8-§. Misr va qo`shni xalqlar
Qadimgi misrliklarning qo`shnilari. Misr, janubdan Nubiya bilan chegaradosh bo`lgan. Bu mamlakatga misrliklar Nil bo`ylab oltin, smola (qatron), fil suyagi, nodir navli yog`ochlarni ayirboshlash uchun borishardi. Misr g`arbida, Liviya cho`lida shu nomdagi mamlakat joylashgandi. Sahro aholisi ko`chmanchi chorvadorlar bo`lgan. Arabiston sahrosida hech kim istiqomat qilmas, ammo u orqali o`tadigan yo`l Sinay yarimoroliga borar, bu yerda esa mis qazib olinar edi. Sinay yarimorolidan shimolroqda Falastin, uning yonboshida Suriya joylashgan edi. Bu mamlakatlar mis va temir rudasiga hamda boshqa foydali qazilmalarga boy edi. Falastin va Suriyadan misrliklar hunarmandlar yasagan buyumlar va nodir qimmatbaho toshlarni ham olib kelishardi. Fir`avnlarning istilolari. O`rta podsholik davrida Sinay yarimoroli bosib olindi, mahalliy qabilalar Misrga "xiroj" to`lay boshlashdi. Fir'avnlar Nubiya va Liviyaga ham yurish qilib, shaharlarni talattirdilar, asirlar, chorva mollari va boshqa boyliklarni egallab oldilar. O`rta podsholik fir'avnlari Janubiy Falastin yerlari va Nubiya shimolini Misrga qo`shib olishga muyassar bo`ldilar. Miloddan avvalgi XVIII asr oxirida ko`chmanchi giksoslar qabilalari Misrga hujum qildi. Misrliklarning piyoda qo`shinlaridan farqli o`laroq giksoslarning asosiy kuchi yengil aravalar - otlar qo`shilgan jang aravalari bo`lgan. Bir askar otlarni boshqarib turgan mahalda ikkinchisi kamondan dushmanlarni nishonga olib o`q uzar edi. Quyi Misrni bosib olgan giksoslar misrliklar shaharlari va qishloqlariga hujum qildi, ularni ayovsiz taladi va odamlarni asirlikka haydab ketdi. Bu mahalda o`rta podsholik ko`plab mayda "nom"larga bo`linib ketgandi, ular giksoslarga xiroj to`lar edi. Faqat Fiva shahri hukmdorlarigina giksoslarga itoat qilmadilar. Bosqinchilar istibdodidan xalos bo`lish taraddudiga tushib qolgan "nom"lar hukmdorlari Fiva shahri tevaragida birlasha boshlashdi. Ko`p o`tmasdan Yuqori Misrning barcha "nom"lari Fiva "nomi" fir'avni tevaragida birlashdilar. Bir qancha janglarda fir'avn Yaxmos giksoslarni tor-mor etib, bosqinchilarni Misrdan haydab chiqardi. Itoatsiz hukmdorlarni o`ziga bo`ysundirgan Yaxmos yangi fir'avnlar sulolasi asoschisiga aylandi, ana shu fir'avn zamonidan Yangi podsholik davri boshlandi. Yaxmos hukmdorligi davrida Misr yuksak kuch-qudrat cho`qqisiga erishdi. Fir`avnlar yurishlarining natijalari. Mamlakatini ozod qilgan Yangi podsholik hukmdorlari qo`shni davlatlar bilan kurashni endi bosqinchi sifatida davom ettirishdi. O`z armiyasini qilichlar va tabarzinlar - dastasi uzun jangovar oyboltalar, shuningdek, jangovar aravalar bilan qurollantirgan fir'avnlar Nubiya va Old Osiyo mamlakatlariga hujumni boshlab yubordilar. Bir necha yurishlardan keyin fir'avnlar deyarli butun Nubiyani Misrga qo`shib olishdi, Liviya qabilalarini xiroj to`lashga majbur qildilar. Mil. avv. 1500-yillar atrofida fir'avn Tutmos II Katta yurishlar tashkillashtirishga muyassar bo`ldi. Falastin va Suriyani istilo qilish boshlandi, bir necha o`n yil davom etgan yurishlarda erksevar qabilalarni uzil-kesil bo`ysundirib bo`lmadi. Faqatgina fir'avn Tutmos III Falastinni bosib olishga muvaffaq bo`ldi. Bo`ysundirilgan xalqlar misrliklardan nafratlanar, o`z erk va ozodligi yo`lida kurashar edilar. Misr fir'avnlari bir necha yil mahalliy qabilalar bilan urushdilar. Bu narsa fir'avnlar sillasini quritdi, davlat zaiflashib qoldi, Yangi podsholik ham alohida "nom"larga tarqalib ketdi. Mil. avv. VII asrda Misr yana yagona davlatga birlashdi, mamlakat iqtisodiyoti va madaniyati yuksalishi boshlandi. Ammo miloddan avvalgi VI asrda Misrga yangi bir dushman bostirib kirdi. Forslardan ulkan lashkar to`plagan shahanshoh Kir II ning o`g`li Kambiz miloddan avvalgi 525-yilda Misrni bosib oldi. Qadimgi Misr tarixi besh davrga - Ilk, Qadimgi, O`rta, Yangi va So`nggi podsholikka bo`linadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |