11-12-§§. Qadimgi Misr madaniyati .
Yozuv. Qadimgi Misrliklar yozuvi birinchilardan bo`lib vujudga kelgan yozuvlardan biridir. Avvaliga har bir so`z rasm ko`rinishida yozilgan. Yozuvdan qarg`ishlar va marosimlarni yozib borishda foydalanishgan, shuning uchun ham uni "muqaddas" yoki "xudolar kulomi" deb nomlash gan. Yozuvlar maqbaralar devorlariga va xudolar haykallariga chekib yozilgan. Qadimgi yunonlar ularni "iyerogliflar" deyishgan ("toshga chekilgan muqaddas bitiklar" ma'nosini anglatadi). Misrliklar alifbosi 700 iyeroglifdan iborat bo`lgan. Har bir so`z o`zida bir qancha ramzlar va timsollarni ifoda etgan. Iyerogliflarni o`rganish rosa qiyin ish bo`lib, savod chiqarish ko`pchilikka nasib etavermagan. Iyerogliflarni qamish qilqalam bilan papirusga, ya'ni papirus poyasidan ishlangan qog`ozga yozishgan. Turli rangdagi mineral bo`yoqlar siyoh vazifasini o`tagan. Ta'lim olayotganda sopol buyumlar parchasiga yoki ohaktoshga yozar edilar. Husnixat san'atini egallagan kishilar yuksak saviyadagi ma'lumotli va savodxon kishilar sanalganlar, katta imtiyozlarga ega bo`lib, izzat-hurmat ko`rganlar. Qashshoq oilalar farzandlarining ko`pchi ligi savodsz bo`lib qolavergan, hunarlarni esa ota-onalaridan o`rgangan. Iyerogliflar sirining kashf etilishi. Taniqli fransuz olimi Jak-Fransua Shampolyon 1822-yilda jahonshumul ahamiyatga molik kashfiyot qildi: Misr matnlarini o`qish kalitini topdi. Bu kashfiyotga Qohira shahridan uncha uzoq bo`lmagan Rozett shahri yaqinidagi bir toshga chekilgan qadimgi misr va yunon tillaridagi bir xil ma'nodagi bitik sababchi bo`ldi. Yunon tilidan tarjima qilish qiyinchilik tug`dirmadi, matnlarni taqqoslab ko`rib, har bir iyeroglif anglatgan ma'noni tushuntirib berish imkoni topildi. Ana shu kashfiyotdan keyin papiruslarga bitilgan ko`plab matnlar, ibodatxonalar va piramidalar devorlaridagi bitiklar ko`p asrlik jimjitlik dan so`ngra "tilga kirdi". Tarixchilar esa Qadimgi Misr sivilizatsiyasini o`rganish uchun muhim va ishonchli manbaga ega bo`lishdi. Bugungi kunda Rozett bitiktoshi Londondagi Britaniya muzeyida saqlanmoqda. Nazariy bilimlarning dunyoga kelishi. Misrliklar nazariy bilimlarining duyoga kelishi va rivoj topishi ularning amaliy faoliyati bilan bog`liq bo`lgan. Ziroatchilar qachon urug`likni yerga qadash, qay mahalda hosilni yig`ishtirib olishni bilishi zarur edi. Bu muddatlarni misrliklar yulduzlarga qarab aniqlaganlar. Shu tariqa, astronomiya, ya'ni yulduzlar haqidagi fan dunyoga keldi. Yulduzlarni kuzata turib misrliklar yil davomiyligini 365 kun etib aniqraso belgilashdi, birinchi bo`lib taqvim tuzishdi, 365 kunni esa 30 kundan 12 oyga taqsimlashdi, ortib qolgan 5 kunni esa bayram kunlari sanab, hisobga kiritishmadi. Misrliklar tomonidan tuzilgan osmonda yulduzlar joylashuvi xaritasi hozirga qadar saqlangan. Misrliklar dengizlar va sahrolarda yulduzlarga qarab mo`ljal olishgan, yo`lni belgilashgan. Anhorlar qazilayotganda, istalgan imorat va inshootni barpo etayotganda maydon, hajmni o`lchash zarur edi, shu tariqa geometriya fani - yer yuzasini o`lchash ilmi dunyoga keldi. Misrliklar nafaqat oddiy arifmetik hisoblashni, qolaversa kasrlar, maxrajlar va murakkab hisob-kitoblarni ham bilishgan. Matematika fani ham ana shu asosda taraqqiy etdi. Misrliklarga tibbiyotdek bir fan yaxshigina tanish bo`lgan. Mumiyolangan mayyitlarni tayyorlay turib, misrliklar odamning ichki tuzilishini ham yaxshi o`rgandilar. Tomir urishiga qarab inson kasalliklari sabablarini aniqlashgan. Davolash muolajasida ko`katlar damlamasi, mineral suvlar va tuzdan keng foydalanishgan. Misr shaharlarida tabiblarga ta'lim beruvchi maxsus maktablar bo`lgan. Misrliklarning tarixga oid ma'lumotlari ibodatxonalar devorlariga, papirusga va charmga yozgan bitiklarida saqlanib qolgan. Misr malikasi Nefertiti. Turin papirusi bizga qadar saqlangan (qattiq shikastlangan holda), unda podsholar sulolasi xronologik izchillikda keltirilgan. Megido shahridagi ibodatxona devorida podsho TutmosIII ning yurishi to`g`risidagi kitobalar saqlangan. Misrga oid ko`plab ma'lumotlar yunon tarixchisi Gerodot ning "Tarix" asarida ham saqlangan. Misrda asosiy o`lchov birligi "tirsak" bo`lib, u tirsakdan barmoqlar uchigacha bo`lgan uzunlikka teng edi. Qo`llar uzunligi turlicha bo`lgani sababli "podsho tirsagi" degan yagona o`lchov joriy etilgan, u 52,5 santimetrga teng bo`lgan. "Podsho tirsagi" butun mamlakat uchun andazaga aylangan. Bundan ham qisqa uzunliklarni o`lchashda kaft yoki barmoqlardan foydalanilgan. 28 ta barmoq yoki 7 ta kaft o`lchami bir "tirsak"ni tashkil etgan. Misrda vaqt suv soatlari yordamida o`lchangan, u 24 ta bo`lmaga ajratilgan maxsus idish bo`lgan. Bir bo`lmadan ikkinchisiga oqib o`tadigan suvning hajmi bir soat deb hisoblangan. Qadimgi yunonlar matematika, arxitektura, tibbiyot va boshqa sohalardagi ko`plab yutuqlarni misrliklardan o`zlashtirib olishgan. Misrliklarning ko`plab kashfiyotlaridan hozir ham foyda lanilmoqda: kalendar, bir qancha osmon burjlari nomi va hokazo. Adabiyot. Misrliklar yozuvi shunchalik murakkab ediki, har kim ham uni o`zlashtira olmasdi. Lekin asosiy yumushi matnlarni yozish va o`qish bo`lgan xattotlar mehnati tufayli misrliklarning badiiy asarlari bizgacha yetib kelgan. Ertaklar, afsonalar, asotirlar, xudolar va podsholarga madhiya va qasidalar keng tarqalgan edi. Aksariyat asarlarda real hodisalar to`qima voqealar bilan qorishib ketgan. Odamlar xatti harakatiga xudolar aralashadi, ezgulik yovuzlik ustidan g`alaba qozonadi. Masalan, "Haqiqat va Qing`irlik haqida ertak"da Qing`irlik Haqiqat ustidan sud o`tkazgani, ko`zlarini ko`r qilgani to`g`risida hikoya qilinadi. Ertak Adolatsizlik ustidan Haqiqatning tantana qilishi bilan yakunlanadi. "Og`a-inilar" degan ertakda aka-uka dehqonlar turmushi tasvirlanadi, zolim fir'avn timsoli yoritiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |