Davlat byudjeti xarajatlarining samaradorlik indikatorlarini belgilash
2020 – 2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasi davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasiga asosan soliq-byudjet siyosatiga strategik yondashuvni tatbiq etish maqsadida o‘rta muddatli byudjet asoslarini ishlab chiqish hamda yillik byudjetni shakllantirishning yangi “Natijaga yo‘naltirilgan byudjet”tizimini joriy etish belgilandi.
Davlat siyosatining o‘rta va uzoq muddatli maqsadlarini qo‘llab-quvvatlash va unga erishish talablariga javob beradigan samarali davlat moliyasini boshqarish tizimini yaratish maqsadida “moliya yili davomida moliyaviy resurslarning yetarliligini baholash” tamoyilidan “qabul qilinayotgan siyosiy qarorlarning o‘rta va uzoq muddatli oqibatlarini va ajratilgan byudjet mablag‘larining natijadorligini baholash” tamoyiliga o‘tishni nazarda tutuvchi strategik yondashuvni soliq-byudjet siyosati doirasida keng joriy etish zarur.
2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 dekabrdagi PQ-4938-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi va Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining byudjet mablag‘laridan foydalanish bilan bog‘liq faoliyatining samaradorligi indikatorlari sinov tariqasida tasdiqlandi.
Moliya vazirligi tomonidan 2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti loyihasini shakllantirish jarayonida barcha vazirlik va idoralarning byudjetlari xarajatlarining samaradorlik indikatorlarini belgilagan holda maqsadli rejalashtirish tizimini joriy qilish maqsadida bir qator xalqaro ekspertlarni, jumladan, LINPICO SARL (Fransiya) konsalting tashkiloti, Amerika G‘aznachilik departamenti, Osiyo taraqqiyot banki va Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik olib borilmoqda.
Bir qator byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarning navbatdagi uch yildan kam bo‘lmagan davr uchun amaldagi tadbirlari hamda rivojlantirish dasturlariga talab etiladigan mablag‘lar miqdori va maqsadli indikatorlari Byudjetnomaning 5-ilovasigamuvofiq shakllantirildi.
Bunda, vazirlik va idoralarning rivojlantirish dasturlari uchun maqsadli indikatorlar belgilangan bo‘lib, Davlat byudjeti hisobidan rivojlantirish dasturlari mavjud bo‘lmagan vazirlik va idoralar ularning strategik maqsadlaridan kelib chiqib maqsadli indikatorlar belgilangan.
Davlat byudjeti to‘g‘risidagi Qonun loyihasi tasdiqlanguniga qadar o‘zgartirishlar kiritilishi mumkinligini bu esa o‘z navbatida maqsadli indikatorlar belgilanishiga ta’sir ko‘rsatilishini inobatga olib, 2022 yil Davlat byudjeti qonuni qabul qilingandan so‘ng vazirlik va idoralarning byudjet mablag‘lari va rivojlantirish dasturlarining maqsadli indikatorlari mazkur qonunning ijrosini ta’minlash bo‘yicha qabul qilinadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorida aks ettiriladi.