Kvint Kursiy Ruf Baqtriya haqida
"Baqtriya tabiati boy va xilma-xil. Ba'zi joylari qalin daraxtzor, tok novdalarida shirin-shakar mevalari bor. Serhosil yerlar ko`p sonli buloq suvlari bilan sug`orilgan. Yeri yumshoq joylarga g`alla ekiladi, qolgan yerlar yaylov uchun ajratiladi. Serhosil yerlarni odamlar makon qilishgan. Bu viloyatning poytaxti Baqtra Paropamis (Hindikush) etagida joylashgan. Uning devorlari yonidan Baqtra daryosi oqib o`tadi. Shahar va viloyatga shu daryoning nomi berilgan".
Gerodotning massagettlar haqidagi hikoyasi
"Massagetlar skif (sak)lar singari kiyinadilar. Turmush tarzlari bir xil. Ular otda va piyoda holda jang qiladilar. Odatda, o`q-yoy, nayza va jangovar boltalar bilan qurollanadilar. Ularning barcha buyumlari va asboblari oltin va misdan ishlangan. Nayzalarining, kamon o`qlarining uchi, jangovar boltalari esa misdan yasalgan. Bosh kiyimlari, kamarlari va fo`talari oltin bilan bezatilgan. Otlari ustidagi bargustivoni ham misdan to`qilgan. Massagetlar g`alla ekishmaydi, chorvachilik va baliq ovlash bilan kun kechiradilar. Araks (Amudaryo)da baliq ko`p. Sut ichadilar. Ular ibodat qiladigan yagona tangri - quyoshdir. Quyosh xudosiga otni qurbonlik uchun keltiradilarki, g`ayratli Tangriga g`ayratli va tez chopar jonliqni qurbon qilish lozim deb hisoblaydilar".
23-24-§§. Zardushtiylik
Zardushtiylikning vujudga kelishi tarixi. Miloddan avvalgi I mingyillikda O`rta Osiyoda zardushtiylik deb atalgan din keng tarqaladi. Bu din hali odamlar tabiatni ilohiylashtirgan kezlarda kurtak yoza boshlagan edi. Zardushtiylar olov (Quyosh), tuproq, suv, oy, yulduzlarga sig`inishgan, ularni muqaddas hisoblashgan. "Zardushtiylik" so`zi ham Zardusht (turli tillarda Zaratushtra, Zoroastr) ismidan kelib chiqqan. Keyinroq Yunonistonda payg`ambar Zardushtning ismi "Zoroastr" shaklida jarangladi (yunoncha "astron" - "yulduz"so`zidan), negaki Yunonistonda uni birinchi galda donishmand yulduzshunos munajjim sifatida bilishar edi. Zardushtning ismidan kelib chiqqan holda uning ta'limoti ham zardushtiylik dini deb yuritila boshladi. Tarqalishi. Zardushtiylik tarqala boshlagan kezlarda ibodatxonalar ham, odamlar duo matnlarini o`rganishi uchun maxsus kitoblar ham bo`lmagan. Diniy marosimlar ochiq osmon ostida, gulxan qarshisida yoki uydagi o`choq olovi atrofida o`tkazilgan. Zardushtning so`nggi va'zlari din xizmatchilari bo`lmish kohinlar tomonidan yozib olingan. Zardushtiylik kohinlari diniy matnlarni yod olib, dindorlarga o`qib berar edilar. Zardusht vafotidan keyin bir necha asrlar o`tgach, barcha diniy marosimlar, madhiyalar va duolar zardushtiylar uchun muqaddas bo`lgan bir kitobga jamlandi. Bu kitobning nomi "Avesto" bo`lib, "qat`iy belgilangan qonun-qoidalar" degan ma'noni anglatadi. Xudolari. Zardushtiylikning zo`r ehtiromga sazovor xudolari Ahuramazda, Mitra va Anaxitadir. Ahuramazda zardushtiylarning ulug` va donishmand oliy xudosi hisoblanadi. Mitra - Quyosh va yorug`lik xudosi, dehqonlar va chorvadorlarning hosildorlik, farovonlik va mol-davlat bag`ishlovchi homiysidir. Mitra Ahuramazda va odamlar o`rtasida bosh vositachi bo`lgan. Mitra o`spirin va jangchi qiyofasida tasvirlangan. o`tli chaqmoqlar yordamida u yovuzlik va o`lim xudosi bo`lmish Ahriman bilan jang qiladi. Yomg`irdan keyin hosil bo`ladigan kamalak Mitraning o`q uzayotgan yoyidek egilgandir. Anaxita zardushtiylikda hosildorlik va suv ilohasi hisoblangan. Zardushtiylik dini ta'limoti insoniyatning Ezgulik va Yovuzlik haqidagi dualistik qarashlari takomiliga katta ta'sir ko`tsatdi. "AVESTO" va zardushtiylik marosimlari. Olimlarning izlanishlari tufayli bugungi kunda biz zardushtiylarning muqaddas kitobi "Avesto" matn lari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo`ldik. Fransuz olimi A.Dyuperron ilk marotaba "Avesto"ning alohida qismlarini tarjima qilish baxtiga muyassar bo`lgan. Zardushtiylik dunyoga kelishi haqida shunday bir afsona bor. Bir kuni erta tongda Zardusht suv olish uchun daryo bo`yiga boribdi. Zilol suvda u Ahuramazda elchilaridan birining siymosini ko`rib qolibdi, siymo nur bilan qaysi tomonga borishga yo`l ko`rsatibdi. Zardusht sehrli nur izidan ergashibdi, ko`p o`tmay oliy iloh qarshisiga borib qolibdi. Ahuramazda unga Zardushtni xudo Ahuramaz da va uning ezgu amallari haqidagi bilimlarni tarqatish uchun tanlab olinganini ma'lum qilibdi. Shu alfozda Zardusht 30 yoshida yangi diniy ta'limot payg`ambariga aylangan. "Payg`ambar" so`zining o`zi esa "ezgu amallar haqida mujda beruvchi" ma'nosini anglatadi. Zardusht va'zlari matnlarining hammasi miloddan avvalgi III asrda 21 ta kitobga jamlangan, bu kitoblar "Avesto" asosini tashkil etgan edi. "Avesto" matnlariga sharh esa "Zand" deb yuritiladi. Zardushtiylik ta'limotiga ko`ra, butun Borliq va bizni qurshab turgan hamma narsa ikki ibtido dan, ya'ni Ezgulik va Yovuzlikdsm tashkil topgan. Ezgulik va Yovuz lik o`rtasida doimiy kurash boradi. Masalan, yorug`lik zulmat bilan, hayot o`lim bilan, yaxshilik yomonlik bilan, haq-huquq esa haqsizlik bilan kurashadi. Zardushtiylar umrining tub ma'nosi ezgu amal, ezgu so`z va ezgu fikrdan iborat bo`lishi lozim. Insonning asosiy burchi eng avvalo adolatli turmush tarzi hisoblangan. Yovuzlik bilan kurashda Ezgulikka yordam berish lozim: yolg`on so`zlamaslik, aldamaslik, va'daga vafo qilish, faqat ezgu ishlarni amalga oshirish. Zardushtiylik ta'limotiga ko`ra, inson o`z yo`lini o`zi tanlaydi, kimning yonini olish, kimni himoya qilishni ham o`zi hal qiladi. Olov, tuproq, suv va havoni zardushtiylar muqaddas hisoblashgan. Ularni Yovuzlikni ifoda etuvchi buyumlar bilan qorishtirib yubormaslik kerak. Yer yuzidagi eng qo`rqinchli Yovuzlik o`limdir. Shuning uchun ham zardushtiylarda vafot etgan kimsalarni dafn etish borasida alohida marosim dunyoga kelgan. Inson vafot etganida bu hol unga Yovuz ibtido - o`lim ko`chib kirganini anglatadi, Yovuzlik bilan Ezgulik bo`lmish Tuproqni bulg`amaslik kerak. Marhumning jasadini yerga ko`mish ham, yondirib tashlash ham, suvga tashlab yuborish ham mumkin emas. Shuning uchun ham murdani qushlar va hayvonlar yeb ketishi uchun maxsus inshootda qoldirishgan. Yomg`irlar poklagan va oftob qoqlagan suyaklarni maxsus sopol tobutchalar - ossuariylar (suyakdonlar)da dafn etishgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |