I.2. Mustaqillik yillarida zamonaviy boshqaruv tizimining yo’lga
qo’yilishi
Mustaqillik tufayli O‘zbekistonning davlat boshqaruvini samarali tashkil etish, fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash borasida muhim o‘zgarishlar amalga oshdi. “Mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab, o‘z umrini o‘tab bo‘lgan eski mustabid sovet tizimidan voz kechib, mamlakatimizda ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan ochiq demokratik davlat barpo etish va fuqarolik jamiyatini shakllantirishga azmu qaror qildik”.1 Shuni alohida ta’kidlash kerakki, davlat hokimiyati institutlarining faoliyati davlat qurilishi va fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonlari – nomarkazlashtirish bilan uzviy bog‘liq. Bu sohada: 1) davlat hokimiyati barcha tarmoqlarining bir-biridan mustaqil holda ish yuritish tamoyillarini mustahkamlash; 2) hokimiyat vakolatlarini nodavlat va jamoat tashkilotlariga, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlariga bosqichma-bosqich o‘tkaza borish, ularning haq-huquqlari va erkinliklarini muhofaza etishni kuchaytirish taqozo etiladi. Chunki davlat hokimiyati barcha tarmoqlarining bir-biridan mustaqil bo‘lishi ularga shaxs manfaati ustuvorligidan kelib chiqqan holda ishlash imkoniyatini beradi. Ayrim noqonuniy aralashuvlarga chek qo‘yib, fuqarolarning boshqaruvda va qarorlar qabul qilishda faol ishtiroki uchun sharoit yaratadi.
Davlat boshqaruv tizimini ana shunday isloh qilish va takomillashtirish natijasida Uni nomarkazlashtirish hamda fuqarolik jamiyati qurish mumkin bo‘ladi. “Fuqarolik jamiyatini qurish, bir qancha vakolatli vazifalarni davlatdan mahalliy hokimiyat organlariga, jamoat tuzilmalariga va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlariga bosqichma-bosqich topshirishni ko‘zda tutadi”.2
Pirovardida, mahalliy hokimiyat organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bajaradigan vazifalar doirasi kengayadi, ularga davlat vakolatlarining bir qismini bosqichma-bosqich topshirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Natijada bu dasturni amalga oshirish jarayoni fuqarolarga o‘z hayoti va jamiyat hayotini boshqarishni tashkil etishda keng imkoniyat yaratadi.
Fuqarolik jamiyatiga o‘tish jarayonida sud, prokuratura va advokatura tizimi faoliyati takomillashadi. Advokatura tizimini kuchaytirish va uning chinakam mustaqilligini ta’minlash jamiyat hayotini sog‘lomlashtirish, sud va prokuraturaga nisbatan xalqning munosabatini o‘zgartirishda katta ahamiyat kasb etadi. “Mamlakatimizda sud-huquq tizimini huquqiy davlatni shakllantirishning zarur tarkibiy qismi sifatida chuqur isloh etish va erkinlashtirish bo‘yicha boshlagan ishlarimizning ta’siri va samarasini kuchaytirish, eng asosiysi, sud tizimi mustaqilligini ta’minlash muhim vazifamiz bo‘lib qoladi”.1 Sanksiyalar berishning prokuraturadan sudlarga olib berilishi buning o‘ziga xos ifodasidir.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Konstitutsiyaning barcha bandlari har bir fuqaro ongiga yetib borishi va o‘z navbatida, fuqaro yashagan muhitida konstitutsiyaviy qoidalar amal qilayotganini his etishi kerak. Konstitutsiya til va dil birligini, shiorlar bilan amaliy faoliyat mushtarakligini ifodalovchi dastur bo‘lsagina jamiyatga ta’sir ko‘rsatadi. Jamiki dunyoviy ne’matlar orasida eng ulug’i – inson, degan fikr asosida “fuqaro – jamiyat – davlat” o‘rtasidagi o‘zaro munosabatning oqilona yechimi topildi.
Bu demokratik islohotlarni chukurlashtirish, inson manfaatlarini hamma narsadan yuqori qo‘yilishiga olib keladi. Bunday ijtimoiy-siyosiy islohotlar odamlar ongini o‘zgartirmay qolmaydi, ularda milliy g‘urur, vatanparvarlik va insonparvarlik tuyg’ulari kuchayib boradi.
Mamlakatimizda fuqarolik jamiyatining muhim tarkibiy qismi bo‘lgan inson huquqlari tizimini takomillashtirishga katta e’tibor berilmoqda. O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha quyidagi asosiy xalqaro shartnomalarni qabul kildi: “Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risida”; “Fuqarolik va siyosiy huquqlar bo‘yicha” Xalqaro konvensiyalar: “Barcha shakldagi irqiy diskriminatsiyasiga barham berish bo‘yicha”; “Bolalar huquqi bo‘yicha”; “Barcha shakldagi ayollar diskriminatsiyasiga barham berish bo‘yicha”; “Qiynov va boshqa qattiq aksil-insoniy munosabat yoki jazoga qarshi” va h.k.
Bugun O’zbekiston bu sohada yangi bosqichga qadam qo‘ydi. Ikki palatali Parlamentga o‘tilganligi fuqarolik jamiyati qurilishi vazifalarini amalga oshirishda davlat hokimiyati tarmoqlari o‘rtasida hamda shaxs manfaatlarini yanada mutanosib va barqaror muvozanatga erishishida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu:
1. Prezident vakolatlarining bir qismini Senat va hukumatga o‘tkazish, Qonunchilik palatasining vakolat va huquqlari kengaytirilganligi.
2. Bosh vazir, umuman, mamlakat hukumatining rolini, shu bilan birga, mas’uliyatining kuchaytirilganligi.
3. Sud hokimiyatining mustaqilligi va erkinligini mustahkamlashga qaratilgan aniq, qonuniy chora-tadbirlarni amalga oshirilganida o‘z ifodasini topadi.
Ikki palatali parlamentni barpo etishdan maqsad ham demokratik jarayonlarni chuqurlashtirishga yo‘naltirilgan. Undan ko‘zlangan maqsad, bir tomondan, parlament o‘z vakolatlarini samarali amalga oshirish, konun ijodkorligi borasidagi ishining sifatini oshirishga qaratilgan bo‘lsa, Senat asosan, Mahalliy Kengashlar, hududlarning vakillaridan iborat bo‘lganligi uchun ham umumdavlat va hududiy manfaatlarining mutanosibligiga erishishda fuqarolarning mamlakat ijtimoiy va siyosiy hayotida faol ishtirokini ta’minlab berishda yaqqol namoyon bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 80-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati vakolatlari kafolatlangandir”1, – deyiladi. Bu viloyat, tuman, shahar vakillik organlari faoliyatini yanada oshirish maqsadida hokimiyat vakolatlarining ma’lum qismini markazdan joylardagi mahalliy hoqimiyatga o‘tkazib berilayotganligini bildiradi va turli manfaatlarni yuzaga chiqarishga xizmat qiladi.
Fuqarolik jamiyati institutlarini tashkil qilish jarayoni uzoq vaqtni talab qiladi, sababli u jamoatchilik fikri, hayotiy qadriyatlar tizimi va xalqning tarixiy tafakkuri kabi sohalarni qamrab oladi. Ijtimoiy ko‘nikma qoliplarining tubdan o‘zgarishi yangi siyosiy madaniyatni vujudga keltirishni talab qilishi sababli u iqtisodiy islohotlarga nisbatan ko‘proq muddatni qamrab olishi mumkin.
Jamiyat siyosiy hayotini nomarkazlashtirish jarayoni o‘zida mamlakat siyosiy va iqtisodiy turmush tarzining o‘zgarishini ifoda etadi va inson taraqqiyotiga xizmat qiladi. O‘tishning sobitqadamligi fukarolik jamiyati bilan davlat o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirning konsensusli yo‘liga asoslanadi, Ayni chog’da jamiyat hayotining barcha jihatlari bo‘yicha turli fikrlar, yondashuv va istiqbollarning mavjudligi fuqarolik jamiyatini muvaffaqiyatli qurish shartidir. Jamiyatda o‘ziga xos iqtisodiy va siyosiy manfaatlarga ega turli ijtimoiy guruhlarning yonma-yon mavjudligida aks etuvchi bunday xilma-xillikning bo‘lishi tabiiy. Har bir jamiyat turli shart-sharoitlar va xalqning o‘ziga xos xususiyatlari tufayli ko‘pgina murakkab siyosiy muammolarga duch keladi. O‘tish davri iqtisodiyotiga ega barcha davlatlarda mazkur murakkab muammolar, ayniqsa, ko‘zga tashlanadi. Chunonchi, mazkur bosqichda O‘zbekiston fuqarolarining boshqaruvdagi siyosiy ishtirokini kengaytirishdek muhim vazifani hal qilish zarurati hisobga olinadi. Bunda: 1) barqaror demokratik jamiyat asosi bo‘lgan inson huquqlariga hurmat va mazkur huquqlarni ta’minlash uchun institutsional mexanizmlarni mustahkamlash; 2) ma’naviyat, uning asosiy unsurlari bo‘lmish erkinlik, vatanparvarlik, insonparvar-lik, hamkorlik va ijtimoiy tenglikni rivojlantirish; 3) jamiyat ongida milliy mustaqillik va milliy tiklanish hissini mustahkamlash; so‘z erkinligi, axborot olish va tarqatish erkinligiga rioya qilish kafolatiga ega bo‘lgan mustaqil ommaviy axborot vositalarini vujudga keltirish; 4) demokratik jamiyat barpo etishda kishilar bunyodkorligi va g’ayratidan foydalangan holda tashabbusni qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, muhim ahamiyat kasb etadi. Nomarkazlashtirish – fuqarolik jamiyati barpo etish maqsadlariga erishish, yangi jamiyat barpo etishni aynan shaxs va davlat o‘rtasidagi islohotlar orqali amalga oshishi qonuniy holdir. Demokratik islohotlar, siyosiy tizim, davlatchilik mazmunini yangilash, isloh qilish bobida muayyan natijalarga erishildi. Jumladan, siyosiy voqeligimizga davlat hokimiyati vakolatlarining taqsimlanishi prinsipi joriy etilib, shu asosda: 1) demokratik parlament, qonun chiqaruvchi organ – O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi shakllantirildi; 2) prezidentlik instituti ta’sis etildi va u boshchiligidagi izchil ijroiya hokimiyat tizimi vujudga keltirildi; 3) mustaqil sud hokimiyatini barpo etish tomon qadam qo‘yildi, sudlarni ixtisoslashtirish malakasi va adolat mezonlariga muvofiq samarasini oshirish bo‘yicha sezilarli ishlar amalga oshirildi; 4) mamlakatda ko‘ppartiyaviylik, siyosiy plyuralizm institutlari va siyosiy hamkorlik shakllari rivoj topdi; 5) ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlar xilma-xilligi asosida rivojlana boshladi; 6) fuqarolik jamiyati institutlari bo‘lmish jamoat birlashmalari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari tizimi, turli uyushmalar va jamg’armalar, ijtimoiy tuzilmalar, fuqarolarning mahalliy o‘zini- o‘zi boshqarish idoralari qaror topdi; 7) O‘zbekistonda demokratik saylov tizimi, tegishli saylov qonunchiligi yaratildi va rivojlanib bormoqda. Aholining siyosiy faolligi, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish borasida sezilarli ishlar amalga oshirildi.
Bularning hammasi O‘zbekistonda davlat boshqaruvini nomarkazlashtirishda erkin, demokratik, fukarolik jamiyati qurilishi borasida o‘zining milliy taraqqiyot yo‘lidan, dunyo erishgan yutuqlar bilan mutanosiblikda rivojlanib borayotganligini ko‘rsatadi.
Davlat va jamiyat qurilishida, ijtimoiy-ma’naviy hayotda, mamlakatimiz strategik maqsadini amalga oshirishda ma’naviy o‘zlikni anglash va uni siyosat falsafasi nuqtai nazaridan o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, muammoni demokratik taraqqiyot va uning mazmun-mohiyati bilan milliy davlatchiligimiz va boshqaruv tarixi orqali o‘rganish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Demokratiya jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda, xalq bilan davlat (hukmdor, siyosiy institutlar) o‘rtasidagi munosabatlarni, aloqalarni yo‘lga qo‘yishda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Sharqona demokratiya hukmdor va amaldorlarning adolatli ish yuritishi bilan xalq fikrini, istaklari va ahvolini hisobga olib, davlatni boshqarish bilan bog‘liq. Nizomulmulk yozadi: “Podshoh haftada ikki kun zulm ko‘rganlarni qabul qilib, zolimlarning dodini berib, jazolab va raiyat so‘zlarini bevosita eshitib borishi kerak. Muhim bo‘lgan arizalarni qabul qilib, har biriga javob berishi lozim, Agarda xudovand podshoh dodxohlarni oldiga chaqirib, haftada ikki marotaba ularning so‘zini eshitadi va zolimlarning jazosini beradi, degan xabar mamlakatga tarqalsa, unda zolimlar oqibatini o‘ylab, qo‘rqib, bedodlik qilmaydilar”.1
Amir Temurning adolat, tartib, xalq, el manfaatlariga xizmat qilish haqidagi o‘gitlari o‘z mohiyatini, ahamiyatini hozir ham yo‘qotmagan, chunki ularda xalqimizning azaliy orzu-tilaklari, o‘ylari mujassam. “Hurmatli hokimlar, rahbarlar, – deydi Prezidentimiz I.A.Karimov el, yurt tinchligi va farovonligi uchun ma’sul shaxslarga qarata, – shuni unutmangki, sizlarni rentgen kabi tekshiradigan, ishlaringizga haqqoniy va odil baho beradigan mezon – shu yurtda yashaydigan odamlarning ko‘zi, fikri, ular chiqaradigan xulosadir.
... Adolat buzildimi, rahbar o‘zining ustidan nazoratni yo‘qotdimi, atrofini qarindosh-urug’i, tanish-bilishlari o‘rab oldimi, oyog‘i yerdan uzildimi, iymon-irodasi susaydimi – bilingki, viloyatda yoki tumanda muhit buziladi. Odamlarning bir-biriga ishonchi yo‘qoladi, mish-mishlar, shu bilan birga, uydirmalar ham kuchayib ketadi”.
Sharqona demokratiyaning axloq, odob, ezgulik, insonparvarlikka qurilishi ma’naviy o‘zlikni anglashni, uning negizidagi ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni milliy demokratik taraqqiyotning shartlariga aylantiradi. Chunki ma’naviy o‘zlikni anglash, eng avvalo, axloq, odob, insonparvarlik kabi sharqona merosdan kelib chiqadi, unga tayanadi.
Sharqona demokratiyaga muvofiq, jamiyat va davlatni oqil, tajribali, umumiy (ma’naviy-axloqiy) va xususiy (maxsus, tashkiliy) qobiliyatlarga, iqtidorga ega bo‘lgan kishilar boshqarishi lozim. Bu o‘rinda Forobiy, Yusuf Xos Hojib, Nizomulmulk, Amir Temur, Alisher Navoiy, Husayn Boyqaro, Mirzo Bobur, Mavlono Muhammad qozi, Abdurauf Fitratning siyosiy-falsafiy merosidan ko‘plab misollar va fikrlar keltirish mumkin. Masalan, podshohlar ijobiy fazilatlarga ega bo‘lishini ochib bergan Mavlono Muhammad Qozi “Musulmonlarning hojatini chiqarishga doimo hozir bo‘lib yuradigan podshohgina musulmonlar podshohidir, – deb yozadi. – Agar u bironta musulmonning o‘z eshigi oldida muhtoj va muntazir bo‘lib turganini bilsa, to kim uning hojatini ado qilmagunicha hech qanday ibodatga mashg‘ul bo‘lmasligi kerak. Shuningdek, podshoh o‘zining shaxsiy rohatini o‘ylab, musulmonlarning hojatlarini chiqarishni kechiktirmasligi kerak”.
Hukmdor, Sharq siyosiy falsafasiga ko‘ra, o‘z faoliyati hamda fuqarolarining xulq-atvorlari uchun Alloh oldida javobgardir. Ushbu mas’ullik uni foniy dunyo ne’matlariga, maishatga berilmasdan Xudo oldida ham, xalq oldida ham pok, sofdil, beg‘araz yashashga undaydi, Nizomulmulk yozadi: “Xudovandi podshohi olam biladiki, shu buyuk kun – qiyomatda uning qo‘l ostida bo‘lgan xaloyiq javobini undan so‘raydilar”. Shunday fikrni A. Fitrat ham bildiradi: “Sizlarning har birlaringiz (amaldor nazarda tutilyapti – mual.) o‘z qo‘l ostidagilaringning cho‘ponisizlar va sizlarning har bittalaring o‘z qo‘l ostidalaringizning ahvoli uchun Alloh oldida hisob berajaksiz”. Alloh oldida mas’ullik hukmdorni, amaldorlarni mudom ezgulikni, adolatni qaror toptirib, ma’naviy barkamollik haqida o‘ylab yashashga majbur etadi. Ilohiy mas’ullik bo‘lmasa, odam o‘z nafsi, ayshi va farog‘ati uchun borliqni yakson qilishdan qaytmaydi. Milliy (ma’naviy) o‘zlikni anglash ham ilohiy mas’ullikka bog’lanadi. Birinchidan, ma’naviy o‘zlikni anglash ma’naviy-ruhiy ehtiyojdir. Aqlu idrok uni erkinlik, erk tarzida anglasa, qalb, ruh uni Yuksaklikka, Olijanoblikka, Yetuklikka yetishish yo‘li deb biladi. Ikkinchidan, ma’naviy borliqda tarixiy-tadrijiy bog‘liqlik, uzviylik ustuvordir. Agar ajdodlarimiz ilohiylikka ishongan, unga umid bilan talpingan ekan, milliy (ma’naviy) o‘zlikni anglash ham unga tayanadi. Uchinchidan, inson mudom o‘zidan Yuqoriroq, Pokroq, Ulug‘vorroq, Abadiy bir narsaga qalbi, butun borlig‘i bilan talpinib yashaydi. Ushbu Subyektiv Ideal, Ma’naviy Andoza unga Xudo timsolida namoyon bo‘ladi. Shunday ideal uni bad xatti-harakatlardan, yovuzlikdan, axloqsizlikdan asrab, ezgu amallarga, yaxshilikka, ma’naviyatga chorlaydi. Bu shunchaki o‘tkinchi psixologik holat emas, uning negizi ajdodlarimizning ma’naviy-spiritualistik izlanishlari, transsendental tajribalariga borib taqaladi.
Insoniy fazilatlar faqat ma’naviy hayotga emas, balki jamiyatning barcha sohalariga ta’sir etadi. Bundan ijtimoiy-siyosiy hayot, boshqarish ishlari, hukmdor-lar faoliyati ham istisno emas. Muhammad Kamol hukmdorlarni ezgulikka, adolatga chaqirib yozadi: “Insoniylik shafqat va marhamat bilan boshlanadi va nihoyasiga yetadi. Insoniylikning asli shafqat va marhamatdir”. Ka’bul Ahror deydi: “Yaxshi , xalqqa - yaxshi hokim, yomon xalqqa – yomon hokim”.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlar ijtimoiy-siyosiy tuzumni, uning institutlarini, tuzilmalarini, boshqarish usullarini isloh qilish-dangina iborat emas, albatta, ular kishilarni eskicha qarashlardan, boqimandalik kayfiyatidan xalos qilib, ularning ongida tub o‘zgarishlar yasashni ham nazarda tutadi. Darhaqiqat, to ma’naviy kamolotga yetmaguncha, to xatti-harakatlarimiz, munosabatlarimiz aqlu idrok va umumiy manfaat doirasi bilan chegaralanmaguncha demokratiyaning mazmuni ham, ko‘lami ham kutganimiz darajasida bo‘lmaydi. Bu bevosita fuqarolar ongi va dunyoqarashini tubdan o‘zgartirish, yaqin o‘tmishimizdan qolgan loqaydlik va boqimandalik kayfiyatlarini yo‘qotish, shu asosda milliy davlatimiz, milliy Vatanimiz istiqboli uchun kuyinish tuyg‘ularini kuchaytirish kabi murakkab, uzoq muddatli jarayon bilan bogliq.
Bugungi kun boshqaruvida rahbar ma’naviyatini shakllantirishda an’a-naviylik va zamonaviylik uyg‘unligiga ahamiyat berish lozim. Zero, ma’naviyati yuksak va ma’naviy o‘zligini anglagan shaxs va jamiyat farovonligi boshqaruvda rahbarning qanday fazilatlarga ega ekanligi bilan uyg‘un kechadi.
Insoniyat taraqqiyotining hozirgi bosqichida rahbar ijtimoiy qatlami faollik ko’rsatmoqda. Chunki rahbarlar muammolarni hal qilish, odamlarni bunyodkorlik sari uyushtirish va istiqbolga yetaklashdek asosiy vazifalarni bajarmoqda. Shu sababli Prezidentimiz Islom Karimov rahbarlarning “yuksak ma’naviy saviyaga ega bo‘lishi” masalasini kun tartibiga qo‘ydi.
Rahbar ma’naviy saviyasining yuqori darajada bo‘lishi va faoliyat samaradorligining oshishida ijtimoiy adolat tamoyilining ahamiyati katta. Negaki, ijtimoiy adolat umummanfaatini ro‘yobga chiqaruvchi tenglik, qonuniylik va huquqiylik qoidalariga asoslanishi bilan diqqatga sazovor.
Demokratik davlatchilik sharoitida ijtimoiy adolat siyosati muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining “Muqaddima” qismida yurtimizda barpo etilayotgan demokratik davlatimiz “demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqat”da bo‘lishi ta’kidlanib, bu borada “davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshirishi”1 belgilab qo‘yilgan (14-modda). Haqiqatan ham, birinchidan, ijtimoiy adolat demokratik davlat siyosatining muhim tamoyillaridan biri; ikkinchidan, demokratik davlat siyosatda ijtimoiy adolat tamoyiliga amal qilish bilan inson va jamiyat farovonligini ro‘yobga chiqaradi; uchinchidan, bu tamoyil xalqaro meyoriy hujjatlarning negizini tashkil qiladi (misol uchun Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Kengashining insoniylik mezonlari bo‘yicha hujjati).
Ijtimoiy adolat tamoyilining negizini davlatning ijtimoiy muammolarni hal etish, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash va ijtimoiy rivojlanishni yo‘lga qo‘yishda tashabbuskor bo‘lishi tashkil qiladi. Shu sababli taraqqiyotning o’zbek modelida “kuchli ijtimoiy siyosat yuritish” asosiy tamoyillardan biri sifatida qabul qilingan. Buning amaliy isboti sifatida “mamlakatimizda davlat budjetining 50 foizidan ziyodi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilganini” ko‘rsatish mumkin.
Ijtimoiy adolat davlat siyosatining insonparvarligini namoyon qiluvchi asosiy mezondir. Keyingi vaqtlarda ijtimoiy adolat tamoyili keng obyektlaridan biri deb qarash zarurati ana shu mezondan kelib chiqmoqda.
Bugungi kunda ijtimoiy adolat tamoyili davlat siyosatining nafaqat muayyan yo‘nalishini, balki jamiyat ehtiyojlarini qondiruvchi eng muhim tamoyilga aylandi. Chunki ijtimoiy adolat davlat siyosatining harakat vositasidir. Uning vositasida jamiyat xavfsizligini saqlash va uning istiqbolini ta’minlash mumkin. Shu ma’noda, ijtimoiy adolat deganda, nafaqat muhtojlarni moddiy qo‘llab-quvvat-lashni, balki davlat siyosatining ma’no-mazmunini ham tushunish lozim bo‘ladi. Bu masalalar rahbar tomonidan idrok etilishi kerak.
Hozirgi zamonaviy jamiyat jadal sur’atlar bilan taraqqiy etayotgan ijtimoiy jarayonlarni qamrab olar ekan, yangi rahbarlar oldiga murakkab va mas’uliyatli talablarni qo‘ymoqda. Shu jihatdan olib qaraganda, bugungi kun rahbar birinchidan, o‘ziga yuklatilgan masalalarni amalga oshirishda chuqur bilim va malakaga ega, kamol topgan yetuk shaxs, ikkinchidan, jamoaning samarali faoliyat yuritishi, rivoj topishiga ko‘mak beruvchi hamda unda hukm surayotgan qadriyatlarga sodiq jamoa a’zosi, uchinchidan, ta’lim-tarbiya beruvchi, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi, jamoada sog‘lom muhit yaratuvchi axloqiy fazilatlarga boy ustoz; to‘rtinchidan, hozirgi zamon rahbari talablarga javob beradigan o‘z kasbini puxta egallash va mahoratini takomillashtirishga doimo intiluvchi mutaxassis, o‘z jamoasiga sodiq, jamoaning manfaatlarini himoya qiluvchi hamda ishini puxta, sifatli va kechiktirmay ijro etuvchi xodim hamdir. Shular barobarida, jamoa va xalqning zamonaviy yetakchisi – fidoyi, mard, qat’iyatli, mustaqil fikr va keng dunyoqarash egasi, mas’uliyatli, tashabbuskor, adolatli, ziyoli, siyosiy chiniqqan, izlanuvchan, so‘zi bilan ishi bir, halol, madaniyati hamda ma’naviyati yuksak bo‘lishi lozim.
Global axborot davri – XXI asr jamiyatning barcha a’zolari, shu jumladan, zamonaviy rahbar kadrlardan ham yangi axborot va Internet texnologiyalardan foydalana bilishi, axborotni kechiktirmay qabul qilishi va qayta ishlashi, xullas, axborot madaniyatiga ega bo‘lishi zarurligini taqozo etmoqda. Zero, hozirda bosh-qaruv sohasidagi kadrlar – zamonaviy rahbarlarning IT (ingl. – axborot texno-logiyalari)dan chuqur bilimga egaligi davlat va jamiyat taraqqiyotining muhim omillaridan biri hisoblanadi.
Bugungi shiddatli axborot oqimida erkin ish yuritish va yaxshi yashash uchun har bir shaxs umumbashariy madaniyatning tarkibiy qismi – axborotni qidirib topish va ishlata bilish madaniyatiga ega bo‘lishi kerak. Insonning axborot madaniyati esa, quyidagi mezonlardan iborat:
– texnik moslamalardan (mobil telefondan kompyuter va kompyuter tarmoqlarigacha) foydalanishni bilish ko‘nikmalari;
– o‘z faoliyatida asosi dasturlardan iborat kompyuter – axborot texnologi-yasini qo‘llashga qodirlik;
– turli manbalar: vaqtli matbuot, elektron kommunikatsiyalardan axborotni tanlay olish va uni baholashi; ma’lumotni tushunarli taqdim etish va samarali istifoda qilish mahorati;
– axborotni tahliliy qayta ishlash va yangi sifatli axborotni yarata olish qobiliyati;
– turfa xil axborot bilan ishlash mahorati;
– o‘z faoliyat doirasidagi axborot oqimlarining xususiyatlaridan xabardor bo‘lish;
– shaxsiy axborot-qidiruv tizimlari yaratish;
– informatsion aloqa bog‘lash qobiliyati va kompyuter bo‘yicha savodxonligi;
– axborotga bo‘lgan ehtiyojini aniq ifoda eta bilish;
– informatsion resurelarda kerakli axborot qidiruvini samarali olib borish. Tig‘iz axborotlashgan jamiyat hozirgi rahbarlar zimmasiga yangi – axborot va informatsion texnologiyalar bilan ishlash vazifasini yukladi. Rahbarning axborot madaniyati ishni tashkil qilish va kasbi bilan bog’lik faoliyatini takomillashtirish-ning yangi, aqliy-axboriy usulidir.
Zamonaviy rahbar kadrlarga qo‘yilayotgan talablar ko‘lami ortib bormoqda. Bunga sabab davlat va xo‘jalik boshqaruvida demokratiyaning chuqurlashib borayotganligi hamda globallashuv jarayonining tezlashayotganligidir.
Hozirgi zamon rahbari nafaqat yuksak bilim va madaniyatda, balki amaliy faoliyatda ham atrofdagilarga ibrat bo‘lishi zarurligi taqozo etilmokda. Chunki bu bilan rahbar: 1) muayyan ijtimoiy guruhga ta’sir ko‘rsatadi; 2) har qanday vaziyatda ham hal qiluvchi qaror qabul qila oladi; 3) odamlarda kelajakka ishonch uyg’otadi. Rahbar har tomonlama yetuk shaxs bo‘lishi uchun u, eng avvalo, bu masalada asosiy omil sifatida demokratik qadriyatlarga tayanishi lozim,
Demokratik qadriyatlar nafaqat jozibaliligi bilan, balki rahbarning ish samaradorligini oshirish asosi ekanligi bilan diqqatni tortadi. Bizning nazarimizda, rahbarning yetukligini aniqlash va baholashda quyidagi uch demokratik qadriyatning ahamiyati katta:
1. Insonni qadrlash.
2. Oshkoralik.
3. Mas’uliyatlilik.
Insonni qadrlash rahbar uchun muhim omildir. Negaki, rahbar o‘z faoliyati davomida uch toifa kishilar bilan munosabatga kirishadi: 1) o‘z qo‘li ostidagi xodimlar bilan; 2) murojaat qiluvchi fuqarolar bilan; 3) tashkilot hamkorlari bilan. Bu toifa kishilari odatda diqqat va e’tibor bilan munosabatda bo‘lishni taqozo etadi. Shu sababli rahbar faoliyatida inson manfaatlarini ustuvor qo‘yish bilan insonni qadrlashga erishish mumkin. Buning uchun rahbar shaxsda vakolat, huquq va imkoniyat bor.
Kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, inson manfaatlarini ustuvor qo‘ymaslik rahbarga nisbatan ishonchsizlikning paydo bo‘lishiga olib keladi. Shu sababli mutaxassislar rahbarning “insonshunos bo‘lishi” masalasini ilgari suradilar. Bunda insonga nisbatan mehr bilan munosabatda bo‘lish muhim. Insoniy munosabat ko‘rgan har bir kishi muammosi hal bo‘lmasa ham rahbarga nisbatan iliq munosabatda qolishi tajribada sinalgan.
Rahbar yetukligida oshkoralik ham muhim ahamiyatga ega. Bunda rahbar: 1) o‘zgalarga murojaatda; 2) qaror qabul qilishda; 3) jamoani uyushtirishda oshkora yo‘l tutishi kerak. Oshkoralik rahbar faoliyatida qonuniylikning ta’minlanishiga olib keladi. Chunki bunda rahbarning ish uslubi va faoliyati ochiq-oydin namoyon bo‘lib turadi. Unga nisbatan o‘rinsiz shubha qilish yoki xavfsirash kabi illatlar ildiz otmaydi. Chunki bunday sharoitda rahbarning faoliyat jarayoni barchaning “ko‘z o‘ngida kechadi”.
Rahbar yetukligining yana bir mezoni uning mas’uliyatliligidir. Aslida mas’uliyat rahbar uchun eng muhim demokratik qadriyat hisoblanadi. Rahbar mas’uliyati quyidagi jihatlarda namoyon bo‘ladi: 1) mavjud muammoga yechim topish; 2) tashkilotni oqilona boshqarish; 3) oldindan tashkilot istiqbolini ko‘ra olish. Mas’uliyat rahbardan sutkasiga o‘n olti soat ishlashni va muntazam izlanishni taqozo etadi.
Olimlarning fikricha, mas’uliyatli rahbar faoliyatida samaradorlik darajasi yuqori bo‘ladi. Buning uchun rahbar o‘z ishiga ishtiyoq, ilhom va qiziqish bilan kirishishi lozim. Bu xususiyatlar rahbarning botinida bo‘lishi kerak.
Zero, insonni qadrlash, oshkoralik va mas’uliyat kabi demokratik qadriyatlar rahbar yetukligi uchun zaruriy omillardir. Bu qadriyatlar ideal emas, ularni o‘zlashtirish mumkin. Ayrim rahbarlarimizda buning uchun qunt, hafsala va intilish yetishmaydi. Vaxolanki, bu illatlardan qutilish davr talabidir. Bundan tashqari, mazkur demokratik qadriyatlar milliy g’oyamizning negiz-asoslarini tashkil qiladi. Yurt tinchligi, Vatan ravnaqi va xalq farovonligini ta’minlashda rahbarning demokratik qadriyatlarni nechog‘lik o‘zlashtirganligi alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Zamonaviy jamiyatda rahbar yetukligini baholashda demokratik qadriyatlarga asoslanish hozircha maqbul yondashuv bo‘lib qolmoqda. Chunki demokratik qadriyatlar boshqaruvni insonparvarlashtirish, siyosiy va axloq qoidalariga uyg’un rioya qilish, istalmagan muammolarni o‘z vaqtida hal qilishning muhim omili bo‘lib qolmoqda.
Yuqoridagilardan xulosa qilib aytganda, rahbarning demokratik qadriyatlarni o‘zlashtirishi va unga amal qilishi nafaqat tashkilotning, balki jamiyatning ham imijini ta’minlovchi omil bo‘lib xizmat qiladi. Bu holni idrok qilish esa hamon dolzarbligicha qolayotganligi barchamizga ayon haqiqatdir.
Mustaqillikning ilk davrlaridanoq “Kadrlar tayyorlash milliy dasturini ishlab chiqish bilan bog‘liq jarayon uzoq yillar mobaynida bu sohada talay muammolar yig‘ilib qolgaini ko‘rsatdi”. Shuningdek, keyingi yillarda mamlakatda rahbar kadrlar tayyorlash va tanlash tizimini shakllantirish borasida olib borilgan islohotlar, bu sohaga doir qabul qilin-an huquqiy-meyoriy asoslar ham muhim ahamiyat kasb etdi.
Respublikamizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xalq xo‘jaligining barcha sohalarida, avvalambor, kadrlar va rahbar kadrlar tayyorlash, ayniqsa, bozor sharoitiga tez moslasha oladigan zamonaviy, fikri teran va mas’uliyatli kadrlar tayyorlash muhim ahamiyatga ega.
Jamiyatimizda islohotlarni jadallashtirish, huquqiy demokratik va fuqarolik jamiyati qurish, davlat boshqaruvining samarali tizimini shakllantirishda rahbar kadrlar tayyorlash tizimini isloh qilish taqozo etiladi. Rahbar kadrlar tayyorlash siyosati – kuchli demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati barpo etish va pirovardida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining turmush farovonligini oshirish vazifalari bilan chambarchas bog’liq.
Har bir sohani boshqarishda rahbar kadrlar qanday bo‘lishi, o‘z funsional vazifasini har tomonlama to‘g’ri bajarib, xodimlar, jamoa oldida barcha masalalarni mukammal bajara olishi to‘g‘risida aniq qolipga solingan qonun-qoida yoki tartib ishlab chiqilmagan bo‘lsa-da, rahbar kadrlar asosiy e’tiborni nimalarga qaratishi kerakligi, u qanday xislat va fazilatlarni o‘zida shakllantirishi lozimligi to‘g‘risida buyuk mutaffakirlar, donishmandlar va davlat arboblarning o‘gitlariga amal qilinsa, juda katta yutuqqa erishgan bo‘lamiz.
Ma’lumki, mamlakatimizda bugungi kunda davlat va xo‘jalik boshqaruvida faoliyat ko‘rsatish uchun oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlaydigan 70 dan ortiq institut va universitetlar mavjud. Shuningdek, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirishga ixtisoslashgan 20 dan ortiq akademiya va institutlarda turli markazlar, fakultetlar va kurslar faoliyat yuritib kelmoqda. Ushbu muassasalar va markazlar, birinchidan, mavjud talabni to‘liq qondirishga yetarli emas, ikkinchidan, ularning aksariyati umumiy ma’lumotlar berishga ixtisoslashgan yoki bir necha kunlik ma’ruza va seminarlar o‘tishga mo‘ljallangan.
Bundan tashqari, oliy ta’limdan keyin davlat va xo‘jalik boshqaruvi tizimida ishlayotgan kadrlarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash uchun boshqaruv tizimida faoliyat yurituvchi rahbar kadrlarni tayyorlashga mo‘ljallangan muassasa – 1995-yildan Prezidentimiz tashabbuslari bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan davr mobaynida Akademiyada tahsil olib, bugungi kunda xalq xo‘jaligining barcha tarmoqlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda rahbarlik lavozimlarida ishlayotgan kadrlarning o‘rni alohida ahamiyatga ega. Shu bilan birga, bugungi kunda tarmoq va hududlarda professional boshqaruv kadrlarining yetishmasligi jamiyatning asosiy muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Respublikamizda boshqaruv tizimidagi rahbar kadrlar faoliyatiga baho berilganda qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati tizimlari bo‘yicha qaraydigan bo‘lsak, aksariyat hollarda ijro etuvchi hokimiyatga ko‘proq murojaat qilinadi. Buning asosiy sabablari:
– birinchidan, ijro hokimiyati tizimida boshqaruv rahbar kadrlari soni ko‘pchilikni tashkil etishi, ya’ni qariyb 160 mingdan ortiq boshqaruv apparati xodimlari mavjud bo‘lib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 150 nafar deputat, Oliy Majlis Senatida 100 nafar senator faoliyat ko‘rsatadi. Sud hokimiyati tizimida asa respublika bo‘yicha qariyb 1000 nafardan ortiqroq sudyalar faoliyat yuritadi;
– ikkinchidan, ijro etuvchi hokimiyatning, asosan, o‘rta va quyi bo‘g‘inlarida mas’uliyatli, izlanuvchan zamonaviy rahbar kadrlarga bo‘lgan talab ortib bormoqda;
– uchinchidan, qonun chiqaruvchi hokimiyat tomonidan chiqarilgan qonunlar, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlari, hukumat qarorlari, farmoyish va boshqa meyoriy hujjatlar ijrosini ta’minlashda ijro etuvchi hokimiyat tizimidagi rahbar kadrlarning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi o‘rni juda muhim.
Mehnatsevarlik – shaxs mehnatining ham sifat, ham miqdor jihatdan unumdor bo‘lishini ta’minlaydigan sifat. Bu sifat shaxsning mehnatga ijobiy munosabati, mehnat jarayonidagi g‘ayrat-shijoati kabilarda namoyon bo‘ladi. Psixologik jihatdan esa mehnatsevarlik mehnatga bo‘lgan ehtiyojning shakllanishi, mehnatdan qoniqish va lazzatlanish hissi mavjudligini taqozo qiladi.
Agar rahbar mehnatsevar bo‘lmasa, u boshqalardan mehnatsevarlikni talab qilsa-da, uning natijasi bo‘lmaydi. Rahbar mehnatsevar bo‘lishi bilan birga, bu sifatni xodimlarda majburiy yo‘l bilan shakllantirilishi mumkin emasligini, ya’ni majburiy mehnatni qalbdan his etib, bajara olmasligini bilishi lozim. Xodimlarga mehnat jarayonida, jamoada erkinliklar yaratilgan taqdirdagina ularda mehnatsevarlik xususiyati shakllanishi mumkin.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki;
– birinchidan, O‘zbekiston mustaqillik yillarida davlat hokimiyati institutlari bilan shaxs o‘rtasidagi munosabatlarni yangicha siyosiy negizda tashkil etdi. Shaxs manfaatining ustuvorligi uning muhim demokratik tamoyilidir;
– ikkinchidan, davlat hokimiyati tarmoqlarining mustaqil faoliyat yuritishi uchun tegishli huquqiy asoslar yaratilib borilayotganligi fuqarolarning davlat qurilishi sohasida erkin, demokratik asosda ishtirok etish hamda o‘zining haq-huquq va manfaatlarini himoya qilishida siyosiy shart-sharoit yaratmoqda;
– uchinchidan, davlat hokimiyati institutlarining nomarkazlashuvi amalga oshirilmoqda. Bu joylarda mahalliy davlat hokimiyati va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining vakolatlarini kengaytirish orqali ularning siyosiy faoliyatini oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda;
– to‘rtinchidan, fuqarolik jamiyatiga xos demokratik, nodavlat notijorat institutlari ko’paymoqda. Ularning fuqarolar manfaatlarini himoya qilishdagi ta’siri ortib bormoqda hamda ular davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etib, qarorlar qabul kilishda ijobiy ahamiyat kasb etadi va inson taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |