Raqamli televideniye – har bir oilada
Odatdagi televizion ko‘rsatuvlardan yangi, yanada sifatli daraja – raqamli teleko‘rsatuvlarni yerdan turib efirga uzatishga o‘tilgani televideniye sohasida ulkan o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Raqamli televideniyening odatdagi televideniyedan asosiy farqi shundaki, unda tasvir va tovush g‘oyat tiniq, ranglar yorqin va har bir detal aniq aks etadi.
O‘zbekiston MDH mamlakatlari orasida birinchilardan bo‘lib raqamli televideniyega o‘tgan va respublikamizda raqamli televideniyeni joriy etish 2007-yildan boshlangan edi. Toshkent va Buxoroda yerdagi raqamli televideniye tajriba zonasining tashkil etilishi yangi turdagi ko‘rsatuvlarga bosqichma-bosqich o‘tishni boshlab berdi.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 17-aprelda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasida raqamli televideniyega texnik va texnologik o‘tishga doir Davlat dasturi to‘g‘risidagi qarori bu borada muhim dasturiy hujjat bo‘lib xizmat qilayotir. Mazkur hujjatda, birinchi navbatda, texnik va texnologik taraqqiyot inobatga olingan holda, raqamli televideniyeni joriy etish sohasidagi me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, raqamli televideniyega ikki bosqichda, ya’ni 2012-2015 va 2016-2017-yillarda o‘tish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, qarorda yangi turdagi xizmatlar, jumladan, interfaol va mobil televideniyeni joriy etish ham rejalashtirilgan. Dasturga mamlakatimizda raqamli televideniye signallarini qabul qiladigan zamonaviy qurilmalarni ishlab chiqarishni rivojlantirish va aholini ta’minlashga oid bo‘limning kiritilgani alohida e’tiborga loyiqdir.
Bunda raqamli televideniyening umumfoydalaniladigan ijtimoiy paketini tayyorlash, shakllantirish va efirga uzatish hamda tele, radioarxiv materiallarni raqamli formatda tarjima qilishning texnik imkoniyatlarini ta’minlash alohida ahamiyat kasb etadi. Raqamli televideniyening ijtimoiy paketi – bu operator va provayderlar tomonidan iste’molchilar uchun bepul tarqatiladigan ijtimoiy ahamiyatga ega telekanallar paketidir. Bu esa mamlakatimizda inson manfaatlari ustuvorligining yana bir tasdig‘idir.
Aynan shu bois raqamli telekanallarni tashkil etish jarayonida raqamli teleko‘rsatuvlar ijtimoiy paketini shakllantirish va yanada boyitishga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 30-iyulda qabul qilingan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining raqamli telekanallari sonini ko‘paytirish, ulardan to‘liq formatda foydalanish, sifatli to‘ldirish va xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq tunu kun efirga uzatiladigan ikkita yangi raqamli kanal – “Madaniyat va ma’rifat” hamda “Dunyo bo‘ylab” telekanali tashkil etildi. Joriy yilning iyun oyidan boshlab mamlakatimizda “Yoshlar” teleradiokanali” yopiq aksiyadorlik jamiyati huzurida bolalar uchun mo‘ljallangan dastlabki “Bolajon” raqamli televizion kanali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Raqamli televideniyega texnik va texnologik o‘tish davlat dasturini amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi ko‘magida «UZDIGITAL TV» kompaniyasi tashkil etildi va ayni paytda u mamlakatimizda yuridik va jismoniy shaxslarga raqamli televideniye xizmatlarini ko‘rsatayotgan yetakchi operatorlardan biridir.
Bu borada qabul qilingan chora-tadbirlar samarasida qisqa vaqt ichida raqamli televideniyega o‘tish dasturini hayotga tatbiq etishda salmoqli natijalarga erishildi. O‘zbekistonda yerdagi raqamli televideniyening Yevropa standarti qabul qilindi. Signalni barqaror qabul qilish va boshqa qaytadigan signallarni qabul qilmasligi uning asosiy afzalliklaridan biridir. Bugungi kunda mamlakatimiz hududining 45 foizi raqamli televideniye bilan qamrab olingan bo‘lib, Toshkent, Andijon, Buxoro, Guliston, Qarshi, Qo‘qon, Samarqand, Navoiy, Nukus va Urganch shaharlarida raqamli uzatish qurilmalari o‘rnatilgan. Qator viloyat va shaharlarda joriy yil davomida teledasturlarni raqamli formatda efirga uzatish rejalashtirilgan. 2017-yil oxirigacha mamlakatimizning barcha hududi raqamli televideniyega to‘liq o‘tadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |