Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlashni takomillashtirish
2021 yilda byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash maqsadida 14 ta tuman va shaharlar tajriba sifatida tanlab olinib, ushbu tumanlarga ularning jami xarajatlarining 5 foizi miqdorida O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan qo‘shimcha 92,7 mlrd so‘m mablag‘lar ajratildi.
Shuningdek, joriy yil iyul oyidan boshlab jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga ajratiladigan tuman va shaharlar byudjetlari qo‘shimcha mablag‘larining eng kam miqdorini 10 foizdan 30 foizga oshirildi.
Ushbu mablag‘larni jamlash va sarflanishini nazorat qilish uchun barcha tuman va shaharlar hokimliklari qoshida Fuqarolar tashabbusi jamg‘armalari tashkil etilib, ularda jami 292,3mlrd so‘m mablag‘lar shakllantirildi.
Shular bilan bir qatorda Moliya vazirligi tomonidan takomillashtirilgan yangi ko‘rinishdagi “Ochiq byudjet” axborot portali ishlab chiqilib, joriy yilning 1 iyulidan boshlab barcha tuman va shaharlarda jamoatchilik fikri asosida tadbirlarni shakllantirish jarayonlari boshlandi.
Fuqarolarni ushbu tadbir bilan yaqindan tanishtirish va jamoatchilikni tashabbusli byudjet jarayoniga jalb qilish maqsadida har bir tuman va shaharlarda “mobil” guruhlar tashkil etilib, “mahallabay” tarzda ishlar yo‘lga qo‘yilib, fuqarolarga tushuntirish ishlari olib borildi.
Fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida takliflar kelib tushgan mahallalarda “Ovoz berish yarmarkalari” tashkil etilib, “Ochiq byudjet” axborot portalidan foydalanish imkoniyati mavjud bo‘lmagan fuqarolarga ovoz berishda amaliy yordam ko‘rsatildi.
Buning natijasida, “Ochiq byudjet” axborot portalida fuqarolar tomonidan 41,1 mingta takliflar bildirildi. Kelib tushgan takliflar tahliliga ko‘ra, fuqarolarni eng ko‘p qiynab kelayotgan muammolar sifatida 13 mingta (jami takliflarning 34 foizi) ichki yo‘llarni ta’mirlash, 6,8 mingta (17 foiz) umumta’lim maktablarini ta’mirlash va jihozlash, 5,6 mingta (14 foiz) ko‘chalarni yoritish tizimi, 4,4 mingta (11 foiz) ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash va boshqa muammolarni (bolalar maydonchalarini tartibga keltirish, hududlarni obodonlashtirish, tabiiy gaz va elektr energiya ta’minotini yaxshilash kabilar) hal qilish bo‘yicha murojatlar kelib tushdi.
Ovoz berish jarayoni yakunlariga ko‘ra, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra
205 ta tuman va shaharlarda jami 877ta takliflar g‘olib deb topilgan.
Bundan tashqari, joriy yilda fuqarolardan kelib tushgan dolzarb muammolarni hal etilishiga imkoniyat yaratish va joylarda aholini qiynab kelayotgan muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etish maqsadida hukumat qaroriga asosan 153 ta tuman va shaharlarga respublika byudjeti mablag‘lari xisobidan qo‘shimcha 117,4 mlrd so‘m mablag‘ ajratilib, joriy yilda ushbu maqsadlar uchun ajratilgan mablag‘lar miqdori 409,7mlrdso‘mni tashkil etdi. Buning natijasida, joriy yilda fuqarolar tomonidan bildirilgan takliflardan 1 458 tasi g‘olib deb topilgan.
Kelgusi yillarda “tashabbusli byudjetlashtirish”tizimini yanada takomillashtirish hamda fuqarolarni ushbu jarayonga keng jalb qilish bo‘yicha quyidagilar taklif etiladi:
Jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan chora-tadbirlar (loyihalar)ni amalga oshirishning yangi mexanizmini joriy etish. Bunda jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga tegishli
byudjetlarning tasdiqlangan jami xarajatlarining 5 foizini moliyalashtirishga yo‘naltirishning yangi tartibini joriy etish.
2022 yil 1 yanvardan boshlab tuman va shaharlar byudjetlari parametrlarida hududiy ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun ajratiladigan mablag‘larning 50 foizi “Ochiq byudjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida aniqlangan ichki yo‘llarni ta’mirlashga yo‘naltirish tartibini joriy etish.
Takliflarni ilgari surish va jamoatchilik fikri asosida tadbirlarni saralash jarayonini tartibga solish bo‘yicha me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, shuningdek, tashabbusli byudjetlashtirishni rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash uchun mintaqaviy darajada institutsional asoslarini yaratish hamda o‘quv dasturlarining kompleks tizimini yaratish.
Tashabbusli byudjetlashtirishni rivojlantirishni qo‘llab- quvvatlashning muvofiqlashtirish mexanizmi va uslubiy asoslarini yaratish.
“Ochiq byudjet” portali funksiyalarini kengaytirish orqali portalni yanada takomillashtirish.
Hududlarni rivojlantirish davlat dasturlarini ishlab chiqishda jamoatchilik fikrini hisobga olish mexanizmini yaratish orqali davlat dasturlarini ishlab chiqishda tashabbusli byudjetlashtirish elementlarini joriy etish.
Tashabbusli byudjet jarayoni natijalaridan kelib fuqarolarning ushbu jarayonlarga jalb etilishi darajasi bo‘yicha hududlar reytingini joriy etish hamda uni “Ochiq byudjet” axborot portaliga joylashtirib borish.
Jamoatchilik fikri asosida tadbirlarni shakllantirishda fuqarolarni ushbu jarayonga kengroq jalb qilish maqsadida har bir mahalla va ovulda “mobil” guruhlar hamda “tashabbuskorlar burchagi”ni tashkil etish.