Murakkab va murakkab qisqartirilgan sillogizmlar
Bir-biri bilan o’zaro bog’langan, ikki yoki undan ortiq oddiy qat’iy sillogizmlardan tuzilgan xulosa chiqarish – polisillogizm, ya’ni murakkab sillogizm deb ataladi. Polisillogizmda dastlabki sillogizmning xulosasi keyingisining katta yoki kichik asosi bo’ladi. Shunga ko’ra, polisillogizmning progressiv va regressiv turlari farqlanadi.
Progressiv polisillogizmda dastlabki sillogizmning xulosasi keyingisining katta asosi o’rnida keladi. Masalan:
Insonni kamolotga yetishtiruvchi narsalar foydalidir.
Ilmni egallash – insonni kamolotga yetishtiradi.
Ilmni egallash foydalidir.
Hunar o’rganish – ilmni egallash demakdir.
Demak, hunar o’rganish foydalidir.
Regressiv polisillogizmda dastlabki sillogizmning xulosasi keyingisining kichik asosi bo’lib keladi. Masalan:
O’simliklar tirik mavjudotlardir.
Daraxtlar o’simliklardir.
Tirik mavjudotlar hujayradan tashkil topgan.
Daraxtlar tirik mavjudotlardir.
Demak, daraxtlar hujayradan tashkil topgan.
Polisillogizm tarkibidagi birinchi, dastlabki sillogizm prosillogizm, qolganlari episillogizm deyiladi.
Polisillogizmning qisqartirilgan ko’rinishi – sorit deb ataladi.
Soritning tuzilishi quyidagicha:
Hamma A-B.
Hamma B-V.
Hamma V-G.
Hamma G-D.
Hamma A-D.
Soritlar ham progressiv yoki regressiv bo’ladi. Progressiv soritda prosillogizmning xulosasi – episillogizmlarning katta asosi tushirib qoldiriladi.
Regressiv soritda prosillogizmning xulosasi – episillogizmlarning kichik asosi tushirib qoldiriladi.
Sillogizmning kichik asosi tushirib qoldirilgan sorit – Arastu soriti, sillogizmning katta asosi tushirib qoldirilgan sorit – Goklen soriti, deb ataladi.
Epixeyrema
Epixeyrema – murakkab qisqartirilgan sillogizm bo’lib, uning har ikki asosi qisqartirilgan oddiy sillogizm (entimema)lardan iborat bo’ladi. Epixeyremaning shakli quyidagicha:
M-Rdir, chunki M-Ndir.
S-Mdir, chunki S-O dir.
S-Pdir.
Masalan:
Ilmiy qonunlar isbotlangan fikrlardir, chunki ular haqiqatdir.
Fizika qonunlari ilmiy qonunlardir, chunki ular tabiat qonunlaridir.
Fizika qonunlari isbotlangan fikrlardir.
Epixeyremaning to’liq ko’rinishi quyidagicha:
1. Haqiqat – isbotlangan fikrdir. N-Pdir.
Ilmiy qonunlar haqiqatdir. M-Ndir.
Ilmiy qonunlar isbotlangan fikrlardir. M-Pdir.
2. Tabiat qonunlari – ilmiy qonunlardir. O-Mdir.
Fizika qonunlari – tabiat qonunlaridir. S-Odir.
Fizika qonunlari ilmiy qonunlardir. S-Mdir.
3. Ilmiy qonunlar – isbotlangan fikrlardir. M-Pdir.
Fizika qonunlari – ilmiy qonunlardir. S-Mdir.
Fizika qonunlari isbotlangan fikrlardir. S-Pdir.
Epixeyremadan bahs va munozaralarda, notiqlik san’atida foydalaniladi. Epixeyrema murakkab sillogizmning bir turi bo’lishiga qaramay, uning tarkibidagi katta va kichik asosni, xulosani ajratib olish, farqlash oson bo’lgani uchun ham fikr yuritish jarayonida keng qo’llaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |