1 bob. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida tarixiy va ijtimoiy iqtisodiy ahvol.
1.1.Buxorodagi ijtimoiy – siyosiy vaziyat va jadidchilik.
Mamlakatimiz tarixidagi yangi sharoit uning o’tmishini baholashda yangicha yondashuvlarni talab etmoqda. Bu borada tarixchilar oldida keng yo’l mavjud. Mustaqillik bunday ishlarga erkinlik bag’ishlab, barcha davr va zamonlar tarixiy haqqoniy yoritishda har qanday mafkuraviy nazorat va tahdidning qattiqqo’l qoliplaridan ozod etish imkonini berdi. Biroq matbuotda omma e’tiboriga havola etilayotgan ayrim fikrlar o’zining mantiqiy asos-lardan yiroqligi jihatidan, faqat hissiyotlar, soxta vatanparvarlik tuyg’ulari asosiga qurilganligi sababli, mulohazali holatni tug’dirmoqda. Bu hol, Buxoro tarixidagi jadidchilikning rolini baholashga ham tegishlidir. Keyingi paytlarda, Buxorodagi amir hukmronligi jadidlar tomonidan yo’q qilib yuborilgan va ularning faoliyati XX asr boshlaridagi Buxoro iqtisodiyoti, madaniyati va diniy ishlariga ulkan talofat yetkazgan, degan fikrni ham eshitishga to’g’ri kelmoqda. Bu xildagi mulohazalar va ularni ma’qullash yoki rad etish uchun Buxoroda XIX - XX asr boshlarida, ahamiyati jihatidan butun bir tarixiy davrga teng keladigan jarayonlar kechgan zamonda nimalar ro’y berganini anglab yetish kerak.
Men, o’z mulohazalarimni, birinchi galda, Buxoro tarixiy jarayonlariga bevosita aloqador bo’lgan va ularni yozib qoldirgan kishilar guvohligi asosida bayon etmoqchiman. Buxoroning bu davrdagi tarixi haqida so’z yuritgan tarixchilar, eng avvalo, tabiiy va anik fanlardagi chuqur bilimi uchun muhandis deb atalgan, ulug’ ma’rifatchi olim va shoir Ahmad Donish asarlariga suyanishadi. Ma’lumki, u madrasa ta’limini olgach, tarix, adabiyot, astronomiya, geometriya, tibbiyot, xattotlik, musiqiy san’at sohalarini mustaqil o’rgangan. O’tgan asrning 50-yillari o’rtalarida amir Nasrulloh saroyida bosh xattot va rassom sifatida ish boshlagan Ahmad Donish 1870 yilda adolatli davlat haqidagi tasavvurlariga mos kelmaydigan xizmatni ixtiyoriy tark etadi. U mazkur voqea haqida shunday yozadi: «... qo’shin va hokimlarga xizmat qilishdagi tartibning yo’qligi tufayli saroyda xizmat qilish menga og’ir va natijasiz ko’rindi, men taklif va e’tirozlarga qaramay, bundan ketdim va madrasaga joylashib, quruq nonga qoniqish hosil qildim»1.
Buxoro amirlari uning chuqur bilimlarшni hisobga olib, Rossiyaga yuborilayotgan elchilar safida uch marta safarga yuboradi. Bu safarlar undaga hukmron doiralarga nisbatan bo’lgan tanqidiy munosabatni yanada chuqurlashtiradi.
Ahmad Donish 70-yillardan to amir Muzaffar vafotiga qadar, uzoq Huzar va Norpay viloyatlarida qozi bo’lib ishlaydi. Bu vazifada ishlash uning Buxoro ijtimoiy tuzilishida sotsial-iqtisodiy o’zgarishlar zarurligi haqidagi pozisiyasini yanada qatiylashtirdi. U «Navodir al-vaqoye» («Nodir voqealar») asarida mavjud tuzumga o’z munosabatini bildiradi va Buxoro xonligida davlat boshqaruvi islohotini taklif etadi. Xususan, uning «Risola» nomi bilan tanish bo’lgan «Risolai tarixi amiri mang’it» («Mang’it amirlari tarixi haqida risola») nomli mashhur asarida mamlakatning yorqin tasviri berilgan bo’lib, boshqaruv tizimi bayoni, xalqlarning axvoli, Rossiya bilan urush masalalari yoritilgan2. Ahmad Donish amir Doniyoldan to Abdulahadgacha bo’lgan (amir Shoxmuroddan tashqari) barcha Buxoro amirlarini davlat va uning fuqarolari farovonligi yo’lida emas, balki faqat o’z shaxsiy manfaati yo’lida qayg’urgan no’noq hukmdorlar sifatida tavsiflaydi. «Ular - deb yozadi u, - nima topishsa, o’shani olib qo’yishar, beva-bechoralar shamchirog’idagi olovdan tortib, vaqf omboridagi g’allagacha o’g’irlashar, qorin g’ami va quvonchu xursandchiliklariga xizmat qilsa bo’ldi edi. Hech kim qarshilik ko’rsatishga jur’at etmasdi. Amirlar va hokimlar orasida qimorbozlik, mayxo’rlik va buzuqchilik avj oldi, dehqon va xunarmandlarda esa shafqatsizlik, ezish, soliqlar, va aminona, vakilona kabi yig’imlar serobligidan na turish, na yurishga hol qoldi»3. Mana shunday hayotdan misollar keltirib, u shunday yozadi: «Agar biror beva bozorga bir to’p ip olib kelib, uni uch fulusga (mahalliy tanga) sotsa, shundan ikki fulusini amin olib qo’yadi, agar biror kishi bir bog’lam o’tinni uch dirhamga sotsa, shundan ikki qismi amin ulushi bo’ladi»4.
A.Donish G’ijduvondan Buxoroga pilla olib kelgan dehqon tilidan qiziq hikoyani keltiradi: «Bozorga kelishim bilan molimni bir necha tarozi tomon tortib ketishdi, 2-3 joyda aminona va joy haqi olishdi, va molimni og’irligini yarmini tushirib o’lchab, uni yarim bahosida belgilandi. Men o’g’rilar tarozisida o’zim ham yo’qolib ketmay deb, qo’rquvda bozordan tezroq chiqib ketishga intildim»5. Bunday vaziyat barcha sohalarda uchrardi. Buxoro uchun o’ta muhim hisoblangan sug’orish sohasida ham o’g’irlik kuchli edi. Shaharga suv kelishidan ancha oldin miroblar haq ola boshlar, u hatto ariq tozalaganlardan ham olinardi. Dehqonlardan odam turmaydigan yerlar uchun ham soliq olinar, to’lamaganlarni qamoqxona xavfi kutardi. Mirshablar haqida gap ketganda, A.Donish so’zicha, ular davlatdan maosh olmagan. Ularga nohaq aholi to’lovlari hisobidan maosh berilgan, tabiiyki, shu bois ular fuqaro manfaatlarini muhofaza qilish o’rniga, hatto, bosqinchilar bilan kelishib, qaroqchilik ham qilardi. Albatta, bu chirik tizimning eng quyi qatori edi. Oliy qator esa saroyda bo’lib, davlat lavozimiga tayinlash pora shaklida, ulkan tuhfa yoki da’vogar lavozimiga go’zal yoshgina qiz tortig’i bilan tayinlangan. Amir Muzaffar davrida amaldorlarning suiste’molchiliklari, hokimlar va amirlarning ochko’zligi, o’z xatti-harakatlarini oqlash uchun diniy qonun-qoidalardan foydalanishi, sxolastik xususiyat kasb etuvchi ta’limning ayanchli ahvoli, davlat mustaqilligini saqlashga yo’naltirilgan aniq tashqi iqtisodiy harakatlarning yo’qligi, mintaqada yangi yerlarni bosib olishga yo’naltirilgan ancha tor intilishlar, xalqning qashshoq ahvoli Buxoro xonligining umumiy manzarasini tashkil etardi. Biroq, Ahmad Donish shunchaki tanqidchi emas edi, Vatanining g’arib ahvolini anglashdek og’ir yuk uning yelkasiga tushgandi. U rivojlangan mamlakatlar haqida yaxlit tasavvurga ega edi, shuning uchun ham Vatanini taraqqiyot yo’liga olib kiradigan yo’llar borligiga va mutaraqqiy ishlarda qobiliyatli insonlar borligiga ishongan.
U islohotlarni muhim hayotiy soha - sug’orishdan boshlashni taklif etadi. «Risola» asarida Kelif va Karki tumanida Amudaryodan sug’orish kanali o’tkazish loyihasini keltiradi. Zarafshonning suvlari Rus-Buxoro urushidan so’ng chor hokimiyati ixtiyorida qolgach, xonlikda suv tanqisligi, qurg’oqchilik yuzaga keldi. Soliq olish esa bundan kamaymadi, aholi qishloqlardan Kazali va ruslar nazorati ostidagi yerlarga ketib qoldi, Bu hol qishloqda sotsial o’zgarishlarga olib keldi. Donishning yozishicha, aholining chorak qismi bu tanazullikni yaxshi anglar edi va bu tartiblardan norozi edi. Xalqning mazkur qismi sepgan uyg’onish urug’lari tufayli, taraqqiyot va jamiyatning to’laqonli rivojiga chaqirgan, jadidchilik deb nomlangan harakat yetilib kelayotgan ediki, Ahmad Donishning o’zi unga asos soldi.
Ahmad Donishning izdoshi Mirza Muhammad Abdulazim Somiy Bo’stoniy o’z davrida fan olamida mashhur bo’lgan. O’rta Osiyoda tuzilgan tazkiralarda uni taniqli tarixchi, adabiyotchi, shoir, xattot va «nutq ustasi» deb ta’kidlashadi. U amir Muzaffar xizmatida bo’ladi va amir Abdulhamid davrida o’n yil munshiy vazifasida ishlaydi. O’tgan asr oxirlari va asrimiz boshlaridagi voqealar guvohi sifatida «Tarixi salotini mang’itiya dor ussaltanai Buxoroi sharif» («Buxoroi sharif saltanatidagi mang’it hukmdorlari tarixi») asarini yozadi. Ushbu asar, ayniqsa, O’rta Osiyoning chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishi tarixi, jang manzaralari, aholining kayfiyati va ahvoli, Dukchi eshon qo’zg’oloni kabilar haqida to’la-qonli tasavvur beradi.
Sovet manbashunosligida bu qimmatli asardan kerakli joyi «yulib» olinib foydalanildi, Somiyning o’zi ruslarga qarshi g’oyalar targ’ibotchisi deb baholandi, «qo’shib olinishning taraqqiyparvar ahamiyati»ni tushunmaslikda ayblandi. Ayni paytda u, nihoyatda vatanparvar va Vatanning haqiqiy farzandi bo’lgani uchun rus qo’shinlarining harakatini bosqinchilik harakati sifatida ta’riflaydi. Rossiya bilan urush chog’ida «vaqei nitor» -«voqealarni kuzatuvchi» vazifasida ishlagan muallif, o’z asarida mamlakatning umumiy texnik va harbiy qoloqligi, tasodifiy kishilardan iborat, ko’pchiligi «o’g’ri, qimorboz, piyanista ... qurol otishini umrida eshitmagan» qo’shinning ahvolini haqqoniy yoritib bergan.
Tarixchilar Somiyning ishdan olinishi va saroydan haydalishi sababini atrofidagi mansabdorlarga va boshqaruv tizimining o’ziga salbiy munosabatida ko’radilar. U she’riy asarlarida maishat va gunoh ishlarga berilgan saroy ayonlari, amirning o’zini ham tanqid ostiga oladi. Bir she’rida «Haqiqat ohanglari zamindan samoga uchdi», deb yozadi u. Xaqiqatni voqelikdan topa olmagan shoirning so’zlari emasmi bu?
Tarixchi Somiyning fikricha, amir Nasrulloh (1826-1860 yillar) davrida boshlangan, Muzaffar (1860-1885 yillar) davrida kuchaygan davlat inqirozi va xalq qashshoqligi, hukmron tizimning buzg’unchilik kuchi amir Abdulahad (1885-1910 yillar) davrida Buxoroni juda og’ir ahvolga olib keladi. Somiyning fikricha, «ba’zi tajribali oqsoqollar Buxoro davlati inqirozi sanasini ushbu amir Nasrulloh taxtga o’tirgan paytdan sanay boshlaydilar va ular o’ylagandek bo’lib chiqdi - amir Bahodirxon o’ttiz besh yil podshoxlik qildi va 1277 (1860(61)) yili dorilfanodan dorilbaqoga rixlat etdi». Uning o’rniga taxtga o’tirgan amir Muzaffar Somiyning yozishicha, «ezish va adolatsizlikda otasidan ham o’tib ketdi... Sekin asta ish shariat qoidalari buzilishiga qadar borib taqaldi». Muallif Rossiya bilan urushdagi mag’lubiyatda Muzaffarxonni ayblaydi, chunki u o’z manfaatlaridan boshqasini o’ylamay, ruslar Toshkentni qamal qilganidan foydalanib, Qo’qonga hujum uyushtiradi. Tarixchi quyidagi qiziqarli dalilni keltiradi: «Avliyo otani kuch bilan olgan nosaro qo’shinlari (polkovnik Chernyayev qo’mondonligida) Toshkentga u yerdan hujum qildi va Shoshni o’rab oldi. Amirlar va Toshkentning barcha aholisi qarshilik ko’rsatishga bel bog’ladi va kurashishga qaror qildi. Ular amir Muzaffarga yordam va butun Buxoro xalqini oyoqqa ko’tarish iltimos qilingan maktubni yullaydi... Ayni paytda nosara qo’shinlari qal’ani huddi uzukdek o’radi, hammayoqni larzaga keltiruvchi zambarak to’plaridan qizg’in o’qqa tutdi. Toshkent aholisi kuchli to’p zarblaridan qarshilik ko’rsata olmadi va ojizona yordam so’rab faryod qila boshladi. (Biroq) ular qanchalik amir Muzaffardan maktub va so’z xabari yuborib ojizona yordam so’rashmasin, hammasi befoyda bo’lib chiqdi, amir qo’shinga hujumga o’tish haqida buyruq bermadi. Toshkent aholisi buxoroliklar yordamidan umid uzib, qal’a mudofaasida qat’iylik va mardlik ko’rsatib, o’limga tik turishga qaror qildi... Xo’janddan chiqib, (amir) katta qo’shin va zambaraklar bilan Qo’qonga otlandi. Qo’qon qo’shini esa Toshkentni tashlab, mudofaaga qaytishga majbur bo’ldi. Rus qo’shini shu tufayli shaharni to’rt tarafdan qamal etishga erishdi. Ko’pgina odamlar qilichdan o’tkazilgach, shahar taslim bo’ldi». Bu paytda, muallif yozganidek, «amir Muzaffar esa jangsiz va qarshiliksiz Qo’qonga kirdi va ko’ngildagi niyatiga yetishdi»6. Ko’rinadiki, u qarshilik ko’rsatish tashkilotchisi bo’lishdan uzoq bo’lib, Rossiya qo’shinlari xonlik chegaralariga shundoqqina kelib qolgan bo’lsa ham, urushga tayyorlanmagandi. Faqat Buxoro ruhoniyatining bosh ko’tarishigina uni muqaddas urush - jihod e’lon qilishga majbur qildi, natijasi mag’lubiyat va vassal davlatga aylanish bilan tugadi. Qo’shin mag’lubiyati sabablarini Somiy va Ahmad Donish Amirda qo’shin tuzilishiga oid biror bir o’ylangan qoida yo’qligida deb hisoblashadi. Harbiy qo’mondonlik vazifalariga harbiy ishdan mutlaqo bexabar odamlar tayinlangan edi. Lashkarlarga maosh to’lash tartibsizligi, halok bo’lgan lashkarlar oilasi ta’minlanmaganligi, qo’shinning raqib haqida ma’lumotsizligi yaqqol ko’rinib turardi.
Biroq Somiydan farqli o’laroq, Donish ruhoniylarning faoliyatini ham tanqidiy baholaydi, ular amir kabi raqib haqida anik tasavvurga ega bo’lmagan, ulkan olomonni yig’ib, qo’liga kaltak berib, jixod yurishiga majbur qilgan va bu bilan aniq o’limga yuborgan. Abdul-azim Somiy va Ahmad Donish feodal hukmdorlari haqida ham keskin fikr bildirib, xalqning og’ir ahvolini yorqin bo’yoqlarda tasvirlashgan. Ular amir Abdulahad haqida yanada tanqidiy mulohazalar bildiradilar. Somiyning fikricha, uning hukmronlik davrida «temuriy o’zbek xonligi ajdodlaridan asar ham qolmadi», A.Donishning qayd etishicha esa, yangi amir davrida hech narsa o’zgarmadi va xalqning ahvoli yaxshilanmadi.
Ularning yosh zamondoshi, taniqli buxorolik tarixchi Mirzo Salimbek ibn Muhammad Rahim so’nggi uchala Buxoro amiri davrida ham yuqori lavozimlarda ishlagan. U qoldirgan bir qator qimmatli asarlardan biri «Tarixi Salimiy» deb nomlanib, Chingizxon davridan to 1920 yilgi Buxoro voqealarigacha bo’lgan davrlarni qamrab oladi.
Mirzo Salimbek ko’pgina voqealar guvohi bo’lgan. Avval Norpay va Ziyovuddin hokimi bo’lgan, keyin qushbegi vazifasiga ko’tarilgan, Ostonaqulbek devonida 20 yoshida mirzalikdan ish boshlagan - Mirzo Salimbek Buxoroning Toshkentdaga vakilidan (Turkiston general-gubernatori Rozenbax davrida) to Buxoro viloyatining turli viloyatlari hokimlarigacha bo’lgan yuqori mansablarni egallagan. Xonlikning so’nggi yilida u bosh zakotchi bo’lgan, inqilobdan so’ng barcha amir mansabdorlari kabi qamoqqa olinib, mol-mulki musodara etiladi. Qamoqdan ozod etilgach, Buxoro arki tarixini yozishni mo’ljallagan «tarix jamiyati» komissiyasiga a’zo bo’lgan7. Aftidan, bu ish uni Buxoroning «o’z» haqqoniy tarixini yozish fikriga undagan. Kitobning katta qismi o’zi guvoh bo’lgan voqealar bayoniga bag’ishlangan. Mirzo Salimbek uni boshqa kishilar o’qishiga mo’ljallamagan, shu bois, sharqshunos A.A.Semyonov to’g’ri ta’kidlaganidek, ko’pni ko’rgan va ko’p voqealarni boshdan kechirgan kishining o’ziga xos, to’liq his-tuyg’ulari aks etgan, hech nima yashirilmagan, oshkora xotiralar yozilgan»8.
U amir Olimxon hukmronligi davriga (1910-1920) baho berib, Buxoro iqtisodiyotida tobora o’sib borayotgan inqiroz haqida yozadi. Bu yillarda, uning ma’lumotiga ko’ra, Birinchi jahon urushidan so’ng oziq-ovqat narxlari keskin o’sdi. Agar urushgacha 1 man (8 ggud) don 200 tanga, 1 man guruch 700 tanga turgan bo’lsa, 1917 yilda - 1 man don 1200, guruch-1400 tanga turgan9. Qog’oz pullar doimo qadrsizlanib borgan. Ayniqsa, Rossiyadan keltiriladigan tovarlar narxi oshib ketgan.
Mirzo Salimbek Rossiyaning Buxorodagi mustamlakachilik siyosatini juda salbiy baholaydi. Uning qayd etishicha, amir Olimxon davrida o’sha-o’sha ma’muriy boshqaruv apparati, fuqarolar ustidan amirning cheklanmagan hokimiyati, Buxoro jamiyati hukmron doiralarining tekinxo’rlarcha turmush tarzi, demakki, oddiy xalqning og’ir hayoti saqlanib qoldi. Biroq Olimxon, ajdodlaridan farqli ravishda, irodasi sust, uning hatti-harakatlari ko’p jihatdan atrofidagi mansabdorlarga, kim undan yuqori kelsa, o’shalarga bog’liq bo’lgan.
Shuningdek, amirga eng yaxshi ta’rif Sadriddin Ayniy va Abdurauf Fitrat tomonidan berilgan. Lekin oldinga ketib qolmay, shuni ta’kidlash joizki, Buxorodagi XIX asr oxiri - XX asr boshlaridagi voqealarni yoritgan, yuqorida tilga olingan uch muallif ushbu davlatning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy ahvoli haqida ham to’liq ma’lumot beradilar. Ularning tadqiqotlari yana shunisi bilan e’tiborga loyiqki, uchalasi ham davlat boshqaruvida yuqori lavozimlarda bo’lgan, siyosiy voqealar markazida turgan va shu bois ham voqealarni eng
asosli tarzda yoritgan. Tarixni shaxslar emas, xalq yaratadi degan zamonlar allaqachon o’tib ketdi. Bu faqat qisman to’g’ri, A.Toynbi, Tarle, M.Blok, F.Fukuyama singari xalqaro miqyosli tarixchilarning fikricha, tarix g’ildiragini shaxslar, yo’lboshchilar aylantiradi. Ularning keng miqyosdagi fikrlash qobiliyati, bilimi, ro’y berayotgan voqealarni obektiv baholash va qarorlar chiqarish qobiliyatiga odamlar hayotidagi ijobiy va salbiy o’zgarishlar bog’liq. Shuni nazarda tutgan holda, to’liq ma’noda olim bo’lmasa ham, biroq ulkan salohiyatga, taxlil va baholash qobiliyatiga ega bo’lgan va shu bilan o’z zamonasini tarixchilari bo’lgan mualliflar tarix g’ildiragi qanday aylanayottanligini o’z ko’zlari bilan ko’rgan, natijada to’g’ri va xolisona xulosalar chiqarganlar. Ular O’rta Osiyoning Rossiya tomonidan bosib olinishi, mamlakatni o’z huzur-halovati va manfaatiga asoslanib boshqarayotganligi, shariat qonunlari va islomning falsafiy asoslari buzilayotgani qanday og’ir oqibatlarga olib kelayotgani haqida fikr yuritib, juda obektiv bo’linggan. Ulardan biri jadidchilikka yaqin, boshqa birlari undan uzoqroq bo’lsalarda, lekin hammalari ham o’sha davrda Buxorodagi ahvol, hayot kechirishning hech bir sivilizasiya shakliga mos kelmasligini yaxshi tushunishgan. Qanchalik paradoks bo’lmasin, chirik muhitning o’zi taraqqiyot uchun harakatni yangilik haqidagi tasavvurlar va inqirozli ahvoldan chiqish bo’yicha izlanishlarni yuzaga keltirdi. Islom bilan fanni birlashtirish - islomning taraqqiyot bilan birikuvi - rivojlanish - jadidlar falsafiy izlanishlarining dastlabki bosqichidagi tutashgan joy mana shundadir.
Bu harakatning boshida turgan shaxslar Buxoro jamiyatiga qanday ta’rif berganlar, voqelikni qanday baholashgan va islohotning o’zlari tanlagan falsafiy va amaliy g’oyalarini qanday asoslashgan? Bu savollarga javob berishga harakat qilib, biz, avvalo, o’sha davr voqealari markazida turgan va muayyan tarzda unga ta’sir o’tkazgan Abdurauf Fitrat, Sadriddin Ayniy va Fayzulla Xo’jayev asarlariga murojaat etamiz.
Abdurauf Fitratni o’quvchiga alohida tanishtirishga hojat yo’q. Buxoro jadidchiliganing ko’zga ko’ringan vakili. Jamoat arbobi, olim, demokrat va yozuvchi - Sharq milliy-taraqqiyparvarlik harakatidagi yorqin siymo. O’zbekiston va xorijda uning ijodi va tarjimai holini batafsil o’rgangan fitratshunoslik yuzaga kelgan. Biz Fitrat va uning asarlari haqida to’liq to’xtalib o’gmaymiz, chunki maqsadimiz voqealarni o’z ko’zi bilan ko’rganlar tilidan Buxoroning ahvoli va jadidchilikning tutgan o’rnini ko’rsatishdir. Uning faqatgina ikkita asari: «Bayonoti sayyohi hindi» va «Amir Olimxonning hukmronlik davri» ga murojaat etamiz. Ulardan dastlabkisida Buxoroga kelgan hind sayyohi nomidan hikoya qilinadi. Albatta, buxoroliklar hayoti haqida, tashqaridan kuzatgan sayyoh nomidan Fitrat o’z mulohazalarini bildirgan. Uning fikricha, ruhoniyat vakillarining qoloq va nodonligi, shariat va umuman islom xulqiy me’yorlarini noto’g’ri talqin qilishi, buxoroliklar hayotining barcha sohalariga ta’sir ko’rsatadi. Ma’lumki, Buxoro - butun jahonga buyuk ilm kishilari vatani, mashhur olimlar, shoirlar, tabiblarni yetkazib bergan maskan sifatida mashhur bo’lgan. Biroq Buxoro va umuman, Turkiston «ilmlarning yorqin yulduzi, insoniyat kitobining nurafshon sahifasi edi, uni nodonlik botqog’iga botirdilar». Va u bunda Qur’onni o’z xohishicha talqin etuvchi Buxoro ruhoniyatini ayb-laydi. Fitrat keltirgan bir qator misollar - afsunlarga asoslangan tibbiyot ahvoli, xizmatga maosh to’lash tizimi bo’lmagan, va hamma narsa aholidan nohaq yig’imlar asosiga tayangan davlat boshqaruvi, adolat, da’vogar cho’ntagidan pul bilan o’lchanadigan sud ishlari matnni ko’r-ko’rona o’qish va yodlash bilan belgilangan ta’lim va boshqa soha vakillari bilan uchrashuvlari qiziqarli hikoya tarzida beriladi. Buxoro doimo ta’lim-tarbiya vatani bo’lgan, vaqf tizimi uning qiyinchiliksiz faoliyat yuritishini ta’minlagan. «Bayoni sayyohi hindi» yozilgan 1913 yilga kelib, Buxoroda 200 ta oliy, o’rta va quyi bo’g’in-dagi madrasa bo’lgan. Fitrat 3776000 tanga hisobida vaqf mablag’i bilan taminlangan 72 madrasa nomini keltiradi. Bu, o’sha zamonda ulkan mablag’ edi, biroq uning kichik qismigina tegishli joyiga sarflanib, asosiysi uni taqsimlovchilar cho’ntagita tushgan. Hujralarni sotgandan mudarrislik o’rnigacha - hammasi pul turishi Buxoro uchun oddiy hol edi. «Olamga to’rt yuz olimni hadya etgan Buxoroi sharif shunchalik mustahkam ilmiy kuchga ega bo’lib edi, oh. Buyuk badbaxtlik bilan iqror bo’lamanki, hozir bu madaniyat quyoshining osmoni, bu insoniyat jannati, bu fozillar dunyosining ma’mur xonadoni, bu ma’rifat jahonining darsxonasi taraqqiyot uchun barcha vositalarga ega bo’lsa ham, jaholatning asl makoni, xorlik zanjirining asiriligicha qolmoqda. Tirikchilik uchun barcha vositali bo’lishiga qaramasdan, yoqasini ajal panjasiga topshirgan», - deb yozadi Vatan dardi bilan yongan Fitrat10.
Yevropa fan va maorif sohasida ko’p narsalarni Sharqdan olgan, degan fikr A.Fitrat kitobidan qizil chiziq bo’lib o’tgan. Bizda porlab o’chgan narsalarni, uning fikricha, yevropaliklar taraqqiyot yo’lida foydalanib, yaxshi natijalarga erishishdi. Endi inshab chiqarish, savdo, boshqarish madaniyati va boshqa sohalarni tiklash uchun ulardan o’rganish va fan-texnikasidan foydalanish payti keldi. Axir, Buxoroda dovrug’i dunyoga ketgan gazlama va hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqariladi, biroq ular ma1pina va texnika vositasida ishlab chiqarilgan xorijiy tovarlar tufayli bozordan siqib chiqariladi. Qur’on ko’rsatmalaridagidek, bularning hammasini Fitrat faqat o’zga dinga e’tiqod qilgani uchungina boshqa xalqlar yutuqlarini inkor etishdan yiroq.
A.Fitrat asarlari islomning falsafiy mohiyatini yangicha o’qish, uning dunyoni tushuntirish va insonning bu dunyoda tutgan o’rnini to’g’ri tushunishning yorqin namoyishi bo’ldi. U Qur’onda bitilgan o’gitlarga shunchaki rioya qilish emas, balki o’z zamini, o’z taqdirining egasi bo’lish zarurligini uqdiradi. Fitrat «Va saxxaralakum ma fissamavata val-arz - barcha yer va osmondagi narsalarga sizlarni hukm etuvchi deb buyurdik», - degan oyatga asoslanib, agar tog’, temir, zamin inson barmog’i bilan o’zgarar ekan, nega u o’z taqdirini o’zgartirolmaydi va hukmdorlardan xayr-ehson kutib yashashi kerak? - deb savol qo’yadi. U muqaddas kitob oyatlarini taqdirga mutelik emas, o’z taqdirini o’zi yaratishga chaqiriq sifatida talqin etadi. Jumladan, «inson har nima topmasin, o’zining intilishidan topadi, intilmas ekansiz, hech narsaga erisha olmaysiz», - deydi muallif11. Fitrat asar davomida zamonaviy ta’lim olishga alohida ahamiyat beradi: «Parvardigor bizning salomatlik va saodat yo’limizni to’la ko’rsatib bergan. Eng avvalo deydi: «Sizlarni olamning oliy maxluqi qilib yaratdim». Shuni yaxshi bilish kerakki, biz ko’z va qoshlarimiz evaziga e’tiborli maxluqqa aylanganimizcha yo’q, balkim e’tiborligimiz va ustunligimiz - bilimimizning e’tibori va iqtidorimizga bog’liq. Agar biz o’zimizning bilimimiz va iqtidorimizdan foydalanmasak, nainki e’tiborli, ustun, balki eng yomon va past maxluqlardan ham pastroq va yomonroq bo’lib qolishimiz aniqdir»12. Qur’onga, tangri taoloning «Yeru osmonda har nima bo’lsa, sizlarning buyruqlaringizni bajaruvchi etib tayinladik», degan ta’kidlarga asoslanib, insof bilan ayting-chi, ana shu yeru osmondagi maxluqlardan qaysi birini o’zimizga tobe etdik? Agar Siz, Ovrupo maktablarida o’qiganingizda va ovrupoliklar telegraf, telefon, temir yo’li, havo kemalarini qaysi yo’l bilan va qanday yaratganliklarini bilsangiz edi, Qur’onning ana shu oyatidan biz, musulmonlar qanchalik ne’matlarni oyoq osti qilganimizni tushunib yetar edingiz». - deb yozadi muallif13.
Fitrat Qur’on talqini asosida mamlakat rivojining yaxlit konseppiyasini yoritib beradi. Uning fikricha, tadbirkorlik va savdoning rivoji bilimlar va millatning birligi, jipsligiga asoslanishi lozim. Katga daromad uchun bir-biri bilan raqobatlashish emas, fabrika kabi korxonalar qurish, asbob-uskunalar sotib olish uchun mablag’larni birlashtirish sanoat va qishloq xo’jaligi rivojiga qulaylik yaratadi: «Dini mubiynimiz islom har xususda ham ittifoq va birlikni amr etgan. «Buning asosiy shart-sharoiti esa, uning fikricha, bolalarni tadbirkorlik va boshqa fanlarga o’rgatish lozim. Zero, Qur’onda aytilgandek, «Bilmaganlar bilganlarga tenglasha olmaydilar».
Fitrat taraqqiyotdan orqada qolmaslik, aks holda buning oqibatlari, kelgusi avlodlar oldidagi mas’uliyat haqida shunday yozadi: «Agar siz, buxoroliklar... bu xudo bergan ne’matdan foydalanmasangiz, albatta, xayyal o’tmay begonalar bu boyliklarga ega bo’lib, ularning har birlarining ustidan fabrika va mashinalar o’rnatadilar. Dunyo-dunyo pul ishlab oladilar. Minglab xizmatchilar bu ishga safarbar qilinadi. U vaqtda sizlarning farzandlaringiz chorasiz qolib, ularning xizmatlariga bo’yin egishlari muqarrar»14. Fitrat bu bilan, iqtisodiy qoloqlik mamlakatni Rossiyaga iqtisodiy va siyosiy tobelikka olib kelishini ko’zda tutgan edi.
A. Fitratning ikkinchi kitobi, nafaqat, Buxoro aholisining maishiy va ijtimoiy ahvolini tasdiqlaydi, balki amir Said Olimxonning o’zining faoliyatini ham tavsiflaydi. Kitobning katta qismi mang’it amirlarning qisqacha tavsifiga bag’ishlangan, asosiy siyosiy voqealarga tegilmagan bo’lsada, muallif Buxoro inqilobi tarixini yozishni maqsad qilib qo’ymaganligini qayd etadi. A Fitrat amir Said Olimxon hayot tarzini bayon etib, o’zining shaxsiy bahosini bergandek bo’ladi. Agar kitob 1930 yilda, totalitar tuzum to’liq kuchga kirgan, jadidchilik esa rasmiy hokimiyat tomonidan, milliy-burjua, aksilinqilobiy harakat sifatida tavsiflanayotgan davrda yozilganini hisobga olsak, o’ylaymizki, Fitrat shu bois, shaxsiy tavsif bilan cheklanib qolgan, jadidlar haqida esa fikr yuritmagan. Xususan, shu bois, uning ba’zi baxolashlari, masalan, Nasrulla qushbegi o’z faoliyatida jadidlarga yondashishi salbiy ta’riflanadi. Shunga qaramay, Fitrat asarining qimmati Buxorodagi davlat tuzilishi qandayligini yoritib berganligidadir. Muallifning yozishicha, bu davlat tuzilishida qushbegi (bosh vazir), qozikalon (oliy sud), Rais (narx statistika yo’llar boshqarmasi va b.), xazinachi asosiy rol o’ynagan. Mamlakatning boshqarilishi, Fitrat ta’biricha, «irodasiz va yalqov» Olimxon tomonidan doimo mansabini almashtirib va bir-biri bilan urushib turuvchi mana shu kishilarga berib qo’yilgan. «Hatto amir Abdullaxon ham qattiqqo’lligiga qaramay o’z xizmatchilarini nazorat qilgan, ular o’rtasidagi fitnalarga yo’l qo’ymagan, o’z vazifalarini aniq bajarishni talab etgan», - deb yozadi Fitrat. Bu davlat xizmatchilaridan hech biri Olimxon davrida davlatdan maosh olmagan va shu bois poraxo’rlik va aholidan nohaq yig’imlar avj oldi»15.
Said Olimxon esa, asosan, shaxsiy huzur-halovati tashvishlari bilan band bo’ldi. Uning jadidlarga nisbatan harakat rivojlanishi boshidagi ayrim erkinliklari, maktab ochishga ruxsatnoma, «Farmoni islohot» nomli islohoti anchagina bilimdon va jadidchilik harakatiga iliq munosabatda bo’lgan Nasrullo qushbegi ta’sirida amalga oshirilgan. Yangi qonunga muvofiq, davlat xizmatidagi kishilarga pora va hadya olish man etildi, soliqlar, xususan, yer solig’i kamaytirildi, saroy xizmatchilari maoshi oshirildi. Biroq, poraxo’rlik tuzatib bo’lmas kasallik edi, amirning o’zi esa hadya olishda davom etardi.
Jadidchilik Markaziy Osiyoda Osiyo va Yevropadagi ilg’or islohotlar oqimi ta’siri ostida, XIX asr oxiri XX asr boshlarida vujudga keldi va ijtimoiy taraqqiyotda burilish bosqichini belgilab berdi. Milliy ziyolilar, ilg’or taraqqiyparvar kuchlar mustamlaka Turkiston, Rossiyaga yarim qaram bo’lgan Buxoro va Xiva xonliklaridagi inqirozli ahvol, bu o’lkalarning umumjahon taraqqiyotidan tobora ortda qolayotgani, mahalliy aholining erk uchun intilishlarining bostirilish sabablarini, nafaqat iqtisodiy sohada, balki diniy, ma’naviy sohada ham yuzaga kelgan turg’unlikni chuqur anglab yetdilar va bu ular ongida jamiyatni isloh etish g’oyalarini uyg’otdiki, busiz taraqqiyotni tasavvur ham etib bo’lmas edi.
Vatanimizdagi bu islohotchilik harakati murakkab, tarixiy jihatdan serqirra yo’lni bosib o’tdi. Jadidchilik turli mamlakatlardagi taraqqiyot, islohotlar uchun olib borilgan harakatlarning falsafiy tajribasini tanlab olib, bu tajribani milliy asosda qayta ishlashga intil-di, ayni paytda, ijtimoiy taraqqiyot yo’llari haqidagi turli qarashlarning to’qnashuv maydoni ham bo’ldi. Mustamlakachilikka qarshi kurashning bosh g’oyasi, ana shu murakkab yo’lda yetildiki, bu g’oyani biz bugungi kunda amalga oshirilayotgan o’zgarishlarning g’oyaviy nishonasi, keng miqyosdagi islohotlarning nasliy asosi sifatida baholashimiz mumkin.
Markaziy Osiyoda jadidchilik serqirra bo’lib, uning asosiy yo’nalish oqimlaridan biri - Buxoro jadidchiligi edi. Buxoro jadidchiligi o’z xususiyatlari va rivojlanish shakllariga ega bo’lib, Buxoro amirligidagi iqtisodiy, siyosiy va jamiyatning axloqiy ahvoli bilan bog’lik edi. O’ziga xos tarzda ajralib turadigan va murakkab shaxs bo’lgan Fayzulla Xo’jayev, uning maslakdoshlari Buxoro jadidchiligida markaziy o’rin tutdilar.
Xo’sh, F. Xo’jayev iborasi bilan aytganda, «muxolif ziyolilar to’dasi» sa’y-harakati bilan boshlangan jarayon qay tariqa «milliy taraqqiyot harakati»ga aylandi? Bu tarixiy savolga F.Xo’jayev o’z maqolalari va 1926 yilda chop etilgan «Buxoro inqilobi tarixiga doir» nomli kitobida javob beradi.
F.Xo’jayevning Buxoroda jadidchilikning yuzaga kelishiga xonlikning iqtisodiy negizi, jamiyat taraqqiyotiga to’siq bo’lib turgan «g’ayri tabiiy va dahshatli tartibsizliklar» sabab bo’lgan, degan fikrini inkor etish qiyin. Ayni paytda, muallif Buxoro O’rta Osiyoning qoq o’rtasi, qadimiy savdo yo’llarining markazida joylashganini, aholining asosiy qismi savodsiz bo’lsada, arab-fors madaniyatining izlari har qadamda uchrab turganini yaxshi tushunib yetgan. Ana shu sharoit va qadimdan zulm asosida hukm surib kelgan, siyosiy maqsadlarni ko’zlab rus nayzalari bilan qo’riqlangan Buxoro amirligi - jadidchilik Vatani bo’ldi. Har qancha ajablanarli bo’lmasin, F.Xo’jayev fikricha, aynan shu sabablar bilan «O’rta Osiyoni banklar, dehqonlardan xom ashyo sotib oluvchi savdo idoralari bilan qoplab olgan va O’rta Osiyoga o’z manufakturasi, boshqa fabrikantlarni keltirayotgan rus kapitalizmi «tobora kuchayib, jamiyatning ilg’or qismini o’ylantirib qo’ydi, jadidchilikka sabab bo’ldi». Buxorodagi mavjud boshqaruv tizimi va iqtisodda yuz bergan o’zgarishlar jamiyatning tadbirkor savdogar qismini og’ir ahvolga solib qo’ydi. Shu tufayli, «jadidchilik savdogarlar sinfining ilg’or qismi manfaatini ifoda etgan». Qishloq «quloqlari», ya’ni kichik yer egalari (feodallar) islohot ta’siriga berilmadilar, chunki ular eng serhosil bo’lgan «mulk», «mulkxo’r», «tanho» yerlarga ega bo’lib, iqtisodiy jihatdan mustaqil va erkin edi. Ularning ko’pchiligi moddiy jihatdan o’rta va kam ta’minlangan ziyolilar hamda mayda burjua vakillari, diniy maktab talabalari, mayda amaldorlar, mayda do’kondorlar edi, yirik savdogarlar ham ularning orasida bor edi. Ular kamchilikni tashkil etsa ham, tashkilotda o’zlari faoliyat ko’rsatmagan bo’lsalarda, moddiy jihatdan uni ta’minlaganlar. Masalan, Mulla Ikrom (o’sha davrda Bu-xoro ahvolini tanqid ostiga olgan risolasi bilan yaxshi tanish). Biroq partiya asosan shahar o’rta hollari partiyasi edi»,16 -deb yozgan edi F. Xo’jayev. Fikrimizcha, F.Xo’jayevning jadidchilikda tutgan roli haqidagi xulosalari nihoyatda to’g’ri. Savdogarlar savdo kapitalini rivojlantirish uchun Buxoro taraqqiyotini yevropalashtirish va u yerdan oddiy huquqiy normalarni qaror toptirish zarurligini tushunar edi. O’sha davr Buxoro amirligidagi ahvol bunga imkon berdi. Shuning uchun savdogarlar muxolifatiga moyil bo’lib, jadidlar harakatiga qushildi va uni moddiy jihatdan qo’llab-quvvatladi. Ular Kolesov voqealaridan so’ng yuz bergan qatag’onlardan cho’chib, amirga qarshi oshkora kurashmadilar, chunki F.Xo’jayev iborasi bilan aytganda, ular bu kurashda biror narsaga erishishdan ko’ra, ko’proq yo’qotishi mumkin edi. «Ular ommaviy harakatdan cho’chirdi, biroq busiz revolyusiya muvaffaqiyat qozona olmas edi. Kapital manfaatlariga zarar yetkazadigan umumxalq qo’zg’oloni ular rejalariga kirolmasdi. Ularga qisman islohotlar yetarli bo’lib, inqilob kerak emas edi. Ularning jadidchilikdan ketishi tashkilotni anchagina tayanchdan mahrum qilib, harakatni su-saytirdi»17.
F.Xo’jayevning fikricha, jadidchilik Turkistonga qaraganda Buxoroda kechroq yuzaga kelgan bo’lsada, jamoat hayotidagi og’ir muhit uning taraqqiyotini tezlashtirdi va bu harakat 1915 yildan boshlab madaniyatdan siyosatga qarab yo’l tutdi. Buxoro jadidlari, xususan, A.Fitrat (masalan, biz aytib o’tgan «Bayoni sayyohi hindi») asarlarida nafaqat ma’naviy hayot, balki qonunchilik, savdo va boshqaruv usullari ham tanqid ostiga olindi.
Tarixning ko’rsatishicha, jadidchilik harakatida orqaga yo’l yo’q edi: u ma’rifatchilik va tor doiradagi madaniylashtirishdan ish boshlab, siyosiy harakatga aylandi, o’z oldiga jamiyat va uni boshqarinshi qayta qurishdek vazifalarni qo’ydi. Masalan, jadidchilik Tata-ristonda «Musulmon ittifoqi», Turkistonda «Sho’roi Islomiya» va boshqa partiyalar, Buxoroda «Yosh buxoroliklar» - inqilobchilar partiyasini yuzaga keltirdi. Biroq siyosiy talablar, shu partiyalar paydo bo’lgachgina qo’yila boshlandi, deb hisoblash xato bo’lur edi. Bunday talablar avval boshdanoq yuzaga kelgan edi. 1910 yildan keyin jadidchilik tashkiliy tus olgach, «jadidlarning eng ilgor qismining programma maksimumida asosiy o’rin tutgan g’oya, Buxoroda g’arb namunasidagi kapitalizm va demokratiyani rivojlantirish edi. F.Xo’jayevning o’zi ham bu g’oyalarga xayrixoh edi. Uning 1926 yidda chop etilgan asarida keltirgan fikrlarida demokratiya va kapitalizmni birgalikda tasavvur etishiga o’sha yillar vaziyati va ildiz otgan bolshevikcha tushunchalar xalal bera olmagandi.
Jadid tashkilotlarining maqsadlari kengayib, siyosiy tus olganligining sababi ikkita edi: birinchidan, 1914-1915 yillarda jadidchilik boshidan kechirgan inqiroz - gazetalar va yangi usul maktablarining berkitilish hollari, hokimiyat jadidlarning bilimsizlik va g’aflatga qarshi kurash faoliyatini kengaytirishga yo’l bermasligi, shuningdek, busiz jamiyatda hech qanday o’zgarishlarga erishib bo’lmasligini ko’rsatdi. Ikkinchidan, jadidchilik harakatiga xorijda o’qib, chet eldagi milliy garaqqiyparvar harakatlar tajribasini o’rganib qaytgan, yosh kuch oqimi kelib qo’shildi. Ular madaniylashtirish doirasida cheklanib qolmay, aniq siyosiy vazifalar qo’yishni talab qildilar. Soliqlarni kamaytirish, amaldorlar zulmini cheklash, dehqonlar hayotini yengillashtirish - shu talablar jumlasidan edi. Jadidlar bir-biriga zid bo’lgan ikki oqimga - eskicha fikrlaydigan va Fitrat boshchiligidagi yoshlarga ajraldi. Natijada, o’zaro kelishmovchiliklar mavjud bo’lgan birlik yuzaga keldi. Bu holat esa kelishib olinmagan harakatlarga sabab bo’ldi. Natijada, amir manifestini qo’llash uchun o’tkazilgan tinch namoyish quvg’in etildi va jadidlarga qarshi qatag’onlar boshlandi. F.Xo’jayev ana shu so’l yoshlar guruhiga mansub bo’lib, keyinchalik ham shu pozisiyada qoladi. Jadidlar keksa avlodlardan farq qilib, ochiq chiqishlar taktikasini xato hisoblamas edilar. S.Ayniyning fikricha, «Fitrat va F.Xo’jayev boshchiligidagi so’l guruh uzoqni ko’ra olmaganligi va vaziyatni noto’g’ri tushunganligi tufayli jadidlar guruhi tor-mor etildi». Shuni tan olish lozimki, yosh jadidlarning vakillariga hurmat va xayrixohligimiz cheksiz bo’lsa-da, keyingi yillarning tarixiy voqealari shuni ko’rsatdiki, Abdul Vohid Burhonov, Usmon Xo’jayev, Muhiddin G’afaat, Musa Saidjonov, S.Ayniy va boshqalar vaziyatni to’g’ri baholaganlar, jadidchilar aholining asosiy qismi o’rtasida ta’sirga va kuchga ega emas edi. Omma ruhoniylar ta’siri ostida bo’lib, istalgan vaqtda uning da’vati bilan jadidlarga qarshi ko’tarilishi mumkin edi. Shuning uchun, ular nihoyatda o’ylangan, ehtiyotkorona harakatlar, inqilobsiz, ayniqsa, qonli to’qnashuvlarsiz, asta-sekin, bosqichma-bosqich o’tkaziladigan islohotlar tarafdori edi. Aslida, avvaliga manifestasiya, keyin esa Kolesov voqealarining tashabbuskorlari ham qurolli qo’zg’olondan qo’rqmaydigan, inqilobiy kayfiyatdagi so’l jadidlar edi. Biroq buxorochilar qiziqqon bo’lsalarda, tashkilotning ajralib ketishiga yo’l qo’ymaslikka harakat qildilar. Abdul Vohid Burhonovni tashkilot raisi sifatida qoldirdilar. Ular 1917 yil martidagi amir qatag’onidan so’ng ahvol keskin o’zgarganini yaxshi anglab yetdilar. «Jadidchilikning ijtimoiy bazasi toraydi, chunki savdogar vakillari ketib qoldilar va ularning moddiy yordami ham to’xtadi... Mulqdorlar kurashdan chetlashdilar. So’l qanot markaziy o’rinni egalladi. Tashkilotning bundan keyingi kengayishi aholining mulksiz tabaqalari hisobiga bordi... Tashkilot zaiflashdi, uning jamiyatga ma’naviy ta’siri ham zaiflashdi» - deb yozgan edi, F.Xo’jayev18.
«Mulkdor sinf»ning jadidchilik taraqqiyotidagi rolini bunday ochiqchasiga tan olish, Turkistonliklarning yuqorida qayd etilgan taqrizidagi tanqidning asosiy mavzusi bo’ldi.
1910-1917 yillarda olib borilgan og’ir mehnat, sabot-matonat, qat’iylik natijasida jadidlar F.Xo’jayev iborasi bilan aytganda, «milliy inqilobni boshqarishga» qodir bo’lgan yosh buxoroliklarning siyosiy partiyasiga aylandi. Bu paytda F.Xo’jayev va A.Fitrat amirni ag’darish va inqilobni amalga oshirishda partiya «Sovet Toshkenti» yordamidan foydalanishga samimiy ishonar edi. Bu masalada asosiy o’rinni RKP (b) tutgani, F. Xo’jayev yosh buxoroliklar esa Buxoroni bosib olishda ularga qo’shimcha vosita bo’lganligini ancha kech tushundi.
U Kolesov voqealarining fojiali mohiyatini yaxshi tushunar edi. Ma’lumki, Turkiston ASSR XKS raisi Kolesovning Buxoroga 1918 yil martda qilgan yurishi mag’lubiyat bilan tugagach, 1500 ta jadidlar va ularga xayrixohlar qirib tashlandi. 3000 ta turli millat vakillari bo’lgan begunox kishilar amir uyushtirgan qirg’in qurboni bo’ldilar. F.Xo’jayev ro’y-rostlik bilan shunday deydi: «Men Markaziy Komitet rahbarlaridan biri sifatida Markaziy Komitetning Kolesov voqealarida yo’l qo’ygan xatolariga boshqalardan ko’ra ko’proq javobgarman. Men endilikda tushunishimda kamtarona yutuqlarimizga berilib ketib, qurolli qo’zg’olon muvaffaqiyatiga umid qilganman»19. Buni tan olmaslikka uning vijdoni yo’l qo’ymadi.
Oradan sakkiz yil o’tgach, F.Xo’jayev O’rta Osiyoni to’la bolsheviklashtirishga ikki markaz halal berganini tushunib yetdi. Bu ikki markaz Turkiston muxtoriyati va Buxoro amirligi edi. F.Xo’jayev RKP (b) ning bu yo’nalishdagi siyosatini iloji boricha oshkora sharhlashga harakat qiladi: «1918 yil fevralida Turkistonda bo’lib o’tgan voqealardan so’ng, amir bilan kurashish vazifasi Sovet hokimiyati uchun birinchi darajali vazifaga, kechiktirib bo’lmaydigan zarur vazifaga aylanib qoldi. Chunki «Sovet Toshkentining» bevosita dushmani Farg’ona muxtor hukumati tutatildi». Endilikda bolsheviklarga qarshi muxoliflar to’plangan amirlikni tugatish uchun bir joyga jamlanish kerak edi. F.Xo’jayev kitobida, Kolesov shaxsiga tegishli yengil kinoyani senzura sezmagan ko’rinadi. «Qo’qon g’alabasidan mast bo’lgan Kolesov Buxoro amirligini ham shunday osonlikcha tugatmoqchi bo’ldi, biroq buning aksi bo’ldi... yengil g’alabaga ishongan Kolesov ichki qo’zg’olonga e’tibor bermadi. U yosh buxoroliklar yordamida o’z kuchlari bilan Buxoroni osongina egallashga ishongan edi.
F. Xo’jayev o’z maqola va asarlarida «O’rta Osiyoda milliy-inqilobiy harakatga boshchilik qila oladigan kadrlarni tayyorlashda jadidchilik asosiy negiz bo’lganligini bir necha bor ta’kidlab o’tadi»20.
Hamma harakatlar ham ularning yo’lboshchilari xohlagandek tugayvermaydi. Biz ularning xatolarini sanashdan yiroqmiz, albatta. Buxoro jadidchiligining oxir-oqibatidagi xatosi - jamiyatni yangilashning o’rta-inqilobiy yo’lini tanlash va ular yordam olgan bolshevik kuchlari, butunlay boshqa, yana tobe va yarim mustamlaka tuzumga olib kelishini ko’ra olmaslik edi. Shuncha kuch-g’ayrat, qon va jonlar sarflangan harakat o’z maqsadiga erisha olmaganligiga faqat afsuslanish mumkin, lekin jadidchilik g’oyasining o’zi mamlakatni to’laqonli rivojlantirishning falsafiy konsepsiyasi sifatida noyob edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |