 3 – pedipalpa, 4 –oyoqlar, 5 – telson, 6 – sanchuvchi nayza, 7 – keyingi qorin bo’limi, 8 – oldqorin bo’limi, 9 – anal teshigi, 10 – o’pka tirqishlari (stigmalar), 11 – taroqsimon plastinka, 12 – jinsiy teshik qopqog’i.
Chayonlarning tanasi boshko’krak va qorin bo’limlaridan iborat. Boshko’krak bo’limi umumiy qalqon bilan qoplangan. Boshning tepa qismida bir juft ko’zlari, yon tomonlarida ham nisbatan kichik bir necha juft ko’zchalari bo’ladi. Boshko’krakning oldingi qismida ancha yirik xelitseralar joylashgan. U uch bo’g’imli bo’lib, birinchi bo’g’im kalta hamda boshko’krak qalqonining osilib turgan qismi ostida yotadi. Xelitseraning keyingi ikki bo’g’imi qisqich hosil qiladi, ya’ni ikkinchi bo’g’imning oldingi uchi yon tomoni ichki qirrasi hamda oxirgi bo’g’imning ham ichki qirrasi xitinli tishchalar bilan ta’minlangan. Xelitseralar yordamida chayon ovqatni maydalab, so’lak bezlari suyuqligi bilan aralashtirib yarim suyuq holatga keltiradi. Shundan so’ng oziqa so’rib olinadi. Boshko’krak bo’limidagi oyoqlarning ikkinchi jufti pedipalplar bir juft va 6 bo’g’imli bo’ladi. Pedipalp bo’g’imlarining keyingi ikkitasi haqiqiy qisqichlarni hosil qiladi. Pedipalplar chayon hayotida sezish vazifasini bajaradi, lekin ular ovqatni (o’ljani) tutish va og’izga olib kelishda ham ishtirok etadi.
Rasm 79. Chayon boshko’kragining old bo’limi.
1-4 – xelitseralar (1 – asosiy bo’g’im, 2 – 2-bo’g’im, 3 – qisqichning harakatsiz barmog’i, 4 – uchki bo’g’im – qisqichni harakatchan barmog’i),
5-6 – pedipalplar (5 – toscha, 6 - o’ynag’ich), 7-9 – ko’krak oyoqlarining 1-jufti (7 – jag’ yaproqchasi, 8 – toscha, 9 - o’ynag’ich), 10-12 – ko’krak oyoqlarining 2- jufti (10 – jag’ yaproqchasi, 11 – toscha, 12 - o’ynag’ich), 13 – uchinchi oyoqning toschasi, 14 – karapaksning yon qirrasi, 15 – og’iz teshigi, 16 – sternum.
Chayonning yurish oyoqlari 4 juft. Ushbu oyoqlar bir-biriga o’xshashligi bilan ajralib turadi. Yurish oyoqlari ham bo’g’imlardan iborat bo’lib, ular dumg’aza (tos), ko’st (o’ynag’ich), son, boldir va panjalardan iborat. Panjalar juft tirnoqchalar bilan tugaydi. Oyoqlar yer ustida harakatlanishga moslashgan. Pedipalplar va yurish oyoqlarining dumg’aza bo’g’imi harakatchanligini yo’qotgan.
Chayon tanasining ikkinchi bo’limi, ya’ni qorin 12 ta sengmentdan iborat. Qorin bo’limining eng oxirgi bo’limi telson deyiladi. Qorinni tashkil etuvchi bo’g’imlar ikki xil, ya’ni oldingi 7 ta segmenti ancha enli bo’lib, ular qorinning oldingi qismi (mezosoma) ni va keyingi 5 ta segmenti ensiz bo’lib, metasoma ni hosil qiladi. Mezosomaning birinchi segmenti qorin tomonida jinsiy teshik qopqoqchalari, ikkinchi segmentida taroqsimon o’simtalari bo’ladi. Ulardan keyingi 4 ta segmentda nafas olish teshikchalari (stigmalar) joylashgan. Ushbu organlarning barchasi ma’lum vazifalarni bajarishga moslashgan va shakli o’zgargan qorin oyoqlar hisoblanadi. Oldingi qorin qismining oxirgi segmentida hech qanday o’simtalar bo’lmaydi. Keyingi qorin qismining oxirgi segmenti biroz bo’rtib ajralib turuvchi telsondan iborat. Unda zahar bezlari joylashgan. Suyuqlik yo’li telson uchidagi nayzaning teshigi bilan tashqariga ochiladi. Chayonlarning zahari oziqlanishda va dushmanlaridan himoyalanishda ishlatiladi. Chayonlar tirik tug’uvchi hayvonlardir.
Rasm 80. Chayonning ko’krak oyog’i.
1 – o’ynag’ich, 2 – son, 3 – boldir, 4-6 – panja (4 – bo’g’im asosi, 5 – bigiz, 6 - tirnoqchalar).
Falanga. Falanga (solpug) ham chayonlar singari ancha yirik hayvon bo’lib, tanasi nisbatan ko’proq bo’g’imlardan iborat. Falanganing tanasini faqat oldingi to’rtta segmenti o’zaro birikib boshko’krakni hosil qiladi, ko’krakning keyingi ikkita segmenti boshko’krak va qorin bo’limlarining o’rtasida erkin holda bo’ladi. Qorin bo’limi 10 ta segmentdan iborat.
Boshko’krakning birinchi segmentida xelitseralari joylashgan. U o’ljani ushlash va o’ldirishga moslashgan. Boshko’krakning ikkinchi segmentidagi pedipalplari tashqi ko’rinishidan yurish oyoqlariga o’xshab ketadi, lekin ular tig’iz tuklar bilan qoplanganligi sababli sezgi organlari funksiyasini bajaradi. Pedipalplarning uchlari tirnoqcha bilan tugaydi. Pedipalplar sezishdan tashqari mayda hasharotlarni ushlashda ham ishtirok etadi.
Falanga boshining tepa qismida bir juft katta ko’zlari joylashgan. Nafas olish organlari traxeyalardan iborat. Nafas teshikchalari (stigmalar) boshko’krakning qorin tomonidan tashqariga ochiladi. Jinsiy teshigi qorin segmentida joylashgan.
Falangalar ham chayonlar singari issiq o’lkalarda tarqalgan. O’zbekistonning tog’ oldi va cho’l zonalarida ancha ko’p uchraydi. Yirtqichlik bilan oziqlanadi. Oziqasi har xil hasharotlar va o’rgimchaksimonlardan iborat.
Falanganing zahar bezlari bo’lmaydi, lekin xelitseralari orasida qolgan oziqa qoldiqlari chirib, zararli moddalar hosil qilishi mumkin. Falanga o’z xelitseralari bilan odam terisini tishlab teshganda xelitseradagi iflos va chirindi oziqa bilan infeksiyani yuqtirishi mumkin.
Rasm 81. Falanga – Galeodes araneoides.
1 – xelitseralar, 2 – pedipalpalar, 3 - yurish oyoqlari, 4 – keyingi ko’krak bo’g’imlari, 5 – qorin bo’limi, 6 – boshko’krak, 7 – ko’zlari.
Yaylov (it) kanasi. Yaylov kanasi ancha mayda (2-3mm) bo’lib, boshko’krak va qorin segmentlari o’zaro qo’shilib ketgan. Tanasining oldingi qismida xelitsera va pedipalplarining qo’shilib ketishi natijasida xartumcha (gnatostoma) hosil qilgan. U sanchib-so’ruvchi og’iz organidir.
Rasm 82. Iksod kanasi – Ixodes ricinus.
A – urg’ochi kananing orqa yelka tomondan ko’rinishi, B-C – xartumning orqa va qorin tomondan ko’rinishi. 1 – xartum, 2 – tana, 3 – yurish oyoqlari, 4 – xartumning asosiy bo’g’imi, 5 – pedipalp, 6 – gipostom (xartum asosidagi o’simta), 7 – xelitseralar, 8 – qoplovchi plastinkalar
Xelitseralarida uchi orqa tomonga qayrilgan xitindan iborat ilmoqchalari (tishchalari) bo’ladi. Bunday tuzilishga ega bo’lgan xelitsera xo’jayin terisini qirqishga yordam beradi. Kananing pedipalplari esa yoqacha (gipostom) ga aylangan. Umuman xelitsera va pedipalplar o’zgarib, xo’jayin terisini yirtish va qon so’rish organiga aylanadi.
Kana tanasining oldingi yarmida 4 juft oyoqlari joylashgan. Tanani qoplovchi kutikula orqa tomonida qalqon hosil qilgan. U erkak kanani butun tanasi, urg’ochisida esa 1/3 qismini qoplaydi.
It kanasi uch xo’jayinli ektoparazitdir. Urg’ochi kananing yerga qo’ygan tuxumlari rivojlanib, ulardan chiqqan lichinkalar kaltakesak, qush va mayda sut emizuvchilar tanasiga o’rnashib qon so’radi. Tuproqqa tushib, rivojlanishini davom ettiradi va nimfaga aylanadi. Nimfalar yangi xo’jayin (yirik sut emizuvchilar)ga hujum qilib, parazitlik bilan qon so’radi. Voyaga yetgan kanalarning xo’jayinlari esa yirik sut emizuvchilar va odam hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |