4.3. Yetakchi quvurlar
Yetakchi quvurlar – burg‘ilash quvurlar birikmasining yuqori qismida joylashadi. U burg‘ilash quvuri, qulf va og‘irlashtirilgan burg‘ilash quvurlaridan tarkib topgan quvurlar birikmasiga rotordan aylanma harakatni uzatishga xizmat qiladi. Burg‘ilash birikmasining pastki uchiga esa burg’u yoki boshqa asboblar o‘rnatiladi.
Yetakchi quvurlarning burg‘ilash quvuridan, qulf va og‘irlashtirilgan quvurlardan farqi ularning kvadrat va ayrim hollarda olti qirrali va sakkiz qirrali bo‘lishi hisoblanadi. Boshqa shakllardagi (dumaloq, xochsimon, tarnovli) yetakchi quvurlar neft va gaz quduqlarini burg‘ilash jarayonida kam qo‘llaniladi. 7.2-rasmda har xil tuzilishdagi yetakchi quvurlar tasvirlangan. Yetakchi quvurlar quduq tubi dvigatellarining (turbobur, vintobur, elektrobur) reaktiv momenti ta’sirida aylanma harakat qilayotgan quvurlar birikmasi yo‘nalishini o‘zgarib ketmasligini ta’minlaydi.
Hozir tayyorlanadigan yetakchi quvurlarning ko‘pchiligi yig‘ma tuzilishga ega (5.2-rasm). Yig‘ma tuzilishdagi yetakchi quvurlar - quvurdan hamda yuqorigi va pastki o‘tkazgichlardan tashkil topadi. Yuqorigi o‘tkazgich vertlyug bilan, pastki o‘tkazgich esa burg‘ilash quvurlari birikmasi bilan ulashga mo‘ljallangan.
Yetakchi quvurning pastki qismiga pastki o‘tkazgich (7.4,a-rasm), va yuqorigi qismiga esa yuqorigi o‘tkazgich birlashtiriladi (7.4, b-rasm).
Ular mustahkamligi D va K guruhiga mansub po‘latlardan va ularning o‘tkazgichlari esa 40XH markali po‘latlardan tayyorlanadi. Burg‘ilash quvurlari va muftalarining tashqi diametrlari 0,60, 0,73, 0,102, 0,114, 0,127, 0,140 va 0,168 m, devorlarining qalinligi esa 0,7 dan 0,11 m gacha qilib tayyorlanadi.
Quvurlarning tuzilishiga qarab bir necha turlari mavjud:
a) oxiri (uchi) ichki tomonga qrnatilgan burg‘ilash quvurlari;
b) oxiri (uchi) tashqi tomonga qrnatilgan burg‘ilash quvurlari;
v) oxiri (uchi) payvandlangan burg‘ilash quvurlari;
g) barqarorlashtiruvchi belbog‘li burg‘ilash quvurlari;
d) qulfsiz rastrubli quvurlar.
Yig‘ma tuzilishdagi yetakchi quvurlar asosan kvadrat kesimli qilib tayyorlanadi. Bu yig‘ma tuzilishdagi yetakchi quvurlarning o‘lchamlari 0,112x0,112, 0,140x0,140, 0,155x0,155 (ariqcha diametri 0,74, 0,85, 0,100) va 0,65x0,65, 0,80x0,80 m bo‘lishi mumkin. Yetakchi quvurlarning o‘lchamlari va oralig‘i hisoblash ishlarida adabiyotlardagi jadvaldan olish mumkin.
Yetakchi quvurlarning pastki qismidan o‘ng va ustki qismidan chap konussimon rezbalar ochiladi. Burg‘ilash quvurlarining shartli diametrlari, asosiy o‘lchamlari adbiyotlardan yoki ma’lumotnomalardan olish mumkin. Burg‘ilash quvurlari va ularning muftalarini tayyorlashda mustahkamligi D, K, YE, L, M bo‘lgan guruhdagi po‘latlaridan foydalaniladi.
Ichki tomonga qrnatiladigan burg‘ilash quvurlari konussimon mayda quvurli rezbaga ega. Odatda, ichki tomoniga qrnatilgan quvur oxirining ichki diametri kichik bo‘ladi. Bunday quvurlar qulf yoki mufta yordamida biriktiriladi.
Bu tuzilishdagi quvurlar keng tarqalgan. Shartli diametri 0,60, 0,73, 0,89 va 0,102 m bo‘lgan quvurlarning uzunligi 6,8 va 11,5 m, diametri 0,168 m li quvurlarning uzunligi esa 11,5 m teng bo‘ladi.
Uchlari tashqi tomonga o‘rnatilgan burg‘ilash quvurlarining rezbasi uchlari ichki tomonga o‘rnatilgan burg‘ilash quvurlari kabi bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |