Mavzuni mustahkamlash uchun savollar
Ko’poyoqlar qanday oziqlanadi?
Ko’poyoqlar tanasining qaysi qismida oyoqlar bo’lmaydi?
Litobius tanasidagi har bir bo’g’imni qoplab turadigan xitin plastinkalar nomlarini ayting.
Litobiusning jag’oyoqlari qayerda joylashgan va nima vazifani bajaradi?
Ko’poyoqlilar sinfi qanday kenja sinflarga bo’linadi?
HASHAROTLAR SINFI – INSECTA
Umumiy xususiyatlari
Hayvonot olamining boshqa barcha sinflariga mansub turlar sonini birga qo’shib hisoblaganimizda ham ular hasharotlar sinfi turlari soniga teng kelolmaydi. Hozirgi taxminiy ma’lumotlarga binoan hasharotlar sinfi tarkibiga 1,3-1,5 mln. tur kiradi.
Hasharotlar traxeya bilan nafas oluvchilar bo’lib, Yer sayyorasining quruqlik bilan bog’liq bo’lgan shimoliy va janubiy kengliklarining barchasida uchraydi. Lekin ularning ayrim guruh va turlari qayta suv muhitida yashashga o’tgan.
Hasharotlarning Yer yuzasida keng tarqalishini ta’minlovchi bir qator belgi va xususiyatlari mavjudki, ularning ba’zilari quyidagilardan iborat: ular serpusht va ko’p miqdorda tuxum qo’yadi, ko’pchiligi bir yilda bir necha avlod (generatsiya) qoldiradi.
Hasharotlar juda ham harakatchan va qisqa vaqt orasida ancha katta masofani bosib o’tish va tarqalish imkoniyatiga ega. Gavdasi uch bo’limdan iborat va ushbu bo’limlar chegarasi aniq ifodalangan. Bosh kapsulasida bir juft bir shoxchali mo’ylovlari, bir juft fasetkali ko’zlari va uchta oddiy ko’zlar shakllangan. Og’iz teshigi uch juft og’iz organlari – bir juft yuqori jag’lar (mandibula), bir juft pastki jag’lar (maksilla) va bo’laklari o’zaro qo’shilib ketgan pastki lab bilan o’ralgan.
Ko’krak bo’limi uchta segmentdan iborat bo’lib, ularning har biri bir juftdan oyoqlarga ega. Ko’krak bo’limida hammasi bo’lib uch juft, 6 ta oyoqlar bo’lishi tufayli, ba’zan ushbu sinf oltioyoqlilar (Hexapoda) sinfi ham deyiladi. Hasharotlarning yuqori taraqqiy etgan guruhlarida ko’krakda ikki yoki bir juft qanotlar hosil bo’lgan. Ular ko’krakning 2- va 3-bo’g’imlarida joylashgan.
Qorin bo’limi har xil sondagi bo’g’imlardan iborat. Tuban taraqqiy etgan guruhlarida qorin bo’limi 11 ta bo’g’imdan, yuksak taraqqiy etgan guruhlarida 4-5 tagacha kamayadi. Qorin bo’limida oyoqlar bo’lmaydi, lekin tuban taraqqiy etganlarida qorinning birinchi uchta bo’g’imida mayda qorinoyoqlar saqlanib qolgan, ayrimlarida esa barcha qorin bo’g’imlarida grifelkalar deb ataluvchi maxsus o’simtalar saqlanib qolgan. Ayrim guruhlarida oxirgi qorin bo’g’imida serkalar bo’ladi. Urg’ochi hasharotlarning qorin bo’limining eng so’ngi bo’g’imida tuxum qo’ygich hosil bo’lgan.
Hasharotlar sinfi klassifikatsiya jihatidan yashirinjag’lilar (Entognata) va ochiq jag’lilar (Ectognata) kenja sinflariga hamda 30 dan ortiq turkumlarga ajraladi.
27-mashg’ulot
Do'stlaringiz bilan baham: |