24-MAVZU. Startoldi holatlari -ning psixologik xususiyatlari.
Reja:
1. Startoldi holatlarining psixologik xususiyatlari.
2. Startoldi lixoradkasi, startoldi apatiyasi, xotirjamlik xolati, jangovarlik xolati.
Har bir sportchi musobaqa oldidan startoldi xolatini boshdan kechiradi.
Bunday holatning kelib chiqishiga nima sabab bo‘ladi?
Umuman olganda buning sababi, birinchi savoldagi emotsional zo‘r
berishlarining tavsifida tilga olingan jihatlardan iboratdir.
Startoldi emotsional his-hayajonlar qachon boshlanadi? Sportchining startoldi
holatlari turli paytlarda yuz berishi mumkin. Ba’zi sportchilarda bu holat biron bir
musobaqada ishtirok etishi haqidagi xabarni olishi bilanoq boshlansa, ba’zi
birlarida ushbu musobaqaga start berilishidan bir necha kun yoki bir necha soat
oldin boshlanishi mumkin.
Startoldi holatlarining paydo bo‘lish vaqti nimalarga bog‘liq? Sportchilardagi
startoldi holatining paydo bo‘lishi ularning shaxsiy-individual xususiyatlariga,
ya’ni asab tizimining turiga, temperamentiga, xarakteriga, sport musobaqalarda
ishtirok etish bo‘yicha to‘plagan tajribasiga va xokazolarga bog‘liq.
Sportchilarning musobaqalarda ishtirok etish oldidan startoldi holatlarini boshdan
kechirishlari zarurmi? Ushbu savolga startoldi holatlarining fiziologik
mexanizmlarini ochib berish orqali javob olish mumkin. Fiziologiya fani nuqtai
nazaridan startoldi holatlarining mexanizmlari shartli refleks xarakteriga egadir.
Ularning asosida sportchi organizmining oldinda turgan kuchli harakat
faoliyatiga funktsional tayyorgarligi yotadi. Sportchi organizmida start oldidan
yuzaga keladigan fiziologik o‘zgarishlar shartli reflektor moslashuvchanlik
reaksiyalari hisoblanib, ular sportchi oldida turgan jismoniy ishlarning bajarilishini
ta’minlaydi. Masalan ular qatorida yurak – qon tomir tizimi reaksiyasi, nafas olish
faoliyatining o‘zgarishi, ichki sekretsiya bezlarining va boshqa organlardagi
o‘zgarishlarni tilga olib o‘tish mumkin.
Psixologik nuqtai nazardan olib qaraganda musobaqalar oldidagi psixologik
zo‘riqishni odatda shunchaki his- hayajon deb atashadi. Start oldidan hayajonlanish
(albatta belgilangan me’yor darajasida) nafaqat mumkin, balki zarur hamdir.
Chunki, startoldi hayajonini his etmasdan, kishi o‘z imkoniyatlarini to‘liq
namoyish eta olmaydi. Bunday vaziyatlardagi hayajonlanish, odatda, sport
o‘yinlaridagi ko‘tarinki kayfiyat, umumiy ko‘tarinki jangovor ruh, sport janglarini
intiqlik bilan kutish tarzida namoyon bo‘ladi. Har bir sportchi nafaqat musobaqa
oldi his-hayajonlari dinamikasining umumiy qonuniyatlarini bilishi, balki ayni
paytda bu boradagi o‘zining individual xususiyatlarini ham yaxshi bilishi kerak.
Zero o‘z holatini to‘g‘ri anglab yetish, uni me’yorlashtira olishning bosh yo‘lidir.
Startoldi holatlarining psixologiyasini o‘rganishga bag‘ishlangan dastlabki
tadqiqotlar (O.A.Chernikova, 1937) “startoldi lixoradkasi” ning o‘ziga xos
jihatlarini ochib berdi, ya’ni uning sportchi xatti-harakatlariga ta’sir qilishini
hamda ushbu masalani o‘rganish sportchilarni musobaqaga tayyorlashda o‘ta
muhim ekanligini ko‘rsatdi. Ushbu yo‘nalishdagi tadqiqotlarda G.M.Gagaeva,
S.M.Oya, Yu.Yu.Palayma, A.S.Puni va boshqalar tomonidan startoldi xolatining
asosiy turlari aniqlangan. Mazkur tadqiqotlarda startoldi holatlari alohida
psixologik va fiziologik xususiyatlari bilan ajralib turishi qayd etilgan. Bu holatlar
sportchining, ishchanligiga hamda musobaqalashuv sharoitlarida u amalga
oshiradigan xatti-harakatlarning natijasiga ta’sir ko‘rsatishi aniqlangan. Startoldi
holatining 4 ta turini alohida ajratib ko‘rsatish mumkin:
• Startoldi lixoradkasi
• Startoldi apatiyasi
• Jangovor holat
• Xotirjamlik holati
1. Startoldi lixoradkasi - ushbu holat quyidagi psixologik xususiyatlari bilan
ajralib turadi:
a) kuchli hayajonlanish, ba’zi hollarda bu hayajon sportchi faoliyatini asosiy
maqsaddan chalg‘itadi;
b) his-hayajonlarning beqarorligi, ularning birini ikkinchisi, ba’zan mutlaqo
teskarisi bilan tez-tez almashib turishi;
v) diqqatning chalg‘ishi, parishonxotirlik;
g) idrok va tasavvurdagi uzilishlar, sportchi start signali yoki trenerning
maslahatlarini o‘z vaqtida eshitmasligi mumkin;
d) xotiraning susayishi. Bunday holatda, sportchilar asosiy e’tibor qaratilishi
lozim bo‘lgan jihatlarga talab darajasida e’tibor qaratmaydilar;
e) fikrlar chalkashib, biri ikkinchisiga o‘tib ketadi.
Tashqi belgilari:
• Tomir urishi va nafas olishning tezlashuvi;
• Qo‘l va oyoqlarning qaltirashi;
• Oyoq va qo‘llarning sovuqqotishi;
• Terlab ketish, yuzning oqarib ketishi;
• Ba’zi hollarda og‘izning qurishi, oshqozon buzilishi va hokazolar kuzatiladi.
Fiziologik nuqtai nazardan startoldi lixoradkasi kuchli hayajonlantiruvchi asab
jarayonlarining ko‘tarilishi va tormozlovchi asab jarayonlarining susayishi bilan
bog‘liqdir.
Startoldi lixoradkasi ko‘pincha sportni yaqinda boshlagan sportchilarda yoki
yetarli darajada tayyorgarlik ko‘rmagan sportchilarda shuningdek, qiziqqon, har
narsaga birdaniga qizishib ketadigan sportchilarda kuzatiladi.
Ushbu emotsional holatni bartaraf etishda sportchining e’tiborini musobaqadan
boshqa narsaga jalb etish yaxshi natija beradi. Ularga quyidagilarni misol keltirish
mumkin:
• so‘zlashuv usuli—bunda sport trener yoki psixolog sportchining e’tiborini
musobaqaga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan boshqa mavzularga qaratadi.
• Qizitish mashqlari (tinchlantiruvchi va murakkab koordinatsiyali mashqlarni
berish).
• Massaj, o‘z-o‘zini massaj qilish (tinchlantiruvchi).
• Diqqatni chalg‘itish usullari.
• Ortiqcha zo‘riqishni susaytirish maqsadida o‘z-o‘zini tartibga solish.
2. Startoldi apatiyasi. Ushbu holat startoldi lixoradkasining tamoman teskarisi
bo‘lib, unda quyidagi xususiyatlar kuzatiladi:
a) qo‘zg‘aluvchanlikning susayishi. Odatda bu holat barcha psixik
jarayonlarning o‘ta bo‘shanglik bilan bajarilishida va ba’zan hatto uyqusirash
holatiga tushish tarzida namoyon bo‘ladi;
b) musobaqada ishtirok etish xohishining yo‘qligi;
v) astenik kayfiyatning paydo bo‘lishi, kuchsizlanish, idrok, diqqat, tafakkur
va boshqa jarayonlar sur’ati va hajmining pasayishi.
Startoldi apatiya holati fiziologik jihatdan bosh miya qobig‘idagi qo‘zg‘atuvchi
jarayonlarning pasayishi va tormozlovchi jarayonlarning kuchayishi bilan bog‘liq
bo‘ladi.
Bunga sabab sportchining o‘ta charchaganligi yoki me’yordan ortiq mashq
qilib yuborganligi ham bo‘lishi mumkin. Agar sportchida yuqorida aytilgan
xolatlar kuzatilmagan bo‘lsa, bu holatni bartaraf etish uchun xuddi startoldi
lixoratkasida qo‘llangan usullardan foydalanish mumkin. Faqat ularning aksini
qilish lozim bo‘ladi.
3. Jangovor tayyorgarlik xolatiga quyidagilar xosdir.
a) oldinda turgan musobaqaga butun diqqatni jalb etilishi, diqqat hajmining
oshishi;
b) sportchi o‘z kurashida nimani hisobga olish kerakligini va qanday
usullardan foydalanishi kerakligini juda yaxshi eslab qoladi va biladi;
v) ushbu holatda sportchining harakatlari, reaksiya vaqti va unda kechayotgan
psixik jarayonlarining tezlashuvi yuz beradi;
g) sportchida yuqori darajadagi irodaviy zo‘r berish qobiliyati kuchayadi.
Jangovor holatning fiziologik asosi sportchi organizmining barcha tizimlari
jismoniy ishchanlik qobiliyatining umumiy ko‘tarinkiligi, qo‘zg‘alish va
tormozlanish asab jarayonlarining optimal holatda bo‘lishidan iboratdir.
Jangovor holat yuqori darajada mashqlangan, yaxshi tayyorlangan va
musobaqalarda ishtirok etish bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lgan sportchilarga
hosdir.
4.Xotirjamlik holati. Ushbu xolat aksariyat hollarda sportchilar sport
musobaqalarida raqibi imkoniyatini suniy ravishda pasaytirib, o‘zlari uchun juda
kuchsiz raqib deb hisoblaydigan va shu sababli uning ustidan yengilgina g‘alaba
qozonaman deb o‘ylaydigan holatlarda yuzaga keladi. Mazkur holatda quyidagilar
kuzatiladi:
a) g‘alaba uchun zarur bo‘lgan hushyorlik va safarbarlik holatining yo‘qligi;
b) diqqat jadalligining pasayishi, idrok, tafakkur jarayonining sekinlashuvi,
sport jangini olib borishdagi xushyorlikning susayishi.
Odatda o‘zini xotirjam tutish holati sportchilarda ular chindan ham o‘zlaridan
ancha ojiz raqiblar bilan maydonga tushganda kuzatiladi. Ushbu holat sportchining
ishchanlik, bor kuch g‘ayratini safarbar etish qobiliyatlariga salbiy ta’sir etib,
natijada uning hatti - harakatlaridagi yakuniy natijalar darajasi pasayib ketadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |