I-BOB. SHE’RIY SAN’ATLAR.
Mumtoz adabiyotda she’riy san’atlar xususida.
Sharq olamida azaldan adabiyot – so‘z san’atiga alohida nazar bilan qaralgan. Jahon mumtoz adabiy xazinasining o‘zining beqiyos ilmlari bilan boyitgan sharq she’riyati boy nazariy bilimlariga egadir. Sharq she’riyatida, jumladan, arab, fors va turkiy she’riyatning o‘rni salmoqlidir. Adabiyotning ma’lum qonun-qoidalari jamlangan fan sifatida shakllanishi bir necha asrlar oldin boshlangan bo‘lib, xususan, badiiy asarning mohiyati va qonuniyatlarini tahlil qilishga bag`ishlangan ilmiy va nazariy asarlar paydo bo‘la boshlagan. Shu tariqa badiiy adabiyotning, xususan, she’riyatning muhim qonuniyatlarini tadqiq etib, umumlashtirib beruvchi adabiyot nazariyasi ham vujudga kelgan. Adabiyotning nazariy masalalari poetikaga doir maxsus risolalardagina emas, balki turli tazkiralarda, nomalarda, dostonlarning debochalarida va boshqa adabiy-tarixiy manbalarda katta o‘rin olib kelgan. Adabiyot nazariyasiga doir maxsus yaratilgan asarlarning deyarli barchasi, asosan, poetik masalalarga bag`ishlangan. Umuman adabiyot nazariyasi uch mustaqil sohaga bo‘lib o‘rganilgan. Bular quyidagilardir:
1) ilmi aruz she’rdagi vaznlar va ularning qonun-qoidalari haqiida bahs yuritiladi;
2) ilmi qofiya qofiya qonuniyatlari hamda turlari to‘g`risida ma’lumot beradi;
3) ilmi bade’ (bade’-arabcha yangi, ajoyib, nodir demakdir) – fikrni ravon va nafis ifodalash yo‘llari va vositalari, badiiy san’atlar (uslublar, vositalar)ning turlari hamda xususiyatlari kabi masalalarni o‘z ichiga oladi.
Tarixiy poetikaga doir bizga ma’lum asarlar turli davrlarda yaratilgan bo‘lib, ular poetikaning muayyan masalalariga bag`ishlangan. Xususan, ularning ba’zilarida tarixiy poetikaning har uchala qismini, ayrimlari faqat aruz yoki qofiya yohud badiiy san’atlar tahliliga bag`ishlangan. Ilmi badi’ – aytilgan gapni vaziyatga muvofiq ravishda bezash, go‘zal shaklga keltirish, nutqq bezak beruvchi san’atlar, ularning o‘ziga xos jihatlari, tasniflanishi, nutqning estetik funksiyasini oshirish, fikrni go‘zal va mazmunli ifodalash kabi masalalarni o‘rganuvchi ilm. Bu ilm yana “badiiy bezovchi vositalar” deb ham ataladi. Ilmi badi’ ba’zan lafz, ba’zan esa ma’no bilan bog`liq bo‘ladi. Shu xususdan ular ma’noni bezovchi vositalar va nutqani bezovchi vositalar deb nomlanuvchi ikki turga bo‘linadi. Biz quyida faqat ilmi bade’ga oid manbalar haqida qisqacha ma’lumot beramiz.
Ming yillar davomida shakllanib, san’at nomini olgan badiiylik vositalari faqatgina she’r bezagi emas, balki shoir niyatini o‘quvchiga yetkazuvchi vosita, muallifning rangin tuyg`ular olami haqida tasavvur beruvchi manba yoki shoir ko‘nglini kitobxon didi va zavqi bilan bog`lovchi rishta ham sanaladi . Ana shu ma’noda she’riy san’atlar mumtoz adabiyotshunoslikda ilmi badi’ nomi bilan sharaflangan va unga ilmi adab tarkibiga kiruvchi mustaqil ilm turlaridan biri deb qaralgan. Badiiy san’atlar mumtoz adabiyot va mumtoz she’riyatimizning asosi hisoblanadi. Ular namiy asarlarning tub mag`zini yoritib beruvchi, she’rni go‘zallashtiruvchi, unga chiroyli ma’no beruvchi va she’rni she’r qiluvchi muhim vositalardir. She’riy san’atlar she’rning faqat shakily bezagigina yoki unga kutilmagan ma’no yuklash vazifasinigina bajarilb qolmay, balki ularning misra-yu baytlarda kelishi shoir aytmoqchi bo‘lgan ma’noni o‘quvchiga yetkazishga ko‘maklashuvchi va muallif yuragidan o‘tkazgan tuyg`ularni o‘zgalar ham his qilishiga yordamlashuvchi “kalit so‘zlar”dir. She’riy tasvir vositalari yaqin o‘tmishda paydo bo‘lib qolgan emas. Ularning yaratilishi “Avesto” va “O‘rxun-Enasoy manbalari davrlariga va undan ham avvalgi paytlarga borib taqaladi. Bunga esa qadimgi davr xalq og`zaki ijodi namunalari misol bo‘la oladi. “Devoni lug`ati turk” asaridagi she’riy parchalarda ham she’riy san’atlar uchqinlari namoyon bo‘ladi. “Badiiy san’atlar haqidagi ilmiy risolalar johiliya davrida yoki ilk islom xalifalari zamonida shakllanganiga qaramay, bu san’atlar xalq zakovati badiiy balog`atining belgisi sifatida qadimdan mavjud bo‘lgan”1
She’riyatga doir ilmiy asarlar avval arablarda, keyin forslarda va undan keyin turkiy xalqlarda yaratilgan bo‘lib, bularning barchasi bir-biridan ozuqa olib rivojlanib borgan. Dastlabki yaratilgan risolalarda yagona an’ana mavjud bo‘lgan: poetikaga doir kitoblarda badiiy san’atlarning yuksak namunalari Qur’oni karim va Hadisi sharifdan keltirilgan. Jumladan, arab mumtoz poetikasining poydevori hisoblangan Abdulloh ibn Mu’tazning “Kitob ul-bade’” risolasida Qur’on “kitoblarning onasi” deya atalib, misollar shu muqaddas kitobdan keltiriladi. Keyingi davrlarda yaratilgan Nasr ibn Hasanning “Mahosin ul-kalom” (“Go‘zal so‘zlar”), Qudama ibn Ja’farning “Naqd-ush-she’r” (“She’r tanqidi”) asarlarida ham shu jihat ustuvor bo‘lgan. Arab olimlarining she’r nazariyasi bo‘yicha yaratgan asarlari O‘rta Osiyo va Xurosonda ham shu sohada jiddiy ishlar qilishga ilhomlantirgan.
Bu yo‘nalishdagi forsiyda bitilgan risolalarning ibtidosi Umar Rodiyonning “Tarjimon ul-balog`a” (“Balog`at tarjimoni”) asari sanaladi. Muallif haqida deyarli ma’lumot uchramaydi, birgina ushbu asari bizgacha yetib kelgan. Faqat shu asar orqali muallifning XI asrning ikkinchi yaarmida yashaganligini bilishimiz mumkin. Umar Rodiyonning nomi Rashididdin Vatvot, Yoqut Hamaviy, Davlatshoh Samarqandiy, Hoji Xalifa, Lutf Alibek Ozar, Rizoqulixon Hidoyat asarlarida hurmat bilan tilga olingan. Muhammad Umar Rodiyon muqaddimada for tilida bunday asar yo‘qligi tufayli uni yozishga kirishganligini, sanoe’ ilmi haqida arab tilida yozilan Imom Nasr ibn Hasan Marg`inoniyning “Mahsan ul-kalom” (“So‘z go‘zalliklari”) asariga tayanib yozganligini aytib o‘tadi. Ulardan keyin yashagan avlodlarda ham o‘zlaridan oldin yashagan ijodkor asarida ozuq olish an’anasi mavjud bo‘lgan.
Nasr ibn Hasanning “Mahosin ul-kalomi” va Muhammad Umar Rodiyonning “Tarjimon ul-balog`a” asarlari bilan tanishib chiqqan xorazmshohiylarning saroy shoiri bo‘lgan Rashididdin Vatvotning “Hadoyiqu-s-sehr fi daqoyiqu-sh-she’r” (“She’r nazokatidan yaratilgan sehrli bog`lar”) nomli ellik besh bobdan iborat bo‘lgan asarining har bir bobi bir poetik san’atga bag`ishlangan va ilovada sakkizta san’at haqida to‘xtaladi. Qisqa qilib aytadigan bo‘lsak, olim arab va fors she’riyatidagi 63ta san’atning tabiatini o‘rganadi va ularga “Qur’oni Karim”, “Hadis” so‘ngra esa arab va fors shoirlari ijodlaridan namunalar (arab adiblaridan 305ta, forslardan 209ta) keltiradi. Ammo bir jihat ham o‘rinli bo‘lib ijodkorlar badiiy san’atlarni keltirishda ularni ma’naviy va lafziy kabi guruhlarga ajratmagan holda ta’riflaydi. Bundan tashqari fors tilida badiiy san’atlar tasnifiga bag`ishlangan Husayn Voiz Koshifiy, Shams Faxriy, Toj Xalaviy va Sharaf Ramiyning asarlari ham yozilgan edi.
Forsiy adabiyotda badiiy san’atga bag`ishlangan asarlarning eng mukammalini Atoulloh Husayniy “Badoye’u-s-sanoye” (“San’at yangiliklari”) ni yaratdi. Asarda jami bo‘lib, 220dan ortiq san’at turlarini farqlagan va ularni lafziy, ma’naviy va lafziy-ma’naviy kabi uch guruhga taqsimlab, har biriga izoh bergan. Bu asar va uning muallifi haqida Alisher Navoiy o‘zining “Majolisu-n-nafois” asarida “…ammo sanoyi’da kitobe tasnif qilibdur “Badoyi’-i Atoiy” ga mavsumdur…”2 deb yozadi. Buyuk bobokalonimiz A.Navoiyning ta’rifidan ham bilsak bo‘ladiki, bu kitobni yuqori baholaganligining isboti bo‘ladi. Balog`at ilmining rivojiga munosib hissa qo‘shgan bu asar XV-XVI asrlarda yaratilgan. Muallif bu asarda balog`at san’atlarini “Miftoh ul-ulum”da uchramagan o‘ziga xos uslubda tasniflaydi.
Turkiy tildagi poeikaga oid XV asrning eng noyob durdonalaridan biri Shayx Ahmad Taroziyning “Funun ul-balog`a (“Balog`at fanlari”) asarida forsiy “ilmi badi” lar tajribasi umumlashtirilgan, asarda tahlilga tortilgan san’atlar sonining ortishi bilan she’riyat namunalarining badiiyati ham chuqurlashib, mavzu va janr doirasi kengayib brogan. Shayx Ahmad Taroziyning ulkan xizmatlaridan biri, u o‘z asarini turkey tilde yozish bilangina cheklanib qolmay, ayni shu tilde ijod qilgan ellikdan ortiq shoir va nosirlarning sara asarlaridan namunalar keltirgan. Asarda umumiy ta’rifdan so‘ng misol berilmagan o‘rinlar ham mavjud bo‘lib, bunday holatlarda muallif o‘z ijodidan namunalar keltiradi. Taroziy o‘z davri adabiy muhitidagi kamchiliklarni anglagan holda shunday deydi: “…Ammo ko‘p kishi bu tariqada necha ta’rif qilibturlar va lekin hech kimarsa nazmning tamom fununin berarda jam’ qilmaytur. Va yana bu sababda rag`bat havasi g`olib bo‘lib, havas dilbarini ko‘ngil pardasindin bu tariq yuz ko‘rguzdikim, nusxa qalamga keltursakim, nasr va nazmning jam’ qavoyid va aqsomig`a mushtamil bo‘lsa, to har kim balog`atqa moyil va fasohatqa qobil erur, foyda olsa”3. Ahmad Taroziy badiiy san’atlarni lafziy va ma’naviy turlarga ajratmaydi, 90dan ortiq tasvir vositalari alifbo tarzda izohlanaveradi. Shunday bo‘lsa-da, Ahmad Taroziyning “Funun ul-balog`a” asari turkey tilde yozilganiligi bilan ajralib turadi. Badiiyat nuqtayi nazardan esa Atolloh Husayniyning forsiyda yozilgan “Badoyi’u-s-sanoyi” asarida she’riy san’atlar batafsilroq bayon etilgan.
Ilk davrlarda yaratilgan asarlar haqida so‘z yuritdik, endilikda XX asrning boshlarida ilmi badi’ga bag`ishlangan asarlar haqida ham to‘xtalib o‘tamiz. Bu o‘rinda Abdurahmon Sa’diyning “Amaliy ham nazariy adabiyot darslari”, Fitratning “Adabiyot qoidalari” asaralari misol bo‘la oladi. Har bir san’at haqida berilarkan, uning qisqa ta’rifi bilan misol keltirish va ayrim o‘rinlardagina bu misollarni sharhlash urf bo‘lgan. XX asr o‘zbek navoiyshunoslari Oybek va Maqsud Shayxzoda, Izzat Sulton va Alibek Rustamovlarning risola va maqolalarida Navoiy “ijodxonasida”gi go‘zal unsurlar sifatida she’riy san’atlarga murojaat qilingan.
XX asr oxiri XXI asr boshlarida ham bu xususida yurtimizda bir qancha asarlar yaratildi: T.Boboyevning “She’r ilmi ta’limi” (1996), A.Hojiahmedovning “She’riy san’atlar va mumtoz qofiya” (1998), “She’r san’atlarini bilasizmi?” (2001), V.Rahmonovning “She’r san’atlari” (2001), Y.Is’hoqovning “So‘z san’ati so‘zligi” (2006), “So‘z san’ati so‘zligi” (2014) kitobi to‘ldirib qayta nashr etilgan. Shu kabi kitoblarni misol tariqasida keltirsak bo‘ladi. Avvalo, bu kitobda keltirilgan san’atlar soni turlicha. T.Boboyev kitobining “She’r san’atlari” bo‘limida 20 ta san’atga to‘xtalinsa, A.Hojiahmedov 48 ta (qofiya san’atlari bilan birga) san’atga izoh beradi, V.Rahmonov 76 ta (qofiya an’atlari va harfiy san’atlar bilan birga), Y.Ishoqov asarida esa 45 ta(keyingi nashrida 54 ta)4 nomdagi badiiy san’atlar izohlangan5.
Umuman olganda, she’riy san’atlar, ilmi badi’ga oid turli davrlarda yaratilgan manbalarda turlicha ko‘rsatilgan. Y.Is’hoqovning “So‘z san’ati so‘zligi” asarining muqaddimasida shular xususida to‘xtalib, quyidagilarni bayon etadi: “Muhammad binni Umar Roduyoniyning “Tarjimon ul-balog`a” asarida 73ta, Nizmiddin Ahmad binni Muhammad Soleh Siddiqiy Husayniyning “Majmaa us-sanoye” asarida 80 ta, Vohid Tabriziyning “Jam’i muxtasar” asarida o‘nlab, Xusrav Dehlaviyning nasr qoidalari haqidagi ikki jildlik kitobida esa yuzlab san’atlar haqida ma’lumoti berilgani aytilgan”6.
Badiiy san’atlar xususida keltirilgan kitoblar bisyor ulardan badiiy san’atlarga batafsil ta’rif berilgan asarlardan Atoulloh Husayniyning “Badoyi’u-s-sanoyi” asari barchasidan ajralib turadi. Asar forschada yozilgan bo‘lsa-da, Ahmad Tabriziyning turkiy tilda yozilgan “Funun ul-balog`a” asariga nisbatan badiiy san’atlar soni ko‘p va ularga ta’rif berishda batafsilroq bayon etadi. Endilikda badiiy san’atlarni shu asarda berilganlariga to‘xtalib o‘tsak, asar ma’lum qismlarga bo‘linib, ketma-ket izohlanadi. Atoulloh Husayniy kitobi boshida aruzga to‘xtaladi-da, so‘ng san’atlar haqidagi so‘zni muxtasar “tamhid” – umumiy tushuncha berishdan boshlaydi: “Bilgilkim, arabning fasohat-u balog`at ahli nutq go‘zalliklarini ikki nav deb bilibturlar. Birinchi nav’i zotiy go‘zalliklardurkim, dilbarlarning tabiiy xusni yanglig`dir va ikkinchi nav’i oriziy go‘zalliklardurkim, alardag`i ko‘rsatma bezaklar singaridur. Birinchi nav’ining bayonini “balog`at ilmi” derlar va bahslarning ko‘plig`i sababidin ani ikki ilm qilipturlar. Biri ma’oniy ilmi va ikkinchisi bayon ilmidurbayon ilmidur. Ikkinchi nav’i balog`atga tobe derlar va bahslarining balog`at ilmig`a nisbatan ozlig`i sababidin ani bir ilm qilipturlar. Ul badi’i ilmidur…”7 Shuni bilishimiz mumkinki, Atoullloh Husayniy bad’i ilmi balog`at ilmiga tobe demoqda, ya’ni agar balog`at ilmi umuman nutqni o‘rgansa, badi’ ilmi nutqning bezaklarini o‘rganadi. Boshqacha aytsak, umuman, nutq bilan badiiy nutq o‘zaro butun qism munosabati bilan bo‘g`langani kabi, balog`at va badi’ ilmlari ham o‘zaro butun-qism aloqasidandir.
Yuqorida ko‘rganimizdek Atoulloh Husayniy asarida avval aruz haqida to‘xtalib, so‘ngra badiiy san’atlarni 3 guruhga bo‘ladi. Bular: Birinchi san’at lafziy san’atlar deb yuritiladi: Lafziy san’atlarning asosi shuki, so‘zlarni ma’noga tobe qiladi. Umuman aytganda esa, nutq shunday bayon etiladiki, ma’noni tushunishga, uning latofatiga, tarkibi sog`lomligiga hech bir halal bermaydi. Ushbu guruhga Atoulloh Husayniy quyidagilarni sanab o‘tgan: tarsi’, tajnisli tarsi, tajnis, rad-ul ajz mina-s-sadr, qalb, saj, mumosala, tashtir, tajziya, aks, tardid, tashri’, zulqofiyatayn, tavshih, talavvun, tarofuq, mulamma, muqatta, muvassal, raqto, xayfo, jami’ul huruf, hazf, e’not, murabba, mutazalzil va boshqa san’atlarni kiritib o‘tadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |