O`zbekiston Respublikasi tarkibida mustaqil Qoraqalpog`iston
O`zbekiston Respublikasi tarkibida Mustaqil Qoraqalpog`iston jamoatchiligining davlat mustaqilligi va respublika maqomining huquqiy asosiga ega bo`lishga intilishi Prezident Islom Karimov tomonidan qo`llab-quwatlandi.
1990-yil 14-dekabrda Qoraqalpog`iston Respublikasida «O'zbekiston Respublikasi tarkibida Qoraqalpog`iston Respublikasi Davlat suvereniteti to'g`risida»gi Deklaratsiya qabul qilindi.
Mazkur Deklaratsiya 1991-yil 31-avgustda qabul qilingan «O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligi asoslari to'g`risida»gi Qonunda o`zining huquqiy asosini topdi. Unda Qoraqalpog`istonning hududiy yaxlitligi va mustaqilligi e'tirof etildi. Qonunda Qoraqalpog`iston va O`zbekiston o`rtasidagi munosabatlarni teng huquqlilik, ikki tomonlama shartnomalar, bitimlar va boshqa qonun aktlari asosida mustahkamlash ko`rsatib berildi.
O`zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog`iston Respublikasi o`rtasidagi siyosiy, huquqiy, iqtisodiy va madaniy munosabatlar O`zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida (70—75-moddalar) o`z aksini topdi (10-ilova).
Natijada ikki tomonlama hurmat asosida qoraqalpoq xalqining o`z taqdirini o`zi belgilash, mustaqil taraqqiyot hamda milliy davlatchilikni mustahkamlashdagi roli oshdi. Kelajakka qafiy ishonch bilan qaraydigan, olis istiqbolni yaratishning kafolatini beradigan huquqiy maqomga ega bo`ldi.
Konsitutsiyaning 21-moddasiga asosan Qoraqalpog`iston Respublikasi fuqarosi ayni paytda O`zbekiston Respublikasi fuqarosi hisoblanadi. Bu qoraqalpoq xalqiga O`zbekiston xalqlarining barcha huquqlardan foydalanish imkonini beradi. Ularning haq-huquqlari va erkinliklarini kafolatlaydi.
O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Qoraqalpog`iston Respublikasi taraqqiyoti uchun qator imkoniyatlar beradi. Masalan, O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 82-moddasida mustahkamlab qo`yilganidek, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Raisi o`rinbosarlaridan biri — Oliy Majlis deputati, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qarg`i Kengesi Raisi hisoblanadi.
O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasiga binoan Qoraqalpog`iston Respublikasi hukumati rahbari lavozimi bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tarkibiga kiradi. 107-moddaga binoan esa, O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Oliy xo`jalik sudi tarkibiga Qoraqalpog`iston Respublikasining xuddi shunday sud organlarining rahbarlari kiradi. Sud hujjatlari o`zbek tili bilan birga qoraqalpoq tilida ham olib boriladi (115-modda).
O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 71-moddasida belgilab qo`yilganidek, Qoraqalpog`iston Respublikasi o`z Konstitutsiyasiga ega bo`lmog`i kerak. Ana shu huquqiy asosga ko`ra Qoraqalpog`iston Respublikasi Oliy Kengashi o`zining o`n ikkinchi sessiyasida (1993-yil 9-aprelda) Qoraqalpog`iston Respublikasining Konstitutsiyasini qabul qildi.
Qoraqalpog`iston Respublikasining Konstitutsiyasi O`zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga hech qanday monelik qilmaydi, aksincha, uni bosh huquqiy asos sifatida biladi va Qoraqalpog`iston hududida to`la amal qilishini ta'minlaydi. O`zbekiston Respublikasi qonunlari Qoraqalpog`istonning butun hududida majburiy ekanligi e'tirof etilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |