ishg‘ol qilinishi voqealarini batafsil hikoya qilgan. Cho‘lpon ham «Kecha va kunduz» romanida Oqmachitga doir latifanamo bir gapni keltiradi. Roman qahramonlaridan biri Noib to‘ra Miryoqubga deydi: «…Senlarning Xudoyorxoningga «o‘rislar Oqmachitni olib qo‘ydi» deganlar. Xudoyorxon «u yurtim necha kunlik yo‘lda?» deb so‘ragan, «bir oylik yo‘lda» deganlar. «Unday bo‘lsa, menga unaqa olis yurtning keragi yo‘q. Olsa olabersin» degan…» (Cho‘lpon. Yana oldim sozimni. G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, Toshkent—1991, 144-bet.) Inqilobdan oldin Oqmachit yana bir jihati bilan mashhur bo‘lgan — ovloq joy bo‘lishiga qaramay, Oqmachitdan juda ko‘p tilmochlar chiqqan. Yaxshisi, bu xususda so‘zni Mustafo Cho‘qayning o‘ziga beraylik: «Eski Turkiston viloyati doirasidagi shaharlar orasida Oqmachitning ba’zi o‘ziga xosliklari bor edi… Ulardan biri, balki eng muhimi, bu doirada faoliyat ko‘rsatgan tilmochlarning ko‘pchiligi Oqmachitdan chiqqani edi. Yolg‘iz Sirdaryo viloyati hududidagina emas, Samarqand va Farg‘ona viloyati shaharlarida ham gubernator, politsiya mahkamalarida oqmachitlik qozoq tilmochlari xizmat qilardi… Oqmachit shahri kotib va tilmachlar yetishtirib beruvchi bir makon bo‘lib qolgandi.» (Mustafo Cho‘qay. «1917 yil xotira parchalari». Anqara. yosh Turkiston nashriyoti — 1988, 16-bet.) Mustafo ana shunday muhitda dunyoga kelgandi. Otasi Cho‘qaybey To‘rg‘ay Dodho o‘g‘li (1811—1918) o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan arboblaridan bo‘lgan. U o‘g‘lini ilmli, ma’rifatli qilib tarbiyalash yo‘lida qo‘lidan kelgan ishni ayamagan. Mustafo boshlang‘ich ma’lumotni Oqmatchitda ona tilida eski maktabda oladi. O‘g‘lidagi iqtidorni va ilmga havasni payqagan ota eski maktab ta’limi bilan cheklanish mumkin emasligini yaxshi tushunadi va uni Toshkentga yuboradi. Bu yerda Mustafo gimnaziyada rus tilida tahsil ko‘radi. Uni a’lo bahoda bitirgach, Peterburgga yo‘l oladi. Mustafo Peterburg dorilfununining huquq kulliyotini ham zo‘r muvaffaqiyat bilan tugatadi. Dorilfununda o‘qir ekan, Mustafo faqat huquqshunosliq ilmlariga qiziqish bilan kifoyalanmay, ayni choqda, til o‘rganish bobida ham favqulodda iqtidor egasi ekanini namoyish etadi. Mustafo Cho‘qay ham bevosita siyosiy faoliyat maydoniga kirib qoladi. Tabiiyki, yosh Mustafoni hammadan avval ona yurt taqdiri qiziqtirar edi. U Turkistonni mustamlaka kishanlaridan xalos ko‘rishni istar, o‘lka xalqlari o‘z taqdiriga o‘zi xo‘jayin bo‘lgan holda taraqqiyot yo‘liga chiqib, boshqa ilg‘or mamlakatlar qatoridan o‘rin olishini xohlardi. U inqilob arafalarida yozgan maqolalarida Turkiston mustaqilligi uchun kurash g‘oyalarini keng targ‘ib eta boshladi. Shunday qilib, Mustafo Cho‘qay Turkiston manfaatlarini chuqur tushunadigan ilg‘or fikrli ziyolilarning oldingi qatoridan o‘rin egallaydi. Fikri teran, qalami o‘tkir bo‘lgani
Do'stlaringiz bilan baham: |