NAVO MAQOMI
«Navo» maqomi - «SHashmaqom» tarkibidagi uchinchi maqom sanalib, uning tarixi ham o’tmish zamonlarga borib taqaladi. «Navo» atamasi arabcha so’z bo’lib, yoqimli kuy, ohang degan mahnoni anglatadi. Buyuk bobomiz Alisher Navoiy ham o’z taxallusini shu atamaga monand qo’llagan bo’lib, «Navo chekuvchi, kuylovchi» mahnolarini anglatgan. O’tmish musiqa risolalarida Navo maqomi Nag’maiy Dovudiy, yahni Dovud payg’ambar kuyi deb ham ataladi. O’n ikki maqomda navo maqomi ikkinchi cholg’u va ashula bo’limlaridan iborat. Ashula bo’limi, birinchi va ikkinchi guruh sho’hbalaridan tarkib topgan.
Navo maqomi sakkizta cholg’u qismiga ega bo’lib, Tasnifi Navo, Tarjei Navo, Garduni Navo, Nag’mai Orazi Navo, Muhammasi Navo, Muhammasi Bayot, Muhammasi Xusayniy, Saqili Navo deb nomlanadi. Tasnif - maqomning bosh kuyi, Tarjeh - qaytarma ohanglardan iborat kuy, Gardun, Muhammas va Saqil iboralari doyra usullarining ifodasidir. SHuningdek, Nag’mai Orazi Navo, Xusayniy bastakorning taxalluslariga nisbatan berilgan atama sanaladi.
Navoning cholg’u yo’llari ohanglarga boy, tez tahsir etadigan, kuylardan tuzilgan. Navoning cholg’u qismida usullar o’zgarsada, birin-ketin kelgani uchun bir-biriga bog’liqlikni kuzatish mumkin. Navo maqomi asosida qator cholg’u kuylari, surnay navo yo’llari yaratilgan.
Navo maqomining ashula bo’limi birinchi guruh sho’hbalari Sarahbor, Talqin, uchta Nasr va bitta Ufar qismlaridan tarkib topgan. Birinchi guruh sho’hbalar - Sarahbori Navo, Talqini Bayot, Nasr sho’hbalari - Nasr Bayot, Orazi Navo, Husayniy Navo deb nomlanadi va o’zlarining tonlariga ega. Ularning birinchisi Savti Navo, Navo ohanglari tahsirida yuzaga kelgan. CHapandoz doyra usulida ijro etilgani uchun «CHapandozi navo» deb ham nomlanadi. Ustoz Yunus Rajabiy «Savti» doyra usulini qo’shib, kuy yo’lining barcha harakatlarini saqlab qolib, ashula yo’lini yuzaga keltirdi. Natijada Savti Navo to’ldirilib, uning olti qismli shakli yuzaga keldi. Savti Navoning bosh ashula yo’li ijro etilgandan so’ng ijro etiladi. «CHapandozi Savti Navo» va uning Talqinchasi, Qashqarchasi, Savti Navoning mashhurligi shundaki, shu asosda barcha ijrolarda sevib aytiladigan «Avji Turk» yuzaga kelgan.
Navo maqomining ikkinchi guruhga kirgan mashhur sho’hbalaridan biri Mo’g’ulchai Navo deb nomlanadi hamda Talqincha va Qashqarcha ashula yo’llari mavjud bo’lib, turkum sifatida ijro etiladi. Navo maqomining ikkinchi guruh sho’hbalaridan uchinchisi Mustahzodi Navo deb nomlanadi va unda ham Talqincha, Qashqarcha, Soqiynoma va Ufar qismlari mavjud. «Mustazod» shehr vazni ifodasi bo’lib, arabchada «orttirilgan» mahnosini anglatadi.
Mustahzodi Navoning kuy yo’lida ham shehr shaklidagi kabi orttirilgan kuy bo’lagi mavjud bo’lib, har bir kuy jumlasi ketidan uni yakunlab boruvchi kichik bir kuy bo’lagi qo’shiladi.
Mustahzodi Navoning birinchi xati - daromad, ikkinchi xati - miyonxat, uchinchi va to’rtinchi xatlar Bayot namudi, beshinchi xati Navo namudi, oxirgi xati esa - tushirim qismlardan iborat. Mustahzodi Navoning bosh yo’li ijro etilgandan so’ng uning shahobchalari - Talqinchasi, Qashqarchasi, Soqiynomasi, Ufori o’qiladi.
Umuman olganda Navo yirik maqomlardan bo’lib, uning ohanglari asosida juda ko’p kuy va ashula hamda surnay yo’llari yaratilgan. Bu asosda Farg’ona, Toshkent, Tojikiston vohalarida mashhur bo’lgan bayot ijrolari va turkumlari yaratilganligi va sevib ijro etilganligi yaqqol misol bo’la oladi. Bayot yo’llari shu qadar keng tarqalganki, uning asosida ko’plab variantlar yaratilgan va hozir ham izlanishlar davom etmoqda. Bastakorlar bu asosda kuy va ashulalar yaratmoqdalar. SHundan ko’rinadiki, Navo maqomi asosida kelgusida ham ko’plab musiqiy asarlar yaratiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |