Reja:
Mutaasablik, ekstremizm, aqidaparastlik, fundamentalism, terrorizm, xalqaro terrorizm tushunchalarining mazmun mohiyati.
Terrorizmning davlatlar taraqqiyotiga, millatlararo munosabatlar va diniy bag’rikenglikka tahdidi.
Diniy ekstremizm va terrorizmning moliyaviy manbalari.
O’zbekiston Respublikasida diniy ekstremizm va terrorizm xavfini oldini olishning huquqiy asoslari.
Kirish
Mamlakatimizda diniy ekstremizm va xalqaro terrorizmga qarshi kurashning dolzarb yo‘nalishlari. Ma’lumki O‘zbekiston davlati mustaqillikning ilk kunlaridanoq o‘zining dinga munosabatini aniq va qat’iy belgilab oldi. Davlatning dinga munosabati “Inson e’tiqodsiz yashay olmaydi”, “Dunyoviylik – dahriylik emas” degan aniq tamoyillar asosida belgilandi. Bu tamoyil bosh qomusimiz Konstitutsiya hamda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunda o‘zining huquqiy ifodasini topgan. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida 16 diniy konfessiyaga mansub 2 238 diniy tashkilot faoliyat olib bormoqda. Ulardan 2064 tasi islomiy, 157 tasi xristian, 8 tasi yahudiy, 6 tasi bahoiy jamoalari, bittadan Krishnani anglash jamiyati va Budda ibodatxonasidir. Bulardan tashqari konfessiyalararo Bibliya jamiyati ham faoliyat yuritmoqda. Diniy tashkilotlar qaysi konfessiyaga taalluqliligidan qat’i nazar, faoliyat borasida bir xil huquqqa egadirlar. Ushbu diniy tashkilotlarning emin-erkin faoliyat olib borayotgani ham yurtimizda hukm surayotgan diniy bag‘rikenglikning amaliy ifodasidir. Ayniqsa, respublikada mavjud dinlar orasida islomning mavqei nihoyatda katta. Xususan, hozirgi kunda O‘zbekiston aholisining soni 31 mln.dan oshgan bo‘lib, ular 130 dan ziyod millatga mansub hisoblanadi. Fuqarolarning 94% dan ziyodi islom diniga e’tiqod qiladi. Shu bois, islom dini davlatimiz tub xalqlarining tarixiga, o‘tmish merosiga, madaniyatiga, ruhiyatiga chuqur singib ketgan. Prezident I.A.Karimov ta’kidlagani kabi: “… biz o‘z millatimizni mana shu dindan ayrim holda aslo tasavvur qila olmaymiz… Xalqimizning ming yillik tarixini, bugungi ma’naviy hayotini, dinu diyonatimizni muxtasar ifodalab aytish mumkinki, Alloh bizning qalbimizda, yuragimizda”. Islom dini qadriyatlari mamlakatimizdagi ro‘y berayotgan ma’naviy yangilanish jarayoni va milliy g‘oya mezoni shakllanishining eng muhim omillaridan biridir. Bugungi kunda dinga bo‘lgan qiziqishning kuchayib borishi globallashuv jarayonlarining o‘ziga xos deyish mumkin. Zero, globallashuv dunyoni bir butun va yaxlit qila borishi bilan bir qatorda, uning hosilasi sifatida alohida olingan millat va jamiyatlar darajasida o‘z-o‘zini anglashga bo‘lgan intilishning chuqurlashuviga ham zamin yaratmoqda.
Afsuski, kommunikatsiya va informatsion texnologiyalarning tez sur’atlardagi taraqqiyoti g‘oyaviy ta’sir o‘tkazish imkoniyatlarining kengayishiga turtki bo‘lib, geosiyosiy maqsadlarga bo‘ysindirilgan, inson qalbi va ongi uchun kurashlarning yangidan-yangi usul va vositalarining ko‘payib borayotgani, ayniqsa, bu borada din omilidan foydalanishga urinishlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Aksariyat holatlarda ushbu kurash qurolli tus olib, ko‘plab xalqlarning boshiga fojiali kunlarni solmoqda. So‘nggi yillarda dunyoning qator mamlakatlarida, xususan, Yaqin Sharq mamlakatlarida turli noqonuniy qurolli tuzilmalar tomonidan islomiy davlat qurish shiori ostida insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilmoqda. Oqibatda, Iroq, Suriya, Liviya kabi aslida ulkan iqtisodiy salohiyatga ega mamlakatlar chuqur ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy tanazzulni boshidan kechirmoqda. Xalqaro valyuta fondi ma’lumotlariga ko‘ra, turli to‘qnashuvlar natijasida arab mamlakatlari iqtisodiyoti 2011-2014 yillar oralig‘ida 800 mlrd AQSh dollari miqdorida zarar ko‘rgan. Qonli fojealar tufayli ushbu davlatlar yalpi ichki mahsulotining o‘sish sur’atlari keskin pasaygan, ishsizlik darajasi deyarli ommaviy tus olgan.
Eng dahshatlisi, hozirgi kunda Iroq va suriya davlatlari hududida qariyb 8,5 million kishi terrorchi guruhlar to‘liq nazorat o‘rnatgan hududda, har qanday fuqaroviy huquq va erkinliklardan marhum bo‘lgan holda kun kechirishga majbur bo‘lmoqda. Terrorchilar ushbu mamlakatlarda ommaviy qatl, garovdagilarni qiynab o‘ldirish, xotin-qizlarni ayollarni zo‘rlash yoki ularni qul qilib sotish kabi jirkanch va qabih ishlarga qul urib, o‘zlarini e’tiqodi puch, imonsiz kimsalar ekanliklarini namoyon etmoqda. Yuzlab ziyoratgohlar, musulmonlarining masjidlari, xristianlarning cherkov va monastirlari, maktab va kutubxonalar vayron qilindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun dunyoda 500 ga yaqin terrorchilik tashkiloti faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 80 foizi islom niqobi ostida faoliyat yuritadi. Ular qatoriga “IShID (Iroq va Shom islom davlati)”, “Jabha an-Nusra”, “Ansaru ash-Sham” (Suriya), “al-Qoida”, “al-Jihod al-Islomiy”, “at-Takfir va-l-Hijra” (Misr), “Abu Sayyaf” (Filippin), “Ozod Achex”, “Lashkari jihod” (Indoneziya), “Qurolli islomiy harakat” (Jazoir), “Boko haram” (Nigeriya), “Islom jihodi uyushmasi”, “O‘zbekiston islomiy harakati” Tolbion (Afg‘oniston, Pokiston) kabi tashkilotlarni kiritish mumkin. Siyosiy hokimiyatga intilayotgan, diniy shiorlarni niqob qilib olgan aqidaparast oqimlar Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatga salbiy ta’sir o‘tkazishga harakat qilmoqda. So‘nggi yillarda “jihodchilar”, soxta “salafiylar” kabi diniy-siyosiy guruhlar, shuningdek, “Xizbut tahrir” diniy-ekstremistik guruhi respublikamizda faol harakat qilishga urinmoqdalar.
So‘nggi yillarda mutaassib oqimlar yoshlar ichidagi faoliyatini xorijiy mamlakatlardagi mehnat migrantlarini ta’sir doirasiga olish, “Internet” orqali targ‘ibot o‘tkazish, oila a’zolari, yaqinlari va qo‘shnilarini o‘z guruhiga tortish, yashirin “hujralar” tashkil etish, diniy-ekstremistik mazmundagi materiallarni bosma, elektron ko‘rinishda tarqatish kabi usullarda amalga oshirmoqda.
Mutaxassislarning fikricha hozirda 100 mingdan ortiq ekstremizmning turli ko‘rinishlarini o‘zida tashuvchi g‘oyalar targ‘iboti bilan shug‘ullanuvchi saytlar faoliyat olib bormoqda. Internet orqali suhbat olib borish jarayonida yoshlarga kufr diyori, hijrat, jihod, shahidlik, xalifalikni tiklash kabi g‘oyalar singdirlib, ular turli to‘qnashuv va nizo o‘choqlariga jalb qilinmoqda. Muayyan siyosiy kuchlarning nog‘orasiga o‘ynayotgan diniy-ekstremistik va terrorchi oqimlar tomonidan u yerlarda amaliyotni o‘tab kelgan aqidaparast, diydasi qotgan, mustaqil fikrlashdan mahrum, rahnamolarining har qanday buyruqlarini qonun deb biluvchi zombi jangarilardan tinch mintaqalarda ham turli nizolar va beqarorliklarni keltirib chiqarishda foydalanish maqsadi bugun ko‘pchilikka ayon haqiqatdir.
Ayniqsa, “jihodchi” guruhlar o‘z safiga yangi shaxslarni jalb etishda internet va ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanmoqda. Turli internet saytlari, “Odnoklasnik”, “Tvitter” kabi ijtimoiy saytlarda tashkil etilgan turli nomlardagi forum va guruhlar, “You Tube” portalidan keng foydalanilmoqda. Mazkur guruhlarning targ‘ibotchilari ko‘p vaqtini internetda o‘tkazuvchi, vaqtincha ishsiz, xorijda pul topish ilinjida yurgan va ijtimoiy holatdan norozi shaxslarni o‘z saflariga qo‘shish maqsadida ular bilan go‘yoki “musulmonlarning azoblanayotgani” suhbatlar olib boradilar.
Terrorchilik faoliyatining oldini olish, uni aniqlash va unga chek qo‘yish yo‘li bilan terrorizmga, shu jumladan xalqaro terrorizmga qarshi kurashni amalga oshiradi;
terrorchilar, terrorchilik guruhlari va terrorchilik tashkilotlari faoliyati to‘g‘risidagi axborotlarni to‘playdi hamda tahlil qiladi, ulardan kelib chiqayotgan tahdidning milliy xavfsizlikka qay darajada xavfli ekanligini baholaydi, tegishli vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarga zarur axborotlar taqdim etadi;
terrorchilarning O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirishidan Davlat chegarasining himoya qilinishi va qo‘riqlanishini ta’minlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali qurol, o‘q-dorilar, portlovchi, radioaktiv, biologik, shuningdek kimyoviy yoki boshqa zaharlovchi moddalarning, terrorchilik harakatini sodir etish maqsadida ishlatilishi mumkin bo‘lgan predmet yoki materiallarning noqonuniy olib o‘tilishi oldini olish, uni aniqlash va unga chek qo‘yish choralarini ko‘radi;
chegara oldi mintaqasida va chegara oldi zonasida terrorchilarni, terrorchilik guruhlarini aniqlaydi, zararsizlantiradi, qarshilik ko‘rsatilgan taqdirda esa ularni yo‘q qilish choralarini ko‘radi;
O‘zbekiston Respublikasining alohida muhim va kategoriyalangan obyektlarini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashgan davlat muassasalarini, ushbu muassasalarning xodimlari hamda ularning oila a’zolarini himoya qilishni ta’minlaydi;
xalqaro terrorizmga qarshi kurash sohasida chet el davlatlarining tegishli organlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
terrorchilikka qarshi kurashuvchi bo‘linmalarning terrorchilarni, terrorchilik guruhlarini aniqlash, zararsizlantirish va yo‘q qilish hamda terrorchilik tashkilotlarini tugatish ishlari tashkil etilishini ta’minlaydi;
So‘ngra islom olamidagi “muammolar” sanab o‘tilib, aybdorlar sifatida dunyoviy davlat va jamiyat ko‘rsatiladi. Bundan keyin esa barcha muammolarning “yechimi” sifatida “kofirlarga” qarshi “jihod” qilish taklif etiladi. Buning uchun esa avvalambor “hijrat” qilish lozimligi uqtiriladi. Bilimsiz, o‘z mustaqil fikri va atrofdagi hodisalarni tahlil etish malakasiga ega bo‘lmagan yoshlar bunday da’vatlarga uchib, aqidaparast oqimlarga moyil bo‘la boshlaydilar. Qisqa qilib aytganda “ijtimoiy tarmoqlar” “ekstremistik qarmoqlar” vazifasini o‘tamoqda.
Aslida esa, yoshlarni o‘z safiga chorlayotgan, o‘zini “mujohid” deb tanitayotgan kimsalar tinch aholini qatl etmoqda, ayol-qizlarni xo‘rlab, nomuslariga tajovuz qilmoqda. Norasida bolalarni o‘ldirmoqda. Islomning beshinchi arkoni bo‘lgan haj amalini bajarishga borayotganlarni “toshga sig‘inuvchilar” deb e’lon qilib, ularga tahdid qilmoqda. Dinimiz qiblasi bo‘lgan muqaddas Baytullohni vayron qilishga va’da bermoqda. Uy-joylar, maktab va kutubxonalar, qishlog‘u-shaharlarni buzib, mo‘ysafid otaxon, mushipar onalar, norasida go‘daklarni ko‘chalarda sargardon qilmoqda.
Ming taassufki, bizning yurtimizdan ham ayrim yoshlar ota-onasini qon yig‘latib Suriya, Iroq kabi fitna o‘choqlariga ketib qolmoqdalar. U yerlarda diydasi qotgan jallodlarga aylangan bu johillar yurtiga qurol o‘qtalib o‘z xalqi, ota-onasi va dindoshlariga tahdid bilan dag‘dag‘a qilishdek tubanlikka yuz tutyaptilar.
Aqidaparastlik jamiyatimizdagi fuqarolarni “haqiqiy” va “soxta” dindorlarga ajratishi bilan ham tahdid solmoqda. Bunday harakatlarning oddiy misollari sifatida go‘yoki islomiy libos deb ilgari surilayotgan “hijob” masalasiga haddan tashqari urg‘u berish, dunyoviy hayot kechiruvchi fuqarolarni go‘yoki “imoni sust” sifatida ko‘rishni qayd etish mumkin. Ta’kidlash joizki, bunday fitna chiqarishlar qanday oqibatlarga olib kelishi Afg‘oniston, Pokiston va Jazoirda sodir bo‘lgan hamda hozirda Iroq va Suriya davlatlarida yuz berayotgan voqealardan bizga ma’lum. Barcha buyumlarni “halol” va “harom”ga ajratishda g‘uluvga ketish oqibatida ba’zi qo‘shni mamlakatlarimizda hattoki “halol taksi” chiqqanini qanday izohlash mumkin? Vaholanki, islom dini o‘rtalik, mo‘’tadillikka chaqiradi.
Darhaqiqat hozirgi kunga kelib diniy-ekstremistik tashkilotlar keng tarmoqli tizimga aylanib ulgurdi. Bu chuqur o‘ylangan strategiyaning bir qismidir. Avvalo, barcha ekstremistik tashkilotlar bir tadqiqot markazlari, ta’bir joiz bo‘lsa, “g‘oyaviy laboratoriya”lar mahsuli ekanini alohida qayd etishimiz lozim.
Birinchi guruh qatoriga “Tablig‘chilar” jamoasi tashkilotini kiritish mumkin. Ikkinchi guruhlar qatoriga “Nurchilar”, “Hizbut-tahrir” kabi diniy-ekstremistik tashkilotlarni kiritish mumkin. Uchinchi guruhga esa barcha jihodiy, soxta “salafiy” jamoalar kiradi.
Diniy-ekstremistik ruhdagi terrorchi tashkilotlarning strategik maqsadlari, avvalo, go‘yoki, shariatga asoslangan davlat tuzish bo‘lib, bu bir necha bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Birinchi bosqichda aholini keng ko‘lamda “islomiylashtirish” nazarda tutiladi. Bunda, avvalo, diniy ilmi sayoz bo‘lgan kishilar orasida islomning farzlariga amal qilish lozimligi, bu ishlarni bajarmaganlar musulmonchilikdan chiqishi uqtiriladi. Shu bilan birga, yashirin “hujralar” tuzish va ularda o‘qiyotganlarga, diniy ta’lim niqobi ostida, o‘z qarashlarini singdirish ishlari olib boriladi. Bir qarashda bunday “da’vat”dan hech qanday zarar yo‘qdek ko‘rinishi mumkin, aslida esa bu “chuqur o‘ylangan strategiya”ning bir qismidir.
Ikkinchi bosqichda endi “islomiylashtirilgan” aholida hukumat, mavjud konstitutsiyaviy tuzum, rasmiy diniy tuzilmalar va ulamolarga nisbatan norozilik kayfiyatini uyg‘otish va shu orqali ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirish ko‘zlanadi. Unda aholi orasida “imonli” va “imonsiz”, “musulmon” va “kofir”, “islom diyori” va “kufr diyori” kabi tushunchalarni keng yoyish, diniy-ekstremistik ruhdagi varaqa, adabiyot, video va audio tasmalarni tarqatish orqali dinlararo va millatlararo munosabatlarni keskinlashtirish asosiy maqsad hisoblanadi.
Uchinchi bosqichga kelib, to‘plangan “jamoat”ni mavjud hukumatni ag‘darish va “islom davlatini” tuzishga da’vat etiladi. Bunda, “jihod”, “shahidlik” g‘oyalarini targ‘ib qilish, yashirin guruhlar tuzish va uning a’zolarini maxsus (da’vat, qo‘poruvchilik va h.k.) tayyorgarlikdan o‘tkazish, ayollardan iborat yacheykalarni kuchaytirish va oxir-oqibat terror vositalaridan foydalangan holda maqsadga erishish ko‘zlanadi.
Tahlil respublikamizga turli DEO tarafdorlari tomonidan targ‘ibot-tashviqot ishlari o‘tkazish uchun respublikamiz hududiga diniy ekstremistik mazmundagi mahsulotlarni olib kirishga qaratilgan harakat faollashayotganidan dalolat beradi. Birgina joriy yilning 1 iyuniga qadar o‘tgan davr ichida Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ekspertiza bo‘limiga turli davlat idoralari tomonidan 800 dan ziyod diniy mazmundagi materiallar taqdim etildi. Ushbu materiallarning salmoqli qismini aqidaparastlik g‘oyalari yo‘g‘irilgan mahsulotlar tashkil etadi. Ularning aksariyati hozirgi kunda Iroq va Suriyada faoliyat yuritayotgan terroristik tashkilotlar safiga qo‘shilishni da’vat etuvchi chaqiriqlar va videoroliklar tashkil etadi.
Ayni vaqtda, bunday materiallar bilan huquqni muxofaza qiluvchi idoralari xodimlari tomonidan qo‘lgan olinganlar ichida endi voyaga yetgan o‘smirlar mavjud ekani bizdan alohida e’tibor talab qiladi.
Shu nuqtai-nazardan, mustaqil hayotni boshlayotgan yoshlarimizni turmushda ularni og‘ir sinovlar kutib turayotgani, xususan, bizning yurtimiz, xalqimizga do‘st bo‘lmagan, soxta g‘oyalar bilan hali hayotiy tajribaga ega bo‘lmagan o‘smirlarimizni oilasi va Vatanidan ayirib olib, o‘z manfaatlari yo‘lida qurbon qilishdek g‘araz maqsadlar ega kuchlar borligidan ogohlantirishimiz biz kattalarning, ayniqsa, diniy soha vakillarining burchimiz hisoblanadi.
Diniy-ekstremistik oqimlarning jamiyatimiz barqarorligiga tahdidi respublikamizdagi ijtimoiy siyosiy vaziyatni beqarorlashtirish, dinlararo va millatlararo munosabatlarni keskinlashtirish, fuqarlarni, ayniqsa, yoshlarni qurolli to‘qnashuvlar ro‘y berayotgan hududlarda faoliyat yuritayotgan terroristik guruhlarga jalb qilish kabi harakatlarda, shuningdek, mamlakatimizda terrorchilik harakatlari sodir etish uchun suqilib kirishga urinishlarda namoyon bo‘lmoqda.
Yuqorida qayd etilgan holatlar hushyorlikni qo‘ldan boy bermaslik, hamisha ogoh bo‘lib yashash zaruratini yana bir marta ko‘rsatmoqda. Bu esa o‘z navbatida, diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda xalqaro maydonda ko‘p va ikki yoqlama hamkorlikni kuchaytirish, BMT, Shanhay hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning faoliyatini samaradorligini oshirish masalasini qat’iy qilib kun tartibiga qo‘ymoqda.
Ma’lumki, O‘zbekiston qator mintaqaviy tashkilotlar doirasida qabul qilingan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashga qaratilgan shartnomalarni bajarishda faol qatnashib kelmoqda. Terrorizmga qarshi kurash, uni bartaraf etish masalalariga oid siyosiy-huquqiy hujjatlar BMT, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti doiralarida imzolangan.
Hozirda O‘zbekiston BMTning terrorizmning oldini olish va unga qarshi kurashga qaratilgan asosiy 13 ta hujjatini ratifikatsiya qilgan. BMT Xavfsizlik kengashi Aksilterroristik qo‘mitasi tomonidan O‘zbekistonning terrorizmga qarshi kurashdagi xalqaro hamkorligi yuksak baholanadi.
Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyatida “uch yovuz kuch”, ya’ni “terrorchilik”, “ayirmachilik” (separatizm) va “ekstremizm”ga qarshi kurashda xamkorlikni rivojlantirish alohida o‘rin tutadi. 2004 yildan beri Toshkentda ShHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi faoliyat yuritmoqda.
2010 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining Mingyillik rivojlanish maqsadlari bo‘yicha oliy darajadagi yalpi majlisida yurtboshimiz Islom Karimov nutq so‘zlab, terrorizm, ekstremizm, ayirmachilik va narkotrafikka qarshi birgalikda kurashish hamda Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish mavzusiga ham alohida to‘xtalib o‘tgan.
Shuningdek, O‘zbekiston AQSh, Rossiya, Xitoy, Markaziy Osiyo respublikalari kabi qator mamlakatlar bilan xalqaro terrorizmga qarshi kurashda samarali hamkorlik qilib kelmoqda.
O‘z navbatida, jamiyatimizda diniy ekstremizm va terrorizm mafkurasi tarqalishini oldini olishda profilaktik va tushuntirish ishlari saviyasi va ta’sirchanligini tizimli ravishda kuchaytirib borish bugungi kunning hayotiy muhim masalasiga aylandi.
Hozirgi kunda respublikamizda diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda davlat va fuqarolik jamiyatining samarali hamkorligi yo‘lga qo‘yilgan. Davlat amaldagi qonunlarimizga zid ravishda konstitutsion tuzumga qarshi guruhlarning faoliyatini aniqlaydi va ularga chek qo‘yadi.
Ta’kidlash joizki, DEO a’zolari diniy e’tiqodi yoki dunyoqarashi uchun emas, balki O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat Kodeksi yoki Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksi va boshqa qonunlarimizda aniq belgilangan jinoiy ishlarni sodir etgani va qonunbuzarligi uchun jazoga tortiladi. Aldanib oqimga kirib qolgan shaxs o‘z vaqtida xatosini anglab yetib, pushaymon bo‘lsa va jinoyatni ochishga yordam bersa, Jinoyat Kodeksining 244-2 moddasiga ko‘ra javobgarlikdan ozod etiladi.
Jamiyat OAV, ma’naviyat yo‘nalishda faoliyat yuritadigan tuzilmalar, jamoat va diniy tashkilotlar orqali fuqarolarni aqidaparast g‘oyalarning ta’siriga tushib qolishini oldini olishga qaratilgan profilaktik va tushuntirish ishlarini amalga oshiradi.
Hossatan, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Toshkent islom universiteti, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Respublika Ma’naviyat targ‘iboti markazi davlat idoralari va manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda har yili diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash yo‘nalishida dastur asosida tizimli faoliyat yuritmoqdalar. Targ‘ibot va tushuntirish ishlari OAV, Internet, tele- va radiodasturlardagi chiqishlar, o‘quv muassasalari, mahalla fuqaro yig‘inlari, turli tashkilot va korxonalarda ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish shakllarida amalga oshirilmoqda.
Olimlar va ulamolarimiz, soha mutaxassislari tomonidan aqidaparastlikning turli ko‘rinishlarini fosh etuvchi qo‘llanmalar nashr etilib, aholining keng qatlamlari ichida tarqatilmoqda.
Ulamolarimiz juma ma’ruzalarida, chegara hududlarda davriy ravishda tashkil etilayotgan uchrashuvlarda mutaassib da’vatchilarning soxta da’volarini dalillar bilan fosh etib, aholini, ayniqsa, yoshlarni aldovlarga uchmaslikka chaqirmoqdalar.
Jumladan, joriy yilning o‘tgan davri ichida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita O‘MI, TIU, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va o‘quv muassasalari bilan hamkorlikda 200 dan ziyod ma’rifiy tadbirlar tashkil etdi. DIQ, TIU, O‘MI internet saytlariga mavzuga oid yuzdan ziyod maqolalar joylashtirildi.
Shu bilan birga, diniy-ekstremistik guruhlar, jihodiy jamoa va ularning da’vatchilari tomonidan olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlarining tobora kengayib borayotgani respublikamizdagi davlat va jamoat tashkilotlarining aksiltarg‘ibot ishlarini faollashtirishi, ularni yangi, ta’sirchan va ommabop usul va shakllarni amalga oshirishni taqazo etmoqda.
So‘nggi vaqtda qo‘ni Afg‘onistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatning keskinlashuvi, Tolibon harakati va mazkur mamlakatdagi boshqa terrorchi guruhlarning Markaziy Osiyo respublikalariga chegaradosh hududlarda to‘planayotgani haqidagi ma’lumotlar bizni yanada hushyor bo‘lishimiz lozim ekanidan dalolat bermoqda.
Davlatimiz Rahbari tomonidan jamiyatimizning ma’naviyatini yuksaltirish, aholini yot va soxta diniy g‘oyalar ta’siridan saqlash, hushyorlik va ogohlikni da’vat etishda diniy soha xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar yuksak baholanganiga barchamiz guvohmiz. Mazkur e’tirof diniy soxa xodimlarini jamiyatimizda tinchlik va barqarorlikni avaylab-asrash yo‘lida yanada fidokorona faoliyat yuritishlariga undaydi.
Yuqorida qayd etilganlardan kelib chiqqan holda, shuningdek, yurtimizda ijtimoiy-ma’naviy va diniy vaziyatning barqarorligini ta’minlash, turli diniy ekstremistik oqimlarga qarshi kurashni yanada faollashtirish hamda yoshlarni yot g‘oyalarga qo‘shilib ketishining oldini olish maqsadida diniy soha xodimlari quyidagilarga ahamiyat qaratishi zarur hisoblanadi:
- joylarda fuqarolar ichida din bilan bog‘liq jarayonlardan doimiy ravishda boxabar bo‘lib yurish, vaziyatning barqarorligini ta’minlash bo‘yicha mutasaddi tashkilot va idoralar bilan amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash;
- o‘quv muassassalari, mahalla yig‘inlari, korxona va tashkilotlarda yoshlarni dunyoviylik, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar va ma’naviy-ma’rifiy ishlarning ta’sirchanligini oshirish;
- ta’lim muassasalarida «Tinchlik eng oliy ne’mat», «Islomda ekstremizm va terrorizmga o‘rin yo‘q», «Diniy-ekstremistik oqimlar – davlat va jamiyatga tahdid» kabi mavzularda davra suhbati va seminar-mashg‘ulotlar son va sifatini oshirish, tadbirlarda diniy ekstremistik va terroristik guruhlarning asl qiyofasini fosh etuvchi, jinoyatlari aks etgan videotasvirlardan foydalanish;
- joylarda masjid va alohida uylarda(hujralarda) noqonuniy diniy ta’lim berish holatlariga barham berish yuzasidan tushuntirish ishlari tizimli o‘tkazish;
- mahalliy OAVda diniy ekstremizm va missionerlik g‘oyalarining jamiyatga tahdidi haqida davra suhbatlarida ishtirok etish, xalqaro terrorizm hamda diniy ekstremizm g‘oyalari zamirida g‘arazli geosiyosiy maqsadlar yotganligi, aqidaparastlar islomni buzib talqin qilishlarini asosli tarzda fosh etuvchi chiqishlarni ko‘paytirish;
- Toshkent islom universiteti, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Toshkent islom instituti, Imom Buxoriy xalqaro markazi, O‘MIning joylardagi vakilliklarining internet saytlariga sof islom ta’limotlarini yoritishga bag‘ishlangan hamda turli norasmiy, g‘arazli oqimlar tomonidan da’vo qilinayotgan g‘oyalarga (xususan, mazhabsizlik, takfir, hijrat, jihod) haqqoniy ilmiy raddiya mazmunidagi maqolalarni muntazam berib borish;
- mahalllalarda hushyorlik va ogohlikni ta’minlash, yoshlarning tarbiyasida oila ma’suliyatini oshirishga qaratilgan tadbirlar uyushtirish va bu kabi ishlarda faol ishtirok etish, mehnat migrantlari bilan ularni jihodiy jamoalar ta’siriga tushib qolishi oldini olishga qaratilgan suhbatlarda ishtirok etish;
- hokimiyat, korxona, tashkilot, “Mahalla” va “Nuroniy” jamg‘armalari bilan hamkorlikda xayriya faoliyatini kuchaytirish orqali ekstremistlar uchun «faoliyat maydonini» toraytirish va yo‘qqa chiqarishga alohida e’tibor qaratish;
- diniy-ekstremistik oqimlar tarkibida sodir etgan jinoyati uchun jazo o‘tagan, hozirda tuzalish yo‘liga kirgan va amnistiya tufayli ozodlikka chiqqan shaxslar bilan o‘tkaziladigan tarbiyaviy ishlarda qatnashish, ularga aqidaparastlikning asl mohiyati va zararli oqibatlarini tushuntirish bilan ijobiy ta’sir o‘tkazishga urg‘u berish.
Tinchlikni asrash hushyorlik va ogohlikni talab qiladi. Shu nuqtai-nazardan, globallashuv jarayonlari shiddatli tus olgan hozirgi zamonda xalqimizda, ayniqsa, yoshlarda milliy g‘urur, iftixor, tuyg‘usini, yanada chuqurroq shakllantirish, yot g‘oyalardan saqlovchi mafkuraviy immunitet shakllantirish O‘zbekistondek buyuk Vanatimiz kelajagiga o‘zini ma’sul hisoblovchi barcha yurtdoshlarimizning, shu jumladan, diniy soha xodimlarining muhim vazifasi bo‘lib qoladi.
Diniy ekstremizm, terrorizm, jihod, johiliya, aqidaparastlik, diniy fanatizm, fundametalizm, diniy bag’rikenglik, mutaasablik.
1.Mutaasablik, ekstremizm, aqidaparastlik, fundamentalism, terrorizm, xalqaro terrorizm tushunchalarining mazmun mohiyati.
Manbalar diniy ekstremizm va terrorizm kabi hodisalarning ildizlari uzoq tarixga borib taqalishidan dalolat beradi. Shunday bo‘lsa-da, ular hech qachon ijtimoiy barqarorlik va taraqqiyot uchun bugungidek tahdid solmaganini qayd etish lozim. Zero, hozirda diniy ekstremizm va terrorizm global xarakterga ega bo‘lib, dunyoning barcha mamlakatlari hamda mintaqalariga birdek xavf solmoqda. Shunday ekan, uning oldini olish, unga qarshi kurashish insoniyatning istiqboliga daxldor masalaga aylanganini e’tirof etish joiz. Mazkur yo‘nalishda kishilik jamiyati oldida kompleks vazifalar dolzarb bo‘lib turibdi. Shu boisdan ham Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning «Diniy ekstremizm va fundamentalizm bizning mintaqamiz uchun tug‘dirishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni bevosita tahlil qilishga kirishishdan oldin e’tiborni odamlarning diniy e’tiqodlari bilan bog‘liq har qanday muammo g‘oyat nozik ekanligiga, ularning dinning ma’naviy qadriyatlari bilan bog‘liq shiorlardan, xususan, islomni qayta tiklash shioridan foydalanayotgan muayyan kuchlar ko‘zlayotgan, dinga aloqasi bo‘lmagan siyosiy va boshqa tajovuzkor maqsadlar o‘rtasidagi farqni tushunib olishlariga erishish zarurligiga qaratishni istardim» - degan so‘zlarini doimo yodda tutmoq lozim.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, hozirgi kunda aholi, ayniqsa, yoshlar, turli soha vakillari orasida tegishli targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish, diniy mutaassiblikning mohiyati, tarixi, zamonaviy ko‘rinishlari, g‘oyaviy-aqidaviy asoslarini tahlil qilish ustuvor vazifalaridan biri sanaladi. Zero, ilmiy istilohda qo‘llanayotgan «fundamentalizm», «aqidaparastlik», «mutaassiblik», «ekstremizm», «terrorizm» Kabi atamalar deyarli barchaga tushunarli bo‘lsa-da, har kishi ularni o‘zicha talqin etishi mumkin. Keng ma’noda bu atamalar qonuniy hokimiyatga qarshi kurashuvchi ijtimoiy-siyosiy guruh va oqimlarga tegishlidir.
«Fundamentalizm»– (lotincha – «asos») tushunchasining ma’nosi muayyan ijtimoiy hodisaning dastlabki ko‘rinishini anglatadi. Diniy fundamentalizm esa, «ma’lum din vujudga kelgan ilk davriga qaytish va bu yo‘l bilan zamonaning barcha muammolarini hal qilish mumkin», degan fikrni ilgari surish ta’limotini anglatadi.
«Aqidaparastlik»– («aqida» – arabcha – «ishonch», «biror narsani ikkinchisiga bog‘lash») muayyan sharoitda, biron-bir g‘oya yoki tamoyilga qat’iy ishonib, uni mutlaqlashtirish asosida shakllangan qoida va tartiblarni sharoit, holat, vaziyatni hisobga olmagan holda, ko‘r-ko‘rona qo‘llash yoki shunga urinishni anglatadi.
«Mutaassiblik» – (arab. «g‘uluv ketish», «chuqur ketish»; fransuz. «fanatizm» – «ibodat») muayyan g‘oyalarning to‘g‘ri ekaniga qattiq ishonish, ularga mukkasidan berilish, «o‘zgalar» va «o‘zgacha» qarash hamda g‘oyalarga murosasiz munosabatda bo‘lish, boshqa firqa va mazhablarni butunlay rad etishi, ularni tan olmaslikda namoyon bo‘ladi. Mutaassiblik barcha davrlarda turli din va yo‘nalishlar orasida keskin nizo va to‘qnashuvlar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan.
«Radikalizm»– (lotin. «tomir», «ildiz», «o‘zak») maqsad-muddaoni keskin, murosasiz amalga oshirish, u yoki bu ishdagi mavjud ahvolni tubdan o‘zgartirishga intilishni anglatadi.
«Ekstremizm»– (lotincha – «aql bovar qilmas darajada», «haddan oshish») jamiyatda qabul qilingan qonun-qoidalarga zid radikal qarash va harakatlarni anglatadi. Bunday harakatlarga diniy tus berish diniy ekstremizmga olib keladi.
«Diniy ekstremizm» – jamiyat uchun an’anaviy bo‘lgan diniy qadriyatlar va aqidalarni rad etish, ularga zid g‘oyalarni aldov va zo‘rlik bilan targ‘ib qilishga asoslangan nazariya va amaliyotni anglatadi. Ekstremistik qarashlarni barcha dinlarda, buddizm, xristianlik, islomdagi turli oqimlarda uchratish mumkin.
«Terror»– (lotincha – «qo‘rqitish», «vahimaga solish») – aholining keng qatlamlarida dahshat va qo‘rquv uyg‘otish, jamiyatda beqarorlik keltirib chiqarish orqali davlat hokimiyatini egallash maqsadiga qaratilgan jinoiy faoliyatdir. Terror, terrorchilik faoliyati, terrorchi birgalikda bir butun hodisa sifatida terrorizmni tashkil etadi. Hozirgi davrda u global miqyos kasb etib, xalqaro terrorizmshaklini oldi.
Xalqaro terrorizm-Xalqaro terrorizm tushunchasi davlatlar, xalqaro tashkilotlar, siyosiy partiya va harakatlarni beqarorlashtirishga qaratilgan siyosiy qo‘poruvchilik faoliyatini ifodalaydi. U alohida siyosiy arboblarni o‘ldirish yoki ularga qasd qilish orqali xalqaro ijtimoiy-siyosiy aks-sado beradigan buzg‘unchi siyosiy harakatlarni ifodalash uchun ham ishlatiladi.
Terrorchilik harakatlarining:
- xalqaro huquq himoyasidagi ob’ekt yoki sub’ektlarga qarshi qaratilgani;
- davlatlar chegaralarini buzish orqali amalga oshirilishi;
- a’zolari ikki yoki undan ortiq davlat fuqarolari, shu jumladan,
yollanma shaxslar bo‘lgan ekstremistik guruhlar tomonidan sodir etilishi;
– ekstremistik guruhlar tarkibida qo‘poruvchilik harakatlari bo‘yicha xorijlik yo‘riqchilarning qatnashishi;
– ekstremistik guruh a’zolarining boshqa davlatlar hududida tashkil etilgan maxsus lagerlarda tayyorgarlik ko‘rishi;
– tayyorgarlik ko‘rish va qo‘poruvchilikni sodir etishda xorijiy davlatlar va ekstremistik uyushmalar yordamidan, xalqaro tus olgan noqonuniy qurol-yarog‘ savdosi va narkobiznesdan keladigan moliyaviy manbalardan foydalanilishi uning xalqaro terrorchilik xuruji ekanini ko‘rsatuvchi asosiy belgilardan hisoblanadi.
Muayyan mamlakat hududida sodir etilgan terrorchilik xurujida qayd etilgan u yoki bu belgilarning bo‘lishi, unga xalqaro maqom berilishi va shundan kelib chiqib, unga mos choralar ko‘rilishiga olib keladi.
Demak, diniy ekstremizm kelib chiqishining birinchi va asosiy sababi mutaassib, radikal fikr va aqidaparast qarashlarning paydo bo‘lishi bilan amalga oshadi.Mutaassiblik, aqidaparastlik orqali diniy ekstremizm kelib chiqsa, ekstremizm orqali terrorizmga zamin tayyorlanadi.
Aslida, islom niqobi ostida paydo bo‘lgan ekstremistik harakatlar tarixiga e’tibor beradigan bo‘lsak, ularning ildizlari uzoq moziyga borib taqalishini ko‘rish mumkin. Hazrati Ali (r.a.) davrida paydo bo‘lgan, o‘zlarini haqiqiy musulmon, saflariga qo‘shilmaganlarni “dindan qaytgan” deb e’lon qilib, ularga qarshi murosasiz kurash olib borgan “xorijiylar” (arabcha–ajralib chiqqanlar, isyonchilar) diniy-siyosiy oqimi faoliyati fikrimizning isboti bo‘la oladi.
Azraqiylar (Azoriqa) guruhining asoschisi Nofi’ ibn al-Azraqdir (vaf. 685 y.). Xavorij guruhlari orasida eng murosasiz va beshafqat sanalgan bu jamoa hozirgi kungacha etib kelmagan.
IX asr oxirida Iroqda yuzaga kelgan qarmatiylar ekstremistik harakati ham islom arkonlarini tan olmagan holda, haj amalini ham bid’at, butparastlik deb e’lon qilgan edi. Harakat o‘z nomini uning asoschisi Hamdon ibn al-Ash’asning laqabi Qarmat so‘zidan olgan bo‘lib, uning ma’nosi manbalarda turlicha “kalta oyoq” yoki “qizil ko‘z” kabi ma’nolarda ifodalangan. Qarmatiylar islom tarixida o‘chmas dog‘ qoldirgan jinoyatlarni sodir etgan. Ular haj mavsumlarida karvonlarga hujum uyushtirib, bosqinchilik bilan shug‘ullangan. Xususan, 930 yilda ular Makkaga bostirib kirib, shaharni talon-taroj qilganlar, bir necha ming hojilarni va Makka aholisini qatl etib, asirga olganlar. Ka’bani vayron qilib, qora toshni ikkiga bo‘lib, Bahraynga olib ketganlar, faqat 20 yildan keyin katta to‘lov evaziga u Makkaga qaytarib berilgan.
XI asr oxirida Eronda yuzaga kelib, maxfiy ravishda ish ko‘rgan “hashshoshiylar” (arabcha–hashish (nasha) chekuvchilar, giyohvandlar) terrorchilik oqimi esa hokimiyatni egallash maqsadida ularga xayrixoh bo‘lmagan hukmdorlarga suiqasd uyushtirish amaliyotini oldinga surgan edi. Uzoq vaqt hashshoshiylar ko‘plab hukmdorlarga tahdid solib turgan, hattoki, ayrim Evropa mamlakatlari rahbarlari o‘z xavfsizliklarini ta’minlash uchun ularga to‘lov to‘lashga majbur bo‘lgan. Ingliz tilidagi suiqasd ma’nosini anglatuvchi “assassinate” so‘zi ham aynan “hashshoshiy” atamasidan kelib chiqqani oqimning o‘z davrida davlatlar xavfsizligiga katta tahdid tug‘dirganidan dalolat beradi. SHu bilan birga, “hashshoshiylar” zamonaviy terrorchilar tomonidan ham keng qo‘llanilayotgan, oddiy kishilar va yoshlarga giyohvand moddalarni iste’mol qildirib, o‘lsa shubhasiz jannatga tushishiga ishontirgan.
Diniy mutaassiblikka asoslangan ixtiloflar oqibatida cheksiz nizolar, kelishmovchiliklar, hatto qonli urushlar kelib chiqib, katta talofatlarga va jamiyatning inqiroz tomon yuz tutishiga sabab bo‘lgan. Buzg‘unchilik va zo‘ravonlikka asoslangan, e’tiqodiy birlikka tahdid solgan bunday oqimlar faoliyati o‘z davri ulamolari tomonidan qattiq qoralanib, sultonlar tomonidan ta’qib qilinganini alohida ta’kidlash lozim. Masalan, Umaviy va Abbosiy xalifalar xorijiylarni butunlay qirib tashlash siyosatini olib borgan edilar. Islomning mohiyatiga butunlay zid bo‘lgan bunday oqimlarning barchasi oxir oqibatda tanazzulga duchor bo‘lgan.
Shunday bo‘lsa-da, yuqorida qayd etilgan oqimlarning g‘oyalari va amaliyot shakllari keyingi davrlarda ham rivoj topganini aytish joiz. Xususan, VII asrning ikkinchi yarmida paydo bo‘lib, to XVIII asrning oxiriga qadar islom olamida davom etib kelgan diniy-ekstremistik harakatlar inqirozga uchragan bo‘lsa ham, oradan oz muddat o‘tib, ular tomonidan talqin qilingan g‘oyalar zamonaviy ko‘rinishdagi turli mutaassib guruhlar etakchilari mafkurasiga asos bo‘lib xizmat qildi va bu bilan diniy-ekstremistik harakatlar rivojining yangi davri boshlandi deyish mumkin.
Darhaqiqat hozirgi kunga kelib diniy ekstremistik tashkilotlar keng tarmoqli tizimga aylanib ulgurdi. Bu chuqur o‘ylangan strategiyaning bir qismidir. Avvalo, barcha ekstremistik tashkilotlar bir tadqiqot markazlari, ta’bir joiz bo‘lsa “g‘oyaviy laboratoriya”lar mahsuli ekanini alohida qayd etishimiz lozim. SHu o‘rinda, Markaziy Osiyoda faoliyati kuzatilgan diniy ekstremistik oqimlarni bajaradigan funksiyalariga ko‘ra shartli ravishda 3 guruhga bo‘lishimiz mumkin.
Birinchi guruhga kiruvchi tashkilotlarning asosiy “vazifa”si bu odamlarni go‘yoki “islomlashtirish”, “taqvoga chaqirish”dan iborat. Bunday guruhlar qatoriga “Tablig‘chilar” diniy ekstremistik tashkilotini kiritish mumkin.
Ikkinchi guruh tashkilotlar esa “islomiylashtirilgan” aholiga endi mutaassiblik g‘oyalarini singdirish, ulardan muayyan g‘oyaga, rahnamoga og‘ishmay, so‘zsiz ergashadigan “kadr”larni tayyorlash bilan shug‘ullanadi. Bunday guruhlar qatoriga O‘zbekistonda faoliyati kuzatilgan “Nurchilar”, “Hizbut-tahrir” kabi diniy ekstremistik tashkilotlarni kiritish mumkin.
Uchinchi guruh harakatlar esa yuqordagi tashkilotlar tomonidan tayyorlangan kishilarni “jihod”ni amalga oshirishga tayyorlash bilan shug‘ullanadi. Bu guruhga barcha terrorchi tashkilotlar kiradi.
Yuqoridagi mulohaza va dalillar, diniy ekstremizm va mutaassiblikning asl qiyofasini ochib berib, mazkur harakatlarning nafaqat dunyoviy qonun-qoidalar, balki Islom dini asoslariga ham zid ekanini ko‘rsatadi. Shunday ekan, bunday oqimlarga qarshi murosasiz kurash, terrorchilik harakatlarini amalga oshirayotgan mutaassib kuchlarning islom diniga mutlaqo yot, begona ekanini har tomonlama asoslash dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
Xulosa qilib shuni ta’kidlash mumkinki, mutaassiblik ko‘rinishdagi bunday oqimlar jamiyat xavfsizligiga, milliy ma’naviyatimizga real tahdid sifatida namoyon bo‘lmoqda. SHunday ekan, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi, ravnaqi va farovonligi doimiy va qat’iy harakatlarni talab etadi. Zero, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganlaridek, “Birinchi galda, terrorchilarni tayyorlaydigan zaminga, g‘oyaga, mafkuraga e’tibor berish, shularga qarshi kurashish kerak. Bolalarimizning ongini va hayotini buzadigan, ertangi kuniga mutlaqo ishonchini yo‘qotadigan mana shunday g‘oyalarga qarshi biz qurol bilan emas, g‘oya bilan kurashishimiz zarur”.
Demak, bu yo‘lda har bir inson o‘z ishini sidqidildan amalga oshirishi, loqaydlik, beparvolikning oldini olishi, yon-atrofida bo‘layotgan voqea-hodisalarga hushyorlik bilan qarab, Vatan tinchligi yo‘lida sergak va ogoh bo‘lib yashashi yoshlarimizning ongu qalbini jaholatdan, yot va zararli g‘oyalar ta’siridan himoya qilishi, ajdodlarimizga armon bo‘lib qolgan, biz erishgan mustaqillik va tinchlik-osoyishtalikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashi muhim omil hisoblanadi. Buni hech qachon unutmasligimiz, tinchlik uchun doimo o‘zimizning bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etib yashashimiz lozim.
Inson huquqlarini himoya qilish va huquq ustuvorligini ta’minlash Konstitutsiyamizda mustahkamlangan. Har bir fuqaroga tabiiy va ajralmas huquqlar – yashash, shaxsiy hayot daxlsizligi, fikrlash erkinligi, axborot olish huquqi, aybsizlik prezumsiyasi kafolatlanadi.
Shu o‘rinda inson huquqlari nimada namoyon bo‘ladi va u qay holatlarda huquqiy kafolatlanadi, degan savol vujudga keladi. Bu borada qator me’yoriy hujjatlar qabul qilinib, bular jumlasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996-yil 31-oktyabrdagi farmoni va Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 13-noyabrdagi «Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini tashkil etish masalalari to‘g‘risida»gi qarorini misol qilib keltirish mumkin. Unga ko‘ra, BMTning inson huquqlari va boshqaruv tizimini demokratiyalashni qo‘llab-quvvatlash dasturiga muvofiq, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashkil etilib, uning nizomi va tuzilmasi tasdiqlangan.
Davlatimiz rahbarining 2020-yil 22-iyundagi «Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmoni ham inson huquqlari ustuvorligini ta’minlash, bu harakatlarni amalga oshirish jarayonida terrorizmga qarshi kurashning fundamental asoslarini ham o‘z ichiga oladi.
O‘zbekiston Respublikasining «Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida»gi qonunining 2-moddasiga ko‘ra, terrorizm – siyosiy, diniy, mafkuraviy va boshqa maqsadlarga erishish uchun shaxsning hayoti, sog‘lig‘iga xavf tug‘diruvchi, mol-mulk va boshqa moddiy ob’ektlarning yo‘q qilinishi (shikastlantirilishi) xavfini keltirib chiqaruvchi hamda davlatni, xalqaro tashkilotni, jismoniy yoki yuridik shaxsni biron-bir harakatlar sodir etishga yoki sodir etishdan tiyilishga majbur qilishga, xalqaro munosabatlarni murakkablashtirishga, davlatning suverenitetini, hududiy yaxlitligini buzishga, xavfsizligiga putur yetkazishga, qurolli mojarolar chiqarishni ko‘zlab ig‘vogarliklar qilishga, aholini qo‘rqitishga, ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga qaratilgan, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida javobgarlik nazarda tutilgan zo‘rlik, zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish yoki boshqa jinoiy qilmishlar tushunilishi bildirilgan.
So‘nggi yillarda terrorizmning diniy ekstremizm, narkobiznes, separatizm bilan bog‘liqlik holatlari kuzatila boshlangan. Mazkur qonunning 8-moddasida terrorizmga qarshi kurashni amalga oshiruvchi davlat organlari – Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat bojxona qo‘mitasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining vazifalari belgilab berilgan.
Shu bilan birga, Prezidentimizning 2021-yil 1-iyuldagi «2021 – 2026-yillarga mo‘ljallangan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilingan. Respublikamiz konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish, milliy xavfsizlik, shuningdek, fuqarolarning ushbu sohadagi huquqlari va erkinliklarini ta’minlashga imkon beradigan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha samarali va bir vaqtning o‘zida muvofiqlashtirilgan davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlash strategiyaning maqsadi sifatida belgilangan.
Yangi O‘zbekistonning 2022 – 2026-yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi va uni 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»da mamlakatimizni rivojlantirishning 7 ta ustuvor yo‘nalishi doirasida qariyb 100 ta maqsadga erishish nazarda tutilmoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yil 22-yanvardagi «2022 – 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi farmonining «Milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish» deb nomlangan oltinchi bo‘limida ham kelgusida terrorizmga qarshi murosasiz kurash olib borilishi qayd etilgan. Mamlakatimizning terrorizmga qarshi kurashdagi qat’iy pozitsiyasini namoyon qiluvchi ushbu bo‘limda quyidagilar o‘z aksini topgan:
fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlashga imkon beradigan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha samarali davlat siyosatini amalga oshirish;
ekstremizm va terrorizmni keltirib chiqaruvchi omillarning oldini olishga qaratilgan preventiv mexanizmlarni takomillashtirish, ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, yot g‘oyalar ta’sirining oldini olish va ularning ta’siriga tushib qolganlar bilan tizimli ishlash orqali ularning muammolarini bartaraf etish;
aholi, ayniqsa, yosh avlodda terrorizm va ekstremizm mafkurasiga qarshi qat’iy va barqaror immunitetni shakllantirish;
ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishning xalqaro-huquqiy asoslarini takomillashtirish hamda xorijiy davlatlar, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar bilan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini kengaytirish;
xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ekstremizm, terrorizm va ularni moliyalashtirishga qarshi kurash sohasida axborot hamda tajriba almashish;
faoliyati ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishga qaratilgan xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda faol ishtirok etish;
Markaziy Osiyoda BMTning Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikdagi sa’y-harakatlarni birgalikdagi harakatlar rejasi doirasida muvofiqlashtirish;
Markaziy Osiyoda ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha birgalikdagi ishlar doirasida axborot almashinuvi va hamkorlikni rivojlantirishga yordam beruvchi xalqaro tashabbuslarni amalga oshirishda O‘zbekistonning rolini kengaytirish;
dunyo hamjamiyati va mintaqaviy tashkilotlar e’tiborini Afg‘onistonda tinchlik va hamjihatlikni ta’minlash borasidagi tashabbuslarni jadallashtirish hamda ushbu mamlakatni mintaqaviy hamkorlik jarayonlariga, shu jumladan, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishga jalb qilish.
Shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish, huquq ustuvorligini ta’minlashda hamda terrorizmga qarshi kurashda quyidagilar amalga oshirilishi kerak, deb hisoblaymiz:
Birinchidan, qabul qilingan hujjatlar to‘liq amalga oshirilishi va so‘zsiz rioya etilishi holatini doimiy tahlil qilib borish.
Ikkinchidan, xalqaro tashkilotlar va ilg‘or xorijiy mamlakatlar tajribasini chuqurroq o‘rganishni davom ettirish va uni milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilish.
Uchinchidan, aholining huquqiy savodxonligi va ijtimoiy-siyosiy bilimlarini muntazam oshirib borish.
To‘rtinchidan, hozirda dunyoning qator davlatlarda turli vayronkor g‘oyalarni amalga oshirish maqsadida terroristik harakatlarni amalga oshirayotgan siyosiy guruhlarga ko‘r-ko‘rona qo‘shilib ketishning oldini olish maqsadida soha mutaxassislari tomonidan targ‘ibot ishlarini muntazam olib borishni davom ettirish. Bunda inson huquqlariga zid bo‘lgan, o‘zgalar huquqini poymol etishga qaratilgan harakatlarning mazmun-mohiyati va farqli jihatlarini to‘liq tushuntirish lozim.
Muxtasar aytganda, terrorizmga qarshi kurashning asosi sifatida inson huquqlarini himoya qilish va huquq ustuvorligini ta’minlashning barcha imkoniyatlari yurtimizda mavjud va uni qo‘llash inson omili va sa’y-harakatiga bog‘liqdir.
Ushbu Qonunning maqsadi terrorizmga qarshi kurash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonunning asosiy vazifalari shaxs, jamiyat va davlatning terrorizmdan xavfsizligini ta’minlash, davlatning suverenitetini va hududiy yaxlitligini himoya qilish, fuqarolar tinchligi va milliy totuvlikni saqlashdan iborat.
Asosiy tushunchalar
garovga ushlab turilgan shaxs — qo‘lga olingan yoki ushlab turilgan shaxsni ozod etish shartlari sifatida davlat hokimiyati va boshqaruv organlarini, xalqaro tashkilotlarni, shuningdek ayrim shaxslarni biron-bir harakat sodir etishga yoki bunday harakat sodir etishdan tiyilishga majbur qilish maqsadida terrorchilar tomonidan qo‘lga olingan yoki ushlab turilgan jismoniy shaxs;
terrorizm — siyosiy, diniy, mafkuraviy va boshqa maqsadlarga erishish uchun shaxsning hayoti, sog‘lig‘iga xavf tug‘diruvchi, mol-mulk va boshqa moddiy obyektlarning yo‘q qilinishi (shikastlantirilishi) xavfini keltirib chiqaruvchi hamda davlatni, xalqaro tashkilotni, jismoniy yoki yuridik shaxsni biron-bir harakatlar sodir etishga yoki sodir etishdan tiyilishga majbur qilishga, xalqaro munosabatlarni murakkablashtirishga, davlatning suverenitetini, hududiy yaxlitligini buzishga, xavfsizligiga putur yetkazishga, qurolli mojarolar chiqarishni ko‘zlab ig‘vogarliklar qilishga, aholini qo‘rqitishga, ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga qaratilgan, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida javobgarlik nazarda tutilgan zo‘rlik, zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish yoki boshqa jinoiy qilmishlar;
terrorizmni moliyalashtirish — terrorchilik tashkilotining mavjud bo‘lishini, faoliyat ko‘rsatishini, moliyalashtirilishini, terrorchilik faoliyatida ishtirok etish uchun xorijga chiqib ketishni yoki O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali harakatlanishni ta’minlashga, terrorchilik harakatini tayyorlash va sodir etishga, terrorchilik tashkilotlariga yoxud terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashayotgan yoki bunday faoliyatda ishtirok etayotgan shaxslarga bevosita yoki bilvosita har qanday mablag‘-vositalarni, resurslarni berishga yoki yig‘ishga, boshqa xizmatlar ko‘rsatishga qaratilgan faoliyat;
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 25-apreldagi O‘RQ-405-sonli Qonuniga asosan to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2016-y., 17-son, 173-modda)
Do'stlaringiz bilan baham: |