2.4 Hisobga olish asboblarini davriy qiyoslashdan o‘tkazish uchun yechib olish.
Iste’molchi tomonidan qiyoslashdan o‘tkazish uchun to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng, uch ish kuni ichida hisobga olish asbobini echib olish uchun elektr ta’minoti korxonasi tomonidan vakolatli xodim yuboriladi. Vakolatli xodim soat 8.00 dan 20.00 gacha iste’molchining hisobga olish asbobini yechib olish va o‘rnatish uchun kelish huquqiga ega.
Bunda vakolatli xodim o‘z xizmat guvohnomasini iste’molchiga ko‘rsatishi lozim. Hisobga olish asbobini yechib olishda vakolatli xodim iste’molchi ishtirokida hisobga olish asbobi va o‘rnatilgan plombalarning butligini tekshirib, hisobga olish asbobi yechib olinganligi haqida uch nusxada dalolatnoma tuzadi. Bunda dalolatnomaning bir nusxasi iste’molchiga beriladi, ikkinchi nusxasi elektr ta’minoti korxonasida qoladi, uchinchi nusxasi esa, davlat metrologiya xizmati organiga taqdim etiladi. Dalolatnomaning barcha nusxalari vakolatli xodim va iste’molchi tomonidan imzolanadi. Dalolatnomada hisobga olish asbobining turi, zavod raqami, ishlab chiqaruvchining tovar belgisi va uning yechib olingan vaqtdagi ko‘rsatkichlari hamda boshqa zarur ma’lumotlar qayd etiladi.
Iste’molchi vakolatli xodim o‘z vazifalarini amalga oshirishi uchun zarur sharoitlar yaratishi shart. Eelektr ta’minoti korxonasida qiyoslashdan o‘tkazilgan hisobga olish asboblarining almashtirish fondi mavjud bo‘lganda, iste’molchining hisobga olish asbobi yechib olingandan so‘ng, uning o‘rniga almashtirish fondidan belgilangan tartibda qiyoslashdan o‘tkazilgan hisobga olish asbobi o‘rnatiladi hamda belgilangan tartibda sertifikat rasmiylashtirib beriladi.
1.6-rasm Hisobga olish asboblarini yechib olish jarayoni
Elektr ta’minoti korxonasining almashtirish fondi mavjud bo‘lmaganda, hisobga olish asbobi yechib olinganidan so‘ng, vakolatli xodim qiyoslashdan o‘tkazish ishlari davom etadigan davrga iste’molchining elektr qurilmalarini elektr tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, hisobga olish asbobisiz ulab qo‘yadi. Iste’molchi hisobga olish asbobisiz elektr tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan taqdirda, foydalanilgan elektr energiyasi uchun qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda to‘lov amalga oshiriladi.
2.5 HISOBGA OLISH ASBOBLARINI DAVRIY QIYOSLASHDAN O‘TKAZISH UCHUN DAVLAT METROLOGIYA XIZMATI ORGANIGA TOPSHIRISH
Vakolatli xodim hisobga olish asbobini, u yechib olingandan so‘ng uch ish kuni ichida davlat metrologiya xizmati organiga uning yechib olinganligi haqidagi dalolatnoma bilan birgalikda taqdim etadi.
Hisobga olish asbobida ishlab chiqaruvchining tovar belgisi, hisobga olish asbobining turi va zavod raqami aniq bo‘lmasa yoki u shikastlangan holatda bo‘lsa, davlat metrologiya xizmati organi uni qiyoslashdan o‘tkazish uchun qabul qilishni rad etishga haqli. Hisobga olish asbobini qabul qilib olgan davlat metrologiya xizmati organi xodimi uning qabul qilganligini tegishli jurnalda qayd etadi. Hisobga olish asbobini qiyoslashdan o‘tkazish uchun qabul qilish rad etilgan taqdirda, bu haqda ikki nusxada dalolatnoma tuziladi va davlat metrologiya xizmati organi xodimi hamda vakolatli xodim tomonidan imzolanadi. Bunda dalolatnomaning bir nusxasi vakolatli xodimga beriladi, ikkinchisi esa, davlat metrologiya xizmati organida qoladi. Hisobga olish asbobi qiyoslashdan o‘tkazish uchun qabul qilinganda, hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan davlat metrologiya xizmati organi o‘rtasida hisobga olish asboblarini qiyoslashdan o‘tkazish bo‘yicha shartnoma tuziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |