1.3. Qurilishda loyihalashni tashkil qilish
Qurilishda loyiha hujjatlari “Shaharsozlik norma va qoidalari” (ShNQ), «Qurilish me’yorlari va qoidalari» (QMQ) ga muvofiq ko‘rinishda ishlab chiqiladi va korxonalar, bino va inshootlarni yoki ularning majmualarini qurish uchun zarur va yetarli, asoslangan, texnik va iqtisodiy tavsifli grafik va matn ko‘rinishidagi materiallar to‘plamidan tashkil topadi. Qurilish loyiha xujjatlari ShNK 01.03.01–102 ga muvofiq ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. Loyihalash jarayoni loyihani amalga oshirishning tashkiliy–texnik davriga (TTD) kiradi va u uchta bosqichdan iborat bo‘lib, uchinchi bosqichga to‘g‘ri keladi. TTD quyidagicha tavsiflanadi.
Birinchi bosqichda ko‘proq ob’yektiv ma’lumotlar to‘plash maqsadida, Rossiyaning aksariyat hududlarida loyihalashdan oldingi bosqich, ya’ni yer uchastkasini qurilish uchun ajratish bo‘yicha qaror qabul qilinishida hujjatlar ishlab chiqish bosqichi joriy qilingan.
Bu bosqichda ishlab chiqaradigan mahsulotlari va xizmatlar nomenklaturasi bilan ob’yektlarning hajmiy–rejalashtirishga oid va uning texnik–iqtisodiy ko‘rsatkichlari belgilanadi. Keyin esa umumlashtirilgan ko‘rsatkichlar bo‘yicha yoki o‘xshash (analog) ob’yektlar bo‘yicha muhandislik ta’minotidagi ehtiyojlarga (jumladan, issiqlik, suv, elektr energiyasi, xo‘jalik – oqova suvlari, gaz), xom ashyo va materiallarga bo‘lgan talab darajasiga aniqlik kiritiladi. Bundan tashqari, mikro hududlar va sanoat miqyosida foydalanishga mo‘ljallangan yirik ob’yektlarni qurish uchun transport sxemalari ishlab chiqiladi va ijtimoiy–maishiy turmush sektorini rivojlantirish chora–tadbirlari belgilanadi. Sanoat va ommaviy bino va inshoot majmualari hajmiga aniqlik kiritiladi.
Ikkinchi bosqichda qurilishning mahalliy o‘z–o‘zini boshqarish organlari tomonidan ruxsat berilganidan keyin, SES, Davlatyong‘innazorat va atrof– muhitni muhofaza qilish bo‘yicha tashkilotlardan ushbu hududda ob’yektlarni qurish haqidagi yozma ravishda yakuniy xulosalar olinadi. Shundan keyin, zarur holda majmuaviy muhandislik izlanishlari amalga oshiriladi va moliyalashtirish manbalariga aniqlik kiritiladi. Natijada texnik imkoniyatlar, sarflanadigan investitsiyalarning iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan maqsadga muvofiqligi haqida qarorlar qabul qilinishi uchun zarur yechimlar tayyorlanadi. Shu bilan yer uchastkasini qurilish maqsadlari uchun berish haqida qarorlar tayyorlanishi bosqichi nihoyasiga yetadi.
Investitsiyalar bo‘yicha kelishuvlar va tasdiqlashga doyir uchinchi bosqich yakunlovchi bo‘lib, bu bosqich ob’yektlarni loyihalash jarayonida bajariladi. Loyihalash oldidan Buyurtmachi loyihalash topshiriqlariga aniqlik kiritadi, joriy muhandislik tarmoqlari bilan bog‘lanishlar bo‘yicha texnik shartlarni oladi, me’morchilik–rejalashtirish topshiriqlarini rasmiylashtiradi, materiallarga aniqlik kiritadi, qurilishni amalga oshirish uchun talab qilingan, ijtimoiy–iqtisodiy holatlarni tavsiflab beradigan boshqa masalalarga aniqlik
kiritadi.
Loyihalashning prinsipyal sxemasi 1–rasmda keltirilgan.
Buyurtmachi va loyihalovchi o‘rtasidagi huquqiy va moliyaviy munosabatlar reglementini belgilab beradigan asosiy hujjat – loyihalash topshiriqlari ilovalari bilan birga shartnoma (bitim) hisoblanadi.
Loyihalash topshiriqlari. Buyurtmachi tomonidan yoki u tomonidan
berilgan topshiriq asosida bosh loyihalashtiruvchi tomonidan ishlab chiqib, bu hujjat me’morchilik bo‘yicha mahalliy boshqarma va ekspertiza bilan kelishgan holda tuzib chiqiladi va Investor yoki Buyurtmachi tomonidan tasdiqlanadi.
Uning tarkibida loyihalashga qo‘yiladigan umumiy va xususiy talablar, umladan, birinchi bo‘lib ishga tushiriladigan majmualar va navbatdagi ob’yektlarning ishga tushirilish tartibi keltiriladi. Topshiriqlar tarkibida me’morchilik – qurilish va konstruksiyalar yechimlariga, shuningdek favqulodda vaziyatlar yuz berishidan ogohlantiruvchi, fuqarolar va tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan chora–tadbirlar ishlab chiqilishiga qo‘yiladigan talablar belgilanishi nazarda tutiladi. Qurilishda loyiha hujjatlari Qurilish me’yorlari va qoidalarida ko‘zda tutilgan namunaviy topshiriqlar tarkibiga mahalliy boshqaruv organlari tomonidan qo‘yiladigan o‘ziga xos talablar (masalan, Moskva hududida amal qilinuvchi Davlat qurilish me’yorlari) va ob’yektlarning yakka tartibdagi o‘ziga xos xususiyatlari bo‘yicha quruvchi tomonidan keltiriladigan talablarni ham kiritish mumkin. Quruvchi tomonidan texnik nazorat tarkibi, qurilish–montaj ishlarini sug‘urtalash, loyihalash–qurishga oid hujjatlar ekspertizasi, davlat miqyosidagi me’morchilik–qurilish nazorati inspeksiyasi (DAQN), foydalaniluvchi kadrlarni tayyorlash va shu kabilar uchun chegaralash o‘lchamlarini ko‘rsatadi. Sanab o‘tilganlardan tashqari, sanoat miqyosida foydalanishga mo‘ljallangan ob’yektlar bo‘yicha korxonaning ish rejimi bo‘yicha, uning istiqboldagi rivojlanishi va ishlab chiqaruvchi mahsulotning raqobatbardoshligi bo‘yicha, fuqarolik maqsadlarida foydalanishga mo‘ljalangan turar–joy ob’yektlari bo‘yicha esa, qurilgan yoki quriladigan inshootlarning maydoni, ularning mo‘ljallanilishi va tarkibi, ularning foydalanishga yaroqligi va shu kabilar bo‘yicha talablar ishlab chiqiladi.
O‘zR VMning 110-sonli «Korxona, bino va inshootlarning qurilishida investitsiya loyihalarini asoslash tarkibi, ishlab chiqish, muvofiqlashtirish va
tasdiqlash tartibi» Qaroriga muvofiq, topshiriqlar olinganidan keyingi bosqichda loyihalash jarayonni ham shartli ravishda uch bosqichga bo‘lish mumkin: dastlabki texnik iqtisodiy asoslash (DTIA); texnik iqtisodiy asoslash (TIA) va ishchi hujjatlar (IX). Fuqarolik maqsadlarida foydalanishga mo‘ljallangan – turar joy ob’yektlari qurilishida loyiha hujjatlari quyidagi tarkibda tayyorlanadi:
Umumiy izohlash xati;
Me’morchilik–qurilish yechimlari;
Texnik yechimlar;
Muhandislik qurilmalari bo‘yicha yechimlar;
Atrof–muhitni muhofaza qilish;
Favqulodda vaziyatlardan ogohlantirish bo‘yicha chora–tadbirlar va fuqarolik mudofaasi bo‘yicha muhandislik-texnik chora-tadbirlari;
Qurilishni tashkil qilish;
Smeta qismi;
Investitsiyalar samaradorligi.
Bundan tashqari, sanoat sohasi uchun foydalanishga mo‘ljallangan korxonalar, bino va inshootlar qurilishida loyiha hujjatlari o‘z tarkibiga quyidagilarni qamrab oladi:
korxona, ishlab chiqarishni boshqarish va tashkil qilish shart–sharoitlari va ishchilar va xizmatchilar mehnati muhofazasi;
energiya samaradorligi.
Loyiha hujjatlarining tarkibi, alohida qismlar bo‘yicha aniqlik kiritilishi loyihalash topshiriqlari, joriy ShNK va QMQ, korxona me’yorlari, quriladigan ob’yektlarning mo‘ljallanilishi va murakkablik darajasi va g‘oyalarning oqilonaligi bilan belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |