Tashkiliy-texnik tadbirlar
6. Tashkilot rahbarining (yakka tartibdagi tadbirkorning) yong’in xavfsizligini ta’minlash bo’yicha majburiyatlariga quyidagilar kiradi:
a) «Yong’in xavfsizligi to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni, yong’in xavfsizligi sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar va normativ hujjatlar hamda ushbu Qoidalarning talablariga har bir obyektda rioya etilishini va bajarilishi nazorat qilinishini ta’minlash;
b) tarkibiy tuzilmalar nizomlarida va obyekt xodimlarining lavozim yo’riqnomalarida yong’in xavfsizligini ta’minlash bo’yicha majburiyatlarni nazarda tutish;
v) obyekt bo’yicha buyruq bilan:
obyektning texnologik uskunalarini, shamollatish va isitish tizimlari, yashindan himoya qiluvchi va yerga ulash moslamalarini, aloqa va xabar berish vositalarini, yong’inga qarshi texnik himoya vositalarini soz holda saqlash va foydalanish uchun hamda tashkilotning obyektlarida yong’in xavfsizligi bo’yicha mas’ul shaxslarni tayinlash;
har bir obyekt uchun uning yong’in xavfliligiga ko’ra yong’inga qarshi rejimini belgilaydigan yong’in xavfsizligi yo’riqnomalari ushbu Qoidalarga muvofiq ishlab chiqilishini ta’minlash;
olovli va boshqa yong’in xavfi mavjud ishlarni xavfsiz bajarish tartibi va vaqtini belgilash hamda ular bajarilishi ustidan nazoratni tashkil etish;
obyektning xodimlari o’rtasida yong’in sodir bo’lgan vaqtdagi majburiyatlarini taqsimlash;
g) tegishli yong’inga qarshi yo’l-yo’riq berish orqali xodimlarni yong’in xavfsizligi chora-tadbirlariga o’rgatishni va ushbu Qoidalargamuvofiq yong’in-texnik minimum bo’yicha mashg’ulotlar o’tkazishni tashkil etish;
d) yong’in sodir bo’lganda uning sababini, sodir etilishi va rivojlanishi (tarqalishi) sharoitlarini, yong’in kelib chiqishida va yong’in xavfsizligi talablari buzilishida aybdor bo’lgan shaxslarni aniqlash choralarini ko’rish;
ye) ushbu Qoidalarga muvofiq yong’in xavfsizligi va hayot faoliyati xavfsizligi haqidagi ma’lumotlardan iborat axborot stendlarini tashkil etish, shuningdek, ular o’z vaqtida yangilanishini ta’minlash.
7. O’ta muhim davlat ahamiyatiga molik obyektlarda, yirik ijtimoiy-madaniy obyektlarda, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq xavfli ishlab chiqarish obyektlari jumlasiga kiritilgan, portlash-yong’in xavfi muhitini paydo qilishga qodir bo’lgan moddalar ishlatiladigan, ishlab chiqariladigan, qayta ishlov beriladigan, hosil qilinadigan, saqlanadigan, tashiladigan, yo’q qilinadigan obyektlarda tashkilot rahbarining buyrug’i bilan yong’inlarning oldini olish va ularni o’chirish bo’yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish maqsadida yong’in-texnik komissiyasi tuzilishi hamda ushbu Qoidalarga muvofiq obyektning yong’in xavfsizligi pasporti ishlab chiqilishi kerak.
8. Yong’inda odamlarni xavfsiz evakuasiya qilish, yong’inlarni samarali o’chirish, shuningdek, yong’inga qarshi himoya vositalari joylashgan joylarni belgilash maqsadida bir vaqtning o’zida qavatida 10 nafardan ortiq odamlar bo’ladigan bino va inshootlarning (turar joylardan tashqari) yo’laklari va evakuasiya yo’llarining ko’rinadigan joylarida quyidagilar:
ushbu Qoidalargamuvofiq ishlab chiqilgan yong’in vaqtida binoni tark etish evakuasiya rejasi (sxemasi) o’rnatilgan bo’lishi;
davlat standarti talablariga muvofiq ishlab chiqilgan yong’in xavfsizligi belgilari joylashtirilgan bo’lishi kerak.
9. Tashkilotlarning xodimlari hamda fuqarolar quyidagilarga majburdirlar:
a) normativ-huquqiy hujjatlarda, shuningdek, normativ hujjatlarda, davlat yong’in nazoratining hujjatlarida va ushbu Qoidalarda nazarda tutilgan yong’in xavfsizligi talablariga amal qilishga;
b) gaz va maishiy elektr asboblaridan, maishiy-kimyo vositalaridan foydalanishda, yengil alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar bilan hamda yong’in xavfliligi jihatidan xavfli bo’lgan boshqa moddalar, materiallar va uskunalar yordamida ishlarni bajarishda ehtiyotkorlik choralarini ko’rishga;
v) yong’inni sezib qolganda zudlik bilan bu haqda yong’indan saqlash xizmatiga xabar berishga hamda odamlarni, mol-mulkni evakuasiya qilish va yong’inni o’chirish yuzasidan choralar ko’rishga.
10. Obyektlar ushbu Qoidalargamuvofiq soz holatdagi yong’inga qarshi texnik himoya vositalari, yong’inni o’chirishning birlamchi vositalari va boshqa yong’in texnikasi, shuningdek, tezkor aloqa vositalari bilan ta’minlangan bo’lishi kerak.
11. Ishlab chiqarish xonalari va omborxonalar eshiklarining (darvozalarining) tashqi tarafiga, shuningdek, tashqi qurilmalarning hududiga ushbu Qoidalarga muvofiq portlab yonish va yong’in xavfi bo’yicha toifalarning hamda zonalar sinfining belgisi o’rnatilishi kerak.
12. Portlab yonish va yong’in xavfliligi bo’yicha «A» va «B» toifalariga mansub xonalarning eshiklariga qo’shimcha ravishda ushbu Qoidalarga 8-ilovaga muvofiq yong’in xavfsizligi chora-tadbirlarining ma’lumot kartasi o’rnatilishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |