1.1. Dasturlash asoslari bo’yicha boshlang’ich ma’lumotlar. Maʼlumot (informatsiya) lotincha informatio – axborot, izoh, bayon etish maʼnolarida qoʼllanadi. Bu tushuncha ayrim adabiyotlarda boshlangʼich tushuncha sifatida qabul qilinsa, ayrimlarida taʼriflanadi. Masalan, S. V. Simonovich bu tushunchani quyidagicha taʼriflaydi: “Informatsiya – bu axborotlar va ular mos metodlarning oʼzaro taʼsiridir”. Kaymin V. А. informatsiya tushunchasini quyidagicha izohlaydi: “Informatsiya mazmun jihatidan biror kimsa yoki biror narsa haqidagi axborot boʼlsa, shakl jihatidan belgi va signallar yigʼimidir”.
Informatika (inform - informatsiya, matiks – haqidagi fan) tushunchasi XX asrning 80-yillaridan muomalaga kirgan. Gʼarb davlatlarida Komputer Ssiense – kompyuterlar haqidagi fan nomi bilan yuritiladi.
“Dasturlash asoslari” fani XX asrning 80–yillarigacha kibernetika nomi bilan keng yuritilgan. Keyinchalik informatika deb nomlangan. Bugungi kunga kelib, informatikaning mustaqil bir boʼlimi, shu bilan birga alohida fan sifatida Oliy oʼquv yurtlarida oʼqitiladi. Uning asosiy obʼekti boʼlib maʼlumot hisoblangan
А. P. Yershov “informatika fani maʼlumotlarni yigʼish, saqlash, qayta ishlash va uzatish qonun-qoidalarini oʼrganadi” deb yozgan edi.
Ojegov G. А. informatika faniga shunday taʼrif beradi. “Informatika – bu maʼlumotlarning umumiy xususiyatlari va strukturasi, shuningdek ularni yigʼish, saqlash, qayta ishlash, uzatish hamda faoliyatning turli koʼrinishlarida foydalanish bilan bogʼliq masalalarni oʼrganuvchi fandir”.
S. V. Simonovich informatika fani haqida “informatika-bu texnik fan boʼlib, maʼlumotlarni hisoblash texnikasi vositasida yaratish, saqlash, qayta ishlash usullarini tizimlashtiruvchi hamda bu vositalarni boshqarish va ishlash printsiplarini oʼrganadi”.
Fanning shu davrdagi strukturasiga qarab, taʼlim tizimda oʼqitish uchta yoʼnalish boʼyicha olib borilgan:
1. dasturlash asoslari (muayyan dasturlash tillari oʼqitilgan);
2. amaliy matematika (informatsion jarayonlarning borishini oʼrgangan);
3. EHM ning texnik qurilmalari (hisoblash texnikasi fani doirasida oʼqitilgan).
Informatika fanining dasturlash asoslarini oʼqitish tizimida asosiy eʼtibor masalalar uchun algoritm qurish, dasturlash tillarini oʼrganish, bu bilimlarni sonli usullar, hisoblash matematikasi kabi fanlar doirasida amalda qoʼllash qonun-qoidalari qaratilgan.
Аlgoritm deganda ijrochiga koʼrsatilgan maqsadga erishishga yoki qoʼyilgan masalalarni yechishga qaratilgan amallar ketma-ketligini bajarish uchun tushunarli va aniq koʼrsatmalarni tushuniladi.
Аlgoritmik til deb algoritmlarni ijrochiga tushunarli boʼlgan va bir xil koʼrinishda ifodalash uchun zarur boʼlgan belgilar va qonun-qoidalar majmuasiga aytiladi.
Аlgoritmik tillarni dasturlash tillari deb ham yuritiladi.
Mashina dasturi – kompьyuter qurilmalarini boshqarish uchun qurilgan buyruqlarning mantiqiy ketma-ketligi boʼlib, maʼlum bir algoritm ostida ishlab chiqiladi va dasturlash tillaridan birida ifodalanadi. Har bir dasturlash tili oʼziga xos alifbo, buyruqlar tizimi va buyruqlarni yozish qonun-qoidalari hamda maxsus xizmatchi soʼzlardan tashkil topadi. Biz bundan keyin “mashina dasturi” jumlasi oʼrniga qisqaligi uchun “dastur” soʼzidan foydalanamiz.
Dasturlash texnologiyasi deganda kompyuterda foydalanish uchun yaroqli dasturlarni ishlab chiqish uchun zarur boʼlgan vositalar va metodlar hamda ularni amalda qoʼllash ketma-ketligi tushuniladi.
Yuqori bosqich dasturlash tillari esa dasturlarni ham kompyuterga, ham insonga tushunarli boʼlgan koʼrinishda ishlab chiqishga imkon beradi va kompyuter tizimdagi oʼziga xosliklar hisobga olinmaydi. Bu tilda dasturlarni ishlab chiqish tez, qulay va xatoliklarning boʼlish ehtimoli kam. FORTRАN, BАSIK, PАSKАL, KI kabi dasturlash tillari yuqori bosqichli hisoblanadi. Bu dasturlash tillari oʼqitishda quyidagi uchta muhim xususiyatga ega boʼlgan abstraktsiyalash mexanizmidan foydalanishni eʼtiborga olish lozim boʼlgan:
• dasturlash tillarida parametrlarni uzatish mexanizmlari paydo boʼldi;
• strukturali dasturlash asoslariga poydevor qoʼyildi va unda komponentalarning taʼsir doirasini (koʼrinish sohalarini) chegaralashni nazarda tutgan holda qism dasturlarni ichma-ich joylashtirish oʼz aksini topdi;
• katta dasturiy sistemalarni qism dasturlar asosida strukturali koʼrinishda tashkil qilish uslublari ishlab chiqildi.
Biz dasturlash tillarining rivojlanish tendentsiyalarini kuzatar ekanmiz, asosan quyidagi ikki yoʼnalishni alohida taʼkidlash mumkin:
• alohida amallarini dasturlashdan yirikroq komponentalarning dasturlashga oʼtilishi;
• yuqori bosqichli dasturlash tillarining rivojlanishi va mukammallashuvi.
Dasturlash tillarining arxitekturasi ham oʼzgardi. Bunday arxitektura birinchi avlod dasturlash tillarida yuzaga kelgan koʼplab ziddiyatli vaziyatlarni hal qildi, xususan, algoritmik abstraktsiyalashni boshqarishni kuchaytirdi, Аmmo yuqori bosqichli dasturiy taʼminot, turli tipdagi maʼlumotlar bilan ishlash masalasini toʼla hal qila olmadi.
50-yillardan boshlab ishlab chiqilgan dasturlash tillarini oʼqitish ularning oʼziga xos boʼlgan tomonlarini eʼtiborga olgan holda amalga oshirildi. Hozirgi davrgacha ishlab chiqilgan dasturlash tillarining umumiy soni 2500 dan ortiq boʼlib, ularning koʼpchiligi dasturchilar orasida vaqtgacha boʼlgan oʼz oʼrnini topa olmadi, ammo ularning ayrimlari yangi dasturlash tillarini yaratishda muhim poydevor boʼlib xizmat qildi. Dasturlash tillarini quyidagi guruhlarga boʼlish mumkin.
1.1.1-rasm. Dasturlash tillarining klassifikatsiyasi.
60-85-yillarda ishlab chiqilgan kompyuterlar faqat ilmiy-texnik va hisob-kitob bilan bogʼliq boʼlgan masalalarini yechish uchun moʼljallangan boʼlib, boshqa xarakterdagi masalalarni yechishning iloji yoʼq edi. Strukturali dasturlash tillarini oʼqitishda boʼlajak mutaxassislarni berilgan maʼlumotlarni hisobga olgan holda masalaning yechish algoritmini ishlab chiqishga oʼrgatish taʼlim jarayonining eng ustuvor maqsadi hisoblangan.