Toifasidanmiz
kishilar
|
Biz
|
tikkan
|
jon olib jon bergan
|
borini
|
ravnaqiga
|
vatan
|
Chizmada quyida turgan birliklar yuqoridagi birlikning kengaytiruvchisi hisoblanadi. Lisoniy qurilish uchun [W] deb faqat toifasidan so‘z shaklini qabul qilishimiz yoki bu so‘zning kengaytiruvchisi (kishilar) ni, bu kengaytiruvchining navbatdagi kengaytiruvchilari (tikkan, jon olib, jon bergan) va h. ni berishimiz ahamiyatsiz. Chunki bularning barchasi toifasidan so‘zining kengaytiruvchilari, kengaytiruvchilarning kengaytiruvchilari va h. Bu kengaytiruvchilarning bor-yo‘qligi, bir yoki bir necha so‘z bilan ifoladalanganligi gapning mohiyati, tildagi qurilish qolipi uchun ahamiyatsiz. Kengaytiruvchilarning bo‘lish-bo‘lmasligi gap qolipining nutqda voqelangan muayyan bir shaklga ega bo‘lgan xususiy ko‘rinishiga aloqador bo‘lib, so‘zning nutqiy kengaytirilishi bir gap doirasida emas, turli sharoitlarda bo‘lishi mumkin. Yuqorida keltirilgan gapning biroz boshqacha qurilishini olaylik:
1. Borini Vatan ravnaqiga tikkan, jon olib jon bergan kishilar toifasi bor. Biz shu toifadanmiz.
2. Odamlar borki, borini Vatan ravnaqiga tikadi, jon olib jon beradi. Biz shu toifadanmiz.
3. Jonini Vatan ravnaqiga tikkan, jon olib jon bergan odamlar. Biz shundaylar toifasidanmiz.
4. Biz borini Vatan ravnaqiga tikkan, jon olib jon bergan kishilardanmiz.
Birinchi gapda kesimning lug‘aviy qismi, ya’ni [W] shu toifadan birikmasi bilan berilgan, shu ning ma’nosi borini Vatan ravnaqiga tikkan, jon olib jon bergan kishilar toifasi birikmasi orqali gap tarkibida emas, balki mikrotekst doirasida ochiladi. Shuning uchun [W]ning bir so‘z bilan yoki bir necha so‘z bilan yoxud so‘z birikmalari zanjiri bilan berilishining til qurilishiga ahamiyati yo‘q. [W] bir so‘z bilan berilib, uning kengaytiruvchilari shu yoki boshqa gap tarkibida berilishi lisoniy qurilish uchun ahamiyatsiz. Shu sababli [W] deganda, yuqoridagi misolda faqat toifasidan so‘z shaklini ham, borini Vatan ravnaqiga tikkan, jon olib jon bergan kishilar toifasidan birikmalar zanjirini ham qabul qilish mumkin. Shuning uchun lisoniy umumlashmalar, til jamiyati uchun tayyor, majburiy va umumiy bo‘lgan qonuniyatlar va imkoniyatlar bosqichida [W] ning alohida so‘z yoki so‘z kengaytiruvchilari bilan birgalikda kelgan so‘z va uning kengaytiruvchilari silsilasining qabul qilinishi bir xil. Bunda asosiy shart [W] holatida istagan turdagi atash, nomlash vazifasini bajara oladigan minglab til vositalaridan bittasining kela olishidir. Shuning uchun subtansial tahlil jarayonida [W] faqat kesimning o‘zinigina emas, balki kesim vazifasida kelgan so‘zning kengaytiruvchilarini ham o‘z ichiga qamrab olaveradi. Boshqacha aytganda, gapning aktual bo‘linishi nazariyasida kesim tarkibi yoki rema deb ataluvchi qism mana shu [W] ga teng bo‘ladi. Shunday qilib, 2-jadvalda “kesimning lug‘aviy ma’no ifodalovchi qismi” deb atagan qismimiz, ya’ni o‘qi-, qo‘rq-, bor-, qayt-, qizar-, boril-, o‘qisa bo‘l-, o‘qituvchi-, juda chiroyli - mohiyatan [W] ga to‘g‘ri keladi va yuqoridagi ma’noga ishora qilish uchun shu ramzdan izchil foydalanishga harakat qilamiz.
Kesimning tarkibiy qismlari keltirilgan 2- jadvaldagi birinchi qism (kesimning lug‘aviy ma’no ifodalovchi qismi) [W] ga to‘g‘ri kelsa, uning ikkinchi tarkibiy qismi (kesimning kesimlik ko‘rsatkichlari qismi) nimaga to‘g‘ri keladi? Jadvalda keltirilgan misollardan ko‘rinib turibdiki, kesimning ikkinchi tarkibiy qismi tasdiq/inkor, mayl/zamon, shaxs/son ma’nolarini ifodalovchi qo‘shimchalar bo‘lib, ular yuqorida ko‘rsatilgan ma’nolarni ifodalash bilan birga, o‘zlari qo‘shilib kelgan so‘z shakllarining kesim vazifasida kelayotganligini bildiradi.
Kesimlik kategoriyasining turkiy tillar grammatik kategoriyalari ichidagi o‘rni Sh.Shahobiddinova tomonidan maxsus o‘rganildi va quyida uning nomzodlik dissertatsiyasi ilovasidagi kesimlik kategoriyasi haqidagi xulosalarini alohida keltiramiz:
“Kesimlik kategoriyasi.1 Bu kategoriya shakllarining ma’nolari murakkab bo‘lib, ularni quyidagicha ko‘rsatish mumkin:
1.Shaxs ma’nosi.
Son ma’nosi.
Zamon ma’nosi.
Mayl-munosabat ma’nosi.
Tasdiq-inkor ma’nosi.
Kesimlikni shakllantirish va gapning egasi bilan bog‘lash vazifasi.
Birinchidan beshinchigacha bo‘lgan ma’nolar kesimlik kategoriyasi mohiyatining ma’noviy tomonini tashkil etadi. Oltinchi ma’no esa uning mohiyatida sintaktik tomonni tashkil etadi. Shu turdagi ikki xil ma’no birikishidan kesimlik kategoriyasining UGM (umumiy grammatik ma’no) si hosil bo‘ladi. Bu UGM cheksiz xususiy ma’nolar shaklida nutqda voqelanadi.
Kesimlik kategoriyasining voqelanishi ikki guruh shakllar vositasida bo‘ladi:
ismlarning kesim shakli;
fe’lning kesim shakllari”2.
Olima xulosalaridan ko‘rinib turibdiki, 2-jadvalda berilgan “kesimning kesimlik ko‘rsatkichlari qismi” uyasida ko‘rsatilgan qo‘shimchalar mohiyatan kesimlik qo‘shimchalari bo‘lib, bu kategoriya fe’llarda tuslangan fe’l (verbum finitum – oxirgi fe’l, tugallangan fe’l) shaklini, ismlarda esa ismlarning kesim ko‘rinishini shakllantiradi. Yuqorida keltirilgan “Tezislar” mualliflari bu morfologik kategoriya fe’llarda o‘nlab turli usul va vositalar bilan ifodalashni mumkinligini eslatib o‘tib, bu masala alohida tadqiqot manbai bo‘lishini uqtirganlar.
Demak, turkiy tillar, jumladan, o‘zbek tilida vositasiz to‘ldiruvchini shakllantiruvchi tushum kelishigi, ot aniqlovchini shakllantiruvchi qaratqich kelishigi morfologik shakllari kabi gap kesimini shakllantiruvchi maxsus morfologik ko‘rsatkichlar sirasi borki, ular so‘zning alohida bir sintaktik vazifadagi shaklini – kesimlik shaklini yasashga xizmat qiladi. Biz 1-jadvalda [WPm] ramzi bilan, 2-jadvalda – “kesimning kesimlik ko‘rsatkichlari qismi” uyasida keltirilgan xilma-xil qo‘shimchalar mohiyatan shu morfologik kategoriyaning turli shakllari bo‘lib, turli mayl, zamon, shaxs-son ma’nolari bilan bir kategoriya – kesimlik kategoriyasi shakllarini yasashga xizmat qiladi. Bu morfologik kategoriya shakllarining umumiy belgisi sifatida Tezislar mualliflar [Pm] ramzini1 taklif etishgan. Chunonchi, Mard bo‘lsangiz, maydonga chiqing! gapida mard bo‘l – bitta [W] ga teng bo‘lsa, –sangiz qismi [Pm] shaklidir, maydonga chiqing gapida esa chiq –[W] ga, –ing esa [Pm]ga teng. Mard bo‘lsangiz gapida [W] mard ?bo‘l kengaytiruvchisida kelgan, maydonga chiqing gapida esa bu [W] o‘zining kengaytiruvchisi maydonga so‘z shakli bilan kelgan. Bundan xulosa qilish mumkinki, yuqoridagi gapning qisqacha qolipi [1-WPm], [2-WPm] dir va bu yerdagi har bir [WPm] alohida bir gap shaklida voqelanuvchi ko‘plab gaplarning eng kichik umumiy qolipi sifatida baholanishi mumkin. Faqat mana shundan keyingina biz gapga til birligi sifatida ta’rif berish, uning mohiyatini aniqlash imkoniyatiga egamiz. Gap til bosqichida atov birliklarining kesimlik kategoriyasi ko‘rsatkichlari bilan shakllangan ko‘rinishidir. Bu toifadagi “kesimlik kategoriyasi” iborasi sintaktik mohiyat – kesim tushunchasini o‘z tarkibiga olganligi bilan o‘quvchini shubhalantirmasligi kerak, chunki “kesimlik kategoriyasi” tushunchasi gapdan hosil qilinadigan kategoriya bo‘lmay, so‘zning ma’lum shaklini, ma’lum bir formasini yasaydigan morfologik vositadir. Buni “kesimlik” demasdan, har qanday boshqa bir nom bilan atash mumkin edi. Lekin “kesimlik” atamasini ishlatish juda qulay, chunki kesim vazifasida kelish mazkur morfologik kategoriyaning sintaktik mohiyatini tashkil etadi. Bu jihatdan u mohiyatan “vositasiz to‘ldiruvchi kelishigi”, “ot aniqlovchi kelishigi” kabi atamalariga o‘xshaydi. Zero, “vositasiz to‘ldiruvchi kelishigi” tushum kelishigining sintaktik vazifasiga ko‘ra nomlanishi bo‘lsa, “ot aniqlovchi kelishigi” qaratqich kelishigining boshqacha atamasidir. Shuningdek, “kesimlik kategoriyasi” ham so‘zning ma’lum bir formasini, shaklini shu formaga biriktirilgan sintaktik vazifa jihatdan nomlashdir. Yuqorida berilgan ta’rifda til bosqichidagi gapning mohiyati – [WPm] sintaktik tushunchalar, gap qurilishi bilan aloqador bo‘lgan birliklar asosida emas, balki tilning boshqa ikki sathi – atash, nomlash vositalari sathi va so‘zni nutqqa kirgizish uchun maxsus ko‘rsatkichlar bilan shakllantirish – morfologiya sathi birliklari asosida aniqlanadi. Bu yerda [W] tilning atash, nomlash sathi birliklariga teng bo‘lsa, [Pm] so‘zining maxsus morfologik shakli – kesimlik kategoriyasi ramzidir. Gap mohiyatini [WPm] sifatida belgilash nafaqat gapning tildagi mohiyatini ochib berishga, balki tilshunoslikdagi qator chigal muammolarni yechishga, sodda va qo‘shma gaplar orasidagi farqlarni to‘g‘ri belgilashga, tilshunosligimizda nihoyasiga yetkazilmagan qator fikrlarni, kuzatishlarni asosli ravishda xulosalashga imkoniyat yaratib beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |