1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.02.00.00 Moliya va iqtisod sohasidagi boshqaruv]
[TSZ: 1.Moliya / Umumiy masalalar]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining “2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 30-dekabrdagi PQ-4555-son qaroriga muvofiq quyidagilar 2020 — 2024-yillarda davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasining asosiy yo‘nalishlari etib belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilindi:
soliq-budjet siyosatiga strategik yondashuvni tatbiq etish maqsadida o‘rta muddatli budjet asoslarini ishlab chiqish hamda yillik budjetni shakllantirishning yangi “natijaga yo‘naltirilgan budjet” tizimini joriy etish;
makrofiskal prognozlar ishonchliligini ta’minlash bo‘yicha institutsional salohiyatni va budjet jarayoni ishtirokchilarining mas’uliyatini oshirish;
budjet mablag‘larini taqsimlovchilar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining budjet sohasidagi vakolatlarini va hisobdorligini oshirish hamda ularning mas’uliyatini kuchaytirish;
fiskal tavakkalchiliklarni baholash, moliyaviy aktivlar va majburiyatlar hisobini yuritish hamda ularni samarali boshqarish tizimini joriy etish;
budjet hisobi standartlarini unifikatsiya qilish, ichki nazorat va audit tizimini takomillashtirish orqali moliyaviy intizomni mustahkamlash;
budjet ma’lumotlarining ochiqligi, to‘liqligi va xalqaro standartlarga mosligini ta’minlash;
budjet jarayoni ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish.
[OKOZ: 1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.01.00 Davlat dasturlari, konsepsiyalar va boshqalar]
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ochiqligi va shaffofligini hamda fuqarolarning budjet jarayonidagi ishtirokini ta’minlashga qaratilgan bir qator tadbirlar amalga oshirilayotganligi, shu jumladan Davlat budjeti Parlament tomonidan tasdiqlanishi, “Fuqarolar uchun budjet” axborot nashri chop etilishi, Openbudget.uz axborot portali ishga tushirilishi, Davlat budjeti ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlar milliy hamda Xalqaro valyuta jamg‘armasining Davlat moliyaviy statistikasi (GFS) standartlariga muvofiq e’lon qilinishiga qaramasdan, Davlat moliyasini boshqarishni yanada takomillashtirishni talab etadigan bir qator yo‘nalishlari mavjud. Jumladan:
davlat moliyasini boshqarish tizimida davlatning o‘rta va uzoq muddatli maqsadlariga erishish borasida strategik o‘rta muddatli istiqbollarini belgilash;
budjet tashkilotlari va muassasalari hamda davlat ulushi mavjud bo‘lgan korxonalarning hisobini alohida yuritish, shuningdek, vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari mablag‘larini konsolidatsiyalashgan budjetda aks ettirish;
mahalliy budjetlarni mustaqil ravishda belgilash imkonini beradigan budjetlararo transfertlarni hisoblashning shaffof uslubiyatini ishlab chiqish;
davlat xaridlari va investitsiyalarini boshqarish samaradorligini oshirish, davlat qarzini boshqarish strategiyasini ishlab chiqish, davlat aktivlari va majburiyatlarini boshqarish uchun mavjud tavakkalchiliklarni baholashning samarali tizimini joriy etish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Shu munosabat bilan Xalqaro valyuta jamg‘armasi va boshqa xalqaro moliya institutlari ko‘magida aniq maqsadlar, vazifalar va asosiy yo‘nalishlarni belgilovchi 2020 — 2024-yillarda O‘zbekiston Respublikasining davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasi ishlab chiqildi.
Strategiyada davlat moliyasi to‘g‘risida jamoatchilikka keng qamrovli ma’lumotlar berish va shaffoflikni ta’minlash, samaradorlik va natijadorlikka bosqichma-bosqich erishishga qaratilgan soliq-budjet siyosatiga o‘tish uchun strategik yondashuvlarni ishlab chiqish hamda budjet jarayoni ishtirokchilarining mas’uliyati va javobgarligini oshirish kabi yo‘nalishlar ham belgilanmoqda.
Strategiyani ishlab chiqishda nafaqat iqtisodiyoti rivojlangan davlatlar, balki moliyaviy-iqtisodiy jihatidan tuzilmasi o‘xshash davlatlar tajribasi ham o‘rganib chiqildi.
Davlatni uzoq muddatli rivojlantirish konsepsiyalari hamda ustuvor davlat dasturlari, xususan, 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi mazkur Strategiyani ishlab chiqish uchun asos bo‘lib xizmat qildi.
Strategiyani amalga oshirish davri 2024-yilgacha mo‘ljallangan bo‘lib, quyidagi muhim maqsadlarni o‘z ichiga oladi:
soliq-budjet siyosatiga strategik yondashuvni tatbiq etish maqsadida o‘rta muddatli budjet asoslarini ishlab chiqish hamda yillik budjetni shakllantirishning yangi “natijaga yo‘naltirilgan budjet” tizimini joriy etish;
makrofiskal prognozlar ishonchliligini ta’minlash bo‘yicha institutsional salohiyatni va budjet jarayoni ishtirokchilarining mas’uliyatini oshirish;
budjet mablag‘larini taqsimlovchilar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining budjet sohasidagi vakolatlarini va hisobdorligini oshirish hamda ularning mas’uliyatini kuchaytirish;
fiskal tavakkalchiliklarni baholash, moliyaviy aktivlar va majburiyatlar hisobini yuritish hamda ularni samarali boshqarish tizimini joriy etish;
budjet hisobi standartlarini birxillashtirish, ichki nazorat va audit tizimini takomillashtirish orqali moliyaviy intizomni mustahkamlash;
budjet ma’lumotlarining ochiqligi, to‘liqligi va xalqaro standartlarga mosligini ta’minlash;
budjet jarayoni ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish.
Strategiya maqsadlariga erishish uchun quyidagi asosiy vazifalarni amalga oshirish zarur:
uzoq muddatli davlat moliyaviy barqarorligini ta’minlashga qaratilgan strategik o‘rta muddatga mo‘ljallangan soliq-budjet siyosatini yuritish;
makroiqtisodiy cheklovlar va vazifalarni nazarda tutuvchi budjetlashtirishning “yuqoridan pastga” yondashuvini joriy etish yo‘li bilan soliq-budjet nazoratini kuchaytirish va barcha budjet jarayoni ishtirokchilarining javobgarligi va hisobdorligini oshirish;
budjet mablag‘lari taqsimlovchilari uchun ajratiladigan budjet mablag‘larini dasturlar kesimida tasdiqlash va natijadorligini baholash tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish;
fiskal tavakkalchiliklarini baholash hamda zamonaviy makroprognozlashtirish modullarini qo‘llashni joriy etish;
budjet jarayonining shaffofligi va budjet ma’lumotlarining ochiqligini oshirib borish, jumladan davlat budjeti ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni Parlamentga taqdim etish jarayonini takomillashtirish va shaffofligini oshirish;
budjetlararo munosabatlarni isloh qilish, mahalliy boshqaruv organlarining mustaqilligini va javobgarligini oshirish hamda budjetlararo transfertlar taqdim etish qoidalari asosida ularni ajratishning shaffof mexanizmini joriy etish.
Mazkur Strategiyani amalga oshirish uchun Strategiyada belgilangan maqsadlarga bosqichma-bosqich erishishni nazarda tutuvchi harakatlar rejasi ishlab chiqilgan.
Davlat korxonalarining islohoti, soliq islohoti, soliq-budjet shaffofligini ta’minlash bo‘yicha yo‘l xaritalari, davlat xaridlari tizimi islohotlari Strategiya bilan bir qatorda amalga oshiriladi.
Strategiya muvofiqlashtiruvchi vosita bo‘lib, kelgusida ham individual islohotlar ishlab chiqilib, ular harakatlar rejasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Budjetni rejalashtirishning amaldagi tizimida strategik yondashuvning mavjud emasligi budjet mablag‘larini soliq-budjet siyosatining ustuvor yo‘nalishlari va Davlat budjetining moliyaviy salohiyatidan kelib chiqqan holda taqsimlash imkoniyatini cheklaydi.
Bu esa, o‘z navbatida, budjet majburiyatlarining mantiqsiz o‘sishiga va ajratilgan budjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligi yetarli darajada nazorat qilinmasligiga olib keladi.
Davlat siyosatining o‘rta va uzoq muddatli maqsadlarini qo‘llab-quvvatlash va unga erishish talablariga javob beradigan samarali davlat moliyasini boshqarish tizimini yaratish maqsadida “moliya yili davomida moliyaviy resurslarning yetarliligini baholash” tamoyilidan “qabul qilinayotgan siyosiy qarorlarning o‘rta va uzoq muddatli oqibatlarini va ajratilgan budjet mablag‘larining natijadorligini baholash” tamoyiliga o‘tishni nazarda tutuvchi strategik yondashuvni soliq-budjet siyosati doirasida keng joriy etish zarur.
Soliq-budjet siyosatini ishlab chiqishning strategik yo‘naltirilganligini kuchaytirish budjet qonunchiligida o‘rta muddatli budjetni rejalashtirishni joriy etishga doir tadbirlarni mustahkamlash bilan birgalikda olib borilishi zarur.
Yuqoridagi vazifalarni amalga oshirish doirasida o‘rta muddatli budjetni rejalashtirishning uslubiy va me’yoriy bazasini ishlab chiqishga, davlat moliyasining barqarorligini ta’minlash uchun soliq-budjet qoidalarini (uzoq muddatli soliq-budjet ko‘rsatkichlarni) ishlab chiqishga e’tibor qaratiladi.
O‘rta muddatli budjetni rejalashtirish doimiy takomillashtirib borilishi natijasida o‘rta muddatda mavjud bo‘lgan bo‘sh moliyaviy resurslarni aniqlash imkoniyatlari kengayib boradi.
Budjetdan mablag‘ oluvchilar kesimida budjetni taqsimlash va ularning budjet vakolatlarini kengaytirish mexanizmining joriy etilishi bilan budjet tashkilotlari va budjetdan mablag‘ oluvchilarning o‘z maqsadlarini belgilash va muvofiq ravishda aniq tadbirlarini rejalashtirish imkoniyatlari ham kengayib boradi.
Asosiy e’tibor budjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratiladi.
Shundan kelib chiqqan holda, ajratilgan budjet mablag‘laridan foydalanishning samaradorligi va natijadorligini baholash ko‘rsatkichlarini kengaytirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish zarur.
Ayni paytda “Dasturiy budjetlashtirish”ni joriy etish uchun zarur bo‘lgan mexanizmlar aniqlashtiriladi, mazkur tizimning afzallik va kamchiliklari o‘rganilib, joriy va yangi tadbirlarni moliyalashtirish xarajatlarini aniqlash uslublari ishlab chiqiladi. Jumladan, amaldagi budjet tasnifiga o‘zgartirish kiritilib, davlat xarajatlarini dasturlar bo‘yicha tasniflash joriy etish ko‘zda tutilmoqda.
Xalqaro moliya institutlarining texnik ko‘magida xalqaro e’tirof etilgan uslubiyatlar asosida davlat investitsiyalarini boshqarish tizimi tahlil qilinadi va mazkur tizimni yaxshilash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilanadi.
Davlat investitsiya xarajatlarini takomillashtirish bo‘yicha islohotlar parallel ravishda olib borilmoqda, lekin eng maqbul natijaga erishish uchun davlat investitsiyalari bo‘yicha qarorlarni qabul qilish jarayonining budjet jarayoni bilan yanada integratsiyalashuvini ta’minlash lozim.
Shu bilan birga, Investitsiya dasturini shakllantirishda ishtirok etuvchi davlat organlarining vakolatlari qayta ko‘rib chiqiladi.
Davlat moliyasini boshqarish tizimida islohotlarni izchil amalga oshirish va ularning natijalarini mustahkamlash maqsadida davlat organlarida institutsional rivojlanishni ta’minlash va zarur imkoniyatlarni yaratish — Strategiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
O‘rta muddatli budjetni to‘liq rejalashtirishga muvaffaqiyatli o‘tish uchun asos bo‘lgan moliya organlarining makrofiskal faoliyati cheklangan bo‘lib, ilg‘or amaliyotga mos kelmaydi.
Makroiqtisodiy prognozlarni tayyorlash uchun asosan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi javobgar hisoblanadi.
Moliya vazirligi Davlat budjeti daromadlarini prognoz va tahlil qilish funksiyasini bajaradi, ammo o‘rta muddatda davlat moliyasi barqarorligini va unga ta’sir etuvchi ichki va tashqi omillarni (soliq-budjet siyosatining makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’siri tahlili va o‘z navbatida, makroiqtisodiy omillarning Davlat moliyasi tizimiga ta’siri) tahlil qilish funksiyasi mavjud emas.
Davlat moliyasini boshqarish tizimida islohotlarni amalga oshirish davlat moliyasini jamlash va taqsimlashga doir masalalarni tartibga soluvchi normativ va uslubiy bazani takomillashtirish bilan birga olib borilishi lozim.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish doirasida budjet tizimi budjetlarini shakllantirish, tayyorlash, ko‘rib chiqish, qabul qilish, tasdiqlash va ijro etish jarayonidagi munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy bazani qayta ko‘rib chiqish choralari ko‘riladi.
Moliya vazirligi tuzilmasining samaradorlik ko‘rsatkichlarini tahlil qilgan holda vazirlik departamentlari, bosh boshqarmalari va boshqarmalari funksiyalarini, ularning tarmoq vazirliklari hamda boshqa birinchi va ikkinchi darajali budjet mablag‘lari taqsimlovchilari bilan munosabatlarini o‘rganish lozim.
Makrofiskal tahlil funksiyalarini mustahkamlash doirasida davlat moliyasini boshqarish tizimini maqbullashtirish maqsadida Moliya vazirligining tahliliy salohiyatini uning tashkiliy tuzilmasi va mavjud ish jarayonlarini yangilash orqali oshirishga yo‘naltirilgan holda qayta ko‘rib chiqish zarur.
Ushbu yo‘nalishni amalga oshirishda rivojlanib borayotgan axborotlashtirish jarayonlari hamda Moliya vazirligi tarkibiy bo‘linmalari va boshqa davlat hokimiyati organlari funksiyalarining maqbullashtirilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
G‘aznachilikning hududiy bo‘linmalari va Davlat moliyaviy nazorat departamentining faoliyati tahliliy o‘rganilib, boshqarishning markazlashgan tizimini joriy etish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Budjet mablag‘larini taqsimlovchilar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining budjet sohasidagi vakolatlarini va hisobdorligini oshirish hamda ularning mas’uliyatini kuchaytirish maqsadida:
Davlat budjetining barqarorligini ta’minlash va budjet daromadlarini aniq prognozlash imkoniyatlarini oshirish, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan maqsadlarga erishish uchun budjet jarayonining barcha bosqichlarida vazirlik va idoralar faoliyatining o‘zaro muvofiqligi va hamkorligini ta’minlash yuzasidan zarur tadbirlarni amalga oshirish lozim.
Hozirda Davlat faoliyatining sezilarli qismi amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Davlat budjeti jarayoni doirasidan tashqarida amalga oshirilmoqda.
Amalga oshirilayotgan davlat tadbirlarining aksariyat qismi budjetdan tashqari manbalar, ya’ni budjetdan tashqari jamg‘armalar hamda davlat ishtirokidagi korxonalar hisobidan bajarilmoqda. Bu tarzdagi xarajatlar esa Parlament tomonidan tasdiqlanadigan yillik budjet miqdorlari hamda Parlamentga taqdim etiladigan hisobotlarda aks etmaydi.
Ayrim davlat korxonalari faoliyatining samaradorligi pastligiga qaramasdan, iqtisodiyotda davlatning sezilarli ishtiroki saqlanib qolmoqda. Shu munosabat bilan davlat korxonalari faoliyatida davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirishga yo‘naltirilgan tarkibiy o‘zgartirishlarni amalga oshirish lozim.
Davlat budjetining to‘liqligi, ishonchliligi va Davlat budjetining strategik yo‘naltirilganligini ta’minlash maqsadida barcha davlat maqsadli jamg‘armalari hamda budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari shaxsiy g‘azna hisobvaraqlaridagi mablag‘larni Davlat budjetiga qo‘shish choralarini ko‘rish, shuningdek, budjet hisobotida Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining konsolidatsiyalashgan jami moliyaviy ko‘rsatkichlarini yagona shaklda taqdim etish zarur.
Ushbu chora-tadbirlar doirasida o‘rta muddatli budjetni rejalashtirishga to‘liq o‘tishni ta’minlash va ichki nazorat samaradorligini oshirish maqsadida Moliya vazirligi, boshqa vazirlik va idoralar — budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning (oluvchilarning) roli va funksional majburiyatlari qayta ko‘rib chiqilishi lozim.
Davlat moliyasini boshqarishning yanada oqilona va samarali tizimini ta’minlash maqsadida budjet tizimining budjetlari o‘rtasida ulardan har birining xarajatlar bo‘yicha majburiyatlarini aniq ajratishni va daromad olish manbalarini mustahkamlashni nazarda tutuvchi budjetlararo munosabatlarni takomillashtirish zarur.
Shu bilan birga, budjetlararo transfertlar miqdorini hisoblash va ajratishning yagona va shaffof uslubiyati joriy etiladi.
Shuningdek mahalliy budjetlarning barqarorligini ta’minlash uchun budjet qoidalarini kuchaytirish hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan budjet intizomi qoidalariga rioya qilishini qat’iy nazoratga olish talab etiladi.
Davlat moliyasining uzoq muddatli barqarorligini ta’minlash va oldindan prognoz qilish imkoniyatini oshirish uchun fiskal tavakkalchiliklar tahlilini va ularning oshkor etish jarayonini yaxshilash choralarini ko‘rish lozim.
Fiskal tavakkalchiliklarni tahlil qilish va boshqarish davlat sektorida soliq-budjet siyosatiga oid qarorlarni qabul qilish jarayoni samarali muvofiqlashtirilishini ta’minlaydi.
Hozirgi vaqtda fiskal tavakkalchiliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor etish va boshqarish yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan.
Asosiy makroiqtisodiy tavakkalchiliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning oshkor qilinishi, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qarz olish ustidan qat’iy nazoratning mavjudligiga hamda O‘zbekiston Respublikasi hukumati nomidan berilgan davlat qarzlari va kafolatlari to‘g‘risidagi jami ma’lumotlar oshkor etilishiga qaramasdan, fiskal tavakkalchiliklarning alohida yo‘nalishlari oshkor qilinmaydi va hisobi yuritilmaydi.
Budjet jarayonida jamoatchilik ishtirokini ta’minlash olib borilayotgan soliq-budjet siyosati maqsadlarining fuqarolar ehtiyojlariga mos kelishini va hukumatning hisobdorligini ta’minlaydi.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish doirasida budjet jarayoniga jamoatchilikni jalb etishni yanada kengaytirish choralari ko‘riladi, shuningdek, fuqarolarning budjet jarayonidagi faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlash, o‘rta muddatda soliq-budjet siyosatining ustuvor va asosiy yo‘nalishlarini muhokama qilishda fuqarolar ishtirokini ta’minlash mexanizmlari keng qo‘llaniladi (xususan, budjet mablag‘larining xarajatlari yo‘nalishida).
Davlat resurslariga oid oshkora, ishonchli va keng qamrovli ma’lumotlarning mavjudligi davlat moliyasini boshqarish sohasida olib borilayotgan islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga xizmat qiladi.
Davlat moliyasi ma’lumotlarining keng qamrovliligi, qiyoslanuvchanligi hamda yaxlitliligi soliq-budjet siyosatini shakllantirishga strategik yondashuvni joriy etishda, keyinchalik esa budjet mablag‘laridan foydalanishning samaradorligi va natijadorligini baholashga o‘tishda to‘liq, o‘z vaqtida va ishonchli axborot bazasini yaratishni ta’minlaydi.
Amaldagi budjet qonunchiligiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjetini tuzishda budjet tizimi budjetlari, davlat maqsadli jamg‘armalari va O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘larining barcha daromadlari va xarajatlari hisobga olinsada, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari inobatga olinmaydi.
Natijada davlat sektorining ayrim xarajatlari, shuningdek, alohida pul oqimlari, shu jumladan davlat korxonalari faoliyati, davlat aktivlari va ayrim davlat majburiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar budjet hisobotida aks ettirilmaydi.
Makro va mikro darajada soliq-budjet siyosatni boshqarish uchun juda muhim bo‘lgan soliq-budjet hisobotlari sifatini oshirish choralari ko‘riladi.
Soliq-budjet hisobotlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish Hukumatning joriy moliyaviy holatdan xabardorligini oshirish va xalqaro taqqoslash imkonini beradi.
Shu bilan birga, tegishli soliq-budjet siyosatini shakllantirishda, soliq-budjet prognozlashtirishni yaxshilashda va uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlashda yordam beradi.
Soliq-budjet hisobotini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish davlat moliyasining barqarorligi hamda daromadlarni prognoz qilish imkoniyatlarini oshiradi va ishonchli baholash uchun soliq-budjet ma’lumotlarining solishtiriluvchanligini va muvofiqligini ta’minlaydi.
Davlat moliyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning to‘liqligi, ishonchliligi va solishtiriluvchanligini oshirish maqsadida budjet hisobotlarini tuzishda asos bo‘ladigan iqtisodiy hamda vazifa jihatdan budjet tasniflari xalqaro standartlarga yanada muvofiqlashtirilishi lozim.
Bundan tashqari, davlat qarzining umumiy miqdoridagi o‘zgarishlarni sof moliyalashtirish hajmi va boshqa oqimlar bilan solishtirish to‘g‘risidagi ma’lumotlarning oshkor etilishi davlat qarzining shakllanishiga olib keladigan asosiy moliyaviy oqimlarni ajratish va tafovutlar yoki ma’lumotlarning yaxlitligini aniqlash imkonini beradi.
Shu bilan birga, alohida korxonalar va iqtisodiyot tarmoqlariga berilgan soliq imtiyozlari va preferensiyalar miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor qilish lozim. Soliq imtiyozlari va preferensiyalar berish natijasida Davlat budjeti daromadlarining kamaygan qismi to‘g‘risidagi ma’lumotlar amaldagi soliq-budjet siyosati va davlat sektori faoliyatini to‘liqroq baholash imkonini beradi.
Strategiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar:
davlat moliyasi to‘g‘risida ishonchli, shaffof, dolzarb va muddatli kompleks ma’lumotlar mavjud bo‘ladi;
o‘rta muddatli budjetni rejalashtirish to‘laqonli tatbiq etiladi;
o‘rta muddatli istiqbolda makrofiskal prognozlash va tahlil qilishning barqaror va bashorat qilinadigan tizimi yaratiladi;
mahalliy budjet parametrlarini shakllantirish va tasdiqlash jarayonida vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimliklarning budjet sohasidagi vakolatlari va mustaqilligi kengaytiriladi va o‘z navbatida ularning mas’uliyati sezilarli darajada oshiriladi;
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlariga mos ravishda budjet mablag‘larini taqsimlash samaradorligi oshiriladi, soliq-budjet siyosatining maqsadlariga erishishning samaradorligi va natijadorligini baholashning son va sifat ko‘rsatkichlari joriy etiladi;
Davlat budjeti ijrosi jarayonida samaradorlikka va natijadorlikka erishiladi;
davlat investitsiyalarining samaradorligi va boshqarilishi yaxshilanadi;
davlat moliya tizimining barqarorligi mustahkamlanadi, soliq-budjet tavakkalchiliklari ishonchli baholanadi va minimallashtiriladi;
davlat qarzini samarali boshqarish tizimi joriy etiladi;
budjet jarayonida jamoatchilik va fuqarolar ishtirokini keng faollashtirish uchun budjet ma’lumotlarining oshkoralik darajasi oshiriladi;
samarali elektron davlat xaridlari tizimi joriy etiladi;
xalqaro moliya institutlarining reyting va indekslarida O‘zbekistonning o‘rni yaxshilanadi.
Yuqorida qayd etilgan maqsadlar mantiqiy ketma-ketlikdan kelib chiqib shakllanadi. Aksariyat sohalarda asosiy e’tibor amaldagi davlat moliyasini boshqarish tizimining bazaviy elementlarini yoki uslubiyotini takomillashtirishga qaratiladi.
Хулоса. Хулоса қилиб айтадиган бўлсак, Мамлакатимизнинг иқтисодиётни эркинлаштириш шароитида ижтимоий-иқтисодий тараққиётда тўғри йўл тутганлиги, унинг ривожланиши асосида қабул қилинган тамойилларнинг мантиқий яхлитлиги ва кенг қамровлиги, энг муҳими, уларнинг халқимиз ҳаётида мазмун-моҳиятини чуқур ифодалай олганлиги яққол намоён бўлмоқда.
Мамлакатимиздаги чуқур кенг кўламли иқтисодий ислоҳотлар, ижтимоий ҳаётнинг турли жабҳаларида амалга оширилган бунёдкорлик ишлари, иқтисодиётни модернизациялаш ва диверсификациялаш, чуқур таркибий ўзгаришлар 2020 йилда ҳам ўзининг салмоқли натижаларини кўрсатди.
Шунингдек, бугунги кунда мамлакатда ишбилармонлик муҳитини янада ривожлантириш, ички ишлаб чиқаришни жадал ривожлантириш юзадидан бюджет ва солиқ тизимидаги ислоҳотлар ва уларнинг амал қилиши янада соддалаштирилмоқда. Шундай экан мамлакатнинг ички имкониятларидан самарали фойдаланиш учун солиқ ва божхона имтиёзларининг амал қилиши мамлакатимизда макроиқтисодий барқарорлик ва юқори иқтисодий ўсишни таъминлашга хизмат қилмоқда.
Солиқ сиёсатида тўғри солиқларнинг аҳамиятини ошириш, бюджет- солиқ тартиби устун даражада инфляциясиз (ёки хавфсиз инфляцияли) усуллардан фойдаланиш тавсия этилади.
Иқтисодиётни эркинлаштириш шароитида мамлакатимизда солиқ- бюджет тизимида олиб борилаётган кенг кўламли ислоҳотлар мамлакатимиз аҳолисини ижтимоий ҳимоялаш ҳамда хўжалик юритувчи субъектлар учун ҳам солиқ ва божхона имтиёзларининг берилаётганлиги тизимида самарали фаолиятни таъминлаётганлигини кўришимиз мумкин.
Солиқ-бюджет тизимини такомиллаштириш йўналишлари сифатида қуйидаги таклифларни келтириб ўтишимиз мумкин:
ҳозирги кундаги мамлакатимизда ғазна ижросини амалга оширишни янада ривожлантириш ва соддалаштириш улар фаолиятида ягона бухгалтерия ҳисобини ташкил қилиш;
жисмоний шахслардан олинадиган даромад солиғини ҳисоблаш тартибининг янада соддалаштирилган механизмини ишлаб чиқиш (бунинг натижасида барча солиқ тўловчилари ўзларининг қай тартибда ва қанча миқдорда солиқ тўлаётганлиги ҳақида аниқ тушунчага эга бўлиши ҳамда солиқ мажбуриятини онгли равишда ёндошувни таъминлаш мумкин);
жисмоний шахслардан олинадиган даромад солиғи ставкасини қўллашда жисмоний шахсларнинг даромад топаётган ҳудудларига қараб табақалаштириш (масалан, савдо ва умумий овқатланиш корхоналари учун ягона солиқ тўлови ставкасининг ҳудудлар бўйича қўлланилиши амалиётда яхши натижа бермоқда);
ягона солиқ тўловчи кичик бизнес ва хусусий тадбиркорлик субъектларининг молиявий барқарорлигини таъминлаш учун солиқ ҳисоботларини давр охирида тўлашини ташкил қилиш;
солиқ ставкаларини унификациялаш натижасида бюджет даромадларини ошириш ва ундан самарали фойдаланишда мамлакатимизда хўжалик юритувчи субъектларнинг сонини ошириш;