I bob bo‘yicha xulosa
O'quvchilarda «Musiqa madaniyati» o'quv fani tarkibidagi turli xil faoliyatlarga bo'lgan qiziqish va intilish kuchaydi. Ko'pchilik o'quvchilarda musiqa tinglash, qo'shiq kuylash, ritmik harakatlar bajarish jarayonlariga savodli, ya'ni ongli ravishda yondashish malakalari shakllandi.
O'quvchilarda musiqiy asarning ifoda vositalari va shaklini tahlil qilish malakasini shakllantirish ularda o'z fikrlarini bemalol bayon qilish ko'nikmalarini shakllantirdi.
«Musiqa madaniyati» darslarida yangi pedagogik texnologiyalarni qo'llash o'quvchilarning musiqiy bilimlarga, jumladan musiqa savodiga qiziqishlarini kuchaytirdi. O'quvchilar endilikda musiqiy boshqotirmalarni bemalol yechadigan, notalarni yaxshi biladigan, tovush va uning xususiyatlarini anglaydigan, musiqa ifoda vositalari haqida aniq tushunchalarga ega bo'ldilar.
Tajribalar darslarning samaradorligi ularning to'g'ri uyushtirilishiga bog'lik ekanligini ko'rsatdi. Musiqa «til»i hamma va barchaga tushunarli va yakin. Shuning uchun u insonlarning ruhiyatini ko'tarish, quvonch va rohat baxsh etish bilan birga, o'sib kelayotgan yosh avlodni shaxs sifatida shakllantirishda benazir yordamchidir.
Musiqiy bilimlarni o'zlashtirish o'quvchilarda nafaqat musiqiy savodxonlikni, balki musiqiy dunyoqarash, musiqiy did, musiqiy tafakkur va shu kabi sifatlarni shakllantirishga xizmat qilishi amalda o'z isbotini topdi.
O'quvchilar maktabga kelgan ilk kunlaridanoq, san'atga, ayniqsa, musiqaga intilish va qiziqishlari yuqori bo'ladi. Shuning uchun musiqa madaniyati darslarida o'quvchilarning shaxs sifatida shakllanishiga alohida e'tibor qaratish lozim. Bu o'qituvchining mo’taxassis, o'z sohasining ustasi sifatida bilimdonligi va ijodiy barkamolligiga bog'likdir.
Musiqa madaniyati darslari – o'quvchilarda musiqiy did va musiqiy dunyoqarashni shakllantiruvchi eng muhim vositadir. U o'quvchilarning aqliy,jismoniy, g'oyaviy shakllanishiga ta'sir etadi. Musiqa o'quvchilarda borlik haqida o'ziga xos «shaxsiy nuqtai nazar»ni, voqea va hodisalarga faol va ijodiy munosabatni shakllantiradi. Musiqa alohida shaxsga va keng jamoaga ham birdek ta'sir qiladi (emosional, ijodiy, estetik, g'oyaviy, pedagogik, fiziologik va hokazo). Aynan shuning uchun ham «Musiqa madaniyati» o'quv fanining xususiyatlaridan kelib chiqib, nazariy va amaliy yo'nalishdagi materiallarning maqbul nisbatini saqlagan holda, musiqaning barcha mavjud imkoniyatlarini ochib bera olishi kerak.
O'qituvchilarga:
Darslarni tashkil etishda, jumladan, musiqiy-nazariy bilimlarni o'zlashtirish jarayonida tizimlilikka rioya qilish. Shunda o'quvchilarning shaxsiy sifatlari bir maromda shakllanadi.
Chorak mavzularidan kelib chiqqan holda musiqiy-nazariy bilimlarni boshqa faoliyatlar bilan o’zviy olib borish.
Musiqa madaniyati darslarida, xususan, musiqiy-nazariy bilimlarni o'zlashtirish jarayonida yangi pedagogik texnologiyalardan foydalanish.
Ilg'or pedagogik tajribalardan ibrat olish va darslarni o'yin tarzida qiziqarli qilib uyushtirish.
O'z pedagogik mahoratini, malakasini muntazam ravishda takomillashtirib borish.
Ota-onalar bilan doimo muloqotda bo'lish orqali o'quvchilarning bilimlarini chuqurlashtirish yo'llarini izlash (maxsus musiqa maktablari, musiqiy to'garaklarga jalb etish).
O'quvchilarning umumiy musiqiy bilim darajalarining qiziqish va moyilliklarini aniqlashda sinfning va har bir o'quvchining psixologik xususiyatlarini hisobga olish.
Dars mobaynida ijodiy ko'tarinkilikka erishish hamda o'quvchilarning erkin fikrlashi, dars materiallariga nisbatan o'z fikr-mulohazalarini bemalol ayta olishiga imkon yaratish.
O'quvchilarning ijodiy shakllanishini doimiy nazorat ostiga olish. Lozim topilsa, bo'sh o'zlashtiruvchi o'quvchilarni yaxshi o'zlashtiruvchi o'quvchilarga biriktirish.
O'quvchilarning musiqiy qobiliyatlarini hisobga olgan holda darslarni tabaqalashtirib o'tish.
O'rganiladigan har bir mavzuning ta'lim va tarbiyaviy mohiyatini ochib berish orqali dars o'tish maqsadga muvofiqdir.
Sinf-dars sharoitidan kelib chiqqan holda, musiqa savodi, qo'shiq kuylash, musiqa tinglash, raqsga tushish, bolalar cholg'u asboblarida chalish faoliyatlarini qo'llagan holda, konsert-darslarni uyushtirish. Bu o'quvchilarda jamoa oldida, sahnada o'zini tutish, hayotiy vaziyatlarni oson idrok etish, yanada yuqori bosqichlarga intilish hissini shakllantiradi.
Musiqiy asarlarning g'oyaviy mazmunini ochish jarayonida o'quvchilar bilan suhbatlar o'tkazish, olgan taassurotlarini rasm chizish orqali aks ettirish, kerakli rivoyat, maqol va matallarni qo'llash, asarning musiqiy- nazariy va badiiy qirralarini ochib berishga o'rgatish. O'quvchilarni tahlil qilish va umumlashtirish, bilimlarni to'plash orqali kerakli xulosalar chiqarishga o'rgatish. Musiqa madaniyati o'qituvchisi o'quvchilarning yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda, bosqichma-bosqich amalga oshirsa,yuqoridagi vazifalarni natijalar yanada samaraliroq bo'ladi.
Ota-onalarga:
1.Farzandlarining musiqiy madaniyatini rivojlantirish uchun doimo musiqa madaniyati o'qituvchisi bilan aloqada bo'lish.
2.Farzandining musiqiy qobiliyati borligini sezganda, uni musiqa to'garaklariga, maxsus musiqa maktablariga jalb etish yo'llarini izlash.
3. Oilada farzandlarini radio, televideniye orqali milliy, xalq, estrada musiqasi bilan tanishtirib borish.
4. Farzandlarini yoshiga mos musiqiy asarlar bilan muntazam tanishtirib borish.
5. Maktabdagi musiqa madaniyati darslarida faol qatnashishlari uchun farzandlarini kerakli o'quv qurollari, darsliklar, o'quv qo'llanmalari,kartochkalar va chizmalar bilan ta'minlashlari.
Maktab ma'muriyatiga:
Musiqa madaniyati kabinetini zamon talablariga mos tarzda jihozlash (pianino, ko'rgazmali qurollar, texnik vositalar va hokazo).
Bayramlarda, maktab tashkiliy ishlarida musiqa madaniyati o'qituvchisi va o'quvchilarni konsertlar uyushtirishga jalb etish, buning uchun shart-sharoitlar yaratib berish.
Musiqa bo'yicha tuman va shahar tanlovlarida ishtirok etish uchun qobiliyatli o'quvchilarni jalb etish.
Maktab ichida musiqiy tanlovlar tashkil etish.
Ijrochilik, sozandalik, xonandalik yo'nalishlari bo'yicha sinfdan tashqari to'garaklar tashkil etish.
Do'stlaringiz bilan baham: |