Yig‘iq gaplarning [Pm] asosida kengayishi. Ma’lumki, [Pm] ning ma’no tarkibi tasdiq/inkor, mayl/zamon, shaxs/son kabi tarkibiy qismlardan iborat. Bu tarkibiy qismlarning har biri asosida [WPm], uning nutqdagi eng qisqa ko‘rinishi – yig‘iq gaplar kengayishi mumkin. [Pm]ning har bir ma’no tarkibi asosida yig‘iq gaplarning kengayishi o‘z xususiyatlariga ega va ko‘pincha, mayl, zamon shakllarining ma’nolari bilan aloqadordir. Lekin [Pm] tarkibidagi bir ma’no turi, aniqrog‘i, shaxs/son ma’nosi asosida yig‘iq gapning kengayishi gap qurilishida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu ham bo‘lsa, gap tarkibida eganing bo‘la olish/olmasligi masalasidir.
Ma’lumki, ega gap qurilishida aniqlovchi, to‘ldiruvchi, holdan boshqacharoq mavqega ega. Formal tilshunoslikda ikkinchi darajali bo‘laklar deb ataladigan bu bo‘laklarning in’ikosi (aksi, simvoli, ishorasi) [WPm] tarkibida yo‘q. Lekin egaga ishora [Pm] tarkibida mavjud.
Qandaydir ishorasining gapning markazi, bosh bo‘lagi bo‘lgan kesimda bo‘lishligi egani gap qurilishida boshqa gap bo‘laklaridan farqli o‘rin tutishini ko‘rsatadi.
Ega gapning qurilishida majburiy, zaruriy bo‘lak mavqeini egallamasa ham, uning belgilari [WPm] tarkibida mavjudligi uchun aniqlovchi, to‘ldiruvchi, holdan yuqori mavqega ega. Shuning uchun [WPm] yig‘iq ko‘rinishda bo‘lgan kesim gap markazi, gapning bosh bo‘lagi deb baholansa, egani gapning birinchi darajali bo‘lagi deb baholash mumkin. Yig‘iq sodda gaplarda eganing bosh bo‘lakda ishora orqali tiklash mumkin yoki mumkin emasligiga ko‘ra yig‘iq sodda gaplar ikki turli bo‘ladi (ot markazli gaplar ham, fe’l markazli gaplar ham)1.
a) ikki tarkibli gaplar;
b) bir tarkibli gaplar;
Ikki tarkibli yig‘iq sodda gaplarda kesim tarkibidagi shaxs/son ko‘rsatkichlari asosida gapning egasi tiklanishi mumkin:
Keldim→ Men keldim
Boradi→ U boradi
Bir tarkibli yig‘iq sodda gaplarda kesim tarkibida III shaxs birlik son ma’nosiga ishora bo‘lsa ham, gapning egasini tiklash mumkin emas. Chunonchi, Boriladi, O‘qisa bo‘ladi, Aytish mumkin, Bahor edi va h.k.
Ega gapda ifodalangan va ifodalanmaganligiga ko‘ra ikki tarkibli sodda gaplarning o‘zi yana 2 turli bo‘ladi:
a) ikki tarkibli egali sodda gaplar;
b) ikki tarkibli egasiz sodda gaplar;
Faqat ega bilan kengaygan ikki tarkibli sodda gapga nisbatan sodda yig‘iq gap an’anaviy tushunchamizni ishlatishimiz mumkin.
Shunday qilib, gaplarning [W]ning, [Pm]ning ifodalanishi va [Pm] asosida kengayishiga ko‘ra quyidagi turlarini berish mumkin (Qarang: 3-jadval).
I.Bir tarkibli gaplar.
1. Ot markazli yig‘iq kesimlik qo‘shimchali yig‘iq sodda gap.
2. Ot markazli yoyiq kesimlik qo‘shimchali yig‘iq sodda gap.
3. Ot markazli analitik kesimlikli yig‘iq sodda gap.
4. Fe’l markazli yig‘iq kesimlikli yig‘iq sodda gap.
5. Fe’l markazli yoyiq kesimlikli yig‘iq sodda gap.
6. Fe’l markazli analitik kesimlikli yig‘iq sodda gap.
II.Ikki tarkibli gaplar.
Ikki tarkibli egasiz ot markazli yig‘iq kesimlikli yig‘iq sodda gap.
Ikki tarkibli egasiz ot markazli yoyiq kesimlikli yig‘iq sodda gap.
Ikki tarkibli egasiz ot markazli analitik kesimlikli yig‘iq sodda gap.
Ikki tarkibli egasiz fe’l markazli yig‘iq kesimlikli yig‘iq sodda gap.
Ikki tarkibli egasiz fe’l markazli yoyiq kesimlikli yig‘iq sodda gap.
Ikki tarkibli egasiz fe’l markazli analitik kesimlikli yig‘iq sodda gap.
Ikki tarkibli egali ot markazli yig‘iq kesimlikli sodda gap.
Ikki tarkibli egali ot markazli yoyiq kesimlikli sodda gap.
Ikki tarkibli egali ot markazli analitik kesimlikli sodda gap.
Ikki tarkibli egali fe’l markazli yig‘iq kesimli sodda gap.
Ikki tarkibli egali fe’l markazli yoyiq kesimlikli sodda gap.
Ikki tarkibli egali fe’l markazli analitik kesimli sodda gap.
Do'stlaringiz bilan baham: |