Aksiz solig‘i bo‘yicha kutilayotgan tushumlar 12,9 trln. so‘m yoki Davlat byudjeti daromadlarining 7,6 foizi miqdorida, o‘tgan yilga nisbatan 10,4 foizga yoki 1,2 trln. so‘mga ko‘payishi kutilmoqda.
Bojxona organlari tomonidan 295 mlrd. so‘m aksiz solig‘i undiriladi (o‘tgan yilda 859 mlrd. so‘m undirilgan edi). Tushumlarning kamayishiga asosan 2020 yil 1 avgustdan avtomobillar uchun aksiz solig‘ining bekor qilinishi hamda 2021 yil 1 yanvardan boshlab 73 ta tovar importiga aksiz solig‘ining bekor qilinishi sabab bo‘ldi.
Bojxona boji tushumlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,2 trln. so‘mga (+ 32,6 foiz) ko‘payib, 4,7 trln. so‘mni tashkil qilishi kutilmoqda. Bunga valyuta kursining (o‘rtacha 5,8 foizga) o‘sishi imtiyozlarning bekor qilinishi va import tovarlari tarkibining o‘zgarishi ta’sir qildi.
Resurs soliqlari va mol-mulk solig‘i bo‘yicha tushumlar 22,6 trln. so‘m yoki Davlat byudjeti daromadlarining 13,2 foizi miqdorida bo‘lishi kutilmoqda.
Resurs soliqlarining asosiy qismi yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqqa to‘g‘ri keladi. 2021 yil yakunlariga ko‘ra yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq tushumlari 2020 yilga nisbatan 663 mlrd. so‘mga kamayib, 15,8 trln. so‘mni tashkil etadi.
Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq tushumlarining kamayishi asosan oltin va kumush uchun belgilangan soliq stavkasini 20 foizdan 15 foizgacha pasayishi hisobiga yuz beradi.
Joriy yilda mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha tushumlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 trln. so‘mga oshib, 6,9 trln. so‘mni tashkil etadi.
Resurs soliqlari va mol-mulk solig‘i bo‘yicha tushumlar:
yer solig‘i bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 429-moddasiga asosan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va viloyatlar hamda Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari tomonidan Soliq kodeksida belgilangan bazaviy soliq stavkalari asosida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun tumanlar va shaharlarning iqtisodiy rivojlanishiga qarab, tumanlar va shaharlar xalq deputatlari Kengashlari, mazkur belgilangan soliq stavkalariga kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsientlarni qo‘llagan holda daha, massiv, mahalla, ko‘cha kesimida soliq stavkalarini tasdiqlashlari belgilanganligi va bazaviy stavkalarni (1,15 baravarga) indeksatsiya qilinishi hisobiga;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarining 1,15 baravarga, iqtisodiyotning alohida tarmoqlari uchun esa 1,3 baravarga indeksatsiya qilinishini hisobiga tushum ta’minlangan.
Davlat byudjetining boshqa daromadlarini asosan davlat ulushiga hisoblangan dividendlar va davlat korxonalarining sof foydasi – 15,4 trln.so‘m, davlat bojlari – 1,9 trln.so‘m, yig‘imlar – 2 trln.so‘m, bojxona yig‘imlari – 852 mlrd.so‘mni tashkil qilmoqda.
Umuman olganda, 2021 yil yanvar-sentyabr oylari tushumlari asosida qilingan hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yil yakunlari bo‘yicha Davlat byudjeti daromadlari 170,9 trln. so‘mni yoki O‘zbekiston Respublikasining “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonunida ko‘zda tutilgan prognozga nisbatan 23,7 trln. so‘mga ortiqcha bajarilishi kutilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |