Savol va topshiriqlar
Sintaktik birliklarni sanang.
Tobe aloqani tavsiflang.
Teng aloqani tavsiflang.
Kengaytiruvchini tavsiflang.
Kengayuvchini tavsiflang.
Birikish usullarini bayon qiling.
Erkin birikish omillarini bayon qiling.
So‘z birikmasi qolipi haqida gapiring.
Birikuv omillarini bayon qiling.
Joylashuv omili haqida gapiring.
Shakliy omil haqida gapiring.
Ma’noviy omil haqida gapiring.
Turg‘un birikmalarning qolipdagi o‘rni haqida gapiring.
3–BO‘LIM
SODDA GAPNING LISONIY QURILISHI
Tayanch tushunchalar
umumiylik, xususiylik, lison, nutq, lisoniy birlik, nutqiy birlik, qolip, hosila, andoza, kesim, kengaytiruvchi, lug‘aviy ma’no, kesimlik kategoriyasi, kesimlik shakli, shakl, ma’no, yig‘iq gap, yoyiq gap, bir tarkibli gap, ikki tarkibli gap, egali gap, egasiz gap, atov birligi
Gap qolipi. Gap qolipi sintaksisning markaziy tushunchasidir. U qandaydir formal sxema emas, balki maxsus belgilardan iborat gap strukturasi ifodasidir. Tilshunos T.P.Lomtev ta’riflaganidek, “gap qolipi – bu bir andoza, bu andoza asosida muayyan bir gap emas, balki bir necha har xil gaplar tuziladi...”1.
Gap qolipi – gapning asosiy grammatik va struktur xususiyatlarini o‘z ichiga olgan mavhum chizma. U gapning struktur elementlari orasidagi munosabatni ifodalab, umumiy grammatik ma’nosini o‘zida mujassamlashtiradi. Gap qoliplarini berishda gap qurilishi hech qachon o‘zgarmaydi. Gap qolipi tushunchasining o‘zi ham bir struktura sifatida shart va zarur tarkibiy qismlardan tashkil topgan bo‘lishi lozim.
Paxta mashinada terildi gapining formulasi uchun asosiy tarkibiy qismlar, birinchidan, bosh kelishikdagi otning muayyan ega vazifasida kelishi, ikkinchidan, majhul nisbatdagi fe’l-kesimning kesimlik vositalari bilan shakllanishi va o‘rin kelishigidagi muayyan ot bilan ifodalangan vositali to‘ldiruvchining kelishi. Buni shartli ravishda quyidagicha ko‘rsatish mumkin: [Eotbosh kelishik–Toto‘rin kelishigi–Kfe’lmajhul nisbat]. Shunday qolip Ekin kombaynda o’rildi, Hosil mashinada keltirildi, Xat kompyuterda yozildi kabi ko‘plab gaplarda takrorlanadi. O‘qituvchi kitobni o‘qidi gapining qolipi yuqoridagidan farq qiladi: [Eotbosh kelishik–Tottushum kelishigi–Kfe’laniq nisbat]. Bu qolip Karim rasmni chizdi, Bola ovqatni yedi, Lola hovlini supurdi, Opam kinoni ko‘rdi, Ukam xatni yozdi, Tikuvchi ko‘ylakni tikdi kabi gaplarda ro‘yobga chiqadi.
Men kitobni o‘qidim gapida yuqoridagi qolip juz’iy farq bilan takrorlanadi. Bu farq eganing ot bilan emas, balki olmosh bilan ifodalanganligida, ya’ni [Eolmoshbosh kelishik–Tottushum kelishigi–Kfe’laniq nisbat].
Ko‘rinadiki, bu qolip avvalgisidan qurilishi jihatdan emas, balki eganing ifodalanishi jihati bilan farqlanadi. Bir qolipda ega muayyan ot bilan, ikkinchisida esa olmosh bilan ifodalangan. Yuqorida keltirilgan misollardan xulosa qilish mumkinki, qolip – gapning mavhum chizmasi. Lekin ular tilning qurilish birliklarimi yoki nuqtdagi gaplarning qurilish qolipimi degan savol tug‘iladi.
[Eotbosh kelishik–Tottushum kelishigi–Kfe’laniq nisbat] qolipi U kitob o‘qidi, Sarvarlar xat yozdilar kabi gaplar bilan qiyoslansa, u nutqda voqelangan bir xil gaplarning qolipi ekanligi haqida xulosa chiqarish mumkin. Agar qolipni [Eotbosh kelishik–Toto‘rin kelishigi–Kfe’lmajhul nisbat] qolipi bilan solishtirsak va bu ikkala qolipni Yangi ochilgan paxta terim mashinalarida tez va toza terildi, Ona tilidan yosh o‘qituvchi kitobni qiziqib o‘qidi gaplarining qoliplari bilan taqqoslasak, keyingi gaplarning qolipi avvalgi qoliplarning kengaytirilgan ko‘rinishi ekanligi ma’lum bo‘ladi. Gaplarning bu turdagi qoliplari nutqdagi gaplarning qurilishini, ya’ni nutqda voqelangan gaplarning tipik tuzilishini aks ettiradi. Boshqacha aytganda, yuqorida ko‘rib o‘tilgan qoliplar nutqda voqelangan gaplarning mavhum chizmasi va nutqda gaplarning tuzilishi xilma-xil bo‘lganligi sababli, bu qoliplar ham turli xil bo‘ladi. Bu qoliplar nutqiy hosilalarning abstrakt sxemasi va lisoniy birlik bo‘la olmaydi.
Formal-funksional tezislarda hozirgi zamon sistemaviy sintaksis tushunchalarini so‘z valentligi nazariyasi bilan bog‘lab qayta ko‘rib chiqish turkiy tillar nazariy sintaksisi oldida yangi ufqlarni ochishi ta’kidlangan.1 Quyida ko‘rib o‘tilgan qoliplarga shu nuqtai nazardan yondashishga harakat qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |