II.3. Rahbar ma’naviyati va boshqaruv usuli
Ijtimoiy hayotdagi o‘zgarishlar yangi rahbar kadrlar va boshqaruv usullarini shakllantirishni talab etishi tabiiy. Buning jamiyatimiz voqeligi bilan bog‘liq bir necha jihatlari mavjud. Xususan, o‘zbek xalqi mentalitetiga xos bo‘lgan katta yoshdagilar va yuqori lavozimdagi kishilarga hurmat hamda ulardan o‘rnak olishga bo‘lgan moyillik. Prezident I.A.Karimov turli yig’ilishlarda so‘zlagan nutqlarida davlat va jamiyatning muayyan sohasi yoki yo‘nalishini boshqarish zimmasiga yuklatilgan rahbarlar qanday sifatlarga ega bo‘lishi lozimligi, buning amalga oshirilayotgan islohotlar samarasiga bevosita ta’siri masalalariga alohida to‘xtalib o‘tadi.
Rahbar ma’naviyati, boshqaruv madaniyati va fuqarolarning faolligi bir-biri bilan o‘zaro bog’liq, bir-birini taqozo etadigan tushunchalar. Chunki davlat organlari va siyosiy, ijtimoiy, fuqarolik institutlarining o‘zaro hamjihatligisiz mamlakatning izchil va barqaror rivojlanishini ta’minlab bo‘lmaydi. Mazkur bahamjihatlik boshqaruvning demokratik tizimga o‘tishi uchun zarur omillarga bog'liq. Bu, bir tomondan, hokimiyatning byurokratizm va korrupsiya illatlariga berilishining oldini olish imkoniyatini bersa, ikkinchi tomondan, islohotlarning asosiy subyekti bo‘lgan fuqarolarning mamlakatda amalga oshirilayotgan ishlarga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirishga olib keladi.1
Rahbardan talab etiladigan ma’naviy fazilatlar, shu bilan bog‘liq boshqaruv madaniyatini takomillashtirish bugun yanada dolzarblashdi. Shakllangan vaziyatni tahlil qilib, mamlakatni modernizatsiya qilish va yangilash borasida oldimizda turgan vazifalarni belgilab, Prezidentimiz shunday deydi: “Konkret dasturlarda belgilangan vazifalar har qaysi hudud bo‘yicha qanday ijro etilayotganiga qarab, mutasaddi shaxslarning ushbu dastur orqali qo‘yilgan vazifani qay darajada tushunishi va bajarilishini ta’minlashi, qisqacha aytganda, ularning zamonaviy rahbarga qo‘yiladigan talablarga qanchalik javob berishi to‘g’risida xulosa chiqarish imkoni paydo bo‘ladi”.
Hozirgi davrda har qanday rahbar loqayd omma bilan emas, balki inson omiliga, ya’ni muayyan madaniyat asosida tashkillashtirilgan munosabatlar tizimiga tayanib ish yuritadi. Boshqaruvning Insonga yo‘naltirilgan usuli, nazarimizda, eng maqbul va samarali usuldir. Zero, bunday boshqaruv usuli zamonaviy rahbardan talab etiladigan barcha fazilatlarga ega bo‘lishini taqozo etadi. Lekin mazkur usul boshqaruv madaniyatining eng og‘ir usuli hamdir. Chunki Insonga yo‘naltirilgan usulni amalga oshirish, amalda qo‘llash qator qiyinchiliklarni tug’diradiki, bu rahbardan katta mehnatni, butun aqliy va ma’naviy salohiyatini ishga solishni taqozo etadi.
Zamonaviy rahbardagi chinakam yo‘lboshchi bo‘lish, odamlarni o‘z atrofida uyushtira olish, yuksak marralar sari yetaklay olish kabi fazilatlar o‘ta muhim ahamiyatga ega. Shunday ekan, har kanday rahbar o‘z sohasini boshqarishda odamlarning dardu tashvishidan ogoh bo‘lishi zarur. Ba’zan eng oqil rahbarlar ham xatoga yo‘l qo‘yadi, maqsadlari qanchalik ezgu bo‘lmasin, faoliyatlari kutilgan samarani bermaydi. Gap shundaki, bunday rahbarlar muayyan tashkilot yoki hudud madaniyatini yaxlit tizim sifatida tushunadi. Albatta, har bir jamoa yoki hudud aholisining yashash tarzi, ular rioya etadigan tartib-qoidalar bor. Ammo rahbar bu birlik ichra “xususiy madaniyat”lar borligini hisobga olmog‘i kerak. Chunki muayyan korxona yoki hududda, tabiiyki, turli qatlamga mansub kishilar mavjud. Har bir qatlam (kichik guruh – korxona miqyosida bo‘lim, ishchi guruh, hudud doirasida qishloq, mahalla bo‘lishi mumkin) oldida hal etiladigan muayyan masala yoki hududiy o‘ziga xoslik bo‘ladi. Rahbar oldida bunday submadaniyatlarni aniqlash, ularni yaxlit tashkiliy madaniyat doirasida birlashtirish imkoniyatlarini izlash vazifasi turadi. Bu tizimni imkon qadar optimallashtirgan rahbargina o‘z oldidagi vazifalarni muvaffaqiyat bilan ado etishi mumkin. Boshqacha aytganda, rahbarning vazifasi odamlarni umummanfaat yo‘lida birlashtirish va shu orqali muhitni sog’lomlashtirish. Prezident I.A.Karimov aytganidek, “Muhit buzilgan joyda esa, rahbarga ishonch va hurmat yo‘qoladi, ish o‘rniga guruhbozlik, o‘zaro ziddiyat va nizolar kuchayadi, yurtdan baraka ko‘tariladi”.
Tadbirkorlik fazilati insonga o‘z rizqini topishga, iqtisodiy ehtiyojlarini qondirishga yordam beradi. Ammo bugungi bozor iqtisodiyoti sharoitida tadbirkorlik nafaqat alohida tadbirkor, moddiy ne’matlarni yaratuvchi yoki boshqa faoliyat orqali daromad topayotgan shaxsga nisbatan, balki buning uchun sharoit yaratib beruvchilarga nisbatan ham qo‘llaniladi. Shuning uchun zamonaviy rahbardan talab etiladigan fazilatlar qatorida harakatchanlik, ishbilarmonlik va tadbirkorlik ham talab etiladi.
Ma’lumki, yuqori malakali kadrlar boshqaruvchining irodasiga bo‘ysunishga moyil bo‘lmay-ishga fidoyi bo‘lish, mustaqil qaror qabul qilishga harakat qiladi. Har bir sohada innovatsiyalar talab etilayotgan bugungi kunda ayni shunday odamlar ish berish, yangiliklar yaratsh, ishni olg‘a siljitishga qodir. Shu bilan birga, bunday odamlar bilan ishlash oson emas. O’z hududi, korxona yoki muassasasining, oxir-oqibat mamlakatning kelajagini o‘ylaydigan rahbar to‘rachilik kayfiyatidan voz kechishi, bag‘rikeng, sabr-toqatli bo‘lishi, shunday odamlarni o‘z atrofida birlashtira olishi kerak.
Shuni alohida qayd etish lozimki, bugungi jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida insonga yo‘naltirilgan boshqaruv madaniyatining yana bir qirrasi namoyon bo‘lmoqda. Ma’lumki, mazkur inqiroz ishchi o‘rinlarining qisqarishi, aholi daromadining keskin kamayishi kabi oqibatlarga olib kelmoqda. Bu, o‘z navbatida, norozilik kayfiyatining kuchayishiga sabab bo‘lmoqda. Shunday sharoitda, masalan, ishdan bo‘shatilishi lozim bo‘lgan xodim bu axborotni qanday qabul kiladi? Uning korxona (muassasa, tashkilot)ga munosabati qanday bo‘ladi? Bu savollarga rahbar to’g’ri javob topa olmasa, shunga muvofiq qaror qabul qilmasa, bu salbiy natijaga olib kelishi mumkin. Xususan, Rossiya davlatida rahbarlarga maxsus o‘quvlar, treninglar uyushtirilgan. Unda aytilishicha, agar rahbar xodimni ishdan bo‘shatish paytida unga o‘z ishini eplay olmagani yoki boshqa kamchiligini ko‘rsatilsa, u buni tahqir sifatida qabul qilishi, hatto, dushmanga aylanishi, turli yo‘llar bilan o‘ch olib (masalan, asbob-uskunalarga ziyon yetkazishi, mahfiy, korporativ sirni raqiblarga oshkor qilishi va h.k), korxonaga ziyon yetkazishi mumkin.
Bugungi kunda boshqaruv madaniyati, uning samaradorligi rahbarning nafaqat bilim darajasi, balki ma’naviy fazilatlariga, odamlar ko‘nglini ola bilishiga, ularning dardu tashvishlari bilan yashay olishiga bog‘liq. Davlat va jamiyat qurilishini zamon talablariga moslashtirishdek strategik maqsadlarni amalga oshirish, O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati asoslarini shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarini yanada demokratlashtirish har bir fuqaroning, avvalambor, rahbarlik kursisida o‘tirganlarning oliy maqsadlar yo‘lida jipslasha olishiga, o‘zini xalq, millatning ajralmas qismi ekanligini anglab yetishiga bog‘liq.
Bugungi bozor iqtisodiyoti sharoitida, barcha sohalarda modernizatsiyalash jarayonlari ketayotgan vaqtda har bir rahbar davrning tarixiy-falsafiy ma’nosi va mohiyatinigina anglashi yetarli bo‘lmay, balki o‘zi xizmat qilayotgan ishda uni amalga oshirishi ham kerak. Bu esa, birinchi navbatda, rahbardan zamonaviy ilmiy boshqaruv usullarini bilishni talab etadi,
Ma’lumki, ko‘p yillar davomida ishlab chiqarishni boshqarish tizimimiz ekstensiv ravishda, ya’ni boshqaruvchilar sonini ko‘paytirish hisobiga rivojlanib keldi. Parkinson qonuniga amal etgan holda, bu boshqaruvchilar sonini qachongacha oshirish mumkin?
Bundan tashqari, boshqarish o‘rni bilan boshqarish obyektlari o‘rtasida nomutanosiblik ro‘y beradi. Biz qator tizimlar: mehnat, texnologik jarayonlar, mehnat predmetlari, iqtisodiy munosabatlar va boshqalarni boshqaramiz. Mazkur tizimlar keyingi yillarda katta o‘zgarishlarga uchradi, odamlar o‘zgardi, shunga muvofiq, ularning xulq-atvori, dunyoqarashi ham o‘zgardi. Boshqaruvda esa ba’zan avvalgi uslublar, harakatlar, tashkil etish usullari uchrab turadi. Ziddiyatli ravishda iqtisodiy zarar, garchi bozor sharoitiga o‘tishda hech bir mamlakat ulardan xalos bo‘lmagan bo‘lsa-da, ya’ni mehnatning bekorga sarflanishi, materiallar va xom ashyoning ko‘plab chiqitga chiqishi – ishlab chiqarishni boshqarish darajasining orqada qolishi natijasi sifatida yuzaga keldi. Demak, xo‘jalik hisobidagi jamoalarni boshqarishda qat’iy burilish yasash kerak, ishlab chiqarishni boshqarish amaliyotiga bozorga oid uslublar izchil va tizimli tarzda singdirilishi, eskicha qaror qabul qilish usullarini siqib chiqarish kerak, shuning uchun hozirgi paytda, ishlab chiqarishga ilgarigidan ilmliroq, mohir boshqaruvchi va menejerlar kerak.
Buni amalga oshirish uchun rahbarlar ishini yangi mazmun bilan boyitish lozim. Rahbar ishini qayta baholash, uning ishidagi samara bermaydigan, nomigagina bajariladigan barcha ishlarni qat’iy ravishda qayta ko‘rib chiqish kerak.
Bugungi sharoitda yangi ilm zaxiralariga, menejerlik asoslari to‘g‘risidagi bilimlarga ega bo‘lganlargina rahbarlik qila olishiga har kim ishonch bilan qaraydi.
Rahbar – oddiy unvon emas, bu iste’dod. Bugungi kun rahbari yangilik yaratuvchi, ijodkor va insoniy omillarni e’tiborga oluvchi bo‘lishi kerak. Yaxshi rahbar uchun ma’lum shaxsiy sifatlar ham zarur.
Rahbar o‘ziga kerakli fikrlarni yig’a bilishi kerak. 99 % ilg‘or g‘oyalar mutaxassislar bilan muloqotda, qolgan 1 % esa xodimlarni eshita bilishiga qarab vujudga keladi. Buning uchun suhbatlashishni bilish, o‘rganish, shaxsiy g‘arazlarni unutish, g’oyalarni tartibga solish, eng asosiysi, doimo o‘rganishi va bilim olishi kerak. Aks holda u o‘z vazifasini uddalay olmaydi.
Shu bilan birga, rahbar o‘z huquqidan to‘la foydalanishi va zarur hollarda quyidagilarni amalga oshirishi kerak:
– samarasiz ishlaydigan xodimdan voz kechish;
– o‘z xodimlaridan zaruriy natijalarni talab etish;
– fikrlash qobiliyatiga ega xodimlarni yangi g‘oyalarga yo‘naltirish;
– ko‘rsatmalarni bajarmayotgan xodimlarga buyruq berish.
Rahbar buyruqlar berishi, uning natijasidan voqif bo‘lib turishi zarur.
Rahbarga psixologik bilimlar nihoyatda zarur. Chunki u xodimlarning ichki xususiyatlarini bilishi kerak. Ba’zan xodimlar qasddan mehnat intizomini buzadilar. Bunga sabab: moddiy-texnik ta’minotning o‘z vaqtida bo‘lmasligi; bir xodimga bir nechta vazifalarning yuklatilishi; bajarish vaqtining aniq ko‘rsatilmaganligi; rag‘batlantirish shaklining nomukammalligi; ijtimoiy ishlarning yuklanganligidir. Shuning uchun rahbar xodimlar kamchiliklarga oqilona yondashishlari, ishchanlik va talabchanlikni odamiylik bilan uyg‘unlashtirishga erishishlari lozim, bu esa jamoada sog’lom muhitni yaratadi.
Rahbarlikda avtoritar va demokratik boshqarish usullari bor. Rahbar ularga xos barcha yaxshi tomonlarni uyg‘unlashtirib qabul etishi kerak. Masalan, avtoritar usuldan: mustaqil qaror qabul qilish, jur’at, shaxsiy javobgarlik; demokratik usuldan: kishilarni faollikka, ijod va shaxsiy g‘ururni shakllantirishga chaqirish.
Aholiga xizmat ko‘rsatish yo‘li bilan ham ularning og‘irini yengil qilish, hayotiga yangi mazmun berish, kayfiyati va ruhiyatini ko‘tarish mumkin. Rahbar jamiyat umumiy madaniy qiyofasini ham belgilaydi.
Bozor iqtisodiyoti munosabatlari sharoitida har bir rahbar, menejer har qanday vazifada ham insonga g’amxo‘rlik qilishi, inson ruhiy holatini hisobga olishi, ishlab chiqarish jarayonlarini tashkil etish va yo‘naltirishda o‘z jamoasi va jamiyat manfaatlaridan kelib chiqishi lozim.
Bozor iqtisodiyoti sharoitiga o‘tish va ishlab chiqarishni modernizatsiyalash jarayonlarida bozor iqtisodiyotining eng yaxshi tomonlarini o‘zlashtirgan jamoa rahbari lozimligini hayot ko‘rsatib turibdi.
Qaysi jabhada bo‘lmasin, taraqqiyot natijasi ko‘p jihatdan rahbarning ishbilarmonligi, tadbirkorligi, omilkorligi, tashabbuskorligi va mas’uliyatliligi kabilarga bog’liqligi sir emas. Mamlakatimizda kechayotgan islohotlarni chuqurlashtirish jarayonlarini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun har bir boshqaruv bo‘g‘inida shunday sifatlarga ega bo‘lgan yetakchi rahbar kadrlarga ehtiyoj kuchli. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Rahbarlarni tanlash va tarbiyalash, kerak bo‘lsa, rahbarlik mehnatiga, to‘g‘riroq aytadigan bo‘lsak, rahbarlik san’atiga o‘rgatish masalasi bugungi kunda boshqarish tizimimizning eng og’ir muammosi bo‘lib qolmoqda”. Shu sababli istiqlol yillarida bozor, tijorat sohasi, siyosatni biladigan rahbar kadrlar, tadbirkorlar va tashabbuskor ishlab chiqarish tashkilotchilarini tayyorlash tizimini tubdan o‘zgartirish, zamonaviy menejerlar, ma’murlar, bilimdon boshqaruvchilar muammosi hal etilishi lozimligiga e’tibor qaratib kelinmoqda.
Darhaqiqat, kishilar bilan har kuni, har soatda muloqotda bo‘ladigan rahbar so‘z hamda boshqarish san’ati tamoyil va usullarini bilishi lozim. Agar rahbar bunday xislatga ega bo‘lsa, bu – katta kuch. Amerikadagi Deyl Kornegi nomidagi Texnologiya instituti chiqargan xulosalar dunyoda ko‘pchilikni hayron qoldirdi. Agar sanoat ishlab chiqarish sohasida biror-bir mutaxassis katta muvaffaqiyat qozongan bo‘lsa, buning 15 foiziga u o‘zining ixtisoslik bilimlari tufayli erishgan, qolgan 85 foiziga esa odamlarni boshqara olish qobiliyati, rah-barlik talanti, inson tabiatini bilishi orqasida erishilgan. “Bizga tashkilotchi, tashabbus ko‘rsatib, boshqalarni ham ergashtira oladigan rahbarlar kerak, chunki bunday insonlar xalqni jipslashtiradi” yoki “yaxshi mutaxassis bo‘lish mumkin, lekin yaxshi rahbar bo‘lish qiyin”, deganda, Prezidentimiz birinchi galda mana shunday boshqarish qobiliyatiga ega, rahbarlik sirlarini egallagan kadrlarni nazarda tutadi. Ayniqsa, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish borasidagi maqsad va marralarimizga erishishda boshqaruv tizimi xizmatchilari – rahbar kadrlarning o‘rni yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu narsa aniqki, har bir sohada erishilajak yutuqlar rahbarning boshqaruv salohiyati, zarur malaka va tajribalaridan tashqari, uning ma’naviy qiyofasi qay darajada ekaniga bog’liqdir. Davlatimiz rahbari istiqlolning ilk damlaridan boshlab iqtisodiyot haqida bir marta so‘zlaganda, ma’naviyat to‘g‘risida o‘n bor gapirayotgani bejiz emas. Zero, ma’naviyat shaxs, jamiyat va millat, binobarin, mamlakat ravnaqining asosiy omili va poydevoridir. Ma’naviyati but insonlar har qanday damda, turli qaltis, sinovli pallalarda ham yo‘lini yo‘qotmaydi, boshqalarga pand bermaydi. O‘z manfaatini umumxalq, yurt manfaatidan hech qachon ustun qo‘ymaydi. Davlat va jamiyat boshqaruvining qaysi tarmogida, qanday pog‘onada bo‘lmasin, rahbarlik lavozimda xizmat qilayotgan shaxsning ma’naviy barkamolligi uning faoliyatida ko‘p narsani belgilaydi. “Mas’ul rahbarlik lavozimlariga nomzodlarni tanlashda o‘tkaziladigan suhbat jarayonida ularning professional malakasi, bilimi, tashkilotchiligi, hayotiy tajribasi, insoniy fazilatlari bilan bir qatorda ma’naviy saviyasiga ham alohida e’tibor qarataman”.1
Mamlakatimizda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni, madaniy merosimiz va tarixiy an’analarimizni tiklash, milliy istiqlol mafkurasini shakllantirish, fuqarolarimiz ma’naviyatini yuksaltirish, xususan, yosh avlodni barkamol inson qilib o‘stirish, ularni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash borasida ulkan ishlar amalga oshirilmokda, yangi-yangi tadbirlar belgilanmoqda. Bu masalalarning yechimi, ishlarning samarasi, birinchi galda, kadrlarning boshqaruvchilik qobiliyatiga, yangicha fikrlash va yangicha ishlash layoqatiga, ma’naviy takomil darajasiga bog’liq. Bir so‘z bilan aytganda, har doim, hamma joyda rahbar ibrat va namuna bo‘lmog‘i kerak.
Insonning axloqiy-ma’naviy qiyofasiga zeb beradigan, uning har jihatdan kamolotini belgilaydigan omillar ko‘p va xilma-xil. Bu o‘rinda ularning ayrimlarinigina ko‘rsatish imkoniga egamiz.
Rahbarning ma’naviy fazilati, avvalo, uning o‘z ona tili, tarixi, milliy urf-odatlari, an’analariga bo‘lgan e’tiborida ko‘rinadi. Til millatning qalbi, uning dunyoda borligining shartidir. Tilni asrash – millatni asrash demak. Bu masalada ibrat bo‘lish o‘rniga “o‘z fikrini mutlaqo mustaqil, ona tilida ravon, go‘zal va lo‘nda ifoda eta olmaydigan mutaxassisni, avvalambor, rahbar kursisida o‘tirganlarni bugun tushunish ham, oqlash ham qiyin”. Tarixni esa o‘zlikni anglash, o‘zi mansub el-yurtning jahon sahnasidagi o‘rinni belgilashdan tashqari, bugun va kelajak uchun saboq chiqarish zarurati tufayli ham bilishi kerak.
Boshqa til, millat, e’tiqod vakillariga, o‘zga xalqlar e’zoz tutgan qadriyatlarga bag‘rikenglik xislati ham rahbar martabasini bezaydi. Shuningdek, nutq madaniyati va notiqlik mahoratini egallash rahbarni ulug‘laydi, qadr-qimmati, martabasini oshiradi, ijtimoiy-siyosiy mavqeini yuksaltiradi. Odamlarning qalbiga yo‘l topishda til, notiqlik mahoratining o‘rni beqiyos. Mashhur notiq Sitseron: “Tarixda yo yaxshi harbiy sarkarda, yo yaxshi notiq bo‘lishi kerak”, degan edi. Amir Temurga bu har ikki xislat ham xosligi tarixdan ma’lum. Sohibqironning buyuk janglar oldidan lashkar oldidagi otashin nutqlari qo‘shinni ruhlantirib, g’alabani ta’minlashga xizmat qilgan. Zamondoshlari jahongirning Qur’onni juda qiroat bilan o‘qiy olganini naql qiladilar. O‘zi she’r yozmagan bo‘lsa-da, she’riyatni juda qadrlagan buyuk sarkardaga Alisher Navoiy shunday baho bergan: “Ul kishining she’r o‘qigoni, boshqalarning aytg‘onicha (ya’ni yozganicha - T.T.) bor edi”. Barcha zamonlarda ham rahbar va rahnamolarning yuksak notiqlik mahorati ularning muvaffaqiyatini ta’minlashga xizmat qilgan. Mashhur siyosatchilardan, notiqlardan biri “menda bor jami narsani, jumladan, orttirgan martaba, boylikni ham oling, faqat menga so‘zlarni qoldiring, men barchasiga qayta erishaman” degan ekan. Darhaqiqat, so‘zni egallaganlar inson qalbini, ongu shuurini egallaydi, atrofdagilarga maqsad-g‘oyalarini o‘tkaza oladi, demakki, ularni boshqaradi.
Rahbarning so‘zi va ishi, ya’ni tili va dili bir bo‘lishi odamlarning unga munosabatini belgilashda, baho berishda eng muhim mezonlardan biridir. Balandparvoz, havoyi gaplar bilan kishilarning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘lg‘izadigan, aslida so‘zi boshqayu, ishi-qilmishi ooshqa rahbarlarning faoliyati tufayli nafaqat bu shaxsga bo‘lgan xurmat, ishonch yo‘qoladi, balki bu davlatimiz amalga oshirayotgan ezgu maqsadlariga ham soya solishi mumkin. Navoiy dahosining mumtoz xislatlaridan bo‘lgan til va dil, so‘z va amal birligi hozirda har bir rahbarning fazilatiga aylanmog‘i shart. Ulug‘ shoir aytmoqchi: “Kimniki inson desang, inson emas, Shaklda bir, fe’lda yakson emas”.
Mamlakatimizda davlat boshqaruvining ustuvor siyosatini tashkil qilgan adolatparvarlik tamoyili rahbarlikning eng buyuk mezoni sanaladi. Bu asli bizga o‘tmishdan meros. Temurbekning “Kuch – adolatdadir” shiori shunchaki chiroyli so‘z emas. Bu jahongirning hayot sinovidan o‘tgan oltin xulosasidir. Nega Temurbek, Bobur mirzoning yonidagi beklar va qushin eng qiyin, tahlikali vaziyatlarda ularga sodiq turdilar. Chunki adolaparvarlik bobida bu kabi shohlar tarixda kam. Ular hayoti xavf ostida qolgan pallada ham bergan lafzini saqlaydi, va’daga xiyonat qilmaydi. Hukmdorlik, boshqaruv masalalarida tilga olingan “Temur tuzuklari”, “Bobururnoma”dek bebaho asarlar mutoalasidan olingan o‘gitlar doimo yordamga keladiki, ulardan bahramand bo‘lish zamonaviy rahbar shaxsning kitobsevarlik, adabiyotga oshnolik jihatlariga bog‘liq.
O’zbekiston Qahramoni, xalqimizning sevimli shoiri Erkin Vohidov o‘z suhbatlaridan birida “odamni pul, boylik buzadi, deyishlariga uncha qo‘shilmayman. Menimcha, odamni ikki narsa buzadi: birinchisi – tarbiya, to‘g‘rirog’i, tarbiyasizlik; ikkinchisi adolatsizlikdir”, – degan edi. Chindan ham to‘g‘ri tarbiya ma’naviyat beshigidir. Rahbar uyda ota, mehnat jamoasida yetakchi bo‘lib, avvalo, o‘zi namuna ko‘rsatib, shu muhitda ma’naviyat darg‘asiga, ma’naviy tarbiyachiga aylansa, davlatimiz rahbarining bu borada oldinga qo‘yayotgan vazifalari ijobiy yechim opadi. Yuksak ma’naviyat hamisha insoniyat najotkori bo‘lib kelgan, uni turli ofatlardan saqlagan. Binobarin, tarbiyaviy-axloqiy masalalarda, ma’naviy hayotda milliy, umumbashariy qadriyatlarga tayanib, milliy manfaatlarimizga mos izchil siyosat yuritish asosiy vazifamiz bo‘lib qolaveradi.
O‘zbekistonda huquqiy demokratik davlat va fukarolik jamiyati qurish vazifalarini amalga oshirishda rahbar ma’naviyati hamda boshqaruv samaradorligiga erishish muhim o‘rni tutadi. Boshqaruvning samaradorligiga erishish pirovard maqsad bo‘lganligi uchun ham rahbarning yuksak ma’naviyatisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ya’ni, rahbarning ma’naviy qiyofasi boshqaruvning samaradorlikka erishishning omili sifatida ko‘proq namoyon bo‘ladi.
Mustaqillik tufayli O‘zbekiston jamiyatining iqtisodiy negizi o‘zgardi. Siyosiy tizimi tubdan yangilandi. Ijtimoiy hayot yangicha tamoyillar asosiga qurildi. Milliy g‘oya negizlariga tayanilmoqda. Demak, bu rahbarning hayotiy falsafasi, ma’naviyatining ham o‘zgarishini, uni yangi paradigmalarga mos demokratik dunyoqarash, ong va tafakkur, ma’naviyatga ega bo‘lishini, o‘zini yangicha negizda o‘zgartirib berishni taqozo etadi.
Sobiq sovet davriga xos rahbarning an’anaviy ong va qarashlari yagona g’oya stereotiplariga, tushuncha hamda tamoyillari bugungi o‘zgarib borayotgan hayot talablariga javob bermaydi. Bugun “rahbar ma’naviyati”, “ma’naviyatli rahbar”, “boshqaruv samaradorligi” tushunchalari yangicha ma’no va mazmunga ega. “Rahbar ma’naviyati” – huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish talablariga javob beradigan, umume’tirof etilgan demokratik tamoyillarga qat’iy amal qiladigan, inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlariga oliy qadriyat sifatida qaraydigan, so‘zi va ishi bir, milliy g’oya negizlariga ishonch va e’tiqodli bo‘lgan shaxsiy sifatlar, me’yorlar majmuidir deyish mumkin. “Rahbar” tushunchasi ham yangicha ma’noga ega. Bu uning ma’naviy dunyosiga xos xususiyatlar, uning borligini mujassam etadigan yangi ma’naviy omillar majmui orqali tasavvur etish mumkin.
Bugungi zamonaviy rahbar mustaqillik tafakkuriga ega bo‘lgan, shaxsiy, jamiyat va davlat manfaatlarini amalda uyg’un ko‘ra oladigan, yangicha fikrlaydigan, O‘zbekistonning mustaqil taraqqiyoti, uning kelajagi to‘g‘risida qayg’uradigan, ilmiy izlanishlar, zamonaviy fan-texnika yutuqlarini boshqaruvda qo‘llay oladigan, unga xohish va istakli bo‘lgan shaxsdir.
I.A.Karimov qayd etganidek: “Bugungi rahbarga qo‘yilayotgan muhim talab: 1) Kompetentlik; 2) Mas’uliyatlik o‘zaro mujassam bo‘lishi zarur”.
Bugun unga erishishning huquqiy demokratik asoslari, prinsiplari ishlab chiqilgan. Zamonaviy rahbarlarga qo‘yilayotgan talab, uning me’yorlari, maqsadlari ham shu bilan bog’lik.
Rahbar ma’naviyati shunchaki ma’naviy meros, qadriyatlar va tamoyillarning majmui emas. Bu uning bir jihati, xolos. Rahbar ma’naviyatida: 1) Milliy madaniy merosga tayanish; 2) milliy urf-odat va an’analarni qadrlash; 3) tarixiy xotiraning mustahkam bo‘lishi, tarixiy merosdan xabardorlik, tarixiy haqiqatni xolis baholay olish madaniyati; 4) demokratik ong va tafakkur; 5) boshqaruvda an’anaviylik va zamonaviylikni uyg’un tarzda olib borish mas’uliyatining mujassam bo‘lishi ham muhim o‘rin tutadi.
Rahbar ma’naviyatida milliy g’oyaning umuminsoniy negizi, dunyo e’tirof etgan tamoyillariga tayangan holda boshqaruvga munosabatda bo‘lish uning samaradorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu sabab, u ustuvor ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda.
Boshqaruvda milliy madaniy xususiyatlarga tayanish va umume’tirof etilgan demokratik tamoyillarga amal qilish zamonaviy demokratik, huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati qurishning muhim talabi ekanligini his etish, anglash va amaliy faoliyatda unga tayanish oxir-oqibatda rahbar ma’naviyatining yuksalib borishiga, boshqaruvning samaradorligini oshirishga bevosita ta’sir ko‘rsatishini hisobga olish muhim. Bu rahbar faoliyatida qadriyatga aylanib borishi zarur.
Rahbar ma’naviyatida: 1) qonun ustuvorligiga asoslanib, faoliyat olib boorish; 2) inson erkinligi, huquq va manfaatlarning ustuvorligini tan olish hamda uni qadrlash; 2) bozor iqtisodi bilan bog’liq tamoyillarga so’zsiz amal qilish; 4) fan-texnika, zamonaviy texnologiyalardan foydalanishda tashabbuskor bo’lish; 5) loqaydlik, befarqlik ko’rinishlariga, mahalliychilik, urug’-aymog‘chilik, oshna-og’aynigarchilik hamda manfaatparastlik, mansabparastlik kabi illatlardan xolis turgan holda umummilliy manfaatni, shaxs va fuqaro erkin-ligini, xalq manfaatini ustuvor, deb bilish rahbar shaxsning yuksak madaniyati, ma’rifatidan dalolatdir. Yuksak huquqiy ong va madaniyatga ega bo‘lish rahbar ma’naviyatining va boshqaruv samaradorligini oshirishning muhim sharti ekanligini alohida qayd etish lozim.
Bugun, O’zbekiston Respublikasi siyosiy hayotida shaxs jamiyat va davlat munosaoatlaridagi o’zgarishlarni, yangicha talab va me’yorlarni bilmasdan yoki unga mos ong va tafakkurga, salohiyatga, o’quv va malakaga ega bo‘lmasdan boshqaruvni samarali tashkil etish qiyin. Boshqaruv samaradorligining mezoni, avvalo, inson, uning manfaatlarini, huquqlarini amalda ta’min etishga qaratilganligi bilan bevosita aloqador. Bu jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, g‘oyaviy sohasida amalga oshirilayotgan demokratik islohotlardan ko‘zlangan pirovard maqsaddir. Shu omillar orqali turli manfaatlar mujassamlashadi. “Islohot islohot uchun emas, inson va uning manfaatlari uchun” degan muhim konseptual g‘oyani amalga oshib borishiga xizmat qiladi. Rahbar ma’naviyatiga xos bo‘lmagan ayrim qusurlar va kamchiliklardan xalos bo‘lish muhim ahamiyatga ega. Ular milliy madaniy merosni qadrlash va umuminsoniy demokratik tamoyillarga nisbatan oqilona munosabatda bo‘lishda ayrim salbiy holatlarning uchrab turganligida ko‘rinadi hamda undan ozuqa oladi. Bu uning yashovchanligiga ham sabab bo‘lmoqda. Uning sabablarini rahbar ma’naviyati bilan bog‘lik ichki dunyosidan qidirish kerak. Ma’naviyatli rahbar hech qachon o‘zining shaxsiy manfaatlarini jamiyat va davlat manfaatlaridan ustun qo‘ymaydi. Xizmat vazifasini suiiste’mol qilishdan o‘zini tiya oladi. Qonun ustuvorligiga tayanib, uni qadrlaydi, doimo shunday bo‘lishini istaydi.
Yurtimizda 2010iyil “Barkamol avlod yili” deb e’lon qilindi. Muhtaram Prezidentimiz I.A. Karimov qayd etganidek: “... Biz farzandlarimizning nafaqat jismoniy va ma’naviy sog’lom o‘sishi, balki ularning eng zamonaviy intellektual bilimlarga ega bo‘lgan, uyg’un rivojlangan insonlar bo‘lib, XXI asr talablariga to‘liq javob beradigan barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishi uchun zarur barcha imkoniyat va sharoitlarni yaratishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz”.
Istiqlol yillari mamlakatimizda yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishishi masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. “Biz ozod va erkin xalqmiz. Shuning uchun dunyoda hech kimdan kam bo‘lmaydigan, ertaga mana shu zaminimiz shuhratini butun dunyoga tarannum etadigan avlodni tarbiyalab, voyaga yetkazishimiz lozim. Shu orqali jahonda o‘zimizga munosib o‘rin egallashimiz lozim. Bunga erishish uchun “Biz kimmiz, kimlarning avlodlarimiz?” degan savol doimo qalbimizda, yuragimizda jaranglab turishi zarur” , – degan edi I.A.Karimov.
Bu jarayonni aslida O‘zbekistonda davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish va rivojlantirishda rahbar kadrlar tayyorlashning o‘ziga xos konsepsiyasi sifatida talqin etish mumkin. Rahbar – muayyan makon va jamoa manfaatlarini hokimiyat maqsadlari bilan vobastaligini ta’minlovchi shaxs. Rahbar jamoaviy birlikning ifodachisi sifatida turli qarashlarni yakdillashtirishning asosiy vositachisi hamdir. Bunda u bir qancha o‘ziga xos xususiyatlar sohibi bo‘lishi lozim. Bu zamon talabi.
Jamiyatda bugun rahbarlik maqomiga nisbatan qarashlar jamoatchilik fikrining tarixan shakllangan alohida ko‘rinishidir. Davlat va jamiyat hayotida rahbarlikning o‘rni haqida “Avesto”ning “Vandidod” kitobida Oliy tangri Axuramazda tomonidan yaratilgan 16 ta zaminning ma’muriy-hududiy boshqaruvi misolida ham to‘xtalib o‘tilgan. Masalan, davlatni boshqargan shaxs “kavi”, ya’ni muhim ijtimoiy-siyosiy va huquqiy masalalarni o‘zida birlashtirgan podshoh – asosiy siyosiy, o‘z navbatida, ijtimoiy institut ham edi. “Kavi”ning davlat boshqarish huquqining belgilanishida “farr” (ba’zan “xvarno” shaklida) boshqaruv tamoyiliga qonuniy asos qilib olingan. Buning mohiyati shuki, davlat boshqarish huquqlari hukmdorning bevosita ilohiy va shaxsiy xususiyatlari (yoki xarizmatik belgilar asosida) amaliy ifodasi sifatida amalga oshirilgan. Bu davlatchilik taraqqiyotida muhim omil edi. Abu Ali Hasan ibn Ali Tusiy – Nizomulmulkning “Siyosatnoma” asarida rahbarning (podshoh va uning amaldorlari misolida) o‘rni va ahamiyati, shuningdek, ularning jamiyat va davlat munosabatlarini xalqchillashtirishdagi ahamiyati ko‘rsatib o‘tilgan. Davlatning markaziy hukumati (davlat – bosh siyosiy institut) kuchli bo‘lishi lozim. Ana shunda tinchlik va adolatni barqarorlashtirish, erkin va farovon hayotni ta’minlash imkoniyati bo‘ladi. Ko‘rinib turganidek, jamiyatdagi rahbarlik institutining zamonaviy jamiyatlardagi ko‘rinishiga o‘xshash jihatlari mavjud bo‘lib, ularning aholi manfaatlarini himoya qilish, ular manfaatlarini davlat miqyosida amalga oshirish vositalari ekanligidadir. Bu avvalo, “davlat – bosh islohotchi” tamoyilining an’anaviy ko‘rinishi desak ham bo‘ladi.
Rahbarlik va uning maqomi xususidagi qarashlar insoniyatga “davlat” tushunchasi paydo bo‘lgandan buyon hamnafas bo‘lib kelsa-da, turli davrlarda unga turlicha yondashilgan. Bugun rahbarlik instituti mavjudligining o‘zi ma’lum jamiyatning taraqqiyoti uchun yetarli emas, balki uning ichki omillari, ruhiy-ma’naviy qiyofasi, o‘z a’zolari bilan munosabati va shu orqali uning ma’naviy qiyofasi omili (bu yerda siyosiy ongi va madaniyati nazarda tutilmoq-da) masalasi – bugungi kunda demokratik institut – rahbarlikka qo‘yilgan asosiy vazifalar sirasiga kiradi. Rahbarlik instituti o‘zining tarixiy rivojlanish davriga ega bo‘lishi bilan bir qatorda, hamma davr va jamiyatga birdek xos bo‘lgan “yangilanishlar bo‘hroni”ga duch kelmoqda. Bu “yangilanishlar”ning boisi, avvalo, ichki omil bilan, ya’ni, a’zolarining talab, ehtiyojlari asosida shakllansa, ikkinchidan, tashqi, ya’ni u mavjud bo‘lib turgan tuzumning “bosimi” bilan bog’liq bo‘lishi mumkin. Shunday murakkab sharoitda rahbarlik va bosh-qaruvni takomillashtirish, uni zamon va makon ruhiga mos ravishda rivojlantirish doimiy ahamiyat kasb etadigan ijtimoiy-siyosiy jarayonlardan biri hisoblanadi.
Globallashuv jarayoni, o‘z navbatida, salbiy ahamiyat kasb etishi va buni tamaddunlar taraqqiyotiga ta’sirini hisobga olib, bu jarayonda zamonaviy rahbar va shu orqali zamonaviy boshqaruvda ularning o‘rni, fikrimizcha, quyidagi asosiy omillar asosida isloh qilinishi maqsadga muvofiq:
– davlat eng asosiy rahbarlik instituti sifatida namoyon bo‘lar ekan, avvalo, u rahnamoligida aholi turli qatlamlari va guruhlarining jamoaviy va shaxsiy manfaatlarini aniqlash, hisobga olish – davlat barqarorligining asosiy sharti. Zero, yagona maqsad asosida birlashgan guruh bilan turli xavf-xatarlarning oldini olish oson kechadi;
– rahbar milliy, ma’naviy, tarixiy xususiyatlarni o‘zida mujassamlashtirgan holda sotsiolizatsiya, ya’ni ijtimoiylashtirish, ishontirish tamoyillari asosida o‘z jamoasi o‘rtasida siyosiy ong va madaniyatni shakllantirishda muhim rol o‘ynagani holda, turli ko‘rinishdagi g’oyalarga qarshi kuchli bunyodkor g‘oya asosida javob qaytarish xususiyatini shaklantirib berishi ularning o‘ziga xos va asosiy belgisi hisoblanadi;
– rahbarlik instituti, uning xarizmasi jamiyatning asosiy barqarorligi sharti ham hisoblanib, bugungi kunda davlat siyosiy tuzumining asosiy “saqlovchisi” vazifasini bajarishi, o‘z navbatida, turli qatlamlarni o‘zida birlashtirishi yuqori-dagi omillarning amaliyligi va albatta, davomiyligini ta’minlab beradi;
– rahbarlikning globallashuv jarayonidagi eng muhim ahamiyatga ega tomoni ham mavjud bo‘lib, aynan u yoki bu turdagi siyosiy institutning vakili sifatida o‘z ma’naviy avtoriteti, ruhiy olami orqali muayyan aholi qatlamini o‘zida birlashtirar ekan, globallashuv “soyasi”da kirib kelayotgan turli yot g’oyalarga qarshi kurashish kuchiga ega vosita ekanligini alohida eslatib o‘tish lozim;
– rahbarlik instituti yangilanishlar, o‘zgarishlar jarayonida turli yot g‘oyalarning paydo bo‘lishi va aholi o‘rtasida ijtimoiy-siyosiy birdamlikni saqlab turishning asosiy subyekktidir. Ular har qanday jamiyat modernizatsiyalashuvi jarayoni uchun asosiy tayanch va bu omilni aholi siyosiy madaniyati va ongini oshirish jarayoni bilan chambarchas bog‘lashda asosiy nuqtadir;
– mamlakatda demokratik o‘zgarishlar, islohotlarning g‘oyaviy-amaliy jihatdan bip maromda tizimlashtirishning asosiy subyekti hamdir;
– jamiyatda turli fikrlar, g‘oya, mafkuralar xilma-xilligini rivojlantirish bilan birga, ularni demokratik o‘zgarishlarning samaradorligini oshirish tomon yo‘naltirishda, demokratik jamiyatda tamoyillarni yanada mustahkamlanishini ta’minlovchi asosiy omil sifatida muhim ahamiyat kasb etadi;
– zamonaviylashuv sharoitida yangi kuchlar, yangi qatlamlarning paydo bo‘li kuzatiladi. Bu kuchlarni mavjud siyosiy jarayonlarga jalb qilish, siyosiy aktorlarning siyosiy ong va madaniyatini oshirishda rahbarning o‘rni beqiyos.
Taniqli siyosatshunos S.Xantington fikricha, “tartibotsiz (bu yerda siyosiy tuzum va undagi rahbarlik maqomi nazarda tutilmoqda) ozodlik bo‘lishi mumkin, ammo ozodlik tartibotsiz bo‘lishi mumkin emas”. Ko‘rinib turganidek, rahbarlik instituti, avvalo, ichki munosabatlarni tartibga solish, aholi siyosiy ongi va madaniyatini oshirish yo‘li bilan shu davlatga nisbatan xavfi mavjud bo‘lgan turli jarayonlarga fikrlarni shakllantirish vazifasini ham bajarar ekan. Fikrlar xilma-xilligi, mafkuralar, g‘oyalar turli-tumanligi muhiti aslila jamiyatlar va davlatlar manfaati uchun zararli emas. Ammo shu g’oyalar va mafkuralardan “niqob” sifatida foydalanayotgan ayrim kuchlar “demokratiya posbonlari” yoxud “demokratiya fabrikalari” vakillari sifatida aholi kayfiyatini manipulatsiya qilish va shu orqali davlatlar siyosiy boshqaruviga salbiy ta’sir ko‘rsatishga urinmoqdalar. Hatto bu kuchlar turli “rangli inqiloblar” (Ukraina, Qirg‘iziston va Gruziya)ni ham amalga oshirdilar.
Xulosa qilib aytish mumkinki, bugungi kunda boshqaruv madaniyati, uning samaradorligi rahbarning nafaqat bilim darajasi, balki ma’naviy fazilatlariga, odamlar ko‘nglini ola bilishiga, ularning dardu tashvishlari bilan yashay olishiga bog‘liq. Davlat va jamiyat qurilishini zamon talablariga moslashtirishdek strategik maqsadlarni amalga oshirish, O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati asoslarini shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarini yanada demokratlashtirish har bir fuqaroning, avvalambor, rahbarlik kursisida o‘tirganlarning oliy maqsadlar yo‘lida jipslasha olishiga, o‘zini xalq, millatning ajralmas qismi ekanligini anglab yetishiga bog‘liq.
XULOSA
Shunday qilib, o’zbek xalqi hayotidagi eng muhim voqea, shubhasiz davlat mustaqilligini qo’lga kiritish bo’ldi. Xalqning asriy orzusi ushalib, mustaqillik tufayli qayta o’z e‘tiqodi, urf-odatlari, qadriyatlari, tili o’z faxriy o’rniga qaytdi. Mamlakat rivojlanishining o’zbek xalqiga xos bo’lgan xususiyat, urf-odat, an‘analarini hisobga olgan holda o’ziga xos taraqqiyot yo’lini tanlashi, boy madaniyati, bebaho ma‘naviyati, e‘tiqodini e‘zozlash, xalq manfaatlari va istiqboliga qaratilgan milliy mafkurani targ’ib etish Vatan tarixini xolisona o’rganish va tadqiq qilishni hayotiy zaruriyat qilib qo’ydi. Mazkur mavzuni o’rganish natijasida quyidagi xulosalarga kelindi:
birinchidan, Mustaqillik tufayli O‘zbekistonning davlat boshqaruvini samarali tashkil etish, fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash borasida muhim o‘zgarishlar amalga oshganligi asoslab berildi;
ikkinchidan, O‘zbekiston mustaqillik yillarida davlat hokimiyati institutlari bilan shaxs o‘rtasidagi munosabatlarni yangicha siyosiy negizda tashkil etdi. Shaxs manfaatining ustuvorligi uning muhim demokratik tamoyili ekanligi asoslab berildi;
uchinchidan, davlat hokimiyati tarmoqlarining mustaqil faoliyat yuritishi uchun tegishli huquqiy asoslar yaratilib borilayotganligi fuqarolarning davlat qurilishi sohasida erkin, demokratik asosda ishtirok etish hamda o‘zining haq-huquq va manfaatlarini himoya qilishida siyosiy shart-sharoit yaratilganligi bayon etildi;
to’rtinchidan, fuqarolik jamiyatiga xos demokratik, nodavlat, notijorat institutlari ko’paymoqda. Ularning fuqarolar manfaatlarini himoya qilishdagi ta’siri ortib bormoqda hamda ular davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etib, qarorlar qabul qilishda ijobiy ahamiyat kasb etishi va inson taraqqiyotiga xizmat qilishi asoslab berildi;
beshinchidan, davlat hokimiyati institutlarining nomarkazlashuvi amalga oshirilmoqda. Joylarda mahalliy davlat hokimiyati va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining vakolatlarini kengaytirish orqali ularning siyosiy faoliyatini oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bayon qilindi;
oltinchidan, boshqaruv kasbiy mahoratini yoshlarda shakllantirish va boshqarish ijtimoiy aql-idrokning doimiy rivojlantirilishiga asoslanishi ko’rsatib berildi;
yettinchidan, O‘zbekiston milliy siyosatining bosh yo‘nalishlaridan biri – xotin-qizlar ahvolini yaxshilash, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlarni ro‘yobga chiqarishda ularning faolligini yuksaltirish, davlat va jamiyat qurilishidagi o‘rni va rolini yanada oshirish, ayollarning huquqlari, erkinliklari hamda manfaatlarini himoya qilishdan iborat ekanligi yoritib berildi;
Do'stlaringiz bilan baham: |