Amal qilish sohasi 9. Mazkur BHMS ro‘yxati mazkur standartning 12-bandida keltirilgan umumiy maqsadlarga mo‘ljallangan moliyaviy hisobotlarni tayyorlashda qo‘llaniladi. Ushbu standartdan ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning moliyaviy hisobotini tayyorlashda ham, konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotni tuzishda ham qo‘llash zarur.
10. Mazkur BHMS quyidagilarga qo‘llaniladi:
10.1. Hisob siyosatini shakllantirish bobida — mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga;
10.2. Hisob siyosatini yoritib berish bobida — qonun hujjatlariga, ta’sis hujjatlariga muvofiq yoki o‘z tashabbusi bilan moliyaviy hisobotini e’lon qiluvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga.
11. Mazkur BHMS banklar, budjet va sug‘urta tashkilotlarining moliyaviy hisobotni tuzish tartibiga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Moliyaviy hisobot tarkibi 12. «Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq yillik moliyaviy hisobot quyidagi hisobotlarning umumiy shakllaridan iborat bo‘ladi:
12.1. Buxgalteriya balansi — 1-shakl;
12.2. Moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobot — 2-shakl;
12.4. Pul oqimlari haqidagi hisobot — 4-shakl;
12.5. Xususiy kapital to‘g‘risidagi hisobot — 5-shakl;
12.6. Izohlar, hisob-kitoblar va tushuntirishlar.
13. Davriy (choraklik) hisobotlar tarkibi yillik hisobotdan hisobotlar shakli sonining kamligi bilan farq qilishi mumkin.
Qo‘shimcha axborotlar (izohlar, hisob-kitoblar, tushuntirishlar) 14. Turli xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatining ko‘p qirraliligi hisobga olganda, moliyaviy hisobotlar foydalanuvchilarni iqtisodiy qarorlar qabul qilish uchun zarur bo‘lgan barcha axborot bilan ta’minlay olmaydi. Shuning uchun yillik moliyaviy hisobotlarga qo‘shimcha ravishda ma’muriyat tomonidan tuziladigan moliyaviy sharh kiritilib, unda xo‘jalik yurituvchi sub’ekt moliyaviy faoliyati va moliyaviy holatining asosiy belgilari tushuntirib beriladi va ular duch kelayotgan asosiy noaniqliklar bayon qilinadi.
Bu sharhda xo‘jalik yurituvchi sub’ektning faoliyati natijalariga, faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlash uchun investitsiya siyosatiga, jumladan joriy davrda va kelgusi davrlarda dividendlar siyosatiga ta’sir qiluvchi asosiy omillar yoritib beriladi, xususan:
14.1. Xo‘jalik yurituvchi sub’ektni moliyalashtirish manbalari va risklarni boshqarish;
14.2. Xo‘jalik yurituvchi sub’ekt ishlab turgan tashqi muhitdagi o‘zgarishlar va bu o‘zgarishlarga uning munosabati hamda ularning sub’ekt faoliyatiga ta’siri;
14.3. Foydalanuvchilar qaror qabul qilishi uchun boshqa muhim axborotlar.
15. Qo‘shimcha axborotni taqdim etish. Tushuntirishlar, izohlar va hisob-kitoblar xo‘jalik yurituvchi sub’ekt tomonidan maxsus shaklda yoki erkin shaklda taqdim etiladi.