O‘zbek tilida qo‘llaniladigan gaplardagi umumiylik. Gaplar nutqiy hosila sifatida cheksiz ko‘rinishga ega bo‘lmasin, ular lisonda alohida umumiylikka ega bo‘lishi va bu umumiylikning zarrasi nutqdagi istalgan gapda mavjud bo‘lishi shart va zarur. O‘zbek nutqida qo‘llanadigan gaplarda bu umumiylik nimadan iborat degan savol tug‘iladi. Buning uchun yuqorida keltirilgan to‘qqizta gap va ularning qoliplariga murojaat etamiz.
Barcha gaplar uchun umumiy va zaruriy bo‘lgan hamda bu gaplarda ham mavjud bo‘lgan tarkibiy qism nima?
1– jadvaldagi misollar asosida bu savolga javob berish qiyin emas. Gaplardagi zaruriy va umumiy bo‘lak – kesim. Lekin uning o‘zi gap tarkibidan aniqlanishi lozim. Shuning uchun “gap kesim va unga aloqador kengaytiruvchilardan iborat” deb ayta olmaymiz, chunki bu ta’rifda “kesim” va “gap” tushunchalari bor bo‘lib, ulardan kesim faqat gap orqaligina aniqlanishi mumkin, ya’ni kesimni aniqlashdan oldin gapni aniqlash lozim degan fikr kelib chiqadi. Demak, kesimni gap asosida emas, balki gapdan tashqarida turgan boshqa bir hodisa orqali aniqlash zarur.
Gaplarning barchasi uchun umumiy bo‘lgan kesimga diqqat qilib qaralsa, uning ikki tarkibiy qismdan iborat ekanligini ko‘rish mumkin. Birinchi qism mustaqil so‘z turkumiga mansub birlik bo‘lib, u ma’lum bir lug‘aviy ma’no – harakat-holat, narsa-buyum, belgi-xususiyat, son-miqdor ma’nolarini ifodalab keladi. Bu qismni “lug‘aviy ma’no ifodalash qismi” deb ataymiz. Yuqorida keltirilgan to‘qqiz gapimizda lug‘aviy ma’no ifodalovchi qismlar quyidagilar: o‘qi-; qo‘rq-; bor-; qayt-; qizar-; boril-; o‘qisa bo‘l-; o‘qituvchi-; juda chiroyli-.
Lug‘aviy ma’no ifodalovchi qismdan keyin kesimlik kategoriyasining ko‘rsatkichlari – gap kesimini shakllantirib, tasdiq/inkor, mayl/zamon, shaxs/son ma’nolarini ifodalab keluvchi vositalar keladi. Yuqoridagi gaplarimizda bular quyidagilar: -di; -adi; -adi; -di;-adi; -adi; -dir; -edi;
Buni quyidagicha jadvalda ko‘rsatishimiz mumkin: (2-jadval)
Lug‘aviy ma’noli qism
|
Kesimlik ko‘rsatkichlari qismi
|
o‘qi-;
qo‘rq-;
bor-;
qayt-;
qizar-;
boril-;
o‘qisa bo‘l-;
o‘qituvchi-;
juda chiroyli –;
|
-di;
-adi;
-adi;
-adi;
-di;
-adi;
-adi;
-dir;
edi.
|
Agar biz lug‘aviy ma’no ifodalovchi qismning mohiyatan so‘zga teng ekanligini, bu so‘z o‘z sintaktik va semantik valentligiga ega bo‘lib, nutqda kengayishi, turli so‘z va grammatik shakl bilan birikib kela olish qobiliyatiga ega ekanligini hisobga olsak, kesimlikning lug‘aviy ma’no ifodalovchi qismi o‘z kengaytiruvchilari bilan quyidagi shaklga ega bo‘ladi:
1) kitobni o‘qi-;
2) xudodan qo‘rq-;
3) maktabga bor-;
4) maktabdan uyga qayt-;
5) qizar-;
6) Xiyobonga boril-;
7) bu kitobni o‘qisa bo‘l-;
8) tajribali o‘qituvchi-;
9) juda chiroyli-.
Demak, kesimning ifodalovchi qismi so‘z yoki so‘z birikmasiga teng bo‘ladi. Keltirilgan misollarimizda, masalan, qizar – alohida so‘z, juda chiroyli – so‘zning analitik shakli (sifatning orttirma darajasi), o‘qisa bo‘l – qo‘shma fe’l, tajribali o‘qituvchi – otli so‘z birikmasi. Ma’lumki, so‘z ham, so‘z birikmasi ham tilda bir xil – atash, nomlash vazifasini o‘taydi va bu jihatdan so‘z va so‘z birikmasi birlashib ketadi1. Kesim tarkibida uning lug‘aviy ma’no ifodalovchi qismi sifatida alohida so‘zning ham, so‘z birikmasining, ya’ni tilning atash vositalari kela olishi sababli, kesimning bu qismini bir shartli belgi (ishora, ramz) bilan belgilash lozim bo‘ladi. Formal-funksional tezislar mualliflari kesimning bu tarkibiy qismini [W] bilan beradilar.2 [W] so‘z va so‘z birikmasinigina emas, balki bir necha so‘z va so‘z birikmalarini ham o‘z ichiga olishi mumkin. Chunki [W] tarkibida keladigan har qanday so‘z o‘zining sintaktik va semantik valentligi asosida kengayishi, bu kengaytiruvchilarning o‘zi, o‘z navbatida, yanada kengayishi, kengayganlar esa yana kengayib ketaverishi mumkin. Bunda [W] ning tarkibi bir-biriga tobelangan, biri ikkinchisini kengaytiradigan so‘z va so‘z birikmalarining pog‘onali zanjiriga o‘xshab ketadi. Chunonchi, Biz borini Vatan ravnaqiga tikkan, jon olib jon bergan kishilar toifasidanmiz gapida kesimning lug‘aviy ma’no anglatuvchi qismi – toifasidan so‘zshakli. Lekin kesimning lug‘aviy qismi yakka holda emas, o‘zining kengaytiruvchisi kishilar so‘z shakli bilan, bu kengaytiruvchi esa tikkan va jon bergan, bular ham o‘z navbatida o‘z kengaytiruvchilari bilan kelgan va buni chizmada quyidagicha berish mumkin:
Do'stlaringiz bilan baham: |